ISLOMDA TINCHLIK MASALASI
ISLOM DINI HAQIDA UMUMIY TUSHUNCHA
Islom dini kо‘p xalqlar orasida keng tarqalgan jahon dinlaridandir. Bu dinga e’tiqod etuvchilar – musulmonlar jahonda qariyb 1 milliard 315 million kishini tashkil etadi.
“Islom” sо‘zi arabcha bо‘lib “xudoga о‘zini topshirish”, “itoat”, “bо‘ysunish” ma’nosini bildiradi. Shundan bu dinga ishonuvchilar – “Muslim” deb ataladi. Uning kо‘pchilik shakli “muslimun” bо‘lib, о‘zbeklarda “musulmon”, qirg‘iz va qozoqlarda “musurmon” deb ataladi. Islom dini Arabiston yarim orolida VI asrning oxiri va VII asrning boshlarida kelib chiqqan.Uning asoschisi payg‘ambar Muhammad (570-632) Makkada Quraysh qabilasiga mansub bо‘lgan Xoshimiylar xonadonida tug‘ilgan. U 609-610 yillarda Makkada yakka xudoga e’tiqod qilish tg‘g‘risida targ‘ibot boshlagan. Ammo zodagonlarning qarshiligiga uchragach, 622 yilda о‘z tarafdorlari bilan Madina (Yasrib)ga kо‘chadi (arabcha hijrat qiladi). Shu yildan musulmonlarning hijriy yil hisobi boshlanadi. 630 yilga kelib Makka ham musulmonlar qо‘liga о‘tadi va musulmon davlati shakllanadi. Muhammad vafotidan keyin bu davlatni uning о‘rinbosarlari, ya’ni noiblari (xalifalar) boshqaradilar. Shu munosabat bilan musulmonlar davlati tarixda “Arab xalifaligi” deb nom olgan.
Islom diniy ta’limotining asoslari – Qur’on va hadis tо‘plamlarida, shuningdek, VIII-XII asrlar davomida vujudga kelgan ilohiyot adabiyotlarida о‘z ifodasini topgan.
Qur’on – arabcha о‘qimoq, qiroat qilmoq, jamlash ma’nolarini bildiradi. Bu muqaddas kitob yer yuzi musulmonlarining dasturulamali, diniy ahkomlar manbai, asosiy muqaddas kitobi. Qur’oni karim ilohiy kitob bо‘lib, u farishta Jabroil alayhissalom tomonidan 610-622 yillarda Makkada, 622-632 yillarda Madinada, jami 23 yil mobaynida nozil etilgan. Muhammad alayhissalom Qur’on oyatlarini farishta Jabroildan eshitib yod olar edilar. Keyin boshqa musulmonlar u kishidan eshitib yodlab olishardi. Ayni paytda yozishni biladigan sahobalar jumladan, Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali, Zayd ibn Sobit, Ubay ibn Ka’b (r.a.) kabi sahobalar oyatlarni yod olish bilan birga, ularni xurmo daraxtining pо‘stlog‘iga, yapaloq toshlarga, katta suyaklarga, teriga, qog‘oz va shunga о‘xshash narsalarga Qur’on oyatlarini yozib borganlar.
Payg‘ambar alayhissalom ularga yangi tushgan oyat qaysi suradan ekani va qayerda turishi lozimligini kо‘rsatib turganlar. Muhammad alayhissalom hayotlik vaqtlarida, yana vahiy tushib qolar degan maqsadda Qur’on jamlab kitob shakliga keltirilmagan. U kishining vafotlaridan keyin Qur’on kishilarning qalbida, xotirasida va yozuvlarda saqlanib qoldi. Payg‘ambar vafotlaridan sо‘ng rо‘y bergan g‘alayonlarning birida Qur’onni tо‘liq yod olgan kо‘plab qorilar shahid bо‘ldilar Shunda Hazrati Umar (r.a.) Hazrati Abu Bakr(r.a.)ga qorilar о‘lib ketaversa, Qur’onga zarar yetishi mumkin, shuning uchun uni kitob shakligi keltirib, jamlab qо‘yish kerak degan maslahatni berdi.
Abu Bakr (r.a.) Zayd ibn Sobit (r.a.) ismli sahobani chaqirib, bu ishni amalga oshirishni topshirdi. Usmon (r.a.) о‘zlariga bir dona mushab olib qoldilar. Keyinchalik nusha kо‘chirish yо‘lga qо‘yilishi jarayonida faqatgina Usmon davrida yozilgan nushalarga suyanish joriy bо‘ldi. Shunday qilib, Qur’on matnining ham yozuv, ham uslubiy bir xilligi saqlanib qoldi.
Hazrati Usmon qо‘lida qolgan Qur’oni karimning nushasi hozirda О‘zbekiston musulmonlar idorasi qoshidagi kutubxonada saqlab kelinmoqda. Qur’oni karimning bunday noyob nushasi yurtimizda bо‘lishi Allohning bizning yurtimizga bо‘lgan inoyati deb bilmoq lozim. Qur’oni karim 114 sura va 6666 oyatdan iborat.
Islom dini uch elementdan – iymon, Islom, ehsondan iborat deb etirof etilgan. Iymon talablari 7 ta aqidani – Allohga, farishtalarga, muqaddas kitoblarga, payg‘ambarlarga, oxirat kuniga, taqdirning ilohiyligiga va о‘lgandan keyin tirilishga ishonish talablarini о‘z ichiga oladi. Islom talablariga, ya’ni din asoslari – arkon ad-din deb nom olgan 5 ta amaliy marosimchilik talablari kiradi. Bular – kalima keltirish, namoz о‘qish, rо‘za tutish, zakot berish va imkoniyati topilsa Haj qilish talablari. Ehson aqidalarga sidqidildan ishonish va marosimlarni ado etishdir.
Islomning kishilar ongi va turmush tarziga ta’sir etishi, ular hayotidan mustahkam о‘rin olishini ta’minlovchi diniy marosimchilik – xatna, ramazon hayiti, qurbonlik va qurbon hayiti, mavlud, ashuro va boshqalar ham shakllangan. Bundan tashqari, mahalliy halqlarda islomgacha mavjud bо‘lgan urf-odatlar, jumladan kinna soldirish, fol ochirish, dam soldirish, muqaddas joylarga, avliyolarga sig‘inish kabi odatlar ham islom marosimlariga moslashib ketgan. Islom ma’naviyatining qirralari rango-rang va mohiyatan terandir. Qur’oni karim oyatlarida, avvalo insonning yer yuzida xalifa ekanligining bir necha qayta ta’kidlanishi islom ma’naviyatining eng ulug‘ qadriyatlaridandir. Qur’oni karimning juda kо‘p oyatlarida insonning aziz va mukarram qilib yaratilgani, unga yeru osmondagi barcha narsalar bо‘ysundirib qо‘yilganligi alohida uqtirib о‘tiladi. Hadislar Islom dinida Qur’ondan keyingi muqaddas manba. Hadislar tо‘plami “sunnat” deb ataladi. Hadisi shariflarda Muhammad alayhissalomning sо‘zlari, qilgan ish faoliyatlari va sahobalar tomonidan amalga oshirilgan ishlarga munosabatlari bayon etilgan. Hadisi shariflarni yig‘ib kitob shakliga keltirish, asosan payg‘ambarimiz alayhissalomning vafotlaridan keyin amalga oshirilgan. Keyingi IX asr hadis ilmining “oltin asri”deb shuhrat qozongan. Chunki bu asrda hadislarni tо‘plash davri о‘tib, endi ularni manbashunoslik va matnshunoslik ilmi qoidalariga muvofiq tahlil va tadqiq etish, ma’lum mazmun asosida tartib berishga kirishildi. Hadisshunosliklik deb atalmish jiddiy ilm yо‘nalishi mukammal shakllandi. Hadislarni bayon etishda “Musnad”, “Sahih” va “Sunan” deb nomlangan yо‘nalishlar vujudga keldi.Bu davrda keyingi asrlar uchun namuna bо‘ladigan ishonchli hadis tо‘plamlari yaratildi. Butun Islom olamida eng nufuzli manba sifatida nom qozongan “Qutubi Sitta” (“Olti kitob”) mualliflari shu davrda yashab ijod etdilar. Ular: Abu Abdulloh Ismoil al-Buxoriy (810-870), Imom Muslim ibn al-Hajjoj (819-874), Abu Iso Muhammad ibn Iso at-Termiziy(824-874), Abu Dovud Sulaymon(817-888), Ahmad an-Nasoiy(830-935), Abu Iso Muhammad ibn Yazid ibn Mojja(824-886) kabi muhaddislardir. Imom Buxoriy о‘zlari tо‘plagan 600 ming hadisdan 7250 ta eng ishonarli “sahih”larini mazmuniga kо‘ra tasniflab, butkul yangicha tartibdagi hadislar tо‘plamini yaratishga erishdi. Uning asarlari keyingi muhaddislar uchun barcha jihatdan о‘rnak va namuna bо‘ldi. Islomda ahloqiy-huquqiy qonun-qoidalar majmui shariat XI-XII asrlarda tugal shakllangan. Shariat qonun-qoidalari Qur’on va sunnat asosida ishlab chiqilgan.Unda musulmonlarning ijtimoiy-iqtisodiy, diniy, huquqiy va ahloqiy hayotini tartibga soluvchi qonun-qoidalar belgilab berilgan. Bunday tartib-qoidalar “Hidoya”, “Viqoya”, “Muxtasari hidoya”, “Muxtasari viqoya” nomli kitoblarda jamlangan.
Shariatda belgalangan qonun-qoidalar muqaddas hisoblanib, unga har bir mо‘min-musulmon ijtimoiy holatidan qat’iy nazar Allohning bandasi sifatida birday amal qilishi talab etilgan. Yuqorida Islom, uning muqaddas ilohiy kitobi Qur’oni karim, hadislar va shariat haqida ba’zi ma’lumotlarni keltirdik. Endi umuman islom dinida, xususan Qur’oni karim, hadislar va shariatda inson ma’naviyati, ahloq-odobi, ma’rifati haqidagi qarashlarning ba’zi jihatlari tо‘g‘risida fikr yuritamiz.
Payg‘ambarimiz hadislarining eng muhim va salmoqli qismi kishilarda yuksak insoniy fazilatlarni shakllantirishga qaratilgan. Undagi ota-onaga munosabat, ilmga muhabbat, sabr-bardosh, shukronalikka da’vat, о‘zaro mehr, inoqlik, mehmondо‘stlik, yetimparvarlik, vafo va sadoqat, mehnatsevarlik va halol luqmani sharaflash, kamtarlik va kamsuqumlik, samimiyat va rostgо‘ylik, tо‘g‘rilik va halollik kabi xislatlarning birinchi о‘ringa qо‘yilishi insoniyat uchun bebaho ma’naviy qadriyatlar silsilasini tashkil etadi. Qolaversa, islom ahloqi ma’naviy qadriyatlarning shunchaki tasodifiy tо‘plami emas, balki munazzam va mukammal bir tizim holiga keltirilgan bо‘lib, albatta, bunda buyuk muhaddislar, birinchi navbatda yurtdoshimiz Imom Buxoriyning xizmatlari beqiyos va benazirdir. Ayniqsa islom harom va halol masalasiga musulmonlar e’tiborini qaratadi. Shariatda Alloh tomonidan qilinishiga ruhsat etilgan amallar, ishlar halol deyiladi. Harom esa aksincha, qilinishiga ruhsat etilmagan ishlar va amallardir. Odatda, xalqimiz halol va haromni yeyiladigan va ichiladigan narsalarga nisbatan ishlatib kelgan. Shariatda Alloh tomonidan ijozat etilgan hamma narsalar, yeyiladigan oziq-ovqatlar, qilinadigan ishlar, hatti-harakatlar halol deb hisoblangan. Ijozat etilmagan narsalar, ishlar va amallar esa haromdir. Alloh harom etilgan ishlarni qiluvchilarga bu dunyoda yoki qiyomat kunida jazosini albatta berishi aytilgan.
Halol qilingan narsalar va ishlar kо‘pchilikka ma’lum, u haqida kо‘p eshitganmiz. Harom qilingan ishlarni eslatib о‘tish va eslab turish joizdir.Bulardan ayrimlarga quyidagilar: Sog‘ bо‘la turib ishsiz yurish, zinokorlik, ota-onaga oq bо‘lish, savdo-sotiqda g‘irromlik qilish, birovning haqqiga, omonatiga hiyonat qilish, qasamxо‘rlik, sudxо‘rlik, о‘g‘rilik, qaroqchilik, mayxо‘rlik, g‘iybat, tuhmat, bо‘hton, josuslik, qotillik, poraxо‘rlik va boshqalar kiradi. Xullas, harom inson va jamiyatga zarar keltiradigan ish va amallardan iborat. Islomda ota-onaga mehr-muhabbat, g‘amxо‘rlik, farzand tarbiyasi va oilaga sadoqat masalalariga alohida e’tibor berilgan. Kishilarni yaxshilik qilish, savob ishlarga qо‘l urish, insofli-diyonatli, vijdonli bо‘lish, mehr-shafqatlilik, tо‘g‘rilik, rostgо‘ylik, sofdil bо‘lish, birodarga yordam berish, kamtarlikka chaqirish g‘oyalari ilgari surilgan. Qur’oni karim va hadislarda har bir inson uchun zarur bо‘lgan hayotidan ma’mun bо‘lib yashash-shukronalik va sabrli bо‘lish masalalariga ham alohida ahamiyat berilgan. Shukronalik va sabr ham inson ma’naviyligining muhim jihatlaridan biridir. Ularning mazmun-mohiyatini bilib olish har birimiz uchun zarur. Qur’oni karimda Alloh bu dunyoda insoniyatni behisob ne’matlar bilan rizqlantirgani, uning sanog‘iga yetib bо‘lmasligi haqida shunday bayon qilingan: “Sizlarga barcha sо‘ragan narsalaringizdan ato etdi. Agar Allohning bergan ne’matini sanasangizlar, sanog‘iga yetolmaysiz. Haqiqatan, inson о‘ta zolim va juda noshukrdir”.
Yuqorida sanab о‘tganlarimiz moddiy ne’matlar jumlasiga kiradi. Ma’naviy ne’matlar esa imon, aql, hurriyat, tinchlik kabi kо‘zga bevosita kо‘rinmaydigan, ammo qalb kо‘zi bilan ilg‘ab olinadigan moddiy ne’matlarga qaraganda inson uchun ahamiyatli bо‘lgan ma’naviy qadriyatlardan iboratdir. Munofiqlik belgisi uchtadir: Yolg‘on sо‘zlash, va’dasining ustidan chiqmaslik va omonatga hiyonat qilishdir.
Omonat qо‘ygan kishining omonatini о‘z vaqtida ado eting; Haqqingizga hiyonat qilgan kishiga siz hiyonat qilmang; Qachonki bir gunoh qilib qо‘ysangiz, uni yuvish uchun orqasidan bir savobli ish qiling. О‘zimdan keyin qoladigan ummatlarim uchun uch narsadan qо‘rqaman:
1.Nafsu havoga berilib yо‘ldan ozishdan;
2. Nafsoniy va shahvoniy hissiyotga berilib ketishidan;
3. Ilmu ma’rifatga ega bо‘la turib g‘ofillarning ishini tutishidan;
Beshta narsadan oldin beshta narsani g‘animat biling: О‘limdan avval tiriklikni, betoblikdan avval salomatlikni, bо‘sh vaqtdan avval bandlikni, keksalikdan avval yoshlikni, faqirlikdan avval boylikni. Avvalo onangga, yana onangga va yana onangga, sо‘ng esa otangga yaxshilik qil.Ota-onalarni keksalik vaqtida har ikkisini, yoki biri bо‘lmaganda boshqasini rozi qilib jannatiy bо‘lib olmagan farzand xor bо‘lsin, xor bо‘lsin va yana xor bо‘lsin. Pora beruvchi ham, uni oluvchi ham dо‘zaxga mahkumdir. Hadisi muborakdan keltirilgan ushbu misralarning ma’naviy jihatlariga izoh berishning hech bir hojati yо‘q. Inson tanasi uchun jon qanchalik muhim bо‘lsa, uning ma’naviyati, ruhiyatining teranligi uchun ilm shunchalik ahamiyatli sanaladi.Inson ilm egallash yо‘lidan yursa yuksaladi, aks holda tubanlikka, johillikka yuz tutadi.Bu foniy dunyoda ilmdan bebahra qalblar jonsiz jasadga о‘xshaydi. Alloh bu olamni cheksiz ilmu hikmat bilan yaratgan. Inson aql va tafakkur vositasida bu ilmlardan xabardor bо‘ladi, moddiy va ma’naviy hayotda yuksaklikka kо‘tariladi. Ilm inson tafakkuriga nur baxsh etadi. U shu nur orqali haqiqatni topadi. Ilm insonni doimo yuksak martabaga erishtiradi. Mana shuning uchun ham islom manbalari Qur’oni karim va hadislarda ilm-fanni egallash, ma’rifatli bо‘lish juda katta savobli ish ekani qayta-qayta ta’kidlanadi. Hadisda beshikdan to qabrgacha ilm izlash lozimligini qayd qilinishining о‘zi katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. Qur’oni karimda: “Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga kо‘tarur” deyilishi negizida ilmli zotlar va unga intilganlar jamiyatda yuksak mavqe va hurmatga sazovor bо‘lishlariga ishoradir. Qur’oni karimda “ilm” sо‘zi asosida “Alima” bilmoq fe’l negiziga tayangan kalimalar 750 marotaba uchrashi ilmiy tadqiqotlarda qayd etilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga ilk nozil bо‘lgan oyat ham “О‘qi...” “О‘qi...” sо‘zidan boshlanadi. Ushbu oyat shunday: “О‘qi! Sening о‘ta karamli Parvardigoring qalam vositasi bilan ta’lim berdi. Qur’oni karim ham ilm, ham hayot kitobidir. Ilm yо‘lini tutgan inson eng sharafli yо‘lni tanlagan bо‘ladi.
Payg‘ambarimizning “Ilm olish har bir muslim va muslima uchun farzdir” degan hadislari negizida islomning ilmga bо‘lgan yuksak e’tiboridan dalolat beradi. Yana bir hadisda: “Insonlar yo о‘rgatuvchi yoki о‘rganuvchilarga bо‘linadi. Bundan boshqalari esa arzimasdir, deb ta’kidlansa, boshqa bir hadisda: “Insonlar о‘likdir, faqat ilm ahligina tirikdir”, deb bu dunyoda faqat ilm sohiblarigina haqiqatga intilganliklari tufayli tirik ekanliklari aytiladi. Haqiqatan, hoh dunyoviy, hoh diniy ilm yо‘lida zahmat chekkanlar jisman yо‘q bо‘lsalar ham ular ma’nan tirikdirlar. Bunga Imom Buxoriy va Muso Xorazmiy, Imom Moturidiy va Abu Nasr Forobiy, Imom Marg‘inoniy va Ibn Sino, Imom Termiziy va Beruniy, Imom Zamahshariy va Ahmad Farg‘oniy, Hoja Ahror Valiy va Ulug‘bek va boshqalar yaqqol misol bо‘ladilar. Bu buyuk zotlar yaratgan asarlar insonlarning hayot yо‘lini asrlar osha nurafshon etib kelmoqda. Ular meros qilib qoldirgan asarlarni о‘qib-о‘rganib kishilar ma’nan oziqlanib har on va har lahzada ularni eslab turadilar. Ularga bо‘lgan muhabbat insonlar qalbida abadiy yashab kelmoqda.
Har ikki ilmni egallagan kishi esa ikki dunyosini obod qiladi.
Islom bu faqat aqida emas, avvalo, ma’rifat, ilmdir. Islom tarixiga nazar tashlasak, Muhammad Payg‘ambarimiz alayhissalomgacha bо‘lgan davr arablarda “johiliya” davri deb ataladi. “Johiliya” nodonlik, bilimsizlik davri degani. Islom ana shu nodonlik davri о‘rniga keng ma’noda ma’rifat, madaniyat vujudga keltirdi, ilm-fan, falsafa, adabiyot va san’atni rivojlantiridi, о‘ziga xos ma’naviyat va ma’rifatni yaratdi.
Islomda ma’rifatga bо‘lgan munosabatni quyidagi hadislarni keltirish bilan cheklanishni lozim topdik: “Ilm olish yо‘lida sarflangan bir soat yuzaki ibodat bilan о‘tkazilgan bir kechadan kо‘ra hayrliroqdir”. “Ilm yо‘lida sarflangan bir kun uch oy rо‘za tutishdan afzalroqdir”. Bu hadislarda ilm yо‘lida sarflangan vaqt eng qadrli ekanligi ta’kidlanmoqda.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) “Ilm о‘rgatgan kishiga ta’zimda bо‘lish va izzat-ikrom kо‘rsating”, deb ilm yо‘lida harakat qilganlarni qadrlash kerakligini uqtiradilar. Xalqimiz bejiz “Ustoz otang kabi ulug‘dir” deb aytmagan.
“Olimning uyqusi ham johilning ibodatidan afzaldir”, chunki uning uyqusi ham ibodatning bir turi sanaladi, sababi olim ilmini davom ettirish uchun charchoqlardan forig‘ bо‘lish maqsadida uxlaydi. “Sadaqaning eng hayrlisi о‘zgaga ilm о‘rgatmoqlikdir”, “Dindoshiga ilm о‘rgatish yil bо‘yi о‘qilgan nafl namozidan kо‘ra afzalroqdir” kabi hadislarda inson ilmni olimlardan о‘rganishi va о‘zi ham bilganini boshqalarga о‘rgatishi lozimligi ta’kidlangan. “Ilm о‘rganing, ilm о‘rgangan haqni nohaqdan ajratadi. Ilm jannat yо‘lini yoritadi. Ilm insonga chо‘lda yо‘ldosh, yolg‘izlikda hamroh, kimsasizlikda jondosh dо‘st bо‘ladi”, “Ilm insonlarni saodatga eltadi, falokatdan qutqaradi, dо‘stlar orasini ziynatlaydi, dushmanga qarshi qalqon bо‘ladi”.
Yuqoridagilardan kо‘rinadiki, Islom ilm-ma’rifat dini va ayni paytda barcha insonlarni dunyo sir-asrorlarini bilishga, ya’niki egallashga va yuksak ma’naviylikka chorlovchi din ekanligi bilan alohida ahamiyatga egadir. Bizning ulug‘ bobolarimiz islom ma’naviyati va ma’rifati taraqqiyotiga ulkan hissa qо‘shib kalom va hadis, tasavvuf va fikh ta’limotini rivojlantirdilar. Bu haqiqatni jahon jamoatchiligi butun musulmon dunyosi yaxshi biladi va tan oladi. Nufuzli xalqaro tashkilot Islom konferensiyasi tashkilotining ta’lim, fan va madaniyat masalalari bо‘yicha – AYSESKO tomonidan Toshkent shahrining 2007 yilda Islom madaniyati poytaxti deb e’lon qilingani ham ana shunday e’tirofning tasdig‘idir. Imom Buxoriyning nurli qalamini Imom Moturudiy olib, ul zotning xayrli ishlarini davom ettirishga bel bog‘ladi. Moturudiy islom olamida “Musulmonlarning e’tiqodini tuzatuvchi” degan yuksak sharafga sazovor bо‘ldi. Uning asarlarida ilgari surilgan g‘oyalar islom dinining asosini tо‘g‘rilik, ezgulik va insoniylikdan iborat deb biladigan barcha mо‘min – musulmonlarning qarash va intilishlari bilan hamohang bо‘lganligi bilan ahamiyatlidir.
“Dunyoviy va diniy g‘oyalar bir-birini boyitib borgan sharoitda taraqqiyot yuksak bosqichga kо‘tariladi.. Bunga bashariyat tarixida о‘chmas iz qoldirgan Imom Buxoriy va Muso Xorazmiy, Imom Moturidiy va Abu Rayhon Beruniy, Imom G‘azzoliy va Ibn Sino, Imom Termiziy va Abu Nasr Forobiy singari buyuk zakovat sohiblari yashab faoliyat kо‘rsatgan davrlar yorqin misol bо‘la oladi”. Mustaqillik tufayli farzandlarimizni dunyoviy bilimlar bilan bir qatorda Imom Buxoriy tо‘plagan hadislar, Naqshbandiy ta’limoti, Termiziy о‘gitlari, Yassaviy hikmatlari asosida tarbiya qilish imkoniga ega bо‘ldik. Rasululloh hadislarining yana bir muhim mavzu yо‘nalishidir. Tahorat, g‘usl masalalari tashqi ozodalik talablari bо‘lsa, haromdan, yolg‘on sо‘z, g‘iybat, tuhmat, zinokorlik, о‘zga haqqiga hiyonat, nohaqlik va zulmga yо‘l qо‘ymaslik, ulardan qat’iy saqlanish ichki, ma’naviy poklikka oid talablardir. Bularning hammasi Qur’oni karim hamda Rasululloh (s.a.v.) hadislarida va ularga asoslangan shariatda juda qat’iy qilib qо‘yilgan. Xullas, islom barcha mо‘minlarni yuksak ma’naviylikka chorlovchi, insonparvar din ekanligini anglab yetishimiz zarur. Shundagina dindan ma’naviy va ma’rifiy tarbiyada foydalanish zaruratiga tо‘g‘ri yondoshamiz.
O’ZBEKISTONDA BAG’RIKENGLIK
BAG’RIKENLIK TUSHUNCHASI
Jahon keng, dunyoda mamlakat ko`p, lekin bu olamda betakror ona yurtimiz, O`zbekistonimiz yakka-yu yagonadir. O`zbekiston deb atalmish yurtning yagonaligi uning betakror tabiati, boy tarixi, zahmatkashinsonlari bilan bir qatorda bu zaminda turli millat va elat vakillarining yagona oila farzandlaridek yashashlarida namoyon bo`lmoqda. Bunday ahillik, do`stlik va hamkorlik o`zining chuqur tarixiy ildizlariga va asosiga ham ega. Bu asoslar mamlakatimiz Konstitutiyasida mustahkamlab qo`yilgan. “Xususan, uning 18-moddasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo`lib, jinsi, irqi, millati, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e`tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat`iy nazar qonuni oldida tengdir degan qoida mustahkamlab qo`yilgan”.
e`tibor berilsa, mazkur qoidada milliy hayotga, fuqarolarning milliy his-tuyg’ulariga daxldor muhim ahamiyatga ega bir qator tamoyillar belgilab qo`yilganiga ishonch hosil qilish mumkin. Birinchidan, fuqarolarning milliy mansubliklaridan qat`iy nazar qonun oldida tengligi mustahkamlangan: Ikkinchidan, fuqarolarning diniy e`tiqodidan qat`iy nazar bir xil huquq va erkinliklarga egaligi ta`kidlangan. Diniy qadriyatlar millat ma`naviyatining ajralmas qismi ekanini inobatga oladigan bo`lsak, mazkur qoidaning amaliy ahamiyati oydinlashadi. Uchinchidan, fuqarolarning irqiy tengligi qayd etilgan, irqchilikdan g’ayriinsoniy mafkura va amaliyotning tariximizda umuman kuzatilmaganini alohida qayd etish lozim.
Ma`lumotlarga ko`ra, 2000 yilda 36 mamlakatda 40 ta, 2001 yilda esa 30 mamlakatla 36 harbiy nizo sodir bo`lgan. Ularning 27 tasi, ya`ni 75 foizi bundan 10 yillar oldin boshlangan. Bu nizolarning aksariyati bir mamlakat ichida kechganini e`tiborga oladigan bo`lsak, ularning milliy diniy va irqiy asoslardan kelib chiqqan fuqarolik urushlari ekanini anglatadi. Respublika baynalminal madaniyat markazi (RBMM va) milliy madaniyat markazi (MMM)ning faoliyati bu erda yashovchi xalqlarning milliy an`analari, urf odatlari va marosimlarini qayta tiklash, ma`naviyat va madaniyatni rivojlantirish millatlararo munosabatlarni uyg’unlashtirishga qaratilgan.
O`zbekistonda milliy – diniy bag’rikenglik va dunyoviylik.
Dinlarning umuminsoniy mohiyati, maqsadi bir bo`lib, ular aslida bir-birlariga zid emas. Diniy bag’rikenglikning mohiyati shundan kelib chiqadi. Jamiyat tarixidan turli dinga mansub kishilarning yonma-yon yashab kelganligiga ko`plab misollar keltirish mumkin. Bizning mamlakatimiz hududida ham islom, ham nasroniylik, iudoizm kabi dinlar yonma-yon yashab kelgan, diniy amallar erkin ijro etilib kelingan. O`sha davrlarda ham ziyolilar, olimlar bir-biridan o`rganganlar, ustoz-shogird bo`lishgan. Ularning turli dinlarga mansubligi bunday munosabatlarga halal bermagan.
Aytish mumkinki, diniy ong rivojlanib, dinning mohiyatini chuqurroq anglash bilan diniy bag’rikenglik ham rivojlana bordi. Bu hozirgi davrda diniy bag’rikenglikni yanada kuchaytirmoqda. Hozirgi vaqtda O`zbekistondagi turli konfessiya mansub diniy tashkilotlar o`z faoliyatini o`zaro teng huquqlilik, hamdo`stlik va hamkorlik asosida amalga oshirmoqda. Diniy bag’rikenglik turli dinlarning, turli dinlarga mansub kishilarning hamdo`stlik munosabatlarinigina nazarda tutmaydi, balki e`tiqodidan qat`iy nazar barcha kishilarning tengligi umumiy ezgu maqsad yo`lida ham hamkorlikni ham qamrab oladi. Diniy qarashga ko`ra ham, madaniy, jumladan, ilmiy qarashga ko`ra ham inson eng oliy mavjudotdir.
Prezident Karimov I.A. shunday yozadi “Afsuski insoniyat tarixida diniy ongning ajralmas qismi bo`lgan odamlardagi e`tiqoddan faqat bunyodkor kuch sifatida emas, balki vayron qiluvchi kuch, hatto fanonizm sifatida foydalanilganligini ko`rsatuvchi misollar ko`p. Fonetizmning o`ziga xos xususiyati va ko`rinishlari avvalambor o`z dining haqiqiyligiga o`ta qattiq ishonish, boshqa diniy e`tiqodlarga murosasiz munosabatda bo`lishidan iboratdir. “Aynan fonatizm yo`liqqan odamlar yoki ularning guruhlari jamiyatda barqarorlik to`lqini keltirib chiqarishga qodir bo`ladilar”.1
Hozirgi kunga kelib respublikamiz bo`yicha jami 2104 ta diniy tashkilot, shu jumladan O`zbekiston musulmonlari iddrosi rus provaslav cherkovi, Toshkent va O`rta Osiyo eporxiyasi, Evongel` xristian bantotlar cherkovlari ittifoqi, rim katolik cherkovi to`liq injil xristianlar markazi, O`zbekiston bibliya jamiyati, 1906 ta masjid, 163 ta xristian cherkovi, 7 ta yaxudiylar jamoasi, 7 ta bahoiylar jamoasi, 2 ta krishkani anglash jamiyati va 13 ta diniy o`quv yurti davlat ro`yxatidan o`tgan. Diniy bag’rikenglik ham dinlararo hamda har bir dinning ichidagi turli xil yo`nalishlar va mazhablarning ezgu g’oyalarini qadrlash, bir-birlarini hurmat qilish asosida amalga oshadi.
Bu milliy g’oya amal qiladigan ustuvor g’oyalar sifatida milliy bag’rikenglik va dinlararo bag’rikenglikka asoslanish turli xalqlar va millatlar o`rtasida o`zaro hamjihatlik, totuvlikni ta`minlash orqali erkin va farovon hayot qurishga, insonlarning tub hayotiy maqsadlari bilan mushtarakdir.
Milliy diniy bag’rikenglik g’oyasi. Uning tarixiy va huquqiy asoslari.
“Dinlararo bag’rikenglik g’oyasi – xilma – xil diniy e`tiqodga ega bo`lgan kishilarning bir zamin, bir Vatanda, oliyjanob g’oya va niyatlar yo`lida hamkor va hamjihat bo`lib yashashini anglatadi”. Din qadim-qadimdan aksariyat ma`naviy qadriyatlarni o`zida mujassam etib keladi. Milliy va diniy qadriyatlarning asrlar osha bezavol yashab kelayotgani ham ulrni bir-birlari bilan yaqin mushtarak maqsadlarga egaligidadir. Chunki dunyodagi dinlarning barchasi ezgulik g’oyalariga asoslanadi, yaxshilik, tinchlik, do`stlik kabi fazilatlarga tayanadi. Odamlarni halollik va poklik, mehr-shafqat va bag’rikenglikka da`vat etadi. Hozirgi zaminda bu g’oya ezgulik yo`lida, nafaqat dindorlar, balki butun jamiyat a`zolarining hamkorligini nazarda tutadi, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashning muhim sharti hisoblanadi. Masalan, azal-azaldan diyorimizda turli diniy ta`limotlar yonma-yon yashab kelgan. Asrlar davomida yirik shaharlarimizda masjid, cherkov, xonaqohlarning mavjud bo`lishi, turli millat va dinga mansub qavmlarning o`z diniy amallarini erkin ado etib kelayotgani buning tasdig’idir.
Tariximizning eng murakkab, og’ir davrlarida ham ular o`rtasida diniy asosda mojarolar bo`lmagani xalqimizning dinlararo bag’rikenglik g’oyasiga amal qilib yashab kelganlaridan dalolat beradi.
Hozirgi kunda mamlakatimizda 15 ta konfessiyaga mansub diniy tashkilotlar faoliyat ko`rsatmoqda. Ularning o`z faoliyatini amalga oshirishi va mamlakat hayotida ishtirok etishi uchun hamma shart-sharoitlar yaratilgan. Bu boradagi huquqiy asoslar O`zbekiston Respublikasining Konstitutiyasida, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to`g’risida”gi qonunda o`z ifodasini topgan. Ana shu asoslar mamlakatimizdagi barcha din vakillarining hamkor, hamjihat bo`lib, ulug’ va mushtarak g’oyalar yo`lida harakat qilishi uchun imkon yaratadi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
1. O`zbekiston Respublikasining Konstitutiyasi. T.: “O`zbekiston”, 2003.
2. Karimov I.A. Vatan ravnaqi uchun har birimiz mas`ulmiz. 9-jild. T.: “O`zbekiston”, 2001.
3.Karimov I.A. Tinchlik va xavfsizlik o`z kuch-qudratiz, hamjihatligimiz va qat`iy irodamizga bog’liq. 12-jild. T.: “O`zbekiston”, 2004.
4. Karimov I.A. Bizning bosh maqsadimiz – jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni modernizaciya va isloh etishdir. T.: “O`zbekiston”, 2005.
5. Karimov I.A. O`zbek xalqi hech qachon hech kimga qaram bo`lmaydi. T.: “O`zbekiston”, 2005.
6. Karimov I.A. Yuksak ma`naviyat – engilmas kuch. T.: “Ma`naviyat”, 2008.
7. Milliy istiqlol g’oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar. T.: “Yangi asr avlodi”, 2001.
Do'stlaringiz bilan baham: |