Chopiq qilinadigan ekinlar. Bu ekinlar hosili har bir paykaldagi hosilni alohida- alohida tortib, yoppasiga hisobga olinadi. Agar tuproq juda nam bo’lsa, tuganak yoki ildizlar bir necha soat davomida quritiladi, so’ngra qo’l g’alvirida elab, keyin tortiladi. Yopishib qolgan loy miqdorini aniqlash uchun kartoshkadan 15-20 kg dan, ildizmevalardan 40-50 kg dan namuna olinadi. Namunalar oldin yopishib qolgan loyi bilan, ikkinchi marta yuvib quritilgandan keyin tortiladi. Bu namunalardan mahsulot sifatini aniqlashda ham foydalanish mumkin. Masalan, ildizmevalarning o’rtacha vaznini, tarkibidagi shakar va quruq modda miqdorini, kasallik va zararkunandalar bilan zararlangan-zaralanmaganligini; kartoshka hosilining tovarlik sifatini, ya’ni yirik, o’rtacha va mayda tuganaklarning foiz miqdorini, tarkibidagi kraxmal mikdorini, kasalliklar bilan zararlangan-zararlanmaganligini va ta’m sifatlarini aniqlash zarur.
Makkajo’xori hosilining sifatiga baho berishda har xil variantlarda so’talarning pishib yetilish darajasini, so’talar vaznini, poya, so’ta va barglarning nisbatini aniqlash zarur.
Chopiq qilinadigan ekinlar hosilini bilvosita hisobga olish usullari (namuna maydonchalar, egatlar, uyalar, polosa yoki alohida o’simliklar usuli) juda noaniq bo’lganligi sababli qo’llanmasligi kerak.
Xujjatlashtirish va xujjat turlari. Dala tajribasini o’tkazish uzoq muddatli jarayon, chunki dala tajriba dasturidagi masalalar va kuzatishlar kabi qator bajarilishi lozim jarayonlar o’tkazilishi kerak. Dala tajriba natijalari taxlili doimo hosildorlik ko’rsatkichlarini taqqoslashga va tajriba sharoitlariga tayanadi.
Tajriba natijalarini to’g’ri taxlil qilish tanlangan tajriba sxemasining nechog’lik benuqson ekanligi va tajribada agrotexnik va tabiiy sharoitlar qanday tashkil etilganligiga bog’liq. Bundan tashqari, tajriba dalasidagi paykallarda bajarilishi lozim bo’lgan ishlarning sifatli o’tkazilishi, muddati va usuliga ham bog’liq. Shuning uchun har qanday tajriba paykallarida bajariladigan kuzatishlar va hisoblar to’liq va aniq qayd qilib borilishi lozim.
111
Bajariladigan ishlarni, kuzatishlarni va hisoblarni mukammal va sistemali yozib borish tegishli xujjatlashtirishni ta’minlaydi. Olib borilgan ilmiy ish natijalarini haqqoniy taxlil qilish ko’p jihatdan ma’lumotlarni sinchkovlik bilan ilmiy asosda xujjatlashtirish va ishonarli yerda saqlashga bog’liqdir.
Hamma turdagi tavsiya etiladigan xujjat shakllariga umumiy talablar quyidagilar:
tajriba uchastkasidan olingan ma’lumotlar, bajarilgan ishlar va kuzatishlar tajriba vazifalariga yetarlicha mos bo’lishi;
ma’lumotlarni o’z vaqtida to’plash va uning ishonchliligi (aniqligi);
yozilgan ma’lumotlarning tipikligi, har bir alohida tajriba ma’lumotlarini boshqa tajriba ma’lumotlari yoki boshqa muassalarning o’xshash tajribalari bilan taqqoslanishi;
tajriba o’tkazayotgan muassasa tajribaning to’ligicha sifatli o’tkazilishiga, ma’lumotlar ishonchli va o’z vaqtida hamda aniq uslublar asosida olinishi uchun to’liq nazorat o’rnatishga javobgarligi.
Tajribaning hamma xujjatlari uchga: birlamchi, hisobot xujjati va asosiy (yakunlovchi) qismlarga bo’linadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |