Patogenezi va patologik anatomiyasi. Muzer va Provaseka rikketsiyalarining biologik o‘xshashlik xususiyatlari kalamushlardan yuqadigan rikketsiozlar bilan epidemik toshmali tif kasalliklari patogenezi va patomorfologik belgilari bilan bir xildir. O‘lim hollari kam uchrashi tufayli patologoanatomik o‘zgarishlar kam o‘rga- nilgan.
Klinikasi. Yashirin davr o‘rtacha 8—12 kun davom etadi. Kasallik umumiy holsizlik, bosh og‘rig‘i va ko‘ngil aynishidan boshlanadi. Bo‘g‘imlarda, mushak va belda og‘riq kuzatiladi. Shundan keyin tana harorati birdaniga yoki asta-sekinlik bilan ko‘tarilishi mumkin. Kasallikning 1-haftasining oxirlariga borib harorat 38—40°C ga yetadi. Harorat egri chizig‘i doimiy yoki remittirlovchi turga ega. Isitma 2 haftagacha cho‘zilishi mumkin. Harorat lizis shaklida tushadi. Kasallikning 6—7-kuni terida xarakterli toshmalar paydo bo‘ladi. Ular asosan ko‘krakda, yuzda, yelkada, qorinda, qo‘l-oyoqlarda, kaft va panjalarda paydo bo‘ladi, bu belgilar kalamushdan yuqadigan rikketsiozni epidemik toshmali tifdan farqlashga yordam beradi. Ayrim bemorlarda toshma juda ko‘p toshadi. Kasallik boshlanishida toshma rozeola xarakterida bo‘ladi; toshmaning diametri 2—5 mm ni tashkil qiladi. Keyinchalik u papulez, ba’zida petexial toshmaga aylanadi. Toshma 7—10 kun davomida saqlanib turadi. U yo‘qolganda pigmentatsiya hosil bo‘lmaydi. 25% bemorlarga toshma toshmaydi.
Nerv sistemasi kam zararlanadi. Yurak-qon tomirlar sistemasida bradikardiya, ba’zan gipotoniya aniqlanadi. Nafas a’zolari sistemasida bronxit kuzatilishi mumkin. Jigar va taloq odatda kattalashmaydi.
Asoratlar va residivlar kuzatilmaydi. Kalamushdan yuqadigan rikketsiozda kasallik ko‘pincha sog‘ayish bilan yakunlanadi.
Tashxisi. Tashxis klinik belgilar, epidemiologik anamnez ma’lu- motlari (kalamushdan yuqadigan rikketsiozlar uchraydigan joylar) va laboratoriya tekshiruvlari asosida qo‘yiladi. Kalamushdan yuqa- digan rikketsioz bilan epidemik toshmali tifni laboratoriya usulida rikketsiyalar yordamida o‘tkaziladigan agglutinatsiya reaksiyasi (RAR) yoki komplementni bog‘lash reaksiyasi (KBR) yordamida farqlash mumkin. U Muzer rikketsiyalari antigeni bilan parallel ravishda qo‘yiladi. Kalamushdan yuqadigan rikketsiozda Muzer rikketsiyalari antigeni bilan qo‘yilgan agglutinatsiya va komplementni bog‘lash reaksiyasi Provaseka rikketsiyalari antigeni bilan qo‘yilgan reaksiya titridan baland bo‘ladi.
Davolash. Kalamushdan yuqadigan rikketsiozni davolash tosh- mali tifni davolashga o‘xshaydi. Tetrasiklin 0,3—0,4 g dan kuniga 4 mahal butun isitma davrida va yana 2 kun davomida beriladi. Terapevtik samarasi yetarli darajada qoniqarlidir.