DINIY BAG‘RIKENGLIK
Yurtimiz hududida qadim davrlardan etnik va diniy xilma-xillikka hurmat bilan qarab kelingan.
Haqiqatan asrlar davomida yirik shaharlarimizda masjid, cherkov va sinagogalar faoliyat ko‘rsatib, turli millat va dinga mansub qavmlar o‘z diniy amallarini erkin ado etib kelganlar. Tariximizning eng murakkab, og‘ir davrlarida ham ular o‘rtasida diniy asosda mojarolar bo‘lmagani, xalqimizning diniy bag‘rikenglik borasida katta tajriba to‘plaganidan dalolat beradi.
O‘zga xalqlar tili, urf-odatlari va an’analariga chuqur hurmat, ularning o‘zligini saqlab qolish, madaniy-ma’rifiy ehtiyojlarini ro‘yobga chiqarishga imkoniyat yaratish va har tomonlama yordam ko‘rsatish bag‘rikenglikning yorqin xususiyatlaridandir. Aynan mana shunday bag‘rikenglik, sabr-bardoshlilik madaniyatimizning benazir namunalarini saqlab qolish, asrlar sinovidan olib o‘tish, kamol toptirish hamda o‘zga madaniyatlarning ahamiyatli natijalari bilan boyitishga sharoit yaratdi.
IX asrdan boshlab hozirgi O‘zbekiston hududida islom dini sunniy yo‘nalishining hanafiy mazhabi qaror topdi. Albatta, bu bejiz emasdi. Zero, Imom A’zam mazhabi o‘zga dinlar va mahalliy urf-odatlarga nisbatan erkinlik berishi bilan ajralib turadi. Hanafiylik ta’limotini takomilga yetkazgan vatandoshlarimiz – Imom Moturidiy, Abul-Mu’in an‑Nasafiy va al-Marg‘inoniy kabi allomalar musulmonlar orasidagi g‘oyaviy tarafkashliklikka barham berish, islom dinining “ahli sunna val-jamoa” yo‘li barqaror bo‘lib qolishiga katta hissa qo‘shdilar.
Diyorimizdan yetishib chiqqan allomalarning asarlarida diniy bag‘rikenglik bilan bog‘liq qadriyatlarni targ‘ib qiluvchi g‘oyalar keng yoritib berilgan. Buyuk alloma, moturidiya aqidaviy yo‘nalishi asoschisi Abu Mansur al‑Moturidiyning asarlarida bayon etilgan bag‘rikenglik g‘oyalari bunga misol bo‘la oladi. Jumladan, Moturidiy Qur’oni Karim oyatlarining tafsiriga bag‘ishlangan, islom olamida juda keng tanilgan “Ta’vilot ahli sunna” asarida “Haj” surasi 40‑oyat tafsirida: “Cherkov va sinagogalarni vayron etish man etiladi. Shuning uchun ham, musulmonlar yurtida shu davrgacha ular buzilmay saqlanib qolgan. Bu masalada ahli ilm orasida ixtilof yo‘qdir”,– deb qat’iy ta’kidlaydi.
Samarqandlik faqih, mufassir Abu Lays Samarqandiy esa o‘zining “Bahr al‑ulum” nomli tafsir kitobida Qur’oni Karimdagi “Mumtahana” surasining 8, 9‑oyatlari sharhida “Sizlar bilan dinda urush qilmagan o‘zga din vakillari bilan bordi‑keldi qiling, ular bilan adolatli muomala qiling”,- deb yozadi.
Movarounnahrlik yana bir mashhur faqih, mufassir Abul Barakot an‑Nasafiy o‘zining “Madorik at‑tanzil” asarida mazkur oyatlarni “O‘zga din vakillariga ehtirom ko‘rsating hamda ularga so‘zda va amalda yaxshilik qiling”, ‑ deb sharhlaydi.
Ma’lumki, musulmon mamlakatlarida yashovchi boshqa dinga e’tiqod qiluvchilarni shariat hukmi bo‘yicha ularning barcha moddiy va ma’naviy huquqlari, ya’ni mol-mulki, hayoti, diniy e’tiqodi, urf-odatlari, tili, madaniy merosi dahlsizligi musulmonlar zimmasida bo‘lgan. Shu tufayli o‘rta asrlardayoq musulmon xalqlari, jumladan, diyorimizda yashovchi xalqlar ham diniy murasasozlik va bag‘rikenglikning huquqiy asoslarini ishlab chiqib, hayotga tatbiq etganlar.
Buning isboti sifatida islom qonunchiligining eng nufuzli asoschisi, vatandoshimiz Burhoniddin Marg‘inoniyning butun musulmon dunyosida o‘rta asrlardan boshlab shu davrgacha islom qonunchiligi bo‘yicha eng mo‘’tabar manba hisoblanuvchi “Hidoya” asaridan ayrim fikrlarni keltiramiz: “Chunonchi islomning beshta farzidan biri bo‘lgan “Zakot” ni olishga islom diniga e’tiqod qiluvchilar haqli deb hukm chiqarilgan bo‘lsa, boshqa dinga e’tiqod qiluvchilar ichida ham moddiy yordamga muhtoj kishilarga xayr-ehson, sadaqaning boshqa hamma turlari berilishi mumkin, deb hukm chiqariladi. Buning dalili Rasululloh (s.a.v)ning: “Barcha dinlarning ahllariga sadaqa beraveringlar”, -degan hadislaridir ”.
Yuqorida bayon qilingan fikr-mulohazalarni hamda yurtimizdan yetishib chiqqan mutaffakkirlarning asarlaridan keltirilgan ma’lumotlarni umumlashtirgan holda quyidagi xulosaga kelish mumkin:
Mamlakatimiz tom ma’noda diniy bag‘rikenglikning tarixiy merosxo‘ri sifatida jahon hamjamiyatida e’tirof etilmoqda. Zero, yurtimizda doimo “diniy bag‘rikenglik” g‘oyasi ilgari surilgan. Xususan, diyorimizdan yetishib chiqqan Zamaxshariy, Marg‘inoniy, Moturidiydek buyuk allomalarimizning asarlarida “diniy bag‘rikenglik” g‘oyasi, shu zaminda yashovchi turli e’tiqodga mansub xalqlarni yurt farovonligi yo‘lidagi intilishlarini ta’minlovchi muhim omil bo‘lib kelganligi ta’kidlanadi.
Shu sababdan ham, biz har bir inson bashariyatning turli-tuman madaniyatlardan iborat ekanini anglashimiz va hurmat qilishimiz juda zarurdir. Zero, bag‘rikengliksiz tinchlik, tinchliksiz taraqqiyot bo‘lmaydi.
Tarixiy manbalarning dalolat berishicha, o‘lkamizda madaniyat rivojining uch ming yildan ortiq buyuk tarixi bor. Markaziy Osiyoda, xususan, O‘zbekistonning hozirgi hududida qadim davrlardan turli madaniyat, til, urf-odat, turmush tarziga ega bo‘lgan, xilma-xil dinlarga eʼtiqod qilgan xalqlar yashab kelgan. O‘zbekistonning jug‘rofiy-siyosiy nuqtai nazardan muhim savdo yo‘llari chorrahasida joylashgani, ko‘plab davlatlar bilan iqtisodiy, madaniy aloqalar qilgani diniy va madaniy hayotga katta taʼsir ko‘rsatgan. O‘z navbatida bu yerda yashagan tub aholining madaniyati ham ularga taʼsir o‘tkazgan va o‘ziga xos turmush tarzini shakllantirishda muhim omillardan biri bo‘lib xizmat qilgan.
Asrlar mobaynida o‘lkamizning shaharu qishloqlarida masjid, cherkov va sinagogalar emin-erkin faoliyat ko‘rsatib, turli millat va dinga mansub qavmlar hamjihatlikda o‘z diniy marosimlarini ado etib kelganlar. Tariximizning eng murakkab, og‘ir davrlarida ham ular o‘rtasida diniy asosda mojarolar bo‘lmagan. Bu esa, millati va diniy qarashidan qatʼiy nazar, insonni ardoqlash va o‘zgalarni qadrlash, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat ko‘rsatish kabi tuyg‘ular o‘lka aholisining qon-qoniga singib ketganidan dalolat beradi. Aynan shu sifatlar xalqimizga xos bo‘lgan diniy bag‘rikenglikning maʼnaviy asosini tashkil qiladi.
Mamlakatimizda bir yuz o‘ttizdan ortiq millat va elat vakillari yashaydi. Ana shunday ko‘p sonli millat va elat vakillarining birgalikda, ahil va hamjihat bo‘lib umr kechirishi natijasida ularning har biri maʼnaviy va madaniy jihatdan boyib, o‘zaro munosabatlar taʼsirida ko‘p millatli xalqimizning turmush tarzi yana-da yuksalmoqda.
Mamlakatimizning taraqqiy etishi, avvalambor, undagi barqarorlik, millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglik muhitining saqlanishiga bog‘liq. Bu masalalarga davlatimiz rahbari turli yig‘ilish va anjumanlarda, shu qatori xalqaro maydonda ham xalqimiz va jahon hamjamiyatining eʼtiborini qaratib kelmoqda.
Birodarlik, diniy bag‘rikenglik, do‘stlik va hamkorlik insoniylik fazilatlaridan biri sifatida ajdodlarimizdan bizlarga juda katta maʼnaviy meros bo‘lib qolgan. Barcha milliy madaniy markazlarning samarali faoliyat olib borishi uchun davlat tomonidan har tomonlama ko‘mak berilyapti, turli millat vakillarining o‘z ona tili, madaniyati, sanʼati, hunarmandchiligi va milliy qadriyatlarini rivojlantirishiga eʼtibor qaratilyapti.
Yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, albatta, turli millat vakillarining o‘zaro do‘stlik, birodarlik munosabatlariga asoslangan. Prezidentimiz bu borada «O‘zbekiston millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik sohasida o‘z anʼanalariga doimo sodiq bo‘lib, bu yo‘ldan hech qachon og‘ishmasdan ilgari boradi. Mamlakatimizda turli millat va diniy konfessiyalar vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat, do‘stlik va ahillik muhitini mustahkamlashga birinchi darajali eʼtibor qaratiladi. Bu – bizning eng katta boyligimiz va uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash barchamizning burchimizdir», deb taʼkidlagan edilar.
Maʼlumki, har bir dinning o‘ziga xos aqidalari mavjud. Ular baʼzan bir-biriga mutanosib bo‘lsa, baʼzan bir-biriga zid ham kelishi mumkin. Diniy bag‘rikenglik ana shu xilma-xillik asosida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nizolarning oldini oladi, turli eʼtiqodlarning yonma-yon va bir paytda mavjud bo‘la olishi uchun xizmat qiladi.
O‘lkada tinchlik va diniy bag‘rikenglik muhitini taʼminlashda islom taʼlimotidagi o‘zga din vakillari bilan o‘zaro murosa yo‘lini tutish, ular bilan dunyoviy ishlarda hamkorlik qilish va hamjihatlikda yashashga chorlovchi tamoyillar ham o‘ziga xos ahamiyat kasb etdi. Ayniqsa, islom taʼlimotidagi dinni qabul qilish yoki qabul qilmaslik qalbga bog‘liq, insonning to‘liq ixtiyoridagi amal deb qaralishi mintaqada diniy bag‘rikenglik muhiti barqaror bo‘lishi uchun asosiy omillardan bo‘ldi.
Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan, O‘zbekiston mamlakati ham ming yillar davomida dinlararo bag‘rikenglik o‘lkasi sifatida eʼtirof etiladi. Haqiqatan ham, o‘zbek xalqi o‘zining butun tarixi davomida hamma vaqt boshqa xalq, millat va din vakillariga nisbatan o‘zining hurmatini namoyon etgan. Bu o‘z navbatida yurt tinchligi, taraqqiyoti va umuminsoniy madaniyat rivojiga xizmat qilgan.
Bu esa, yurtimizda yashayotgan barcha din vakillarining o‘z diniy eʼtiqodlarini emin-erkin amalga oshirishlari va diniy bag‘rikenglikni taʼminlashga qaratilayotgan tadbirlar jumlasiga kiradi. Quvonarli jihati shundaki, bu tadbirlar diniy barqarorlik, konfessiyalararo samimiy va do‘stona muhitning vujudga kelishi va eng Asosiysi yurtimizdagi tinchlikning barqaror bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. Diniy bag‘rikenglik har bir dinning ichidagi turli xil yo‘nalishlar va mazhablarning ezgu g‘oyalarini qadrlash, bir-birlarini hurmat qilish, shu bilan birga o‘zaro hamkorlik asosida amalga oshadi.
Hozirgi notinch va tahlikali zamonda insoniyat duch kelayotgan murakkab muammolar, xavf-xatarlarni birgalikda bartaraf etishda, turli tahdidlarning oldini olishda qo‘shni mamlakatlar bilan birgalikda, nufuzli xalqaro tashkilotlarning saʼy-harakatlarini birlashtirishni bugun hayotning o‘zi taqozo etmoqda. O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlarining o‘zaro do‘stligi qanchalik mustahkam bo‘lsa, davlatimiz ham shuncha mustahkam bo‘ladi.
Millatlararo totuvlik, o‘zaro do‘stlik rishtalarini yana-da mustahkamlash haqida 2020 yil 29 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga navbatdagi murojaatida ham taʼkidlandi. Murojaatnomada 30 iyul – Xalqaro do‘stlik kuni munosabati bilan «Do‘stlik haftaligi»ni tashkil etish hamda ushbu haftalik doirasida “Do‘stlik” xalqaro forum-festivalini o‘tkazish taklifi ilgari surildi. Shuningdek, «Xalqlar do‘stligi» ko‘krak nishonini taʼsis etish haqidagi tashabbus ham qo‘llab-quvvatlandi. Bu yil «Xalqlar do‘stligi kunini belgilash to‘g‘risida»gi Qonun kuchga kirdi.
«Xalqlar do‘stligi kuni»ni nishonlashdan asosiy maqsad insonlar, xalqlar, davlatlar – umuman olganda jamiyatning turli qatlamlari hamda tuzilmalari o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik, millatlararo totuvlikni mustahkamlash va do‘stlik aloqalarini yana-da rivojlantirishdan iborat.
Xulosa qilib aytganda, yurtimizda millatlararo va davlatlararo totuvlikni yana-da mustahkamlashga qaratilgan yangi g‘oya va tashabbuslarning paydo bo‘layotganligi do‘stlik va hamjihatlik qo‘rg‘onining yana-da mustahkam bo‘lishiga xizmat qiladi. Davlatimiz rahbari eʼtirof etganidek, «O‘zbekistonning boyliklari ko‘p, lekin bizning eng katta boyligimiz, eng yuksak qadriyatimiz – jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikdir.
O’zbekiston hududi qadimdan turlidinlarga e’tiqod qiluvchi ko’p millatli mamlakat sifatida ajralib turgan. Yurtimizda zardushtiylik, yahudiylik, xrisitianlik va islom diniga e’tiqod qiluvchi aholi emin erkin yashab kelgan. Tarixiy manbalarda ta’kidlanishicha, yurtimiz hududida diniy sabab boisbirorta nizolar bo’lmaganligi xalqimizning diniy bag`rikenglik borasida katta tajriba to’plaganidan dalolat beradi. Tarixiy sharoit, jarayonlar bu zaminda tom ma’nodagi bag`rikenglik tamoyillarining barqaror shakllanganligi, uning natijasida tinch, osuda hayot, ilmiy ma’rifiy yuksalish, taraqqiyot ta’minlanganligini ko’rsatadi. Diyorimizdan yetishib chiqqan allomalarning asarlarida ham diniy bag`rikenglik targ`ib qilingan g`oyalarni uchratamiz. Jumladan, alloma Abu Mansur al-Moturudiyning “Tilovat ahli sunna” asarida Qur’oni karim oyatlaridan birini tafsir etib, “Cherkov va sinogoglarni vayron etish man etiladi. Shuning uchun ham musulmon o’lkalarda shu davrgacha ular saqlanib qolgan. Bu masalada ilm ahli orasida ixtilof yo’qdir”, degan fikrni bildirganXV asr boshlarida Temur saroyida bo’lgan Kastiliya elchisining guvohlik berishicha, Temur Samarqandda turli din vakillarini yig`adi, ularga iltifot ko’rsatadi hamda xristian diniga e’tiqod qiluvchi mehmonlarning turli ehtiyojlarini bajarish uchun alohida mas’ul shaxs tayinlaydi. Ular bilan do’stona aloqalarni mustahkamlashni tayinlaydi.
Bugungi kunda ham xalqlar va dinlar orasidagi bag`rikenglik, tolerantlik g`oyasi dunyoning eng dolzarb muammolaridan biridir. Shu munosabat bilan YuNESKO 1995 yil Parijda “Bag`rikenglik tamoyillari deklarastiyasi”ni qabul qildi. Birlashgan millatlar tashkiloti tomonidan esa har yilning 16 noyabr sanasi “Bag`rikenglik kuni” deb e’lon qilindi. Ma’lumki, diniy bag`rikenglik qoyasi – xilma hil dinga e’tiqodga ega bo’lgan kishilarning bir zamin, bir vatanda olijanob g`oya va niyatlar yo’lida hamkor va xamjixat bo’lib yashashni anglatadi. Qadim – qadimdan din aksariyat milliy qadriyatlarni o’zida mujassam etib keladi. Milliy qadriyatlarning asrlar osha bezavol yashab kelayotgani ham dinning ana shu tabiati bilan bog`liq. Chunki, dunyodagi dinlarning barchasi ezgulik g`oyalariga asoslanadi, yaxshilik, tinchlik, do’stlik kabi fazilatlarga tayanadi. Odamlarni halollik, poklik, mehr – oqibat va bag`rikenglikka chorlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |