DO’PPI
Do’ppi kiymay qo’ydi odamlar,
Bir shoir, bir nosirdan boshqa.
Sochlar silliq,
Silliq qadamlar,
U og'irlik qilyapti boshga...
Rost do’ppilar,
Yolg'on do’ppilar,
Kinolarda qolg'on do’ppilar.
Chust do’ppilar,
Anjon do’ppilar,
Munchoqdek Marg'ilon do’ppilar...
Do’ppi kiymay qo’ydi odamlar,
Bir shoir, bir nosirdan o’zga,
Men ham sizga berdim savollar,
Shlyapamni bostirib ko’zga.
Do’ppi kiymay qo’ydi odamlar,
Ko’ngil esa ko’rmoq tusaydi.
Madaniyat gullagan damlar,
Kallaga e'tibor susaydi.
Do’ppi kiymay qo’ydi odamlar,
Na uyda va na ko’chada.
Mirtemirlar, G'afur G'ulomlar
Yechgan do’ppi qoldi tokchada...
Bu qandayin ko’rgulik savdo,
Do’ppi kiymay qo’ydi xaloyiq.
Boshga loyiq do’ppi yo’qdir yo
Bosh qolmadi do’ppiga loyiq.
Do'stlaringiz bilan baham: |