Ekologiya va iqtisodiyot Maqsad



Download 32.27 Kb.
Sana08.09.2017
Hajmi32.27 Kb.

Aim.uz

Ekologiya va iqtisodiyot

Maqsad: bo`lajak iqtisodchi mutaxassislarda ekologik vaziyatning iqtisodiy holatga ko`rsatadigan ta’siri to`g`risida ma’lumot berish va ularda barqaror rivojlanish to`g`risidagi dunyoqarashni shakllantirish.
Reja:
1. Ekologiya va iqtisodiyotning o`zaro bog`liqligi.

2.Ekologik - iqtisodiy barqaror rivojlanish konsepsiyasi.

3.Ekologiya iqtisodiyotining iqtisodiy mexanizmlari.

Ekologiya va iqtisodiyotning o`zaro bog`liqligi

Er yuzida inson paydo bo`lganidan boshlab hozirgacha u o`zining iqtisodiy sharoitini tabiiy ne’matlar hisobiga yaxshilab kelmoqda. Moddiy ne’matlardan joydalanish jarayonida u ilgarigi vaqtlarda bilib-bilmay isrofgarchaliklarga yo`l qo`ygan, buning uchun uni tabiat jazolagan ham. Masalan, eramizdan ilgari kishilar yirik hayvonlarni ko`plab ovlagani tufayli tabiatda bu hayvonlar kamayib qolib, ocharchilik vujudga kelgan va odamlar o`rtasida o`lim ko`payib aholi soni ikki baravarga kamayib qolgan. Bu va shunga o`xshash holatlar odamlarning ongi va fikrlash qobiliyatini o`stirib, tabiiy resurslardan foydalanishda ehtiyotkorlik belgilarini shakllantirgan.

Aholining moddiy iste’mol ehtiyoji cheksiz, chunki dunyo aholisi soni muttasil o`sib bormoqda. Er yuzidagi 6,5 mlrd. odamning o`rtacha 70 yillik umri davomida tabiatdan oladigan noz-ne’matlarini hisob-kitob qiladigan bo`lsak, quyidagi raqamlar kelib chiqadi:

1.Oziq-ovqat 45000 kg. x 6,5 mlrd. q 292x5Q11 kg.

2.CHuchuk suv: jami 1 kunda 230 l. x 363 kun q 83 490 l. x 70 yil q 5 844 300 l. 5 844 300 l. x 6,5 mlrd. q 37987 x 95 Q10l.

sh.j. ichimlik uchun 1 kunda 2,5 l. x 363 kun q 907,5 l. x 70 yil q 63525 l. 63 525 l. x 6,5 mlrd. q 412912 x 5Q8l.


Yuqoridagi raqamlardan ko`rinadiki, Er yuzining har bir aholisi hayoti uchun giper raqamlarga teng miqdorda oziq - ovqat va suv resurslari talab qilinadi. Holbuki bu resurslar bitmas tuganmas emas. Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, talab, ehtiyoj va moddiy ne’matlar zaxirasi o`rtasida katta farq mavjud. Bu, bir tomondan, makroiqtisodiyot bilan makroekologiyani birlashtiradi, ya’ni xo`jalikni hisob-kitob bilan yurgizishni taqozo qiladi, ikkinchi tomondan esa, birlamchi tabiiy resurslarning o`rnini bosaoladigan sun’iy materiallarni izlab topish va ulardan foydalanish zaruriyatini keltirib chiqaradi. Bu muammoning echilishida iqtisodiyotning ahamiyati beqiyos kattadir.

Iqtisodiyotning tabiiy resurslar bilan ta’minlanganligi ko`p vaqt mobaynida tabiat qonunlari, ayniqsa ekologik qonuniyatlarga bog`liqligi tan olinmadi. Iqsodiyotdagi «eng kam mablag` sarflab yuqori daromadga erishish» tamoyiliga asoslangan barakasiz (ekstensiv) rivojlanish natijasida ekologik inqiroz yuz berdi. Uning salbiy oqibatlari havo va suvning ifloslanishi, tuproq tabiiy unumdorligining pasayib ketishida namoyon bo`ldi. Aniqlanishicha, tuproq unumdorligining 1 % ga kamayishi natijasida hosildorlikning o`rnini qoplash uchun 10 % sarf-xarajat talab qilinadi. Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko`ra o`tgan asrning ikkinchi yarmida insonning tabiiy muhitga etkazgan zarari va u orqali aholi sog`ligiga etkazilgan moddiy zarar jahonning yillik byudjetidan ortiq. Bu erda gap faqatgina chiqindilardan muhitga taralayotgan zararli moddalardan insonlar sog`ligini asrash hamda chiqindilar bilan katta maydonlar bandligi ustida ketayapti, xolos. Holbuki, qurib ishga tushirilgan harbir korxona ma’lum darajada iqtisodiy foyda keltirishi bilan birga u muhitga ko`p miqdorda gazsimon, suyuq yoki qattiq chiqindilar chiqarib muhitning ekologik holatini yomonlashtiradi. Ammo bu zararni pulga chaqish qiyin. U faqatgina kishilarning sog`ligi yomonlashishida, dehqonchilik va chorvachilik mahsulotlarining pasayishida namoyon bo`lishi mumkin. Aholining sog`ligini saqlash, tuproq unumdorligi va chorvachilikni qayta tiklash ma’lum miqdorda sarf-xarajatni talab qiladi.



Ekologik - iqtisodiy barqaror rivojlanish konsepsiyasi

Inson va tabiat o`rtasidagi munosabatlar tarixi taxlil qilinadigan bo`lsa, unda 3 davrni ko`rish mumkin:



1-davr: «dehqonchilik asri» XVIII asr oxirigacha davom etib, unda iqtisodiyot tabiat qonunlari maromiga bo`ysunib rivojlandi;

2-davr: «sanoat asri» XX asrning o`rtalarigacha davom etdi. Bu davrda iqtisodiy faoliyat tabiat qonunlaridan ustun bo`lib, inson tabiat ustidan hukmronlik qildi;

3-davr: «Noosfera» - ya’ni yangicha fikrlash davri bo`lib, bu davr tabiiy muhitning zaiflashib qolganligi va uni asrash global ekologik muammoga aylanganligi bilan xarakterlanadi. Bu davrda bajariladigan barcha asosiy ishlar tabiatni insonning qudratli kuchi ta’siridan himoya qilishga qaratiladi.

Bu borada BMT ning say’-harakatlari katta bo`lmoqda. Uning 1992 y. Rio-de Janeyroda bo`lib o`tgan atrof-muhit va rivojlanishga bag`ishlangan konferensiyasida qabul qilgan Deklarasiyada ekologiya iqtisodiyoti uchun ahamiyatga ega bo`lgan quyidagi prinsiplar ifodalab berilgan:



  • bir davlat boshqa davlat atrof-muhitiga ziyon etkazmaslikka iqtisodiy javobgardir;

  • rivojlanish huquqi hozirgi va kelajak avlodlar uchun tabiatni asrash tamoyiliga buysunishi kerak;

  • barqaror rivojlanish atrof muhit muhofazasi rivojlanishi bilan birga borishi kerak;

  • er ekotizimlarining sog`lomligi va yaxlitligini saqlashda davlatlarning hamkorlik qilishi;

  • barqaror rivojlanishda «ogohlantirish prinsipi»ni qo`llash, ya’ni ishlab chiqarish va iste’molning barqaror rivojlanishiga imkon bermaydigan modelni qo`llamaslik;

  • barqaror rivojlanishda «kooperasiya prinsipi»ni qo`llash, ya’ni davlatlar fan, texnika va texnologiyalar rivojida hamkorlik qilishi;

  • ekologik zararni bir-biriga to`lash prinsipi;

  • atrof holatiga ta’sirni baholash prinsipi.

Yuqorida sanab o`tilgan barcha prinsiplarning mazmun-maqsadi yagona uyimiz hisoblangan biosferada barcha mamlakatlar o`z hududlaridagi tabiatni asrash bilan bir qatorda, o`zlarining barqaror rivojlanishlarini atrof muhit muhofazasida hamkorlik qilish asosida amalga oshirishdir. Konferensiyaning asosiy hujjati «XXI asr kun tartibi» deb nomlangan bo`lib, unda ekologiya iqtisodiyoti uchun 40 dan ortiq tavsiyalar berilgan. Bu tavsiyalardagi ekologik-iqtisodiy rivojlanish konsepsiyasi iqtisodiy o`sishni tezlashtirish, kambag`allikni bartaraf etish va atrof muhit himoyasi masalalarini muvofiqlashtirishni nazarda tutadi.

Ekologik - iqtisodiy harakat rejalarini ishlab chiqish barqaror rivojlanish ko`rsatkichlariga asoslanib tuziladi. Unda atrof muhit, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarning quyidagi ko`rsatkichlaridan foydalaniladi:

1) atrof muhit ko`rsatkichlari – toza birlamchi mahsulotlar iste’moli va ularning iste’moli jarayonidagi yo`qotishlar, xo`jalik faoliyati ta’sirida buzilmagan maydonlar, tabiiy resurslar iste’moli, tabiiy resurslar zaxiralarining kamayish sur’atlari, tabiiy muhitning – havo, suv va erning ifloslanishi, muhitni ifloslovchi tashlamalarning tendensiyasi, muhofaza qilinadigan hududlar maydoni tendensiyasi, ozon qatlamidagi o`zgarishlar, tabiiy va texnogen favqulodda holatlar, tabiat muhofazasi tadbirlari xarajatlari;

