3.Diniy bayramlarning kelib chiqishi tarixi. Dunyodagi barcha dinlar o‘ziga xos marosim va bayramlarga ega. Har bir dinning keng tarmoq otib, rivojlanib borishida marosim va bayramlarning ahamiyati beqiyos. Shu o‘rinda diniy marosim va bayramlar ham insoniyat hayotida alohida o‘rin egallaydi. “Avesto”, “Bibliya” kabi diniy manbalarda hamda Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda diniy marosim va bayramlar to‘g‘risida ko‘plab ma’lumotlar berilgan.
Ma’lumki, islomda asosan ikkita rasmiy diniy bayram Ramazon yoki Ro‘za hayiti (arabcha nomi “iyd Ramazon”, “iyd al-fitr”, “iyd as-sag‘ir”) hijriy SHavvol oyining 1—3-kunlarida va Qurbon hayiti (arabcha nomi — “iyd al-adho”, “iyd al-kabir”) uch kun — Zulhijja oyining 10—13-kunlarida musulmon dunyosida keng nishonlanib kelinmoqda. “Hayit” — arabcha “iyd, ya’ni bayram demakdir.
Ramazon—hijriy yil hisobining to‘qqizinchi oyi bo‘lib, islom aqidalari bo‘yicha bu oyda Alloh Muhammad(s.a.v.)ga Qur’onni vahiy qila boshlagan. Shuning uchun ham islom dunyosida Ramazon muqaddas hisoblanib, bu oyda musulmonlar ro‘za tutishadi.
Ramazon kishilar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oy ekani islom manbalarida zikr etilgan.
Ramazon oyida iftorlik qilish odat tusiga kirib qolgan marosimlardan hisoblanadi. Iftorlik marosimini o‘tkazmoqchi bo‘lgan xonadon sohibi ramazon oyida biror kunni belgilaydi va ro‘zadorlarni ziyofatga taklif etadi. Iftorlik marosimi o‘tkazishning tub mohiyati kambag‘allar, beva-bechoralar, yetim-esirlar qornini to‘ydirishdan iborat.
Ramazon yakunida esa qamariy o‘ninchi Shavvol oyining birinchi kuni islomning katta bayramlaridan biri — Ro‘za hayiti yoki iyd-Ramazon boshlanadi. Ro‘za hayiti arafasida kishilar bir-birlariga muloyimlik bilan munosabatda bo‘lishlari lozim bo‘ladi. Erta tongdanoq hamma sidqidildan shunday kunlarga yetkazgani uchun Allohga shukronalar aytadilar. O‘z yaqinlari, qarindosh-urug‘lari, bemorlar va qariyalarni ziyorat qiladilar.
Ushbu kuni hayit namozi o‘qiladi. Namozlarni ado etib bo‘lgandan so‘ng, kishilar o‘zaro ko‘rishib, bir-birlarini hayit bayrami bilan muborakbod etadilar.
Qurbon hayiti Zulhijja oyining 10-kunida boshlanadi. Bu bayramning ro‘za hayitidan 70 kun o‘tgandan keyin nishonlanishi Muhammad payg‘ambar tomonidan belgilangan. Mazkur hayitda ham Ro‘za hayitidagidek, musulmonlar jome’ masjidlarida quyosh chiqqandan taxminan 15 daqiqa o‘tgach, 2 rakat namoz o‘qishadi.
Islomda “Qurbon” so‘zi biror jonliq so‘yib, uni Allohning yo‘liga bag‘ishlash ma’nosini bildiradi. Ibrohim (a.s.) Allohning sinovi bilan o‘z o‘g‘illari Ismoilni xudo yo‘liga qurbonlik qilishga kirishgan paytida tangri taolo bir qo‘chqor yuborib, uni o‘g‘li o‘rniga qurbonlik qilishga buyurgan.
Shu bois hajga borganlar va boy-badavlat musulmonlar zimmasiga Qurbon hayiti kunlari jonliq so‘yib, qurbonlik qilishlari lozimligi belgilangan. Qurbonlik go‘shtidan taom tayyorlagan kishi o‘zi, oila a’zolari va qarindosh-urug‘lari bilan yeyishi, so‘ng uni qo‘shnilariga ham berishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |