3 Oddiy avtomatlashtirilgan diagnostik tizimi Diagnostika jarayonini avtomatlashtirish. Oxirgi yillarda avtomatlashtirilgan diagnostikalash tizimlari (ADТ) barpo bo’lmoqda: ularning axborot hajmi 80...100 parametr atrofida (16-rasm). Diagnostika o’tkazilayotgan transport vositasidan axborot oqimi ko’p datchiklar yordamida operatorga tushadi, bu yerda axborot qayta ishlanadi, tahlil etiladi va qaror qabul qilinadi.
Diagnostika jarayoni ikki bosqichdan iborat:
a) datchiklar yordamida diagnostik axborotni olish;
b) diagnostik xulosani chiqarish uchun axborotga ishlov berish.
Diagnostika postlari ishlarini xronometraj qilish natijasi quyidagilarni ko’rsatdi: transport vositasi diagnostika postida turish vaqtining 60...65 foizi yordamchi operatsiyalarga, diagnostikalash natijalariga ishlov berish va rasmiylashtirishga ketar ekan. Albatta, diagnostikalash vaqtidan bunday samarasizlik bilan foydalanish qator muammolarni keltirib chiqaradi. Bu muammolarni yechishdagi istiqbol yo’nalish – diagnostik informatsiyani olish va ishlov berishni avtomatlashtiradigan tizimni ishlab chiqish va tadbiq etishdir. Buning natijasida diagnostikalashdan o’tkazilgan transport vositasi bo’yicha bajariladigan texnik ta’sir ishlarining mazmuni kompyuterga yoziladi.
ADТ – transport vositasiga texnik xizmat ko’rsatish va joriy ta’mirlash jarayonida uning texnik holatini avtomatik baholash diagnostik vositalari majmuidir. ADТ quyidagilardan tuzilgan:
a) diagnostikalash ob’ektidan diagnostik axborotni qabul qiluvchi datchiklar to’plami;
b) datchiklardan signallarni qabul qilib, ularga ishlov berish uchun qulay holga keltiruvchi o’zgartirgichlar;
v) diagnostik axborotni baholash va elektr signallari sifatida oxirgi natijalarni beradigan axborotga ishlov berish moslamalari;
g) kompyuter orqali diagnostika natijalarini beruvchi axborot moslamalari.
Aftidan, ADТdan foydalanishda uzluksiz axborot beradigan datchiklarni ishlatish imkoni bo’lmaydi (masalan, tormoz diagrammalari yoki kuchlanishlar ossillogrammalari). Axborot uzlukli (diskret) tarzda olinadi, bu holat esa amaldagi diagnostikalash - o’lchov asboblari qo’llanishini ma’lum darajada cheklaydi.
16-rasm. Oddiy avtomatlashtirilgan diagnostik tizim (ADТ) ning shartli tasviri
1 - diagnostik ob’ekt (transport vositasi); 2 - diagnostik datchiklar; 3 - o’zgartirgich; 4 - kuchaytirgich; 5 - tahlil qurilmasi (analizator).