37-Mavzu: Avtomabillarga texnik xizmat ko’rsatish va ta’mirlashning mavjud tizimi
Mehnat muhofazasi va sanitariya qoidalariga rioya qilish;
Dvigatel detallari yeyilishi, nuqsonlarining kelib chiqish sabablari;
Dvigatelga texnik tashhis qo‘yish usullari
Dvigatelga tashhis qo‘yishda ishlatiladigan asbob-uskunalardan to‘g‘ri foydalanish;
Dvigatelga texnik tashhis qo‘yish;
Xavfsiz ishlash usullari;
.
Avtomobil detallarining yeyilishi va nuqsonlari
Dvigatel mexanizmlarining texnik holatini o‘zgarishi, mexanizmlarning ishlashida sodir bo‘ladigan tasodifiy yoki doimo ta’sir etuvchi sabablar, hamda tashqi sharoit, ya’ni saqlash va ishlash muhiti hisobiga sodir bo‘ladi. Tasodifiy sabablarga yashirin nuqsonlar va konstruksiyani ruxsat etilgan chegaradan chiquvchi o‘ta yuklanganligi va boshqalar kiradi.
Dvigatel mexanizmlarining texnik holatiga doimo ta’sir etuvchi asosiy sabablariga: yeyilish, plastik deformatsiya, toliqish yemirilish, zanglash, detallar va materiallarning fizik-kimyoviy hamda haroratdan o‘zgarishi kiradi.
Yeyilish. Yeyilish-detallarning ishlov yuzalarini sifati va materialiga, orasida moylash mahsulotlarini mavjudligiga, yuklanish va issiqlik ish rejimiga bog‘liq holda ishqalanish ta’sirida sodir bo‘ladi. Yeyilish - bu ishqalanish oqibatida detalni deformatsiyalanishi yoki uning ishqalanish yuzasidan material ajralib chiqishi hisobiga o‘lchamini asta-sekin o‘zgartirish jarayonidir. Yeyilish mexanik, molekular-mexanik va korrozion-mexanik turlariga bo‘linadi.
Mexanik yeyilish o‘z navbatida plastik deformatsiya hisobiga obraziv yeyilishiga va mo‘rt yuzaning parchalanishdagi yeyilishga bo‘linadi. Abraziv yeyilish-ishqalanuvchi yuzalarni qattiq zarralar tomonidan kesishidir. Bunday zarralar tashqaridan chang va qum shaklida ishqalanuvchi detallar orasiga (masalan, tormoz barabani va kolodkaning qoplamasi), yoki ochiq ishqalanish bo‘g‘inlaridagi moylash mahsulotlariga (shkvorenli birikma, ressora barmoq-vtulkasi) ga tushib, ularning yeyilishini tezlashtirib yuboradi.
Plastik deformatsiya oqibatidagi yeyilish, detallarga katta yuklanish ta’sirida sodir bo‘lib va oqibatda antifriksion material qatlam yuzasini sirpanish yo‘nalishi tarafiga siljitadi. Bunda detal massasini o‘zgartirmagan holda o‘lchamini o‘zgartiradi.
Molekular-mexanik (adgezion) yeyilish ishqalanuvchi yuzalar materiallarini molekular ilashish hisobiga sodir bo‘lib, mexanizmlarni yeyilish davrida kuzatiladi. Bu holat mexanizmda o‘yiqchalar sodir bo‘lishi, tiqilib qolishi va parchalanishiga olib keladi. Molekular – mexanik yeyilish, ishqalanish yuzalarida mahalliy tutashuv sodir bo‘lish oqibatida, ularda katta yuklanishlar va tezliklar hisobiga moy qatlamini uzilishiga olib kelib, metall zarralarini qizdirib payvandlanib qolishiga sabab bo‘ladi. Yuzalarning bir-biriga nisbatan keyingi siljishida, bog‘lanishlar uziladi, natijada bir yuzada o‘yiqcha, ikkinchi yuzada esa do‘nglik paydo bo‘lib, ya’ni metallni bir yuzadan ikkinchi yuzaga o‘tishi sodir bo‘ladi.
Korrozion-mexanik, mexanik yeyilish muhitni agressiv ta’siri ostida sodir bo‘lib, uning ta’sirida ishqalanish yuzlarida mustahkam bo‘lmagan oksid qatlami hosil bo‘ladi va mexanik ishqalanishda olib tashlanadi va tozalangan yuza yana oksidlanadi. Korrozion-mexanik yeyilish, korroziya sodir etuvchilari mavjud bo‘lgan silindr –porshen guruhlarining detallarida, gidrokuchaytirgichlarda, gidravlik yuritmali tormoz tizimlarida kuzatiladi.
Plastik deformatsiya va parchalanishlar. Bular qovushqoq (po‘lat) materialining oquvchanlik va mo‘rt (cho‘yan) materialining mustahkamlik chegarasiga yetganida yoki undan o‘tganda sodir bo‘ladi. Aslida bunday parchalanishlar yoki hisoblashdagi xatolik, ishlatish qoidalarini buzilishi (o‘ta yuklanish, noto‘g‘ri boshqarish va boshqalar) oqibatida sodir bo‘ladi.
Toliqish parchalanish. Detal materialining chidamlilik chegarasidan katta bo‘lgan siklik yuklanishlar ta’sirida hosil bo‘ladi. Toliqish asta-sekin yoriqchalarni to‘planishiga va o‘sishiga olib kelib, aniq bir yuklanish sikllari sonida, detalni toliqishdan parchalanishiga sabab bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |