Paragripp viruslari haqida nimalarni bilasiz?
Paragripplar uchun qanday belgilar xos?
Paragripplarda qanday asoratlar kuzatiladi?
Paragripp qanday davolanadi?
Paragripp o‘chog‘ida qanday tadbirlar o‘tkazilishi lozim?
Adenovirusli infeksiya (adenovirosis)
Adenovirusli infeksiya — o‘tkir respirator kasallik bo‘lib, limfatik to‘qimalar va nafas yo‘llari, ko‘z, ichak shilliq qavatlari zararlanishi hamda biroz rivojlangan intoksikatsiya bilan xarakterlanadi.
Etiologiyasi. Kasallik qo‘zg‘atuvchisi virus hisoblanadi. Odam- dan 32 tur adenovirus ajratilgan. Kasalliklar ko‘pincha 3, 4, 7, 8, 14 va 21 turlardagi viruslar bilan bog‘liq. Adenoviruslar dezok- siribonuklein kislota (DNK) ga ega. Ularning kattaligi 70—90 nm ga teng. Past haroratga ancha chidamli, tana haroratida uzoq vaqt (2 haftagacha) saqlanadi, lekin qizdirganda va dezinfeksiyalovchi moddalar ta’sirida tez faolsizlanadi. Bundan tashqari ular ichakda ko‘payishi mumkin va uzoq vaqt najas bilan ajralib turadi, bu esa alimentar yo‘l bilan ham yuqishi mumkinligini inkor qilmaydi.
Epidemiologiyasi. Kasallik manbai bemor odam bo‘lib, u virus- larni burun va burun tomoq shilliqlari orqali kasallikning o‘tkir davrida, keyingi davrlarida esa najas bilan ajratib chiqaradi. Virus tashuvchilar ham infeksiya tarqalishida ma’lum ahamiyatga ega. Kasallik havo-tomchi yo‘li bilan yuqadi. Bu infeksiya bilan ko‘pincha bolalar kasallanadi. Kasallik yilning sovuq davrlarida ko‘p kuzatiladi. Adenovirusli infeksiyalar butun dunyoda keng tarqalgan.
Patogenezi va patologik anatomiyasi. Infeksiyaning kirish darvozasi asosan yuqori nafas yo‘llari, kam hollarda konyunktvalar hisoblanadi. Adenoviruslar shilliq pardalarda rivojlanadi va yal- lig‘lanish reaksiyasini chaqiradi. Yashirin davrda virus limfatik tugunlarda to‘planadi. Bunda ularning faolligi susayadi, to‘qima- larning o‘tkazuvchanligi oshadi va virus qon oqimiga tushadi hamda organizmga umumiy toksik ta’sir ko‘rsatadi — tana harorati ko‘ta- rilib, intoksikatsiya belgilari paydo bo‘ladi. Qon bilan jigar va taloq kabi a’zolarga tushib, u yerda o‘zgarishlarga va ko‘pincha bu a’zo- larning kattalashishiga sabab bo‘lishi mumkin. Limfoid to‘qimalar zararlanishi tufayli jag‘ osti, bo‘yin va quloq oldi limfatik bezlari kattalashadi. Jarayonga burun, traxeya, bronxlar shilliq qavati qo‘shiladi. Bodomsimon bezlar, konyunktiva, ko‘z muguz pardasi va ichak shilliq qavati ham zararlanadi.
O‘lim yuz bergan hollarda peribronxial pnevmoniya aniqlanadi. Bunda bronxlar devori va alveolalarda shish hamda nekroz aniqlanadi. Ichak shilliq qavatida yallig‘lanish jarayoni belgilari qayd etiladi.
Klinikasi. Yashirin davr 2 kundan 14 kungacha (ko‘pincha 5—7 kun) davom etadi. Adenovirusli infeksiyalar o‘tkir boshlanadi: et uvushib, biroz bosh og‘riydi, ba’zida bo‘g‘imlar, mushaklar va suyaklarda og‘riq bo‘ladi. Kasallikning 2—3-kunlariga kelib, tana harorati 38—39°C gacha ko‘tariladi. Organizm intoksikatsiyasi odatda o‘rtamiyona bo‘lib — yuqori tana haroratida bemorning umumiy ahvoli qoniqarli bo‘ladi. Isitma 8—14 kun davom etadi: ba’zida ikki to‘lqinli xarakterga ega bo‘ladi. Uyqusizlik, ko‘ngil aynishi, qusish, bosh aylanishi kam kuzatiladi. Ayrim bemorlarda kasallikning birinchi kunlari ich ketishi va epigastral sohada og‘riq seziladi. Kasallikning 1-kuni tumov bo‘lib, burundan biroz suyuqlik oqadi. Bu vaqtda bemorni ko‘pincha tomoq og‘rig‘i va yo‘tal bezovta qiladi, ovoz xirillashadi.
Bemorni ko‘zdan kechirganda yuz terisi, konyunktiva qizargani va sklera tomirlari infeksiyasi aniqlanadi. Kasallikning 1—3-kuni konyunktivit rivojlanadi. Avvaliga yallig‘lanish jarayoni bir tomon- lama, keyinchalik esa ikki tomonlama xarakterda bo‘ladi. Kasallik ko‘zda og‘riq, ko‘p miqdorda shilimshiq ajralib chiqishi va konyunktiva qizarishi bilan kechadi; ko‘pincha unda gemorragiyalar kuzatiladi. Burun shilliq pardasi shishgan va rinoreya mavjudligi tufayli burundan nafas olish qiyinlashadi, jag‘ osti va bo‘yin limfatik tugunlari kattalashadi. Yurak-qon tomirlar sistemasida tomir urishi tezlashadi, yurak tovushlari bo‘g‘iq holda eshitiladi. O‘pkada quruq xirillashlar aniqlanadi. Oshqozon-ichak yo‘llari ko‘proq zararlanadi. Qorinda og‘riq va ich ketishi kuzatiladi. Parenximatoz a’zolar — jigar va taloq kattalashadi. Adenovirusli gepatitlar ma’lum, lekin ularning klinik xususiyatlari kam o‘rganilgan. Bu gepatitning sariqlik bilan kechadigan shakllari ehtimol virusli gepatitlar shaklida qayd qilinadi. Adenovirusli infeksiyaning mezenteral limfatik tugunlar zararlanishi — mezadenitlar bilan kechadigan turi ham mavjud, u o‘tkir qorin sindromi shaklida rivojlanadi. Adenovirusli infeksiyaning turli asoratlari ma’lum bo‘lib, ular asosan kichik yoshdagi bolalarda ko‘proq uchraydi. Bularga rinit, tonzillit, otit, bronxit, plevrit va pnevmoniya kabi kasalliklar misol bo‘ladi.
Tashxisi. Klinik tashxis asosan epidemiya vaqtida qo‘yiladi, sporadik holatlarda klinik belgilar xilma-xilligi tufayli tashxis qo‘yish qiyinroq. Tipik holatlarda toksikozning o‘rtacha rivojlanishi, yuqori va uzoq davom etadigan isitma hamda kataral belgilar kasallikka klinik tashxis qo‘yishga yordam beradi. Tonzillit, konyunktivit, limfadenit va gepatoliyenal sindrom (jigar va taloq kattalashishi) tashxis qo‘yishni yengillashtiradi.
Tashxisni erta tasdiqlash maqsadida bemorning burun-tomoq shilliq qavatlari hujayralarida immunoflyuoressent usul yordamida spetsifik antigen aniqlanadi. Virusologik tashxis burun-tomoq shillig‘idan, konyunktivitda ko‘z ajratmalari va najasdan virusni ajratishga asoslangan. Serologik usullardan KBR qo‘llanadi. Qo‘sha zardoblar tekshiriladi: birinchi zardob kasallikning 5-kunigacha, ikkinchisi — 10—14 kun o‘tgandan so‘ng tekshiriladi. Kasallik vaqtida reaksiya titri 4 baravar va undan ham oshadi.
Davolash. Kasallikning yengil shaklida simptomatik terapiya bilan chegaralanish mumkin. Kasallikning o‘rtacha og‘ir va og‘ir shakl- larida kompleks davo tadbirlari o‘tkaziladi. Kasallikning birinchi kunlari mushak orasiga adenoviruslarga qarshi spetsifik antitelolarga ega bo‘lgan 6 ml platsentar immunoglobulin yoki zardob polig- lobulin yuboriladi. Dezintoksikatsiya maqsadida venaga tomchilab natriy xloridning izotonik yoki 5% li glukoza eritmasi yuboriladi. Mahalliy etiotrop dorilardan 0,25% li oksolin malhami burun katagiga surtiladi. Burun kateterlari orqali namlangan kislorod hamda kompleks vitaminlar (askorbinat kislota, B guruh vita- minlar) tayinlanadi. Pnevmoniyada antibiotiklar qo‘llanadi. Sog‘a- yish vaqtida yallig‘lanish o‘choqlarining so‘rilishini tezlashtirish uchun bankalar, gorchichniklar va issiq muolajalar qo‘llanadi. Ko‘z zararlanganda immunoglobulin konyunktival xaltaga tomiziladi. Pardali konyunktivitlarda ko‘z borat kislotaning 2% li eritmasi bilan yuviladi, 20—30% li sulfatsil-natriy (albutsid) eritmasi tomiziladi, qovoqlarga 1% li preznizolon malhami bilan boylamlar qo‘yiladi, ko‘zga 0,2% li dezoksiribonukleinaza eritmasi tomiziladi.
Profilaktikasi va o‘choqda o‘tkaziladigan tadbirlar. Profilaktika bo‘yicha umumiy tadbirlar grippdagi kabi o‘tkaziladi. Spetsifik profilaktika uchun o‘lik va tirik vaksinalar sinalmoqda. O‘choqlardagi tadbirlar bemorlarni o‘z vaqtida aniqlash va ularni 10 kunga izolatsiya qilishdan iborat. Bolalar jamoalarida kasallik tarqalganda oxirgi bemorni izolatsiya qilgandan keyin yana 10 kun davomida bolalarning o‘zaro muloqatda bo‘lishlariga yo‘l qo‘yilmaydi. O‘choq- da o‘tkaziladigan tadbirlar grippdagidek.
Do'stlaringiz bilan baham: |