5. Pergam. Attalidlar davlati
Er. avv. 287 yil Pergam Salavkiylar davlati tarkibiga kirdi. Er.avv. 240 yil Salavkiylar noibi Attal I Pergamni mustaqil deb e’lon qilib, podsholik tojini kiydi. Uning asosiy hududi Kichik Osiyoning shimoliy g’arbiy qismi va Misiya viloyatidan iborat edi. Attalidlar sulolasi hukmdorlarining faol tashqi siyosati hamda mohir diplomatiya sababli Pergam davlatining hududi er. avv. II asr boshlarida g’arbiy Kichik Osiyoning Troada, Lidiya, Kariya va Likiyani qo’shib olinishi bilan kengaydi. Bu hududlarda qadimdan rivojlangan yunon polislari mavjud bo’lganligi sababli rivojlangan iqtisodiyotga ega edi.
Attalidlar tashqi siyosatda Sharqda Salavkiylar podsholigiga qarshi turib, g’arbda kuchli ittifoqchi sifatida Rim davlatiga tayandilar va bu amalda Pergamni Rim respublikasiga tobe bo’lishga olib keldi. Attal I (er. avv. 241-197-yillar) galatlar ustidan g’alaba qilib, Rim bilan ittifoq tuzdi. U birinchi va ikkinchi makedon urushlarida (er.avv. 215-205-yillar va 200-197-yillar) rimliklar tomonidan ishtirok etdi. Rimliklar homiyligi yordamida Pergam podsholigi Kichik Osiyodagi barcha Salavkiylar mulklarini egallab oldi va o’zining eng qudratli davriga kirdi.
Ammo Pergamning yuksalishi uzoq davom etmadi. Attal II va Attal III hukmronliklari davrida Rim Pergam jamiyatining hukmron tabaqalariga kuchli ta’sir o’tkazgan holda podsholikning ichki va tashqi siyosatiga faol aralasha boshladilar. Oqibatda er. avv. 133-yilda vafot etgan Attalidlar sulolasining so’ngi podshosi Attal III vorisi bo’lmaganligi sababli o’z davlatini rimliklarga vasiyat qilishga majbur bo’ldi.
Bunga javoban Pergam jamiyatining quyi tabaqalari podsho Evmey IIning noqonuniy o’g’li Aristonik boshchiligida qo’zg’olon ko’tardilar. Qo’zg’olonni grek shaharlari aholisi qo’llab-quvvatlamadi, natijada qo’zg’olonchilar yengildi. Aristonik er. avv. 129-yilda rimliklar tomonidan qatl qilindi. Vasiyat qilingan podsholik o’rniga Rimning Osiyo provinsiyasi tashkil etiladi.
Pergam Ellin dunyosining iqtisodiy jihatdan rivojlangan markazlaridan biri edi. Qulay iqlim va tabiiy sharoit qishloq xo’jaligini intensiv rivojlanishiga imkoniyat yaratdi. Pergam O’rtayer dengizi hududi aholisi uchun qishloq xo’jaligi mahsulotlari yetkazib beradigan markazlardan biriga aylandi. Qul mehnatidan unumli foydalanildi. Pergam shaharlari dengiz savdosi yo’llarida turganligi uchun mamlakatning boy xom ashyolari (metal, yog’och, smola, teri, jun) Pergam hunarmandchilik mahsulotlari, jumladan Pergament qog’ozi, butun O’rtayer dengizi ehtiyojlarini qondirdi.
Attalidlar sulolasi podsholari savdo-hunarmandchilikka homiylik qildilar, yunon tipidagi yangi shaharlarga asos soldilar. Bu shaharlar eski shaharlar bilan bir qatorda tezda iqtisodiyot va madaniyat o’choqlariga aylandilar.
Attalidlar fan, adabiyot va san’atga faol homiylik ko’rsatdilar. Podsholik poytaxtida galatlar ustidan g’alaba sharafiga ulkan Zevs ibodatxonasi qurildi, Evmen II mashhur Pergam kutubxona binosini barpo qildi. Bu kutubxona antik mualliflar asarlari to’plami, hamda filologiya maktabiga ega bo’lib, mashhur Iskandariya kutubxonasi bilan raqobat qildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |