Ekologiya sohasi davlat boshqaruv
organlarining vakolatlari
Ekologiya sohasida davlat boshqaruv organlarining vakolatlari deganda,
ularning shu sohadagi faoliyatlarining alohida turlari tushunilishi lozim.
Ekologiya sohasida davlat boshqaruv organlari quyidagi vakolatlarni amalga
oshiradilar: Tabiiy resurslarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish
bo`yicha me'yoriy hujjatlarni qabul qilish yo`li bilan davlat organlari qonun va
hukumat qarorlaridagi qoidalarni yanada rivojlantiruvchi va detallashtirilgan
idoraviy
normativ hujjatlar qabul qiladilar. Masalan, O`zbekiston Respublikasining Soliq
kodeksida yer solig`iga oid me'yorlar kiritilgan va uning 99-moddasiga muvofiq,
yer solig`i stavkalari O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan
belgilanadi. Bundan tashqari yer solig`ini hisoblash va undirish bo`yicha
munosabatlar O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq
qo`mitasi tomonidan 1997 y. 28 noyabrda tasdiqlangan va Adliya vazirligida 4
noyabr 1998 y. 401-1 raqam bilan davlat ro`yxatiga olingan “Yer solig`ini
hisoblash va to`lash tartibi to`g`risida”gi Yo`riqnoma bilan tartibga solinadi.
Idoraviy me'yoriy hujjatlar asosan me'yoriy hujjatlarda texnik va tabiiy fanlar
talablarini kiritish lozim bo`lganda qabul qilinadi. Bunday yo`riqnomalar
geologiya va konlardan foydalanish sohasida ko`p qabul qilingan. Davlat
organlari atrof tabiiy muhitning muhofazasini ta'minlovchi normativlarni qabul
qiladilar. Bularga: suvda ifloslantiruvchi moddalarning yo`l qo`yiladigan
darajada to`planishi; atmosfera havosida ifloslantiruvchi moddalar va biologik
organizmlarning yo`l qo`yiladigan darajada to`planishi, fizikaviy omillar
atmosfera havosiga akustik, elektromagnit, ionlashtiruvchi va boshqa zararli
ta'sir ko`rsatishning yo`l qo`yiladigan darajalari kiradi. Ekologik standartlash
orqali asosan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning ekologik talablarga javob
berishi belgilanadi. O`zbekiston Respublikasining “Standartlash to`g`risida”gi
Qo-nunining 8-moddasida Tabiatni muhofaza qilish davlat qo`mitasi va
Sog`liqni saqlash vazirligi standartlash organlari sifatida belgilangan va ular
ekologik standartlashni amalga oshiradilar. O`zbekiston Respublikasining
“Sertifikatsiyalash to`g`risida”gi va "Tabiatni muhofaza qilish to`g`risida"gi
qonunlariga muvofiq, ekologik sertifikatsiyalash sertifikatsiya qilinadigan
mahsulotni belgilangan ekologik talablarga muvofiqligini aniqlash bo`yicha
faoliyatdir. Ushbu Qonunning 5-moddasiga muvofiq, ekologiya sohasidagi
davlat organlarini va boshqa yuridik shaxslar ekologik sertifikatsiya qilish uchun
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O`zbekiston Davlat
standartlash, metrologiya va sertifikatsiya markazi organlarida akkreditatsiyadan
o`tadilar, ya'ni ushbu faoliyatni amalga oshirish bo`yicha ruxsat beriladi. Tabiiy
obyektlar to`g`risida ma'lumot yig`ish maqsadida davlat organlari ularning
davlat hisobini amalga oshiradilar. Ushbu vakolat orqali tabiiy obyektlarning
son va sifat ko`rsatkichlari, ya'ni ularning miqdori, tarqalganligi, joylashgan joyi
va boshqa tavsiflari aniqlanadi. Tabiiy obyektlarni davlat hisobi tabiiy
obyektlarning monitoringi (ularni kuzatish), inventarizatsiya yoki foydalanishni
ro`yxatga olish yo`li bilan amalga oshiriladi. Tabiiy resurslar davlat
kadastrlarini yuritishdan maqsad tabiiy obyektlar haqida to`g`ri va to`liq
ma'lumotlar olish, ularning holatini aniqlashdan iborat. Tabiiy obyektlarning
miqdori va sifati, ularning huquqiy, tabiiy, xo`jalik holati, foydalanish darajasi
to`g`risidagi ma'lumotlar tizimi tabiiy obyektlar kadastrlari deb nomlanadi.
Tabiiy obyektlar kadastrlari har bir tabiiy obyekt yuzasidan alohida yuritiladi va
ularni yuritish tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi. Masalan, davlat yer
kadastrini yuritish bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Yer kodeksining
15moddasi, “Davlat yer kadastri to`g`risida”gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining
1998 yil 31 dekabrdagi 543-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat yer kadastri
yuritish tartibi to`g`risdagi Nizomi va Yer resurslari bo`yicha Davlat qo`mitasi
hamda Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Geodeziya, kartografiya va davlat
kadastri Bosh boshqarmasi 1999 y. 30 martda tasdiqlagan va Adliya vazirligi
tomonidan 1999 y. 27 mayda 736-raqam bilan ro`yxatga olingan ”Yer
uchastkalarga bo`lgan huquqlarni davlat ro`yxatiga olish tartibi to`g`risida”gi
yo`riqnoma qo`llaniladi. Tabiiy obyektning kadastri shu tabiiy resursni idora
etuvchi maxsus davlat organlari tomonidan yuritiladi va davlat budjeti
mablag`laridan moliyalashtiriladi. Davlat kadastrini yuritishda tabiiy
resurslardan foydalanuvchilardan olinadigan ma'lumotlarga asoslanadi, masalan,
yer egalari va yerdan foydalanuvchilar yerdan foydalanishdagi o`zgarishlar
to`g`risida davlat organlariga ma'lumot berishlari lozim. Davlat kadastri yagona
tamoyillarga asoslangan holda yuritiladi: jumladan, qonuniylik, ya'ni ular
qonunda belgilangan talablarga rioya qilingan holda davlat boshqaruvi
organlarining vakolatlarini va ularning faoliyatlarini belgilaydi; kadastrlarni
yuritish bo`yicha chora-tadbirlarni o`tkazishning uzluksizligi; kadastrlarni
yuritish tartibiga rioya etilishining davlat nazoratini amalga oshirish; kadastrga
kiritiladigan ma'lumotlarning to`g`riligi uchun mas'ul shaxslarning javobgarligi.
Kadastr ma'lumotlarining ishonchliligini ta'minlash maqsadida kadastr
materiallari vaqti-vaqti bilan yangilanib turiladi, masalan, tabiiy obyektning sifat
va son ko`rsatkichlari o`zgarganda; yangi foydalanuvchilarga tabiiy resurslar
ajratib berilganda va boshqa hollarda aniqliklar kiritilib turiladi. Tabiiy
resurslardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish ishlari respublika
xalq xo`jaligi, viloyatlar, tumanlar, shaharlar va boshqa aholi punktlarining
rivojlantirish istiqbollarini belgilash chog`ida umumiy vakolatga ega bo`lgan
organlar tomonidan rejalashtiriladi. Masalan, o`zlashtiriladigan yerlar maydoni
va ularni qishloq xo`jaligi, sanoat hamda boshqa maqsadlarga ajratish
mo`ljallanganda. Bundan tashqari, tabiiy resurslardan foydalanish va ularni
muhofaza qilishning maxsus rejalari tuziladi. Bular tarkibiga yer tuzish
loyihalari, shaharlarning bosh rejalari, suv xo`jaligi balanslari, suvdan
foydalanish va uni muhofaza qilish rejalari, o`rmon tuzish loyihalari va
boshqalar kiradi. Tabiiy resurslardan foydalanish va ularni muhofaza qilishning
maxsus rejalari umumiy va maxsus vakolatga ega bo`lgan organlar tomonidan
tasdiqlanadi (Yer kodeksining 13-moddasi, “O`rmon to`g`risida”gi. Qonunining
16-moddasi). Tabiiy resurslarni taqsimlash va qayta taqsimlash bu vakolatli
organlarning davlat mulki bo`lgan tabiiy resurslarni davlat nomidan tasarruf
etib, ulardan foydalanishni tashkil etishdan iborat. Ushbu vakolatni amalga
oshirish yo`li bilan davlat organlari tabiiy resurslarni foydalanishga ajratib
beradilar va qaytarib oladilar. Yer uchastkalarini egalikka, foydalanishga va
ijaraga berish to`g`risidagi qarorlarni O`zbekiston Respublikasi Yer kodeksining
4-7, 23-moddalariga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi, mahalliy hokimiyat
organlari qabul qiladilar. Suvlardan maxsus foydalanish bo`yicha ruxsatnomalar
Tabiatni muhofaza qilish davlat qo`mitasi organlari tomonidan beriladi
(O`zbekiston Respublikasining “Suv va suvdan foydalanish to`g`risida”gi
Qonunning 27-moddasi). O`rmonlardan
foydalanish huquqi esa o`rmon xo`jaligi davlat organlari yoki ular vakolat
bergan o`rmon xo`jaligi korxona, muassasa va tashkilotlari tomonidan
beriladigan ruxsatnomalar asosida vujudga keladi (O`zbekiston
Respublikasining “O`rmon to`g`risida”gi Qonunning 20-moddasi). Tabiiy
resurslarni foydalanishga ajratib berish huquqiga ega bo`lgan organlar boshqa
davlat va jamoat ehtiyojlari uchun, ekologik talablarni buzganlik uchun hamda
qonun hujjatlarida belgilangan boshqa asoslarga ko`ra shunday foydalanishni
bekor qilishlari mumkin. Davlat organlarining tabiiy resurslarni hududiy
joylashtirish vakolati tabiiy resurslardan foydalanishga berish to`g`risidagi
qarorlarni amalga oshirishga qaratilgan. Tabiiy resurslarni hududiy joylashtirish
yer tuzish, o`rmon tuzish, qishloq xo`jaligining tabiiy moslashuvi jihatidan
yerlarni rayonlashtirish yo`li bilan amalga oshiriladi. Masalan, yer tuzish ishlari
orqali foydalanish huquqini olgan yuridik va jismoniy shaxslarga yer
uchastkalari joyida (naturada) ajratilib, chegaralari belgilanib beriladi. Tabiiy
resurslarni hududiy joylashtirishga maxsus vakolatli organlar bo`lmish Yer
resurslari davlat qo`mitasi, Sanoatda va konchilikda ishlarni bexatar olib
borilishini nazorat qilish agentligi, o`rmon xo`jaligi organlarining vazifasiga
kiradi. Ammo suv va hayvonot dunyosiga nisbatan mazkur vakolat amalga
oshirilmaydi. Ekologik nazorat vakolati tabiiy resurslardan oqilona foydalanish
va ularni muhofaza etilishi ustidan kuzatuv va tekshiruvlar orqali amalga
oshiriladi. Ekologik nazoratni umumiy va maxsus vakolatga ega bo`lgan davlat
organlari olib boradilar. Bugungi kunda ekologik nazorat to`g`risida me'yoriy
hujjat bo`lmasa ham, uni amalga oshiradigan organlarning vakolatlari “Tabiatni
muhofaza qilish to`g`risida”gi Qonunda, Yer kodeksida, tabiiy resurslar
to`g`risidagi boshqa qonunlarda hamda Tabiatni muhofaza qilish davlat
qo`mitasi, Yer resurslari davlat qo`mitasi, Sog`liqni saqlash vazirligi, Sanoatda
va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish agentli, Qishloq
va suv xo`jaligi vazirligi to`g`risidagi nizomlarda o`z aksini topgan. Bundan
tashqari, ekologik nazoratni amalga oshirish chog`ida O`zbekiston
Respublikasining “Xo`jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan
nazorat qilish to`g`risida”gi 1998 y. 24 dekabr Qonunning talablariga, shu
jumladan ushbu Qonunning 10-moddasi birinchi qismida ko`zda tutilgan
tekshirishlar davriyligiga rioya etilishi lozimdir. Tabiiy resurslardan foydalanish
va ularni muhofaza etish chog`ida foydalanuvchilar, davlat organlari va boshqa
shaxslar o`rtasida kelib chiqadigan nizolarni hal qilishda davlat organlari
qatnashadilar. Tabiiy resurslarning huquqiy holatini belgilovchi qonunlarda
ushbu nizolarning hal qilinishi masalasi turlicha yoritilgan. Masalan, Yer
to`g`risidagi kodeksning 89-moddasida yer to`g`risidagi nizolar faqat sud
organlari tomonidan hal etilishi belgilangan, “Suv va suvdan foydalanish
to`g`risida”gi Qonunning 85-moddasida esa O`zbekiston Respublikasi Vazirlar
Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyat organlari, shuningdek suvlarni idora
etuvchi maxsus vakolatga ega bo`lgan organlar suvdan foydalanishga doir
nizolarni hal qiluvchi organlar sifatida belgilangan. Yuqorida qayd etilgan
vakolatlardan tashqari, alohida tabiiy resurslardan foydalanish va ularning
muhofazasi bo`yicha davlat boshqaruvi organlari maxsus vakolatlarni amalga
oshiradilar. Masalan, qonun xujjatlarda suvlar zararli
ta'sirining (suv toshqini, zax bosishi va hokazolarning) oldini olish, o`rmonlarni
qayta ko`paytirish, yerlarning melioratsiyasini tashkil etish va hokazolar ko`zda
tutilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |