A. Fitrat axloqiy qarashlarining o’ziga xosligi
Abdurauf Fitrat kishining har tomonlama barkamol inson bo’lib etishishida axloqiy tarbiyaning o’rni juda katta ekanligini har bir asarida va tadqiqot ishlarida takror-takror o’qtiradi. Shuning uchun u o’zining qarashlarida fikriy va jismoniy tarbiyalar bilan birga axloqiy tarbiyaga ham juda katta e’tibor bilan qaradi. U o’zining «Rahbari najot» asarida axloqiy tarbiyaning maqsad va vazifasi, uni amalga oshirish yo’llari haqida to’xtalib o’tadi. Uning fikricha axloqiy tarbiyaning vazifasi «insonni axloqiy barkamollikka etkazish va uni jamiyatga foydali inson qilib tarbiyalashdan iboratdir. Bu maqsadni amalga oshirish uchun avvalo bolalarni jismoniy va fikriy tarbiyaga da’vat qiling, keyin axloqiy quvvatlarni muhokama orqali tushuntiring, ularni yaxshi ishlarga odat qildiring, yomon ishlardan nafratlantiring».
Fitrat axloqiy tarbiyani bolalar eng avvalo o’zi yashayotgan atrof-muhit va ko’chadagi bolalardan olishlarini ta’kidlab o’tadi. Fitrat ijtimoiy muhitning bola tarbiyasidagi ahamiyati juda katta ekanligini ko’rsatib beradi.
U bolalarni suvga o’xshatib: «Suv qaysi rangdagi idishda bo’lsa, o’sha rangda tovlangani kabi, bolalar ham qanday muhitda bo’lsalar, o’sha muhitning har qanday odat va axloqini qabul qiladilar. Axloqiy tarbiyaning eng buyuk sharti shundan iboratki, bolalar ko’proq yaxshi va yomon ahvolni o’z uylaridan, ko’chadagi o’rtoqlaridan, maktabdagi o’quvchilardan qabul qiladilar». Bu fikrlar bilan Fitrat yana bola tarbiyasi bilan faqat maktab emas, balki avvalo oila va jamoatchilik ham shug’ullanishi kerakligini ko’rsatadi. Ayniqsa, axloq tarbiyasida oilaning, ota-onaning roli juda katta ekanligini qayta-qayta ta’kidlaydi.
Fitrat bolaning axloqiy tarbiyasida maktabdagi boshqa bolalarning juda katta ta’siri borligini ko’rsatib, maktabdagi axloqi yomon bolalarni tezda tuzatish choralarini ko’rish lozimligini «maktablardagi badaxloqlikda mashhur bo’lgan chetlashtirish maqsadga muvofiqligini ta’kidlab o’tadi. Chunki, u bola o’zining yomon axloqiy sifatlarini boshqa bolalarga ham o’tkazmasligi uchun shunday chorani ko’rish lozim», deb hisoblaydi Fitrat.
Fitrat barcha madaniyatli xalqlar o’z farzandlarining axloqiy tarbiyalariga katta ahamiyat berib kelganliklarini alohida ta’kidlab o’tadi. U axloqi buzuq kishilarni maktabda muallimlik vazifasigagina emas, balki maktab qorovulligiga ham yaqinlashtirmasliklarini juda to’g’ri harakat, deb biladi. Yana u bolalar axloqiga zararli bo’lgan, yoshiga mos kelmaydigan kitoblarni ham bolalarni o’qishlariga ruxsat bermaslikni maslahat beradi.
Fitrat o’z zamonasidagi maktablarda bolalarga beriladigan axloqiy tarbiyaning hech bir talabga javob bermasligini, hatto berilayotgan tarbiyalar, bolalar axloqining buzilishiga olib kelayotganini achinib yozadi. U deydi: «Bolalarimizning murabbiylari va muallimalari axloqiy tarbiyani bilmaydilar, bolalarga o’qitadigan kitoblarimiz axloq-tarbiya haqida emas, bolalar uchun zahardir. Maktablarda sharob, oshiqlik kabi badaxloqlikka doir kitoblarni o’qitadilar, bu narsa bolalarni badaxloqlikka olib keladi.
Fitrat «Rahbari najot» asarida maktablarda beriladigan axloqiy tarbiya darajasi qandayligini o’z hayotidagi voqea misolida ko’rsatib beradi: «Men maktabda o’qib yurgan vaqtlarimda, kunlardan bir kuni maktab ta’tilidan so’ng uyga kelayotgan edim, bir erkak kishini ko’rdim. U telbalarcha so’kinib, kalovlanib zo’rg’a yurar, hamma joyi loyga belangan. Rais mulozimlaridan ikki kishi kelib olib ketdilar. Men bu kim deb so’rasam, ichib mast bo’libdi dedilar. Men bu voqeani dadamga aytsam: «Sen nega mastning orqasidan bording»-deb dashnom berdilar...».
Fitratmaktabda bolalarga beriladigan saboqlarning mazmuniga faqat o’quvchilar emas, balki, hatto ko’pincha domlalar ham tushunmasliklarini achinib yozadi va maktabda beriladigan tarbiya shunday bo’lgach, oila va maktab qanday qilib bolalarni yuksak axloqli qilib tarbiyalay olishi mumkin, degan savolni qo’yib maktablarda beriladigan axloqiy tarbiyani butunlay qayta ko’rib chiqish, o’zgartirish lozim, deb hisoblaydi.
Fitrat o’z asarlarida vatanparvarlik, insonparvarlik, mehnatsevarlik, ozodlik, maqsad sari intilish, insonlarga mehr-shafqatli bo’lish, o’z manfaatidan xalq manfaatini yuqori qo’yish g’oyalarini ulug’laydi. Vijdonsizlik, porxo’rlik, ikkiyuzlamachilik, boshqalarni ezish evaziga boylik to’plash, xalqqa zulm o’tkazish kabi sifatlar esa qoralanadi.
Fitrat o’z vatani bilan haqli ravishda faxrlanadi. Chunki Ibn Sino, Beruniy, Farobiy kabi buyuk allomalar, Amir Temur singari sarkardalar uning vatanida etishib chiqqan edi. Butun dunyoga mashhur bo’lgan tarixiy yodgorliklar ham uning vatanida, mehnatsevar xalq mehnati bilan bunyod etilgandi. Uning vatanida madaniyat va san’at ham juda yuksak edi.
Fitrat o’zining butun hayoti davomida milliy mustaqillikka erishish va mustamlakachilikka qarshi kurash, Ovro’po ilmi, texnikasi, madaniyatidan o’rganish muammolarini tinimsiz targ’ib qilgan siymolardan biri sifatida barcha kishilarga, eng avvalo yoshlarimizga ibratdir.
U 1905-1906 yillarda jadidchi oqimining ko’zga ko’ringan tarafdori sifatida, so’ngra o’zining «Hind sayyohi», «Rahbari najot» singari asarlari orqali ma’rifatparvar va yozuvchi sifatida musulmonlarni, eng avval yoshlarni g’aflat uyqusidan uyg’otishga, eng muhimi o’zligini tanishga, fan-texnikani rivojlantirish uchun g’ayrat bilan o’qish-o’rganishga, agar mustaqil harakat qilmas ekan, qaramlikda xarob bo’lishini tushuntirishga intiladi.
Аbdirauf Fitrat maorif sohasida ishlagan kishilarning boshini silagan, maorifni rivojlantirishga katta hissa qo’shgan, hammaga birdek ozodlik yo’lini ko’rsatgan. Ozodlikni tezlikda ro’yobga chiqarishga harakat qilgan atoqli ma’rifatparvar o’qituvchi bo’lishi bilan ularning ustozidir.
Yerli xalqning aksariy qismi, ba'zi rusparast boy-zodagonlarni hisobga olmaganda, o'z bolalarini rus-tuzem maktablariga berishning oqibatlaridan cho'chir edi. Bu maktablarda birinchi navbatda pravoslav mahzabinig asoslari, rus tili, podshoni ulug'lovchi madhiyalar o'rgatilgani uchun mahalliy xalq bu ochiqdan-ochiq dinbuzarlikdan qochib o'z farzandlarini rus-tuzem maktablariga bermasdi. Buni o’z vaqtida Sirdaryo viloyatidagi rus maktablarini taftish etgan chor amaldori N.K. Smirnov ham qayd etgan edi. U ruslashtirishga yo'naltirilgan ta'lim siyosatining muvaffaqiyatsizligi sabablarini quyidagicha izohlaydi va yozadi:
- yerli aholining shaharlardagi rus maktablarining qabul qilmaganligi sababi ularning dasturlarida musulmoncha savod darslari yo'qligi, darslar bolalar uchun tushunarsiz bo'lgan rus tilida olib borilishi va o'qituvchilarning mahalliy tillarni bilmasligi;
- (rus) bolalariga pravoslav dini asoslarini musulmon bolalar huzurida o'rgatish.
Shuningdek, ruscha xat-savod oddiy turkistonlikka foyda keltirmas edi, chunki o'lkaning musulmon aholisi barcha narsani - xatlar, hisob-kitoblar va boshqa yozishmalarni mahalliy tilllarda va arab yozuvida amalga oshirar, musulmoncha xat-savodli kishi bunda, tabiiy, ko'proq yutar edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |