Patogenezi va patologik anatomiyasi. Chivindan infeksiya tabiiy yo‘l bilan o‘tganda bezgak sporozoit infeksiya hisoblanadi. Homilaga ona qornida o‘tganda yoki qon quyish orqali sog‘lom kishiga yuqqanda shizont infeksiya rivojlanadi, chunki organizmga sporozoitlar emas, shizontlar kiradi. Shizont bezgak qisqa yashirin davr bilan xarakterlanadi. Sporozoit infeksiyada yashirin davrning davom etishi parazit turiga bog‘liq. Kasallik boshlanishida to‘qima shizontlari ayrim porsiyalar tarzida qonga tushganda va qonda har xil bosqichlarda bo‘lgan parazitlarning bir necha bor rivojlanishi vaqtidagi o‘zga- rishlar noto‘g‘ri tipdagi isitmaga sabab bo‘ladi. Keyinchalik parazitlar sinxron rivojlanadi va bezgak xurujsimon tus oladi. Zararlangan eritrositlar ko‘plab parchalangan vaqtda eritrositlar shizontlarining bo‘linishi tufayli parazitlarning qonga tushishidan xuruj yuzaga keladi. Bunday holat shunday belgilanadiki, bunda uch kunlik, tropik va ovale bezgakda xurujlar har 48 soatda, to‘rt kunlikda esa 72 soatdan so‘ng takrorlanadi. Xuruj — bu qon oqimiga tushadigan ko‘p miqdordagi bezgak pigmentlari va eritrositlar yorilishi natijasida ajraladigan boshqa almashinuv mahsulotlariga qarshi organizm reaksiyasidir. Eritrositlarning ko‘plab parchalanishi natijasida anemiya rivojlanadi. Jigar hamda taloqning kattalashishi limfoid va retikular hujayralarning kuchli ko‘payishi natijasidir. Bezgak komasining vujudga kelishi miyada qon aylanishining buzilishi bilan tushuntiriladi. Tomirlar endoteliysi funksiyasining buzilishi natijasida zararlangan eritrositlar ushlanib qoladi, yopishadi va parchalanadi, staz rivojlanadi va kapillarlarda probka (tiqin) vujudga keladi.
Gemoglobinuriyali isitma gemoliz bilan bog‘liq va eritrositlarda tug‘ma ravishda G—6—FDG fermenti bo‘lmagan bemorlarda rivojlanadi. Ferment yetishmasligi eritrositlarga nisbatan himoya rolini bajaradigan glutatsion yetishmasligiga sabab bo‘ladi. Natijada bezgakni davolashda ishlatiladigan qator preparatlar, masalan xinin va boshqalar ta’sirida eritrositlar tomirlar ichida ko‘p miqdorda gemolizga uchraydi.
Bezgakdan o‘lgan kishilarning parenximatoz a’zolarini tekshir- ganda jigarda, taloqda, limfatik tugunlarda va ilikda bezgak pigmentlari aniqlanadi; bezgak pigmenti yig ‘ ilishi tufayli jigar va taloq kulrang bo‘ladi. Taloq kattalashgan va qattiqlashgan bo‘lib, unda ko‘pincha nekrotik o‘choqlar aniqlanadi. Ko‘pincha miokardda og‘ir distrofik o‘zgarishlar va endokardga qon quyilishlar kuzatiladi. Ko‘pincha buyrakda degenerativ o‘zgarishlar, ularning kapsulasi yoki buyrak jomiga qon quyilishlar aniqlanadi.
Bezgak komasidan o‘lgan kishilar miyasini gistologik tekshirganda qon kapillarlarini yopib tashlagan ko‘p miqdordagi plazmodiylar aniqlanadi. Staz va mayda qon tomirlariga qon quyilishlar kuzatiladi.