2) iqtisodiyot ko`rsatkichlari – yalpi milliy mahsulot hajmi, xo`jalik yurigizishning o`zgarishi, mehnat unumdorligi, chiqindilardan foydalanish, ularni qayta ishlash, tashqi savdoda tabiiy resurslar, shu jumladan biologik resurslarning hissasi;

3) ijtimoiy soha ko`rsatkichlari – insonlarning salomatlik holati, yashash tarzi, ijtimoiy faollik va demografik ko`rsatkichlar.

Barqaror rivojlanish konsepsiyasida markaziy o`rinni qabul qilinayotgan iqtisodiy qarorlarning uzoq muddatli ekologik-iqtisodiy oqibatlarini hisobga olish egallaydi. Bunday qarorlarning qabul qilinishida quyidagi tamoyillar hisobga olinadi:



  • tiklanadigan tabiiy resurslarni qayta tiklash rejimini saqlab qolish;

  • tiklanmaydigan tabiiy resurslar zahiralari kamayishini imkon darajada sekinlashtirish va ularni boshqalari bilan almashtirish;

  • kam chiqindili, resurslarni tejovchi texnologiyalarni qo`llash;

  • atrof muhitning ifloslanishini kamaytirish.

Bunday tamoyillarga amal qilish asosida ishlab chiqilgan barqaror rivojlanish konsepsiyasi texnogen rivojlanishdan barqaror rivojlanishga o`tishga, iqtisodiy rivojlanishdan atrof muhitning ekologik holati yomonlashuvining oldini olishga imkon beradi.
Ekologiya iqtisodiyotining iqtisodiy mexanizmlari

Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning hozirgi sur’atlari tabiiy resurslar muammolarini keskinlashtirdi va shu sababdan iqtisodiyotga ekologik talablarni oshirish zarurati paydo bo`ldi. Bunday muammolarni bartaraf qilish ekologiya iqtisodiyoti mexanizmlarini qo`llash asosida amalga oshiriladi. Ekologiya iqtisodiyoti mexanizmlari ikki asosiy qismdan iborat:

1) doimiy harakatdagi institutlar — tabiiy resurslar kadastri, moddiy-texnik ta’minot, tabiiy resursdan foydalanganlik uchun to`lovlar, atrof muhitni ifloslantirganlik uchun to`lovlar, kreditlar berish va soliqqa tortish bo`yicha imtiyozlar, soliqdan ozod qilish;

2) iqtisodiy rag`batlantirish — ekologik sug`urta. Tabiat muhofazasi asosiy ishlab chiqarish fondlari, ekologik toza mahsulotlarga rag`batlantiruvchi baholarni joriy etish, ekologik nopok mahsulotlar bahosini pasaytirish, ekologik xizmatlar bankini shakllantirish, tabiatdan foydalanish bo`yicha shartnoma munosabatlarini takomillashtirish.



Tabiiy resurslar kadastri. Tabiiy resurslar kadastri — iqtisodiy, ekologik, tashkiliy va texnik hududiy-adresli ko`rsatkichlarning tizimlashgan to`plami bo`lib, u tabiiy resurslarning miqdori va sifatini, undan foydalanuvchilarning tarkibi va kategoriyasini, resurslar holatining unga ta’sir ko`rsatuvchi omillar ta’sirida o`zgarish xarakterini, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish bo`yicha tavsiyalarni o`z ichiga oladi.

Tabiiy resurslarning kadastri odatda resurslarning quyidagi turlari bo`yicha tuziladi: er kadastri, suv kadastri, o`rmon kadastri, foydali qazilma konlari kadastri, hayvonot dunyosi kadastri, o`simliklar dunyosi kadastri va muhofaza qilinadigan hududlar (milliy bog`lar, qo`riqxonalar, buyurtma qo`riqxonalar) kadastri.



Tabiiy resurslarga to`lovlarga quyidagilar kiradi:

  • tabiiy resurslardan foydalanish huquqi uchun to`lov;

  • tabiiy resurslardan limitdan yuqori va nooqilona foydalanganlik uchun to`lov;

  • tabiiy resurslarni takror ishlab chiqarish va muhofaza qilishga to`lov.

Atrof muhitni ifloslantirganlik uchun to`lovlar 3 turga bo`linadi:

1)zararli moddalarni belgilangan limit doirasida chiqarganlik uchun;

2)zararli moddalarni belgilangan normadan ortiq yoki ruxsatsiz chiqarganlik uchun;

3)chiqindilarni joylashtirganlik uchun.



