I.Bob.MOLIYA BOZORINING NAZARIY ASOSLARI 1.1. Moliya bozorining iqtisodiy mohiyati, ahamiyatli jihatlari, tarkibiy qismlari Biznes samaradorligi (rentabelligi)ni oshirish masalasi bugungi iqtisodiy sharoitda eng asosiy masalalardan biri hisoblanadi. Biznes samaradorligining oshib borishi oʻz navbatida davlat moliyaviy barqarorligi taʼminlanishi bilan birga keskin raqobat sharoitida jahon bozorida mustahkam oʻrin egallashda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda arzon kapital jalb qilish va boshqa tomondan kapitalni samarali joylashtirish muhim omillardan biridir. Qoʻyilgan har ikkala vazifani ijobiy hal qilishda moliya bozorining amal qilish mexanizmi yordamga keladi. Aynan moliya bozori iqtisodiyotni harakatga keltiruvchi asosiy kuch sifatida amal qilishi zarar koʻrib ishlayotgan korxonalarning bozordan chiqib ketishiga sabab boʻladi, kapital isteʼmolchisining oʻz faoliyatini toʻgʻri tashkil etishga majbur qiladi, iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirish imkonini beruvchi texnologik innovatsiyalarni doimiy qoʻllab-quvvatlaydi, investitsiya loyihalaridan eng samaralisini tanlashni shart qilib qoʻyadi.
Moliya bozorida pul, kredit, qimmatli qogʻozlar, valyutalar, su-gʻurta polislari, pensiya jamgʻarmalari, qimmatbaho metallar, hosila-viy moliyaviy instrumentlar va boshqalar maxsus tovar sifatida muomalada boʻladi. Bunda tijorat banklari, birjalar, jamgʻarma institutlari, jamoaviy investitsiyalash kompaniyalari va boshqalar asosiy vositachilar sifatida koʻzga tashlanadi. Moliya bozorida capital-ga boʻlgan talab va taklif asosida vositachilar yordamida kapitalni kreditor va qarz oluvchi oʻrtasida qayta taqsimlash mexanizmi amal qiladi. Shundan kelib chiqqan holda amaliyotda pul mablagʻlari oqimini haqiqiy egasidan qarz oluvchiga va aksincha yoʻnaltiruvchi moliya-kredit institutlari faoliyati tashkil etiladi. Moliya bozorining asosiy funksiyasi boʻsh pul mablagʻlarini ssuda kapitaliga aylan-tirishda ham namoyon boʻladi. Tashkiliy nuqtai nazardan moliya
bozoriga moliyaviy instrumentlar emissiyasi, xaridi va savdosini amal-ga oshiruvchi iqtisodiy subyektlar, moliya institutlari jamlanmasi sifa-tida ham qaralishi mumkin. Har bir moliya instituti moliyaviy instru-mentlarning aniq bir toʻplami bilan u yoki bu operatsiyani amalga oshirish boʻyicha aniq vakolatga egaligini alohida taʼkidlash lozim.
Moliya bozorining asosiy vazifasi sifatida moliyaviy resurslarning yakuniy isteʼmolchilari oʻrtasida jamgʻarmani samarali taqsimlashni taʼminlash masalasi qoʻyiladi. Bu masalani hal qilish ham obyektiv, ham subyektiv sabablarga koʻra murakkablik kasb etadi. Chunki moliya bozori ishtirokchilari manfaatlari bir-biriga qarama-qarshiligi, moliyaviy majburiyatlarni bajarish boʻyicha risklarning yuqoriligi va boshqa holatlar vazifaning toʻliq bajarilishiga imkon bermaydi. Moliya bozori aholi jamgʻarmalarini investitsiyalarga aylantirishning asosiy mexanizmi hisoblanadi, u investor va jamgʻaruvchi manfaatlarining oʻzaro muvofiqligini taʼminlaydi. Yuqoridagilar asosida moliya bozori mohiyatiga toʻxtalib oʻtamiz.
Gʻarb iqtisodiy adabiyotlarida moliya bozorlari pul mablagʻlari oqimini jamgʻaruvchidan qarz oluvchiga yoʻnaltiruvchi bozor insti-tutlari jamlanmasi sifatida keltiriladi.1 Frederik Mishkin ortiqcha mablagʻlarga ega odamlardagi pul mablagʻlarini pul mablagʻlari yetishmayotganlariga oʻtkazib berishga xizmat qiluvchi bozorlarni moliya bozorlari deb ataydi.2 Keltirilayotgan taʼriflar asosida taʼkid-lash mumkinki, moliya bozori – moliyaviy instrumentlardan foydana-nish asosida moliyaviy vositachilar orqali vaqtincha boʻsh pul mablagʻlarini qayta taqsimlash yuz beradigan bozordir.
Moliya bozorisiz yirik kapitalni jalb qilish va yirik loyihalarga investitsiyalash murakkab masaladir. Sotuvchi va xaridorlar sonining koʻpligi natijasida shakllangan raqobat mexanizmi orqali bozorda moliyaviy aktivga nisbatan yagona bozor bahosi shakllanadi va axborot shaffofligiga erishiladi. Bugungi yuqori texnologik imkoniyatlar sharoitida maxsus vositachilik tuzilmalaridagi koʻp sonli operatsiyalar hisobiga pul va boshqa aktivlar muomalasi xarajatlari
pasaytirilishi, risklar sugʻurtalanishi, sotiladigan aktivlar turlari kengayishi yuz bermoqda.
Moliya bozorining rolini chuqurroq anglash uchun uning funksiyalarini bilish talab etiladi. 1997 yil iqtisodiyot boʻyicha Nobel mukofoti laureati Robert Merton moliya bozorining quyidagi funksiyalarini ajratib koʻrsatadi:
- kapitalni vaqt, tarmoqlararo va mamlakatlararo qayta taqsimlash;
- kapital jamlash va korxonalarga ulush kiritish;
- toʻlov-hisob-kitob;
- risklarni boshqarish;
- axborot;
- axborotlar assimmetriyasi bilan bogʻliq muammolarning oldini
olish.
Moliya bozorining ishtirokchilari sifatida kapital jalb qiluvchilar, investorlar, vositachilarni ajratib koʻrsatish mumkin. Bunda oʻz-oʻzi-dan ayonki kapital jalb qiluvchilar mohiyatan qarz oluvchilar sifatida namoyon boʻladi. Investorlar esa oʻz kapitallarini vositachilar orqali joylashtiradilar (1.1-rasm).
Tijorat banklari, birjalar, jamgʻarma institutlari, kollektiv investitsiyalash institutlari va boshqalar moliya bozorida asosiy vositachilar hisoblanadilar. Ularning barchasi alohida operatsiyalarni bajarish orqali kapital egasi va kapitalga ehtiyojmand shaxslarning oʻzaro birlashishiga koʻmaklashadi (1.2-rasm).
Moliya bozoriga moliyaviy instumentlar bozori sifatida yondashiladi. Moliyaviy instrument – qarz majburiyati yoki ulush munosabatini yuzaga keltiruvchi moliyaviy aktivdir. Moliyaviy
instrumentlar bozor ishtirokchilari oʻrtasidagi bitim natijasida shakl-langan. Bunda bitimning bir ishtirokchisi moliyaviy aktivni qoʻlga kiritganda ikkinchi tomonda moliyaviy majburiyat yuzaga keladi. Shunday qilib, moliyaviy aktiv moliyaviy majburiyatlar boʻyicha toʻlovlarni talab qilish huquqini beradi, tashkilot yoki fuqarolarga tegishli mulkiy huquqlarni oʻzida jamlaydi.
1.2-rasm.Moliya bozorida vositachilar tiplari Har qanday bozor oʻz segmentlariga ega boʻlgani kabi moliya bo-zori maʼlum bir xususiyatlariga koʻra tarkibiy qismlarga ega. Moliya bozori tarkibi odatda unda muomalada boʻladigan aktivlarga koʻra ajratiladi (1.3-rasm).
Moliya bozori tarkibida keltirilgan har bir bozor boʻyicha keyingi mavzularda alohida-alohida toʻxtalib oʻtamiz.
Instrumentlari muomalada boʻlish muddatiga koʻra moliya bozori pul bozori va kapital bozoriga boʻlinadi. Pul bozorida naqd pul, qisqa muddatli toʻlov vositalari, bir yilgacha boʻlgan qisqa muddatli jamgʻarmalar muomalasi tashkil etiladi. Kapital bozorida esa “uzun pullar” muomalasi tashkil etilib, unda asosan aksiyalar va obligatsiyalar amal qiladi. Muomala muddati esa bir yildan ortiq boʻladi. Kapital bozorining pul bozoridan asosiy farqli jihati uzoq muddatli investitsiyalardan foydalanishi bilan izohlanadi.
Moliya bozorining muhim tarkibiy qismi hisoblangan qimmatli qogʻozlar bozori moliyaviy aktiv xususiyatiga koʻra ulush munosabatini anglatuvchi va qarz munosabatini anglatuvchi qimmatli qogʻozlar bozorlariga boʻlinadi. Bunda birinchi navbatda aksiyalar bozori hamda obligatsiyalar bozori yaqqol koʻzga tashlanadi.