OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI – keng ko’lamda axborotni yig’ish, ishlash va tarqatishni ta’minlovchi ijtimoiy institutlar va kanallar (matbuot, kitob nashriyotlari, matbuot agentliklari, radio, televideniye va h.k.). Ommaviy axborotni davriy tarqatishning doimiy nomga ega bo’lgan hamda bosma tarzda (gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar va boshqalar) va (yoki) elektron tarzda (tele, radio, video, kinoxronikal dasturlar, umumfoydalanishdagi telekommunikatsiya tarmoqlaridagi veb saytlar) olti oyda kamida bir marta nashr etiladigan yoki efirga beriladigan shakli hamda ommaviy axborotni davriy tarqatishning boshqa shakllari ommaviy axborot vositasidir. «Ommaviy axborot vositalari to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi qonuniga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish haqida. (O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, 2007 y., 3-son, 20-modda)
PARLAMENT – bu so’zning asl ma’nosi «munozara joyi», fransuzcha «parla» – gap-so’z bahs, «ment» – joy, o’rin demakdir. Demokratik davlatlarda oliy vakillik va qonunchilik organining nomidir. Parlament birinchi marta XIII asrda Angliyada tashkil qilingan. Oliy vakillik organlari bir necha mamlakatlarda jumladan, Angliya, Fransiya, Italiya, Kanada, Belgiyada to’g’ridan-to’g’ri parlament deb ataladi. AQSh va ba’zi Lotin Amerikasi mamlakatlarida Kongress, Rossiyada Federal Majlis, Litva, Latviya, Polshada Seym deb ataladi. O’zbekistonda esa u Oliy Majlisdir. Parlamentni tashkil qilish tartibi, vakolat muddati, vakolat doirasi turli mamlakatlarda turlicha bo’lib, ular Konstitutsiya hamda qonunlarda belgilab qo’yiladi.
PARLAMENT (deputatlar) FRAKSIYASI – parlament yoki uning palatasida bir partiyaga mansub deputatlar birlashmasi. Odatda Parlament fraksiyasi tarkibiga partiyaning yetakchilari va ko’zga ko’ringan arboblari kiradi.
PARLAMENT NAZORATI – davlat nazorati shakllaridan biri. Asosan siyosiy, ba’zi holda ma’muriy tusda bo’ladi. Parlamentar davlatlarda va prezidentlik respublikalarida hukumat faoliyati ustidan Parlament nazorati alohida ahamiyat kasb etadi. Bunday nazoratning asosiy metod va shakli ishonch to’g’risidagi masala, tanbeh rezolyutsiyasi, interpellyatsiya, hukumatga og’zaki va yozma savollar (parlament savollari) parlament tekshirishidir. Parlament nazoratining ta’sir kuchi Prezidentlik va parlamentar respublikalarda har xil bo’ladi. Parlament nazorati hukumat va boshqa organlarning hisobotlari, axborotlarini eshitish, ma’lum masalani o’rganish yuzasidan maxsus komissiyalar tuzish hamda o’zining organlari, deputatlari, qo’mita va komissiyalari faoliyati orqali tashkil qilinadi. Parlament nazoratida ombudsman institut alohida rol o’ynab, u fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qiladi. Bunday tuzilma O’zbekistonda Oliy Majlisning inson huquqlari bo’yicha vakilidir. (qarang Ombudsman).
Do'stlaringiz bilan baham: |