Ekologik tadbirlarni moliyalashtirish tizimi o`z ichiga quyidagilarni oladi:

  • ekologik jamg`armalarni tarkib toptirish (respublika, viloyat va korxona jamg`armalari);

  • ekologik tadbirlarni kreditlash (bu jamg`arma hisobidan bajariladi);

  • imtiyozli soliqqa tortish;

  • ekologik sug`urtani joriy qilish.

Ekologik jamg`armalar korxonalarning tabiatdan foydalanganlik uchun to`lovlari hisobiga tarkib topadi va ular asosan muhim ekologik tadbirlarni kreditlashga sarflanadi.

Imtiyozli soliq quyidagilardan iborat:

  • ekologik tadbirlarni amalga oshrishda soliqka tortiladigan foydani kamaytirish;

  • tabiat muhofazasi jihozlari va ularni ishlab chiqaruvchi korxonalar hamda ekologik xarakterli xizmat ko`rsatuvchi korxonalar uchun soliq imtiyozlari berish.

Ekologiya sug`urtasining maqsadi atrof muhitning to`satdan emrilishidan mulkiy manfaatlarni sug`urta himoyasiga olishdan iborat. Sug`urta to`lovlari korxonaning yillik oborotidan foizlarda belgilanadigan tarif stavkasi bo`yicha to`lanadi.

Ekologiya sug`urtasi shaxsiy, mulkiy va ekologik mas’uliyat turlariga bo`linadi (chizmaga qarang).


Ekologiya suғurtasi

shakli

ixtiyoriy

majburiy



turlari


Ekologik xavf-xatarni suғurtalash

Mulkni ekologik avariya-lardan suғurtalash

Atrof muҳitni avariya iflos-lanishi zararidan mas’uliyatli suғurtalash



Suғurta


tўlovlari

manbalari



Sanoat korxonalari guruҳ-lari ҳisobiga barpo etilgan suғurta jamғarma-lari

Yirik, potensial xavfli korxonada barpo etiladigan rezerv jamғarma

Mintaқaviy va maҳalliy ҳokimiyat organlari қoshi-dagi suғurta jamғarmalari


Ekologiya sug`urtasi bo`yicha to`lovlar turi, shakllari va manbalari
Sug`urta to`lovlari sug`urtachilarga shartnomada ko`rsatilgan miqdorda quyidagi xarajatlar uchun beriladi:

  • ishlab chiqarishdagi avariyadan kelib chiqqan zararni qoplash;

  • atrof muhitning yomonlashuvidan kelib chiqqan zararni to`lash;

  • muhitni tozalash, odamlarning hayoti va mulkini qutqarib qolish bilan bog`liq bo`lgan xarajatlarni qoplash.


X u l o s a l a r

1. Ekologiya va iqtisodiyot uzviy bog`langan sohalar bo`lib, ekologik vaziyatning yomonlashuvi insonlar sog`ligiga putur etkazish bilan ularning ishlab chiqarish qobiliyatini pasaytiribgina qolmay, balki davolanish ishlariga qo`shimcha xarajatlarni ham talab qiladi. Shuningdek, tabiiy resurslarni pala-partish o`zlashtirish ularning kamayishi yoki tugab qolishga olib keladi. Barcha hollarda ham sodir bo`lgan vaziyatdan iqtisodiyot zarar ko`radi.

2. Ekologik talafotlarning oldini olish va ulardan ko`rilgan zararning o`rnini qoplash respublika hukumatining tizimli faoliyatiga kiradi. Buning uchun ekologik jamg`armalar va sug`urta tizimi yo`lga qo`yilgan bo`lib, ular maxsus meyoriy hujjatlar asosida harakat qiladi.


Nazorat uchun savollar:

1. Ekologiya va iqtisodiyotning o`zaro ziddiyatini qanday tushunasiz?

2. Ekologiya va iqtisodiyotning o`zaro bog`liqligini qanday tushunasiz?

3. Ekstensiv rivojlanish tushunchasini izohlab bering.

4. Barqaror rivojlanish tamoyillari nimalardan iborat?

5. Tabiiy resurslar kadastrini qanday tushunasiz?

6. Ekologiya jamg`armasining manbaasi nima?

7. Imtiyozli ekologiya solig`i qanday korxonalarga beriladi?

8. Ekologiya sug`urtasi qaysi hollarda to`lanadi?
Adabiyotlar

1.Jumaev T.J. — Ekologiya iqtisodiyoti (darslik). Toshkent. «Adab. jamg`armasi», 2004.



2.Rafiqov A.A. va boshq. — Ekologiya (o`quv qo`l.). Toshkent. «Adab. jamg`armasi», 2004.



Aim.uz



Do'stlaringiz bilan baham:


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2017
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa