Bog'liq O’zbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi q
2. Siyosiy tizimdagi o’zgarishlar. Mustaqillikning e’lon qilinishi. O’zbekiston Respublikasining tashkil etilishi. 1991-yilning 31-avgustida O’zbekiston zamonaviy tarixining yangi davri boshlandi. Shu kuni Oliy Kengashning navbatdan tashqari oltinchi sessiyasi “O’zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini e’lon qilish to’g’risida” Qaror qabul qildi, tegishli Bayonot bilan chiqdi va “O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoslari to’g’risida”gi Qonunni tasdiqladi. Mamlakat taqdiri hal bo’lgan bu hujjatlarda xalqning asriy orzulari o’z aksini topdi:
respublika o’z taqdirini o’zi hal qiladigan bo’ldi;
o’z yeridagi barcha tabiiy boyliklarning, ota-bobolari mehnati bilan yaratilgan butun ishlab chiqarish va ilmiy-texnik kuch-qudratning to’la huquqli egasiga aylandi;
buyuk tarixi va madaniyatining munosib vorisi, buyuk ajdodlarning urf-odatlari va insonparvar an’analarining davomchisi, porloq kelajagining mustaqil ijodkori bo’ldi;
“O’zbekiston Respublikasining Davlat Mustaqilligini e’lon qilish to’g’risida”gi qarorda “1-sentabr – O’zbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni deb belgilansin va 1991-yildan boshlab bu kun bayram va dam olish kuni deb e’lon qilinsin”, - deb qat’iy belgilab qo’yildi.
Shunday qilib, xalqimizning asriy orzusi, umidlari ushaldi, ro’yobga chiqdi, uzoq yillar davom etgan kurash natijasida mamlakatimiz, xalqimiz siyosiy mute’likdan, asoratdan qutildi. Dunyo xaritasida yana bitta mustaqil davlat – O’zbekiston Respublikasi paydo bo’ldi. O’zbekiston tarixida yangi davr – milliy istiqlol davri boshlandi. O’zbekiston uchun mustaqil ichki va tashqi siyosat yuritish, xalqimiz uchun o’z taqdirini o’zi belgilash, o’zlari uchun munosib turmush yaratish imkoniyati vujudga keldi.
O’zbekiston mustaqilligi mamlakat xalqi tomonidan zo’r quvonch va mamnuniyat bilan kutib olindi. Bu holatni 1991-yil 29-dekabrda o’tkazilgan O’zbekiston Respublikasining referendumi yakunlaridan ham yaqqol ko’rish mumkin. Umumxalq referendumida 9 million 898 ming 707 kishi yoki saylov ro’yxatiga kiritilganlarning 94,1 foizi qatnashdi. O’zbekiston Respublikasining mustaqil davlat deb e’lon qilinishini yoqlab 9 million 718 ming 155 kishi yoki referendumda qatnashganlarning 98,2 foizi ovoz berdi. Demak, O’zbekistonning Dalat mustaqilligi umumxalq tomonidan yakdillik bilan ma’qullandi. 1991- yilning 29-dekabrida xalqimiz uzoq yillik mustamlakachilikdan so’ng mustaqillik ramzi sifatida birinchi marta umumxalq xohish-irodasi bilan mustaqil O’zbekiston Respublikasi Prezidentini sayladi.
O’zbekiston Prezidenti saylovi O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining VIII sessiyasida qabul qilingan ”O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to’g’risida”gi qonun asosida o’tkazildi. Bu saylovning muhim tomoni shuki, u birinchi marta muqobillik asosida o’tdi, ya’ni Oliy lavozimga ikki nomzod – O’zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O’zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi nomzodi I. A. Karimov va “Erk” Demokratik partiyasi vakili Saloy Madaminov ( Muhammad Solih ) nomzodi qo’yildi.
Saylovlar yakuniga ko’ra 8 million 514 ming 136 kishi yoki ovoz berishda qatnashganlarning 86 foizi I. Karimov nomzodini, 1 million 220 ming saylovchi (12,3%) Saloy Madaminov nomzodini yoqlab ovoz berdi. Markaziy saylov komissiyasi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to’g’risidagi qonunning 35-moddasiga asoslanib Islom Abdug’aniyevich Karimovni 1991-yil 29-dekabrdan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylangan deb hisoblashga qaror qildi. Prezidentlik vazifasini bajarishga kirishar ekan, I. Karimov O’zbekiston Oliy Kengashining 1992-yil 4-yanvarda bo’lib o’tgan navbatdan tashqari IX sessiyasida qasamyod qabul qildi. 1995-yil 26-martda umumxalq ovozi (referendumi) bilan Islom Karimovning Prezidentlik vakolati 1997-yildan 2000-yilgacha o’zaytirildi.
O’zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi tarixan qisqa vaqt ichida jamiyatda tubdan o’zgarishlar, huquqiy demokratik davlatni vujudga keltirish, turmushda demokratik jarayonlarni chuqurlashtirish borasida katta ishlar amalga oshirilganligi va ana shu keng miqyosli islohotlarni uzluksiz davom ettirish maqsadida Prezident Islom Karimov vakolatini uzaytirish yuzasidan umumxalq referendumini o’tkazishga qaror qilgan edi. O’tkazilgan referendum mamlakat hayotida katta siyosiy-ijtimoiy ahamiyat kasb etdi.
2000-yil 9-yanvarda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida yana bir unitilmas tarixiy voqea bo’lib o’tdi. 11-yanvarda O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi 2000-yil 9-yanvar kuni bo’lib o’tgan O’zbekiston Prezidenti saylovi natijalariga bag’ishlandi.
Majlisda qayd etilganidek 2000-yil 9-yanvar mustaqil O’zbekistonimiz tarixida, davlatimizning XXI asrdagi hayotiga va taraqqiyotiga jiddiy ta’sir ko’rsatadigan muhim siyosiy voqea sifatida muhrlanib qoladi. O’zbekiston fuqarolarining aksariyati hozirgi davlat boshlig’ining rahbarligi ostida va tashabbusiga ko’ra amalga oshirilayotgan siyosiy va ijtimoy-iqtisodiy o’zgarishlar qo’llab-quvvatlangan holda Islom Karimov nomzodi uchun ovoz berdi. Bo’lib o’tgan saylovning ahamiyati uning muqobillik va demokratik tamoyillar asosida o’tganligidadir. Saylovchilarga tanlash imkoniyati berildi va ular xohish-irodasiga binoan, o’zi tanlagan nomzod uchun ovoz berdi. Shak-shubhasiz bu hol jamiyatimizda siyosiy fikrlar xilma-xilligi va qarashlarining turlicha bo’lishi uchun katta turtki berdi, davlatning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayotini yanada erkinlashtirlishiga zamin hozirladi.
O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi okrug saylov komissiyalaridan kelgan bayonnomalar asosida 9-yanvarda bo’lib o’tgan saylovda ro’yxatga olingan 12 million 746 ming 903 saylovchidan, 12 million 123 ming 199 saylovchi ishtirok etganligini, bu esa ro’yxatga olingan saylovchilar umumiy miqdorining 95,1 foizini tashkil etishini ma’lum qildi. Fidokorlar milliy demokratik partiyasidan nomzodi ko’rsatilgan I. Karimov uchun 11 million 147 ming 621 saylovchi yoki saylovchilarning 91,9 foizi ovoz berdi. O’zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzodi ko’rsatilgan Abdulhafiz Jalolov uchun 505 ming 161 saylovchi yoki 4,17 foiz saylochi ovoz berdi.
O’zbekiston Respublikasining “O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to’g’risida”gi Qonunining 35-moddasiga muvofiq, O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Islom Abdug’aniyevich Karimovni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylanganligi to’g’risida qaror qabul qildi.