Mashhurlar hayotidan: Agata Kristi - Detektiv janrining qirolichasi
Shaxsiy turmushda u qadar baxtli bo‘la olmagan Agataning ijodi adabiyot va ayniqsa, detektiv janri shaydolari uchun bitmas-tuganmas xazinaning o‘zginasi. Keling, «Detektiv janrining qirolichasi” nomiga sazovor bo‘lgan Agata Kristi hayoti bilan bog‘liq bir qancha qiziqarli jihatlarga yuzlanamiz.
Agata Kristidan so‘rashibdi: “Nega hajm jihatidan teng bo‘lgan, voqealari ham o‘xshash bo‘lgan ikki romaningiz turli xil miqdorda sotilmoqda?”. Aqlli Kristi: “Chunki ulardan biridagi qotilliklar soni ikkinchi kitobdagi qotilliklar sonidan ikkitaga ko‘proq!” - deb javob bergan ekan;
Agata Kristining “Qopqon” pesasi haligacha teatrlarda qiziqish bilan kutib olinadi. Pesa endigina sahnada qo‘yila boshlagan vaqtlarda shunday odat bo‘lgan: Spektakl tugagach, bir inson sahnaga chiqib, tomoshabinlarga kelganligi uchun minnatdorchilik bildirgan. So‘ngra … qotil aslida kim ekanligi haqida boshqalarga (hali asarni tomosha qilmaganlarga) gapirmasliklarini qattiq iltimos qilishgan;
Agata Kristining “Marhum Missis Makginti” asarida Erkyul Puaro chekka va xaroba bir qishloqqa borib, haqiqiy qotilni topadi. 1964 yilda bu asar asosida film suratga olinadi. Film ijodkorlari bir jihatga diqqat qilishadi. Doimo o‘ziga qarab yuruvchi, kibor, noziktabiat Puaroning xarobalar orasida yurishi notabiiy holatday tuyuladi. Shunda ular ajoyib yo‘l topishadi: Puaroning o‘rnini Kristining boshqa bir qahramoni - oddiylikni xush ko‘ruvchi Miss Marpl egallaydi;
Agata Kristi o‘zining yagona nabirasini ajoyib usulda siylagan. Unga “Qopqon” pesasining mualliflik huquqini sovg‘a qilgan. Ishonavering, bu sovg‘a bir necha millionlik merosdan afzal. “Qopqon” pesasi daromad keltirish bo‘yicha sahna asarlari orasida yuqori o‘rinlarda turadi;
1970-yillarda qopqonlar ishlab chiqaruvchi firma o‘z qopqonlaridan birini Agata Kristi deb nomlashga ruxsat oladi. Albatta, bu reklamaning ajoyib ko‘rinishi edi. Sababi, yuqorida ta'kidlab o‘tilganidek, Agataning “Qopqon” asari juda ham mashhur;
Agata Kristi eri bilan turmush qurganiga 25 yil to‘lganida shunday degandi: “Eng yaxshi erlar - arxeologlardir! Chunki sening yoshing qanchalik katta bo‘lsa, u seni shunchalik qadrlaydi”;
Agata Kristi ba'zi asarlardagi detallarni o‘z hayotidan olgan. Masalan, 1930 yilda erining yoniga, Misrga yo‘l oladi. U yo‘lning asosiy qismini “Sharqiy ekspress” da bosib o‘tadi. Keyinchalik u mashhur “Sharqiy ekspress”dagi qotillik” asarini yozadi;
Yuqorida fikrni davom ettiramiz. Agata bir qancha muddat London chetidagi Sanningdeylda istiqomat qilgan. Bu joy o‘zining golf maydonlari bilan mashhur edi. “Golf maydonidagi qotillik” asari shuning natijasidir balki…
Yana bir misol. 1-Jahon urushi vaqtida Agata Torki shahri aptekasida ishlagan. Ish jarayonida esa zaharlarni sinchiklab o‘rgangan. Bu ishi keyinchalik unga juda ko‘plab asarlarida qo‘l kelgan;
Agata Kristi bir narsadan afsuslangan. “Men ilk kitobimda Erkyul Puaroni iste'fodagi yosh ofitser sifatida tasvirlashim kerak ekan. Agar shunday qilganimda umrimning oxirigacha u haqidagi asarlarni yozishim mumkin edi” - degan edi Agata. Ilk kitobdayoq Puaro katta yoshli inson sifatida ko‘rsatilgan;
Agata Kristiga “Nega Puaroni aynan belgiyalik qilib tasvirlagansiz?” - qabilidagi savolni ko‘p berishgan. Yozuvchining javobi esa ancha qiziqarli: “Chunki belgiyaliklar juda mazali shirin kulchalar pishirishadi”;
2-Jahon urushi vaqtida Angliya juda kuchli havo hujumlari girdobida qoladi. Bunday mahalda tasodifiy o‘lim har qanday odamga xavf solardi. Buni yaxshi anglagan Agata Miss Marpl va Erkyul Puaro turkumlarining yakunlovchi qismlarini yozishga kirishadi. Agata bu ishi bilan bir amaliy maqsadni ham ko‘zlagandi: so‘nggi asarlardan keluvchi daromad yaqinlarini moddiy ta'minlashga xizmat qilishi kerak edi...
Internet ma'lumotlari asosida Bahodir Anorov tayyorladi.
DЕTЕKTIV QIROLICHASINING
G‘AROYIB HAYOTI
Uni butun Angliya bo‘ylab izlashdi. Ko‘pchilik bu g‘oyib bo‘lishda adibaning ishonchsiz erining qo‘li bor deb taxmin qildi, ammo polkovnik Kristining bu hodisaga aloqasi yo‘q edi. Agata Meri Klarissa Miller 1890 yilda Angliyada tavallud topgan. Bolaligida juda uyatchan qizaloq bo‘lgan. Katta akasi va opasi birga o‘ynashar, Agata esa o‘z tasavvuridagi qahramonlar bilan yolg‘iz qolishni yoqtirardi. Maktabda ham a’loga o‘qimasdi, juda tortinchoq edi.
XIX-XX asrlarda qizlarni ko‘proq turmushga uzatishga tayyorlashar, musiqa, raqs, qo‘l mehnati kabi hunarlarga o‘qitishardi. Agata Kristi umrining oxirigacha qo‘pol imlo xatolariga yo‘l qo‘ygan: shunga qaramay bu adibaning ijodiy karyerasiga soya solmagan.
Qiz yaxshi kuylar, ammo uyatchanligi tufayli omma qarshisiga chiqishga cho‘chirdi. Tortinchoq va odamoviligi ham uning kelajagiga raxna sololmadi, taqdir unga kutilmagan tuhfalar tayyorlab qo‘ygandi.
Birinchi jahon urushiga qadar yosh Agata tez tez ingliz aristokratlari doirasidagi kechalarga borib turardi. Parij pansionatida o‘qish davomida qizning o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortdi, tashqi ko‘rinishi ham yoqimli edi. Shunday kechalardan birida qirollik leytenanti Archibald Kristining nigohi Agataga tushgani ham bejiz emas.
Bu tuyg‘ular o‘tkinchi emasdi. Yoshlar tez orada unashtirildilar, to‘yni ham uzoq cho‘zishmadi, sababi Archi tez orada urushga jo‘nashi lozim edi, Agata esa Londonda qolishga majbur bo‘ldi.
Kelin-kuyov visolga to‘ymay turib, ayrildilar. Agata ham chalg‘ish va ma’suliyatni his etgan holda harbiy gospitalda ishlay boshladi. Ilk marta xayolida tug‘ilgan hikoyalarni shu yerda yozib qo‘yadigan bo‘ldi. Kun davomida dori darmon va jarohatlar bilan to‘qnashish tufayli uning qotillik haqdagi asarlari dunyoga kela boshladi. Mashhur Erkyul Puaro nomli qahramon ham shu asno yaratildi. Agata uning tashqi ko‘rinishini ifodalar ekan, uni ko‘chada ko‘rib qolgan real shaxsga qarab yaratdi, u Belgiya qochoqlaridan biri edi.
Oradan vaqt o‘tib, Archibald urushdan qaytdi va oilasini boqish uchun tadbirkorlik qilishga urinib ko‘rdi. Agata unga qiz farzand tuhfa qildi, unga Rozalinda deb ism qo‘yishdi. Lekin ular yashaydigan xonadon oila uchun torlik qilardi. Tadbirkorlik ishlari ham yurishmadi. Shunday moddiy qiyinchiliklar davrida eri Agataga hazillashib dedi: “Yozganlaringni chiqarib ko‘ramizmi?” Shundan so‘ng Agata yozuvchi bo‘lishga urinib ko‘rdi. Ammo “Staylzdagi sirli hodisa” asarini oltida nashriyot rad qildi. Archi uni yettinchi nashriyotga olib borishga undadi…
Ha, Archi haq ekan: romanni chop etishdi, hatto 25 ingliz funtida gonorar ham berishdi. “Endi sen boyib ketasan”, dedi Archi ishonch bilan. Agata ham ilk kitobi chiqqanidan so‘ng ijodkorlikni xobbi emas, kasb qilishga ahd qildi.
Olti yil davomida, ya’ni 1920-26 yillarda Agataning oltita romani chop qilindi. Puaro obrazi esa mashhurlikda Sherlok Xolms darajasiga yetay dedi. Agata va eri ijara muammosidan qutilib, shahardan shaxsiy uy harid qilishdi, hatto mashinali bo‘lishdi.
Hayotining yorug‘ kunlari uzoqqa cho‘zilmadi. Avvaliga Agataning onasi vafot etdi. Bunga ko‘nikishga ulgurmay turib, yana bir baxtsizlik yuz berdi. Archibald Kristi boshqasini sevib qolganini ma’qul qildi: golf o‘yinidagi sherigini…
Janjal chiqdi. Archi eshikni zarb bilan yopib chiqib ketdi va tongda qaytdi. Ammo xonadon bo‘m bo‘sh edi: Agata xat tashlab ketgandi. U mashinada Yorkshirga ketganini yozgan edi.
Rafiqasining ortidan borgan Archi faqat buzilgan avtomobil bilan to‘qnashdi. Adiba yo‘qolib qolgandi, oilaviy janjal kriminal jarayonga aylandi. Bu paytda Agata Kristi Angliyada nomdor yozuvchi edi, uni qidirish ishlariga mahalliy politsiya aralashdi, 15 ming kishi esa ko‘ngilli sifatida qidiruv ishlarida qatnashdi. Albatta, birinchi gumon bu bevafo erda edi, biroq Kristining chindan ham bunga aloqasi yo‘q ekan.
Oradan o‘n kun o‘tdi. Agatani sanatoriyadan topishdi. Shu vaqtga qadar ayol bu yerda fizioterapiya muolajalari olar, fortopiano chalar, umuman vaqtini chog‘ o‘tkazardi. Biroq eng g‘alatisi shunda ediki, adiba bu yerga Tereza Nil ismi bilan ro‘yhatdan o‘tgandi. Tereza – erining ma’shuqasi edi.
Ikki yil o‘tib u Archibald bilan ajrashdi. U o‘z qarori borasida umirining oxirigacha hech qanday izoh bermadi. Bir ishonchli jurnalistga Agata hech nimani eslay olmasligini aytgandi, shu tariqa unda amneziya boshlandi.
Agata Kristining vafotidan so‘ng britaniyalik olimlar uning oxirgi qoralamalarini ko‘zdan kechirib, u Alsgeymer hastaligiga duchor bo‘lganini aniqlandi. Ammo uning nabirasi Metyu Prichardning fikricha, bu shunchaki mish-mishlar. “Men buvimning yo‘qolib qolganini o‘zim bilan ham, onam bilan ham, boshqa odamlar bilan ham muhokama qilmaganman, ba’zan odamlar o‘zlarini o‘ta baxtsiz his qilganlarida g‘alati ishlar qilishadi”, deydi u. “Faqat bir gapni aytishim mumkin: buvim omma e’tiborini tortish uchun harakat qilmasdi: o‘ziga ham, kitoblariga ham. O‘sha paytda u judayam g‘amgin bo‘lgan va uning o‘rnida boshqa odam bo‘lganda ham uzoqlarga ketib qolgan bo‘lardi”.
Baxtsizlikdan halos bo‘lish uchun Agata ishlash va sayohat qilishga qaror qildi. U Sharq ekspressi poyezdiga chipta sotib oldi va Bog‘dodga yo‘l oldi. Aynan o‘sha yerda, Iroqda, adiba arxitektor Maks Mallouenni uchratdi.
Maks qadimiy shaharni tanishtirish uchun unga gid bo‘lib yollangandi. Butun mavsum davomida u yonida bo‘ldi: mamlakatni tanishtirdi, qadimiy sivilizatsiya tarixi haqda so‘zlab berdi, hatto topilgan bosh suyaklarini ham ko‘rsatdi. “O‘shanda men buning oqibati qanday tugashi haqda ko‘p o‘ylardim. Maks juda ajoyib inson edi. Shunchalik xotirjamki, yupatishga shoshilmasdi. U gapdan ko‘ra amalda o‘rnak edi. Kerakli ishni qilar, bu esa to‘g‘ri tanlov bo‘lardi”, deb yozgandi Agata o‘z biografiyasida.
Xullas, mavsum tugagach, arxeolog uni Angliyaga kuzatib qo‘yadigan bo‘ldi. Keyin esa ayolning qo‘lini so‘radi. Agata ham yigitni sevib qolgandi, biroq turmush qurish taklifini darhol qabul qilmadi. U oila qurishdan cho‘chir, avvalgi xatosini takrorlashni istamasdi. Buning ustiga ularning yoshida katta farq bor edi: Maks 25da, Agata esa 40 yoshga kirgandi!
O‘rtadagi o‘n besh yilga qaramay, tuyg‘ular kuchli keldi, ular munosabatlarini nikoh bilan mustahkamlashga qaror qilishdi. Agata endi bu rishtalarni yashirmay, hazil qila boshladi: ayolning yoshi qanchalik ulug‘ bo‘lsa, arxeologga shunchalik qadrli bo‘ladi.
Ularning turmushi baxtli kechdi. Maks va Agata birgalikda yaqin Sharqni kezib chiqishdi, adiba safar davomida ko‘plab detektivlarini qog‘ozga tushirdi.
Ular umr so‘nggigacha baxtiyor yashashdi. Agata Kristi 1976 yil, 85 yoshida vafot etdi. Ikki o‘tib o‘tib Maks ham u dunyoga rihlat qildi. Adibaning vafotidan so‘ng Erkyul Puaro haqdagi so‘nggi romani va avtobiografiyasi nashr qilindi.
“Yaratgan egam, ezgulikka to‘la umr va menga berilgan mehr muhabbat uchun senga tashakkur”, deb tugangandi u so‘nggi qoralamalarini.
Kristining 60 ta detektiv romani, 6 ta psixologik romani, 19 ta hikoyalar to‘plami nashr qilingan. Barcha kitoblari 4 mlrd.dan ortiq adadda dunyoning yuzlab tillariga tarjima qilinib sotilgan.
Chet el nashrlaridan Nodirabegim Ibrohimova tarjimasi
Do'stlaringiz bilan baham: |