Klinik manzarasi va diagnostikasi. Chap oyoq o‘ng oyoqdan ko‘ra ko‘proq zararlanadi, ikki tomonlama zararlanish 35-43% xollarda uchraydi. Bemorlarning 75-80 % da katta teri osti venasi, 5-10 % kichik teri osti venasi zararlanadi, bemor-larning 7 - 10 % patologik jarayonga ikkala vena tortiladi. Kasallikning klinik manzarasi uning bosqichlariga, asoratlari bor-yo‘qligiga ko‘ra turli-tuman bo‘ladi. Kasallikning kechishida latent faza, kompensatsiya, subkompensatsiya va dekompensatsiya bosqichlari farq qilinadi.
Venoz qon aylanish kompensatsiyasida bemorlar tik turilganda ro‘y-rost ko‘rinadigan va egri-bugri yo‘llar, tugunlar, bo‘rtib chiqqan chigallar ko‘rinishidagi kengaygan venalar borligidan shikoyat qiladilar. Bemorlarni oyoqning o‘rta darajada og‘irlashishi, to‘laligi, vertikal holatda charchab qolishi bezovta qiladi. Oyoqda shishlar yo‘q yoki kechga tomon paydo bo‘ladi va dam olingandan so‘ng yo‘qoladi. Bemorlar mexnatga layoqatli bo‘ladilar.
Subkompensatsiya bosqichida oyoq tez charchaydi, shishganday sezgi paydo bo‘ladi, og‘ir tortadi, pastki mushaklar tortishadi, terisi qichishadi, paresteziya, boldir va oyoq panjasida shish paydo bo‘ladi. Shishlar kechga tomon yoki uzoq vaqt oyoqda turilganda paydo bo‘ladi. Tungi dam olishdan keyin ertalab ular yo‘qoladi, biroq dam olishdan so‘ng hamisha yo‘qolaver-maydi. Ichki to‘piq ustida sianoz va teri pigmentatsiyasi paydo bo‘ladi.
Dekompensatsiya bosqichida doimiy shish, uvishib qolish, zararlangan tomonda qichishish paydo bo‘ladi. Boldir yug‘on tortadi, sianozga uchraydi, shishadi. Shishlar tez ketmaydi, tungi uyqudan so‘ng yo‘qolmaydi. To‘qimalarning trofik buzilishlari, dermatitlar, skleroz, teri osti kletchatkasi induratsiyasi qo‘shiladi. Varikoz kasallik asoratlari: trofik yaralar, tromboflebitlar, varikoz kengaygan venalardan qon ketishi, ikkilamchi limfedema, ekzema qo‘shiladi.
Trofik yaralar odatda yakka, ba'zan ko‘p sonli bo‘ladi, boldir uchdan bir pastki qismining ichki yuzasida joylashadi. Yaralar yassi, ularning tubi silliq chetlari notekis shaklda, ajralma kam chiqadi.
Varikoflebit - varikoz venalar kengayishi tromboflebitida venalar yo‘li bo‘ylab qattiqlashishi, og‘riydigan zich tugunlar paydo bo‘lishi, qizarishi va yurish qiyinlashuvi hamda umumiy va mahalliy harorat ko‘tarilishi kabi belgilar paydo bo‘lishi bilan rivojlanadi.
Venalarning varikoz kengayishidan qon ketishi - yupqalashib va teri bilan birikib ketgan vena arzimas darajada shikastlanganda yuz beradi. Shikastlangan vena distal qismiga bosuvchi bog‘lam yoki jgut yordamida qon ketishini osongina to‘xtatish mumkin.
Solishtirma tashxis posttromboflebitik sindromi, yuzaki venalari-ning ikkilamchi kompensator varikoz kengayishi, venalarning tug‘ma kasalliklari (Parks-Veber-Rubashev va Klippel-Trenone sindromi) bilan o‘tkazish lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |