2. Shpritslar turi (“Rekord”, “Lyuer”, kombinirlangan, “Jane”, shprits-tyubik, tuberkulinli va insulinli). Shpritsning tuzilishi. Ularni stelirizatsiya qilish usullari.
Dorilar hazm yo'llari orqali emas, balki teri ichiga, teri ostiga, muskullar orasiga, vena va arteriyaga, qorin va plevra bo'shlig'iga, yurakka, to'sh suyagiga, orqa miya kanaliga, yallig'lanish o'chog'iga in’ektsiya qilib yuboriladi. Dorilar in’ektsiya qilinganda (hazm shirasi ta’sirida o'zgarmay va jigarga o'tmay) organizmga birmuncha tez so'riladi. In’ektsiya qilish uchun shprits va ignalardan foydalaniladi. «Rekord», «Luer» tipidagi va kombinirlangan shpritslar ishlatiladi. «Rekord» tipidagi shprits shisha tsilindrdan iborat bo'lib, uning igna o'rnatiladigan tomonida teshigi va gardishi, shuningdek, metall qopqog'i va porsheni bor. Shprits tsilindri darajalangan: 1 ml ga teng yirik bo'limlar va bu bo'limlar o'z navbatida 0,1 ml ga teng mayda qismlarga bo'lingan. Porshen-tsilindr ichida shunday joylashishi kerakki, u tsilindr devoriga zich tegib turishi bilan birga oson sirg'anadigan bo'lsin.
«Rekord» tipidagi shpritsning hajmi 1 ml dan 20 ml gacha bo'lib, ignasining, kanyulyasi kvadrat shaklda bo'ladi.
«Luer» tipidagi shpritsning porshenь va tsilindri shishadan tayyorlangan bo'lib, hajmi 1 ml dan 50 ml gacha. Shprits ignasining kanyulyasi yumaloq. Porsheni tsilindrdan osongina chiqib ketib, tez sinadigan bo'lgani uchun juda ehtiyotlik bilan ishlatish kerak.
Kombinirlangan shpritslarning igna o'rnatiladigan qismidagi gardish metalldan, tsilindri va porsheni shishadan yasalgan. Shprits va ignalar quruq holda saqlanishi kerak. Faqat ishlatishdan oldin 70% li spirtga solinadi. In’ektsiya uchun ishlatiladigan ignalarda mandrenlar (ingichka noziq simlar) bo'ladi. Ulardan ignani tozalashda foydalaniladi. Muskullar orasiga bo'yi 10-12 sm, diametri 1-1,2 mm li, teri ostiga bo'yi 2,5 sm, diametri 0,1-0,2 mm li, venaga bo'yi 6-7 sm, diametr 0,8-1 mm li ignalar orqali in’ektsiya qilinadi. To'g'ri in’ektsiya qilish uchun shpritslarning havo o'tkazmasligi va ignalarning ravon bo'lishi katta ahamiyatga ega. Mandrensiz ignalari tekshirish uchun teshigi orqali suv, havo yoki efir o'tkazib ko'riladi. Shprits va ignadan foydalanish olidn ular toza suvda (45 minut) yoki 2%li soda eritmasida (30 minut) qaynatiladi. Bunda gaz, elektr plitalar, shuningdek, elektr moslamasiga o'rnatilgan sterilizatordan foydalaniladi. Shpritslar tezda yaroqsiz bo'lib qolmasligi uchun sterillash oldidan uning porsheni, tsilindri, ignasi alohida dokaga o'raladi va iliq suvga solinadi. Qaynatilib bo'lgach, yig'iladi: oldin porshenь kiritiladi, so'ng mandren olinib, igna o'rnatiladi. Bu ishlar pintset yordamida amalga oshiriladi: chap qo'ldagi pintset bilan tsilindr, o'ng qo'ldagi pintset bilan porshenni olib, uni tsilindrga kiritiladi. Keyin o'ng qo'ldagi pintset bilan ignali muftasidan ushlab tsilindir konusiga burab mahkamlanadi. Bu ishlardan oldin qo'lni sovunlab, iliq suvda yoki 5% li novshadil spirti eritmasida tozalab yuvish, so'ng spirt bilan artib barmoqlar uchiga yod eritmasidan surtish kerak. Eritmalar shpritsga ampuladan yoki keng og'izli sterillangan stakanchadan olinadi. Suyuqlikni ampulaning keng tomoniga o'tkazish maqsadida ampula silkitiladi va spirt bilan artib, ingichka tomonini egovlab sindiriladi. Ampuladagi moyli eritmalarni shpritsga olishdan oldin bir necha minut issiq suvda isitiladi. Umuman dorilar shpritsga keragidan birmuncha ko'proq olinib, tsilindrdagi havoni chiqarish vaqtida ana shu ortiqcha dori chiqarib tashlanadi. Buning uchun shpritsning ignali tomonini yuqoriga qilib tik ushlanadi. Tsilindrdan gazli pufak chiqquncha, ya’ni dori tomchisi tashqarida quriguncha porshenь bosiladi. Havo kirmasligi uchun shprits gorizontal holda ushlanadi. In’ektsiya qilib bo'lgach, shprits issiq suvda yuvilib, efirda chayqab quritiladi, so'ng igna teshigiga mandren kiritib qo'yiladi.
Adabiyotlar
1. Gadaev A.G. Sharipova G.S. Bemorlarni uyda va shifo xonada parvarish qilish.-T.: Abu Ali ibn Sino nomidagi tibbiyot nashriyoti, 2003, 401-403 b.
2. Umarova T.Yu. Kayumova I.A. Ibragimova M.K. Hamshiralik ishi.-T.:Abu Ali ibn Sino nomidagi tibbiyot nashriyoti, 2003,171-179, 189-190 b.
3. Inomov K.S. Hamshiralik ishi.-T.: Abu Ali ibn Sino nomidagi tibbiyot nashriyoti,1996, 214-229 b.
Do'stlaringiz bilan baham: |