VALYUTA – mamlakatning pul birligi.
VAZIR – (arab. yuk ko’taruvchi) – o’rta asrlarda O’rta va Yaqin Sharq davlatlarida, shu jumladan, O’rta Osiyo xonliklarida hukumat idorasi yoki kengashi (devon) boshlig’i. Yuqori mansabdor shaxs. Vazir hukumat a’zosi hamda ma’lum bir vazirlikni boshqaruvchi yuqori mansabdor shaxsdir. Vazir- mansabdor shaxs, milliy davlatchilik tariximizda davlat boshlig’i tayinlaydigan va turli sohalarni boshqarishda unga yordam beruvchi amal egasi bo’lsa, hozirgi kunda vazir mamlakatimizda turli tarmoq va sohalarni boshqaruvchi markaziy idoraning boshlig’idir. Vazirlar Prezident tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi, bu haqdagi farmon Oliy Majlis tomonidan tasdiqlanadi (Konstitutsiyaning 78-modda, 13-bandi, 93-modda, bandi).
VAZIRLAR MAHKAMASI – Isroil, Latviya, Yaponiya, Shri-Lanka, Qozog’iston, Turkmanistonda va qator boshqa mamlakatlarda hukumatning rasmiy nomi. O’zbekiston Respublikasida hukumat “Vazirlar Mahkamasi” deb nomlanib, “O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to’g’risida”gi Qonunga binoan, u O’zbekiston Respublikasida iqtisodiyotning, ijtimoiy va ma’naviy sohaning samarali faoliyatiga rahbarlikni, O’zbekiston Respublikasi qonunlari, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini ta’minlovchi ijro etuvchi hokimiyat organidir.
VAZIRLAR MAHKAMASINING FARMOYISHLARI - Vazirlar Mahkamasining tezkor va boshqa joriy masalalar bo’yicha qarorlari. O’zbekiston Respublikasining Prezidenti O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 89-moddasi va 93-moddasiga asoslangan holda Vazirlar Mahkamasi vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilishga, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarini hamda Bosh vazir farmoyishlarini bekor qilishga haqli. Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, agar ularda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo’lmasa, imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
VAZIRLIK – O’zbekiston Respublikasida alohida tarmoq va sohalarni boshqaruvchi markaziy idora organidir. Masalan, ichki ishlar – Ichki ishlar vazirligi tomonidan, sog’liqni saqlash – Sog’liqni saqlash vazirligi tomonidan idora etiladi. Vazirlikni vazir boshqaradi. Yangi vazirliklar tuzish, eskilarini bekor kilish Prezident tomonidan amalga oshirilib, uning bu haqdagi farmoni Oliy Majlisda tasdiqlanadi (Konstitutsiyaning 93-modda, 8-bandi). Ko’pchilik davlatlarda davlatning markaziy idora organi, ijtimoiy-madaniy qurilish va ma’muriy-siyosiy faoliyatning ayrim tarmoqlarini boshqaradi. Yangi Vazirliklar tuzish, mavjudlarini tugatish, ularning rahbarlarini tayinlash O’zbekistonda Prezident vakolatiga kiradi va davlatning oliy vakillik organi – Oliy Majlis tomonidan tasdiqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |