"Sanoat va maishiy chiqindilar hamda aholi salomatligi"ga bag`ishlangan xalqaro anjuman bo`lib o`tdi |
Toshkentda "Sanoat va maishiy chiqindilar hamda aholi salomatligi" respublika dasturini ishlab chiqishga bag`ishlangan xalqaro anjuman bo`lib o`tdi.
O`zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo`mitasi, Sog`liqni saqlash vazirligi va "zkommunxizmat" agentligi bilan hamkorlikda o`tkazilgan ushbu tadbirda vazirlik va idoralar, yirik sanoat korxonalari vakillari, yurtimizda faoliyat ko`rsatayotgan xorijiy diplomatlar hamda xalqaro tashkilotlar xodimlari ishtirok etdilar.
Yangi dasturni ishlab chiqish va amalga oshirish "Sihat-salomatlik yili" davlat dasturi tadbirlarida ko`zda tutilgan. Anjumanda maishiy va sanoat chiqindilari muammosini hal etish inson va u yashaydigan muhit salomatligini muhofaza qilish borasida muhim jihatlardan biri ekani haqida so`z bordi. O`zbekistonda bu yo`nalishda muayyan chora-tadbirlar ko`rilmoqda, "Chiqindilar to`g`risida"gi qonun, 1999-2005 yillarga mo`ljallangan Atrof-muhitni muhofaza qilishga doir harakat dasturi amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda bir yil davomida 100 million tonna sanoat chiqindisi to`planadi. Ikkilamchi xomashyo sifatida ularning atigi 0,2 foizidangina foydalaniladi. Qolgani esa 10 ming gektarga yaqin maydonni egallagan to`plash punktlarida yig`iladi. Yoqilg`i-energetika majmui, neftni qayta ishlash, kimyo sanoati, qora va rangli metallurgiya sohasining ishlab chiqarish korxonalari chiqindilarning yirik manbai hisoblanadi.
Temir-tersaklar, ishdan chiqqan avtomobil` g`ildiraklari, yog`lar, foydalanilmagan pestitsidlar yig`ilib qolmoqda. Qattiq maishiy chiqindilarning ko`payib borayotgani ham tashvish tug`dirmoqda. Bu chiqindilarning yillik miqdori 13 million kub metrni tashkil etadi. Ularning bor-yo`g`i 26 foizi to`planib, maxsus poligonlarda ko`miladi. Bularning barchasi ekologik va epidemiologik ahvolning yomonlashuviga olib kelmoqda va o`z navbatida aholi salomatligiga salbiy ta`sir ko`rsatmoqda.
Shu bois yangi dasturda chiqindilarni boshqarish, ulardan foydalanish bo`yicha umumrespublika, soha va hududiy xususiyatga ega tadbirlarni amalga oshirish ko`zda tutilgan.
Anjuman ishtirokchilari ushbu dasturda bu borada tegishli qonunlar va huquqiy baza yaratilishini ko`zda tutish, chiqindilardan foydalanish tizimini iqtisodiy rag`batlantirish, xizmatlar bozorini shakllantirish, korxonalar chiqindi chiqarmaydigan texnologiyalarni yanada keng o`zlashtirishiga e`tibor qaratish zarurligini ta`kidladilar. Shu bilan birga, turli chiqindilarning atrof-muhit va aholi salomatligiga ta`siri bo`yicha doimiy monitoring tashkil etish, masalaning dolzarbligidan jamoatchilikni xabardor qilish va kishilarimizning ushbu muammoni hal etishdagi ishtirokini kuchaytirish katta ahamiyatga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |