NONNING OZIQAVIY QIYMATI VA UNI OSHIRISH YO’LLARI
Nonning oziqaviy qiymati har qanday oziq-ovqat mahsuloti kabi uning energetik qiymati, tarkibidagi organizmning normal faoliyat yurgizishi uchun kerak bo’ladigan moddalari (oqsillar, uglevodlar, yog’lar, suv, mineral moddalar, vitaminlar, oziqaviy to’qimalar va boshqalar) miqdori bilan belgilanadi. Alohida moddalar oziqaviy qiymatini baholash uchun insonning kunlik ehtiyojini bilish kerak. Bunday ehtiyojlarning me`yorlari Sog’liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan. Bu me`yorlar odamzodning yoshiga, jinsiga va faoliyatining xususiyatlariga bog’liq bo’lib, aholining turli guruhlari uchun ishlab chiqilgan. Sog’liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan va miqdoran ifodalangan katta yoshdagilar organizmining oziq moddalar va quvvat bo’lgan ehtiyoji borasida ma`lumotlar 13-jadvalda keltirilgan.
Insonning non iste`mol qilishi orqali oziq moddalar va quvvatga bo’lgan ehtiyojini qondirish darajasini aniqlash uchun misol tariqasida o’rta statistik katta yoshdagilarga mo’ljallab ishlab chiqilgan me`yorlardan foydalanishimiz mumkin. Bunda shartli ravishda odam bir kunda 300 g «O’zbekiston» qolipli bug’doy nonini (100 % «O’zbekiston» bug’doy uni, 1,5 % presslangan achitqi, 1,5 % tuzdan tayyorlangan), 100 g «Prezident» nonini (85 % sidirma javdar uni, 10 % ikkinchi navli bug’doy uni, 5 % fermentlashtirilgan javdar solodi, 0,5 kg presslangan achitqi, 1,5 kg tuz, 10 % shakar va 1,5 % ziravorlardan tayyorlangan) va 100 g «Qatlama» patirini (100 % birinchi navli bug’doy uni, 1,5 % presslangan achitqi, 1,5 % tuz va 12 % margarindan tayyorlangan), hammasi bo’lib 500 g non mahsulotlarini iste`mol qiladi, deb qabul qilamiz.
Nonning energetik qiymati har qanday boshqa oziq-ovqat mahsuloti kabi 100 g mahsulotning inson organizmida o’zlashtirilishi natijasida hosil bo’ladigan energiya miqdori bilan belgilanadi.
Nonning energetik qiymatiga quyidagi omillar ta`sir etadi:
mahsulotdagi suv va quruq oziqaviy moddalar miqdori. Nonda quruq moddalar qanchalik ko’p bo’lsa, uning inson organizmida ajratadigan quvvat miqdori ham shuncha ko’p bo’ladi;
oqsillar, uglevodlar va lipidlar quruq moddalarining nisbati, miqdori va ularning 1 g inson organizmida ajratadigan quvvatning miqdori (oqsillar-4,0 kkal|g yoki 16,75 kJ|g, uglevodlar-3,75 kkal|g yoki 15,7 kJ|g, lipidlar-yog’lar-9,0 kkal|g yoki 37,7 kJ|g ).
Misol tariqasida jadvalda har xil unlardan tayyorlangan 100 g turli non navlarini quvvat qiymatlarining miqdori keltirilgan. Ushbu jadvalda misol tariqasida qabul qilingan 3 nav non mahsulotlari bayon etilgan energetik qiymatlarining miqdorlari.
Do'stlaringiz bilan baham: |