Elektrradio o’lchashlar fanidan.
To‘rt qutblilarning amplituda-chastota tavsiflarini o‘lchash
Reja:
16.1. Qurilmalar parametrlarini xarakterlovchi tavsiflari.
16.2. Uzatish koeffitsientining moduli.
16.3. AChT o‘lchash usullari.
Radioelektron qurilmalarning texnik holatini aniqlash jarayonida ularning chastota tavsiflarini o‘lchash muhim ahamiyat kasb etadi. Qurilmalarning uzatish koeffitsienti, faza siljishining sezgirligi va boshqa parametrlarining sinusoidal tebranish chastotasiga bog‘liqligini ifodalovchi tavsiflari chastota tavsiflar dab ataladi. Bular orasida uzatish koeffitsienti modulining chastotaga qarab o‘zgarishini aks ettiruvchi amplituda – chastota tavsifi (AChT) muhim ahamiyatga ega.
Uzatish koeffitsientining moduli to‘rt qutblik chiqishdagi kuchlanishining kirishdagi kuchlanishga nisbati bilan ifodalanadi:
(1)
Bu ifodada: U1 – kirishdagi kuchlanish; U2 – chiqishdagi kuchlanish; U3 – chiqishdagi iste’molchidan qaytarilgan kuchlanish.
Iste’molchi qarshiligi to‘rt qutblining chiqish qarshiligiga teng bo‘lsa, U3 nolga barobar bo‘ladi.
Agar U21 bo‘lsa, to‘rt qutblidan o‘tgan signal pasayadi va bu to‘rt qutbli passiv yoki pasaytiruvchi deb hisoblanadi.
Agar U2>U1 bo‘lsa, to‘rt qutblidan o‘tgan signal kuchayadi va bu to‘rt qutblik kuchaytiruvchi deb hisoblanadi.
To‘rt qutblining amplituda – chastota tavsifini ikki usul bilan o‘lchash mumkin. Birinchi usul bo‘yicha, uzatish koeffitsienti modulining chastotaga qarab o‘zgarishi alohida nuqtalarda o‘lchanadi va ular asosida AChT o‘tkaziladi.
Bu usul bilan AChT ni o‘lchash uchun sinusoidal signal generatori va voltmetrdan foydalaniladi. Generatordan sinusoidal signal o‘lchanayotgan to‘rt qutblining kirish qutblariga beriladi va uning chiqish qutblaridagi kuchlanish voltmetr yordamida o‘lchanadi.
Uzatish koeffitsientining moduli (1) ifoda bo‘yicha hisoblanadi.
Bu usul o‘ziga xos kamchiliklarga ega:
AChT ini nuqtalar bo‘yicha o‘lchash aniqligini oshirish uchun nuqtalar soni katta bo‘lishi lozim, bu esa o‘lchash vaqtining ancha uzayishiga olib keladi;
O‘lchash nuqtalari orasidagi AChT ining keskin o‘zgarishlari qayd etilmay qolishi mumkin;
O‘lchash vaqti uzoq davom etgani uchun AChT ining shakliga atrof-muhitning harorati va elektr toki manbai kuchlanishining o‘zgarishi ta’siri ancha katta bo‘ladi.
Ikkinchi usul bo‘yicha AChT chayqaluvchi chastotali generator (ChChG) va ossillografik indikator yordamida bevosita o‘lchanadi. Bu usul birinchi usulga xos kamchiliklardan mustasno, ammo bu usulga xos kamchilik ham bor, har bir nuqtadagi o‘lchash vaqtining kamligi natijasida o‘lchash aniqligi kamayadi.
Ikkinchi usul qo‘llanganda, maxsus generator kerak bo‘ladi. Bu generator sinusoidal signal manbai bo‘lib xizmat qiladi, signal chastotasi aniq qonun bo‘yicha tegishli diapazon ichida o‘zgaradi.
AChT ini aks ettiruvchi indikator tariqasida ossillograf yoki ikki koordinatli o‘ziyozar asbob ishlatiladi.
AChT ini o‘lchaydigan oddiy avtomatik tuzilish sxemasi 1-rasmda keltirilgan.
Chayqaluvchi chastotali generatordan (ChChG) amplitudasi o‘zgarmas signal tekshirilishi lozim bo‘lgan to‘rt qutblining kirish qutblariga beriladi. To‘rt qutblining uzatish koeffitsienti chastotaga qarab o‘zgarishi natijasida, uning chiqish qutblaridagi signal amplituda bo‘yicha o‘zgargan bo‘ladi. Shu modulyatsiyalangan signal detektor yordamida ajratib chiqariladi va ossillografik indikatorning elektron nurini vertikal o‘q bo‘yicha siljitib AChT ini chizadi.
ChChG chastotasini o‘zgartirish va ossillografik indikatorning elektron nurini gorizontal o‘q bo‘yicha siljitish bir vaqtning o‘zida sinxron ravishda yoyuvchi generator yordamida amalga oshiriladi.
Bu sxema bo‘yicha qurilgan AChT ini o‘lchaydigan asbobda elektron nurning indikator ekranidagi gorizontal holati to‘rt qutblining kirish qutbidagi chastotaga mos keladi, vertikal holati esa to‘rt qutblining shu chastotadagi uzatish koeffitsienti moduliga mos keladi.
Shunday qilib, indikator ekranida avtomatik ravishda, tekshirilayotgan to‘rt qutblining AChT chiziladi.
Yoyuvchi generatorning kuchlanishi shakli har xil bo‘lishi mumkin: arrasimon, sinusoidal, uchburchaksimon. Eng muhimi, chayqaluvchi chastotali generator chastotasining o‘zgarishi qonuni va elektron nurni gorizontal o‘q bo‘yicha siljishi qonuni bir xil bo‘lishi lozim.
Faqat shu holatda chastota bo‘yicha masshtab chiziqli bo‘ladi. AChT ini o‘lchash asboblarida yoyuvchi generator kuchlanishining shakli arrasimon bo‘ladi, negaki, shu holatda ekranda chizilgan AChT har bir nuqtasining yorug‘ligi bir xil bo‘ladi.
Chastotani baholash uchun ekranda maxsus belgilar hosil qilinadi. Maxsus sxema yordamida bu belgilar shu asbobga o‘rnatilgan kvars rezonatori vositasida chastotasi barqarorlashtirilgan generator signali ChChG signali bilan aralashtirib shakllantiriladi.
Uzatish koeffitsientining modulini o‘lchash o‘riniga quyish usuliga asoslangan. O‘lchashdan oldin asbob kalibrovka qilinadi. Buning uchun ChChG ning signali to‘g‘ri indikatorga ulanadi va ChChG ichidagi attenyuator eng katta susaytirish holatiga o‘rnatiladi. Bu holat shartli ravishda nol deb olinadi. Keyinchalik o‘lchanadigan to‘rt qutbli ChChG – indikator oralig‘iga ketma-ket ulanadi va indikatorning ko‘rsatishlari attenyuator yordamida kalibrovka qilingan holatga keltiriladi. Attenyuator ko‘rsatishlarining o‘zgarishi to‘rt qutblining susaytirish yoki kuchaytirish qobiliyatini aniqlaydi.
Uzatish koeffitsientini o‘lchashning yana bir usuli - oldindan kalibrovka qilingan indikator shkalasidan foydalanishga asoslangan.
AChT ini o‘lchash jarayonidagi talablarni qondirish uchun uni o‘lchaydigan asbob tuzilish sxemasiga qator yordamchi bloklar kiritiladi.
Bunday asbobning tuzilish sxemasi 2-rasmda keltirilgan.
Chayqaluvchi chastotali generatoor (ChChG) AChT o‘lchaydigan asbobning asosiy tarkibiy qismi hisoblanadi. Bu tarkibiy qismni ikki yo‘l bilan tuzish mumkin. Katta chiqish quvvati va to‘g‘ri chiziqli bo‘lmagan buzilishi kam signalni olish uchun chayqaluvchi chastotali avtogeneratorlardan foydalaniladi.
ChChG ning chastotasini keng diapazonda o‘zgartirish uchun uni o‘zgarmas chastotali va o‘zgaruvchan chastotali generatorlar signallarini aralashtirish yo‘li bilan tuzish mumkin.
ChChG signali amplitudasi butun chayqalish diapazonida o‘zgarmas holda bo‘lishi uchun amplitudani avtomatik rostlagich bloki ishlatiladi.
ChChG signalining bir qismi maxsus chastota belgilarini ishlab chiqadigan blokka uzatiladi. Bu blokda kalibrovka uchun mo‘ljallangan chastota spektri hosil qilinib, u ChChG signali bilan aralashtiriladi va chastota belgilari hosil qilinadi. Shu belgilar indikator blokiga uzatiladi va uning ekranida amplituda belgilari sifatida huriladi.
Hozirgi zamon asboblarida bu belgilar yana bir elektron nur bilan belgilanadi.
To‘rt qutblidan o‘tgan signal chayqaluvchi chastotali va amplitudasi modulyatsiyalangan bo‘ladi.
Modulyatsiyalangan kuchlanish to‘rt qutblining AChT iga mutanosib ravishda o‘zgaradi. Ana shu modulyatsiyalangan signal detektor yordamida ajratiladi va indikator blokiga uzatiladi. AChT ini o‘lchash asbobida bir necha xil detektorlar: yuqori Omli, ichiga iste’molchi qarshilik o‘rnatilgan, o‘tkazib yuboruvchi va boshqalar qo‘llaniladi.
Detektorlar alohida silindrsimon qobiqqa yig‘iladi va o‘lchanayotgan to‘rtqutblik yonida joylashadi. Ularni detektor qalpoqchalar (detektornaya golovka) deb ataladi. Detektordan signal indikator blokiga uzatiladi.
Indikator blokining asosiy vazifasi o‘lchangan AChTni ekranda aks ettirishdan iborat. Elektron – nur trubka (ENT) si indikator blokining asosiy elementi hisoblanadi. AChT ini o‘lchaydigan asboblarda ishlatiladigan ENT ga o‘ziga xos talablar qo’yiladi. Agar chastotaning chayqalish (o‘zgarish) tezligi katta bo‘lsa, ENT ning keyin nurlanish vaqti kam bo‘lishi lozim. Agar chastotaning chayqalish tezligi kichik bo‘lsa, ENT ning keyin nurlanish vaqti katta bo‘lishi lozim.
AChT ini o‘lchaydigan asboblarda qo‘llaniladigan ENT lar elektrostatik yoki elektromagnit burilishli bo‘lishi mumkin.
AChT ini o‘lchaydigan asboblar GOST 15094-69 bo‘yicha XI guruhni tashkil etadi (X-xarakteriograf, ya’ni tavsifini o‘lchagich so‘zidan). Bu asboblarning tavsifi GOST 17023-74 «Amplituda-chastota xarakteristikalarni tekshiruvchi asboblar. Turlari va asosiy parametrlari. Texnik talablar. Sinash usullari» da berilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |