Milliy bayrog‘imiz 1991 yil 18-noyabr, dushanba kuni, «O‘zbekiston Respublikasining Davlat Bayrog‘i to‘g‘risida» gi qonuni bilan qabul qilingan edi.
Albatta milliy bayrog‘imizni hammamiz har kuni ko‘ramiz, uning shakli va ranglari, hamda, boshqa elementlarining joylashuvi bizga yod bo‘lib ketgan. Lekin, keling, bayrog‘imizga tegishli barcha tafsilotlarni ham yaqindan bilamizmi?...
Milliy bayrog‘imiz eniga 250 sm, bo‘yiga 125 sm o‘lchamdagi to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi mato bo‘lib, har birining eni 40 sm keladigan, moviy, oq va yashil en chiziqlardan iborat. O‘rtadagi oq en chizig‘i ning har ikki yon tarafidan kengligi 2,5 sm keladigan qizil hoshiya o‘tkazilgan.
O‘zbekiston respublikasi davlat bayrog‘ining yuqori qismidagi moviy enning old va orqa tomonlarida, bayroqning chap chetiga yaqin joyda, dastadan 20 sm masofada vertikal holatdagi oq rangli yangi oy tasviri joylashtirilgan. Oyning do‘ng tarafi dastaga qaragan holatda va dastagacha bo‘lgan masofa do‘ngning eng chetki qismidan o‘lchanadi. Yarim oy tasviri xayolan to‘lin oyga birlashtirilganida, uning diametri 30 sm chiqadi. Ya’ni bayrog‘imizdagi oy aylanasi uzunligi 30π ga teng. Moviy rangdagi qismda shuningdek, yarim oy tasviridan o‘ng tarafda, 12 ta besh qirrali yulduzlar tasvirlangan bo‘lib, ular yuqorida 3 ta, o‘rta qatorda 4 ta va pastki qatorda 5 tadan joylashtirilgan. Har bir yulduz diametri 6 sm keladigan doiraga sig‘adi. Yulduzlarga tashqi chizilgan doiralar orasidagi masofa ham 6 sm qilib belgilangan. Quyi qatordagi 5 dona yulduz oyning pastki qirrasidan 3.5 sm masofada joylashadi. Oy va yulduzlar umumiy holatda 70×30 o‘lchamdagi to‘g‘ri to‘rtburchakka sig‘adi. Davlat qonuniga ko‘ra, milliy bayrog‘imizning rangli va sxematik tasviri quyidagicha:
O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorgohlarida, Oliy majlis palatalarining, Vazirlar Mahkamasining va boshqa oliy davlat boshqaruv organlarining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining va Vazirlar Kengashining, mahalliy hokimiyatlar, Konstitutsion Sud va Oliy Sud, Prokuratura, Milliy Xavfsizlik Xizmati va boshqa davlat yuqori idora va tashkilotlarining binolarida, ularning rahbarlarining xizmat xonalarida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining chet ellardagi elchixona, konsulxona va boshqa vakolatxonalarida, O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegaralari va ulardagi o‘tish joylarida, O‘zbekiston Respublikasi qurolli kuchlari va boshqa harbiy birlashmalarda, O‘zbekiston Respublikasiga tegishli daryo va dengiz transporti kemalarida doimiy ravishda o‘rnatiladi.
Qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i va uning tarkibiy elementlaridan, O‘zbekiston Respublikasiga tegishlilikni ifodalash maqsadida, o‘quv-tarbiya jarayonlarida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlarining elementi sifatida qo‘llash mumkin. Biroq, davlat bayrog‘i va uning elementlaridan nodavlat tashkilotlarning rekvizitlarida yoki materiallarida, shuningdek, tijorat, reklama maqsadlarida foydalanish mumkin emas. Nodavlat tashkilotlarning ramzlari davlat bayrog‘iga o‘xshash bo‘lish mumkin emas.
Agar O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i bilan bir vaqtda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bayrog‘i ko‘tarilsa, O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i, unga yuzlanib qarab turgan holatda, chap tarafda joylashishi kerak. O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘ining o‘lchamlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi bayrog‘idan kichik bo‘lmasligi, hamda, undan past joylashtirilmasligi lozim. Xalqaro tashkilotlar va boshqa davlatlarning bayrog‘i bilan bir qatorda joylashtirilganida, O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlarning bayroqlari bilan o‘lchami bir xil bo‘lishi va teng balandlikda joylashtirilishi lozim. Ko‘tarib qo‘yilgan O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i yer sathidan kamida 2,5 metr balandlikda, flagshtokka o‘rnatilgan O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i esa, ko‘pi bilan 45° burchak ostida o‘rnatilishi shart.
Biz maqolamizda, milliy bayrog‘imizdagi ranglarning anglatadigan ma’nolari haqida to‘xtalib o‘tmadik. Sababi bu haqida, har inson maktab, oliy o‘quv yurti va ish joyida mukammal ma’lumotga ega bo‘lgan bo‘lishi kerak. Agar o‘zbek o‘z bayrog‘idagi ranglar va elementlarning qanday ma’noni anglatishini bilmasa, bu UYAT!
Do'stlaringiz bilan baham: |