NAZORAT SAVOLLARI:
1. Kuchli ijtimoiy siyosat konsepsiyasining shakllanishi, bosqichlari va rivojlantirilishi haqida nimalarni bilasiz?
2. Ijtimoiy sohani rivojlantirishga yo‘naltirilgan aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirib borish, sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish nima?
3. Jamiyatda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish qanday ahamiyatga ega?
4. Ijtimoiy sohani rivojlantirishda aholini uy-joylar bilan ta'minlashdan qanday maqsad ko’zda tutilgan?
5. Ijtimoiy sohani rivojlantirishda ta'lim, madaniyat, ilm-fan, adabiyot, san'at va sport sohalarini rivojlantirish nimasi bilan muhim?
6. O‘zbekiston Respublikasi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati nimalardan iborat?
7. Jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish qanday natijalar beradi deb hisoblaysiz?
9-MAVZU. MUSTAQILLIK YILLARIDA O‘ZBEKISTONDAGI MA'NAVIY VA MADANIY TARAQQIYOT
Reja:
1. Mustaqillik yillarida ma'naviy va ma'rifiy hayot.
2. Milliy istiqlol g‘oyasi va mafkuraviy masalalar.
3. Milliy urf-odatlar, qadriyatlar va an'analarning qayta tiklanishi.
4. Madaniyat va san'at sohasining rivojlanishi. Xalqaro ko‘rik-tanlovlarning o‘tkazilishi. Milliy sport turlarining rivojlantirilishi. Beshta tashabbus va uning yuksak ma'naviy madaniyatni ta'minlashdagi o‘rni.
Tayanch tushunchalar: Milliy davlat. Ma’naviy-ma’rifiy hayot. Milliy urf-odatlar, qadriyatlar va an'analarning qayta tiklanishi. Navro’z umumxalq bayrami. Diniy marosimlarni nishonlanishi. Xalqaro ko’rik-tanlovlar. Maqom, baxshichilik festivali.
1.Mustaqillik yillarida ma'naviy va ma'rifiy hayot. Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda ma'naviyatni yuksaltirish, rivojlantirish borasida yangi imkoniyatlar yaratildi.
Ma'naviyat haqida, insonning ma'naviy kamolotga yetaklovchi mezonlar haqida ko‘plab asarlar, manbalar, qadriyatlar, an'analar majmuasi yaratilgan bo‘lib, shular jumlasidan Islom Karimovning “Yuksak ma'naviyat-engilmas kuch” asari asosida qaraydigan bo‘lsak, “Ma'naviyat” tushunchasiga quyidagicha ta'rif beriladi:“Ma'naviyat – insonni ruhan poklanish, qalban ulg‘ayishga chorlaydigan, odamning ichki dunyosi, irodasini baquvvat, iymon-e'tiqodini butun qiladigan, vijdonini uyg‘otadigan beqiyos kuch, uning barcha qarashlarining mezonidir”. Ushbu ta'rifda insonning botiniy va zohiriy tabiati, asl mohiyatini belgilovchi g‘oyaviy, mafkuraviy, ma'rifiy, madaniy, diniy va axloqiy qarashlarning o‘zaro mushtarakligi asoslab berilgan.
Shuningdek, milliy ma'naviy meros, qadriyatlar tushunchasi keng qamrovli tushuncha bo‘lib, uning tarkibi quyidagilardan iborat:
- tarixiy meros va tarixiy xotira;
- madaniy yodgorliklar, osori-atiqalar, qadimiy qo‘lyozmalar;
- ilmu-fan yutuqlari va falsafiy tafakkur durdonalari;
- san'at va milliy adabiyot asarlari;
- axloqiy fazilatlar;
- diniy qadriyatlar;
- urf-odat, an'ana va marosimlar;
- ma'rifat, ta'lim-tarbiya va hokazolar.
Milliy ma'naviy qadriyatlar tizimida tarixiy meros va tarixiy xotira muhim o‘rin tutadi. Ma'naviyatni yuksaltirish va xalqning ruhini ko‘tarishda tarixiy meros hamda tarixiy xotiraning juda katta ahamiyati bor. Tarixni haqqoniy o‘rganish, undan saboqlar chiqarish lozim.
O‘zbek xalqi jahon madaniyati xazinasiga munosib hissa qo‘shgan millatlar qatoridan faxrli o‘rinni egallaydi. Madaniy yodgorliklar, me'morchilik san'ati namunalari, qadimiy qo‘lyozmalar – milliy ma'naviyatning bebaho durdonalari, xalqimiz uchun bebaho bo‘lgan boyliklardir.
Ma'naviyatni shakllantirish uzoq davom etadigan jarayondir. Bunda oila, mahalla, ta'lim-tarbiya hamohang, hamkorlikda olib borilishi juda muhim hisoblanadi. Ma'naviyatni shakllantiradigan asosiy mezonlar haqida gapirganda avvalo har qaysi xalq yoki millatning ma'naviyatini uning tarixi, o‘ziga xos urf-odat va an'analari, hayotiy qadriyatlaridan ayri holda tasavvur etib bo‘lmasligini ta'kidlash o‘rinli. Ma'naviy meros, madaniy boyliklar, ko‘hna tarixiy yodgorliklar, ajdodlarimiz tafakkuri va aql-zakovati bilan yaratilgan eng qadimgi toshyozuv va bitiklar, xalq og‘zaki ijodi namunalaridan tortib, bugungi kunda kutubxonalarimiz xazinasida saqlanayotgan ming-minglab qo‘lyozmalar, ularda mujassamlashgan tarix, adabiyot, san'at, siyosat, axloq, falsafa, tibbiyot, matematika, mineralogiya, kimyo, astronomiya, me'morlik, dehqonchilik va boshqa sohalarga oid qimmatbaho asarlar bizning buyuk ma'naviy boyligimizdir.
Mustaqillik yillarida ma'naviy-ma'rifiy, madaniy ishlarni yuksaltirish doirasida yoshlarni barkamol, yetuk insoniy fazilatlarga ega komil shaxs sifatida shakllanishtirish maqsadida, avvalo oila, mahalla, ta'lim-tarbiya integratsiyasini ta'minlash, yoshlarni yot ta'sirlardan asrash, vatanimizning tarixiy, me'moriy, moddiy, ma'naviy, nomoddiy merosini asrab-avaylash, o‘z tarixidan g‘ururlanish kabi ma'naviy immunitetini yuksaltirishdan iborat.
Hozirgi globallashuv davrida ma'naviyat masalasi eng ustuvor masalalardan hisoblanadi.
O‘zbekiston jahonga yuz tutayotgan ekan, albatta ma'naviyat, ma'naviy meros, tarixiy-me'moriy obidalar, uning o‘ziga xosligi va betakrorligi alohida ahamiyatga ega.
Avvalo ma'naviyat so‘ziga to‘xtaladigan bo‘lsak, “ma'naviyat”-arabcha “ma'no” fe'lidan olingan bo‘lib, ruh, aql, ong, idrok, ruhiy holat, ichki kayfiyat, dadillik, jasorat, xususiyat, mohiyat, g‘amxo‘rlik kabi ma'nolarni anglatadi. Yana aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, ma'naviyat insonning ichki dunyoqarashi, ruhiyati va uning jamiyatga, ota-ona, do‘stu-birodar, qarindosh- urug‘, oddiy insonga, Vatanga, o‘z xalqiga bo‘lgan munosabatlarida namoyon bo‘ladi. Ma'naviyat - inson yaralibdiki, hukmdorlar, olimlar, shoiru-yozuvchilar, taraqqiyparvar ziyolilar diqqatida bo‘lib kelgan. Ma'naviyatning shakllanishi oiladan boshlanadi va inson hayoti davomida rivojlanib takomillashib boradi. Ma'naviyatli inson qalbi toza, kishilarga mehr-muhabbatli, yomon kunlarda o‘zining yordam qo‘lini cho‘zishga jasorati yetadigan, o‘z xalqining va Vatanining fidoyisi bo‘lishi bilan boshqalardan farqlanadi.
Ma'naviyat inson qalbida kamol topishi uchun u qalbdan, vijdonan, aql va qunt bilan mehnat qilishi kerak. Insonda ma'naviyatni egallashga, rivojlantirishga yo‘l ochadigan is'tedod va imkoniyatlar ham bor.
“Ma'naviyat insonga ona suti, ota namunasi, ajdodlar o‘giti bilan singadi” deb ta'kidlangan. Demak, ma'naviyat insonga xos bo‘lgan iste'dod va qobiliyat kurtaklarini hayot tajribasi, bilim, axloq va odobni egallash asosida shakllantirilib, shaxsning hayoti, faoliyatiga maqsad va yo‘nalish beruvchi ruhiy zamindir.
Yuksak ma'naviyatli inson, u kim bo‘lishidan qat'iy nazar, birinchi navbatda, ham diniy, ham dunyoviy bilimga ega iymon, insof, adolat, halollik, rostgo‘ylik, poklik va albatta odob va axloq kabi fazilatlarga ega bo‘lishi lozim. Ma'naviy tarbiyani, eng avvalo oilada so‘ng maktabda va jamoa orasida amalga oshirish darkor. Ma'naviy barkamollik uchun kurashish eng dolzarb vazifalardan biriga aylanmog‘i lozim.
Har bir mustaqil millat o‘z hayot tarzini, kelajagini ajdodlarning tarixiy tajribasi va jahondagi ilg‘or tamoyillar uyg‘unligi asosiga qursa, yanglishmaydi. Bunday mustaqil rivojlanish yo‘li istiqlolning dastlabki yillaridan e'tiboran izchil amalga oshirib kelinmoqda.
1999 yil 14 aprel kuni ochilgan Birinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining XIV sessiyasida "O‘zbekiston XXI asrga intilmoqda" deb nomlangan ma'ruzada Islom Karimov mamlakatimizni yangi asr arafasi va uning dastlabki yillaridagi rivojlanish strategiyasini belgilab berar ekan, "jamiyat ma'naviyatini yanada yuksaltirish" ni ustuvor yo‘nalishlardan ekanligini alohida ta'kidlab, ma'naviyatga mukammal ta'rif berish bilan birga bu sohada bugungi kunda oldimizda turgan eng muhim masalani ham aniq ko‘rsatib o‘tgan edi.
Erkin fuqaro ma'naviyatini, ozod shaxsni shakllantirish masalasi oldimizda turgan eng dolzarb vazifadir. Boshqacha aytganda, biz o‘z haq-huquqlarini taniydigan, o‘z kuchi va imkoniyatlariga tayanadigan, atrofida sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga mustaqil munosabat bilan yondashadigan, ayni zamonda shaxsiy manfaatlarini mamlakat va xalq manfaatlari bilan uyg‘un holda ko‘radigan erkin, har jihatdan barkamol insonlarni tarbiyalashimiz kerak.
Ma'naviyat ko‘ngil ko‘zgusidan taralgan nur, u inson qalbida yashiringan. Uning teranligi va ko‘lami ajdodlarimizning ming yillar davomida to‘plagan yaxlit tarixiy-ma'naviy tajribasi bilan belgilanadi, shu bilan birga xalq donishmandligining turli suratlarda zuhur etishi ham undagi nazariy xulosalarning manbai bo‘lib xizmat qiladi. Shu nuqtai nazardan qaraganda yana bir jihatni ta'kidlab o‘tish lozimki, jahon ilmida ma'naviyatga oid masalalar maxsus fan sifatida izchil o‘rganilmaganligi tufayli bugungi kunda ma'naviyatning umumbashariy muammolarini keng miqyosda o‘rganish uchun tadqiqiy asos yetarli emas. Shu sababli bu sohaning nazariy asoslarini ishlab chiqishda biz asosan o‘z ajdodlarimiz yaratgan nazariy merosga tayanishga majburmiz. Qolaversa, hech bir xalq o‘zga xalqlar madaniyati, urf-odatlari, falsafiy tizimlari, mafkura va dunyoqarashi asosida yashamaydi, ulardan ko‘r-ko‘rona ko‘chirma qilib baraka topmaydi.
-Albatta, har qaysi xalq yoki millatning ma'naviyatini uning tarixi, o‘ziga xos urf-odat va an'analari, hayotiy qadriyatlaridan ayri holda tasavvur etib bo‘lmaydi. Bu borada, tabiiyki, ma'naviy meros, madaniy boyliklar, ko‘hna tarixiy yodgorliklar eng muhim omillardan biri bo‘lib xizmat qiladi.
Ma'naviyat insondagi yaratuvchilik qudratidir, insonda shu qudratni uyg‘otish va harakatga keltirishga muvaffaq bo‘linsa, barcha ulug‘vor rejalarni amalga oshirish uchun voqe' imkon vujudga keladi. Masalaga bugungi jahon taraqqiyotining ilg‘or tamoyillari darajasida yondoshilsa, milliy ta'limning eng muhim vazifasi ham ana shu imkonni shakllantirish, ya'ni yosh avlod ruhida yaratuvchilik qudratini uyg‘otib, uni bashariyat taraqqiyotiga xizmat qiluvchi muayyan o‘zanlar sari yo‘naltira bilish bilan belgilanadi.
Ma'naviyat poydevori baquvvat bo‘lmasa, unday insonning butun g‘ayrati, jo‘shqin faoliyati, oxir natijada, xalq va vatan uchun, bashariyat kelajagi uchun, qolaversa, uning o‘z shaxsi uchun qanday xulosaga olib keladi, deb aytish qiyin. Imom Fazzoliy o‘z davrida bekorga aytmaganlar: -Shuni bilsinlarki, odamzodni azbaroyi o‘yin uchun yaratmamishlar, aning amali ulug‘dir va uning uchun buyuk xatar bordir. Ana shu ulug‘ amal va buyuk xatar oralig‘ida yo‘nalishni to‘g‘ri belgilab olmoq ko‘p jihatdan ma'naviy ogohlik va kamolotga bog‘liq. - Milliy ma'naviyat asoslarini o‘qitish jarayonida asosiy e'tibor ushbu - ma'naviy ogohlik masalasiga qaratiladi, shu bosh maqsaddan kelib chiqqan holda, imkon darajasida yosh avlodni milliy ma'naviyatimizning asosiy tamoyillari, uning ming yillik ildizlari, takomil bosqichlari, bosh qadriyatlari va tayanch nuqtalari, kelib chiqish manbalaridan ogoh etiladi.
Bugungi kunda - ma'naviyat nima? degan savolga xilma-xil javoblar paydo bo‘lmoqda. Ayniqsa, 1997 yildan boshlab mamlakatimizdagi barcha oliy o‘quv yurtlarida – “Ma'naviyat asoslari” fani o‘qitila boshlanganligi munosabati bilan bu mavzuga olimlarimizning e'tibori yanada kuchaydi.
Qator risolalar, o‘quv qo‘llanma va dasturlar chop etildi. Matbuotda kun sayin bu mavzuda katta-kichik maqolalar e'lon qilinmoqda. Ushbu kitob va maqolalarda har kim aqli yetganicha ma'naviyat tushunchasiga ta'rif berishga, hech bo‘lmaganda, munosabat bildirishga urinib kelmoqda. Ba'zan bir kishining o‘zi bir maqolaning ichida turli ta'riflarni keltirgan holatlar ham uchraydi. Ma'naviyat nihoyatda keng qamrovli tushuncha bo‘lganligi sababli bunga hayron bo‘lmasa ham bo‘ladi.
Undan tashqari keltirilgan ta'riflarni barchasini dabdurustdan bekorga chiqarish, butkul noto‘g‘ri deb baholash ham to‘g‘ri emas, chunki ularning ko‘pchiligida masalaning qaysidir qirrasi o‘z aksini topgan bo‘lishi mumkin.
Ma'naviyat insonning ruhiyati bilan bog‘liq. Inson ruhiyati, albatta, tashqi ta'sirlar natijasida o‘zgarib turadi. Insonning iqtisodiy ahvoli, jamiyatda tutgan o‘rni va mavqei uning ma'naviyatiga ta'sir qilmay qolmaydi. Ammo, baribir, ma'naviyat o‘z mustaqil yo‘nalishiga ega. Masalan, inson qanchalik boy, o‘ziga to‘q bo‘lsa, shunchalik uning ma'naviy kamoloti yuqori yoki, aksincha, past bo‘ladi, desak, har ikki hukmda ham yanglishib qolamiz. Alisher Navoiy, Xoja Ahrori Valiy, Maxdumi A'zam, Xoja Sa'd Jo‘yboriy kabi allomalar ham ma'naviy barkamol, ham nihoyatda badavlat bo‘lishgan. Shu bilan birga, dunyo molidan yuz o‘girgan, umrini zohidlikda o‘tkazgan buyuk allomalarimiz ham kam emas. Aksincha, nihoyatda ziyod mol-davlat sohibi bo‘lgan holda ma'naviy kamolotdan uzoq kimsalar, yoki na dunyo molini, na ma'naviy kamolotni qo‘lga kirita olmagan bechoralar ham hayotda uchrab turishini hamma biladi.
Demak, ma'naviyat insonning insoniylik mohiyatini belgilovchi o‘zak tomiri, insonni mustaqil shaxs sifatida qiyofalanishining bosh manbai desak, yanglishmas ekanmiz. Millat ma'naviyati esa o‘tmishda, bugun va kelajakdagi ushbu millatga aloqador barcha shaxslar ma'naviyatining majmuidan iborat, deyish mumkin. Shu bilan birga ajdodlarimiz yana qaysi manbani o‘z ma'naviyatlarini shakllantirishga asos qilib olgan bo‘lsalar, o‘sha manbalar ham millat ma'naviyatiga bevosita aloqador bo‘lib qoladi. Masalan, xalqimiz 1300 yil ilgari islom dinini qabul qilgan bo‘lsa, demak, bu e'tiqodning asos manbalari bo‘lmish Qur'oni karim va Hadisi shariflarsiz milliy ma'naviyatimizni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Imomi A'zam, Imom G‘azzoliy, Ibn al-Arabiyning ma'naviy merosi haqida ham shunday deyish mumkin.
Ma'naviyat jamiyat taraqqiyoti millat kamoloti va shaxs barkamolligini belgilab beruvchi asosiy mezonlardan biri hisoblanadi, chunki ma'naviyat rivojlangandagina jamiyatda iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy barqarorlik vujudga keladi hamda mamlakat va millat taraqqiy etadi. Bu o‘z navbatida shaxsning barkamol rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan zamin bo‘lib xizmat qiladi.
Mamlakatimizda ma'naviyatni yuksaltirish borasida mustaqillikning dastlabki yillaridan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib, bu borada ijtimoiy-gumanitar soha vakillari oldiga ham o‘ta mas'uliyatli vazifalar belgilab olindi. Keyingi paytlarda ma'naviyatga oid e'lon qilinayotgan maqolalarda, o‘tkazilayotgan anjumanlarda “Ma'naviyat” tushunchasiga ta'rif berish, uning jamiyat, inson va millat taraqqiyotidagi o‘rniga katta e'tibor qaratilmoqda. Xususan, taniqli faylasuf A.Jalolov “Mustaqillik mas'uliyati” asarida “Ma'naviyat–insonning zot belgisi, uning faoliyatining ajralmas tarkibiy qismi, ongi, aql–zakovatining mahsuli”, – deb ta'riflagan. “Hayot falsafasi va falsafa hayoti” maqolasida bu ta'rifni yanada kengaytirib, mukammalroq tarzda quyidagicha ta'riflaydi: “Ma'naviyat-inson faoliyatining ruhiy mazmuni bo‘lib, kishilar uning vositasida o‘zlarini anglaydilar, jamiyatni, tabiatni, ularning mavjudligi hamda taraqqiyoti xususiyatlarini o‘rganadilar, qonunlarini kashf etadilar va ularga tayanib, o‘z turmush sharoitlari, amaliy faoliyatlari muammolarini hal etadilar”.
“Vatan tuyg‘usi” kitobining mualliflari “Ma'naviyat–jamiyatning, millatning va yoki ayrim bir kishining ichki hayoti, ruhiy kechinmalari, aqliy qobiliyati, idrokini mujassamlashtiruvchi tushuncha”, – deb ta'riflaganlar.
A. Erkayevning fikricha, “Ma'naviyat–insonning ijtimoiy-madaniy mavjudot sifatidagi mohiyatidir, ya'ni insonning mehr–muruvvat, adolat, to‘g‘rilik, sofdillik, vijdon, or–nomus, vatanparvarlik, go‘zallikni sevish, zavqlanish, yovuzlikka nafrat, iroda, matonat va shu kabi ko‘plab asl insoniy hislatlari va fazilatlarining uzviy birlik, mushtaraklik kasb etgan majmuidir”.
Ma'naviyat muammosi bilan anchadan buyon shug‘ullanib kelayotgan olimlarimizdan biri M. Imomnazarov mazkur masalaga bag‘ishlab ikkita kitob chiqardi. Muallif birinchi kitobida “Ma'naviyat inson qalbidagi ilohiy nur ...”, - deb yozgan bo‘lsa, ikkinchi kitobida “Ma'naviyat–inson qalbida, ko‘ngil ko‘zgusida aks etgan haqiqat nuridir, deyilgan ta'rif darhaqiqat, so‘fiyona ramziy ta'rifdir, zotan boshqacha ta'rif bu cheksiz mohiyatni cheklab qo‘yadi”, – deb yozadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, ma'naviyat – insonning ruhiyatini, uning o‘z–o‘zini anglashi, didi, farosati, adolat bilan razillikni, yaxshilik bilan yomonlikni, go‘zallik bilan xunuklikni, vazminlik bilan johillikni ajrata bilish qobiliyatini, aql–zakovatini, yuksak maqsad va g‘oyalarni qo‘ya bilish, ularni amalga oshirish uchun harakat qilish va intilish salohiyatidir, – deb ta'rif berish o‘rinli deb hisoblash mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |