Davlat tili: muammo va yechimlar
“O'zbek tili xalqimiz uchun milliy o'zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz, bebaho ma'naviy boyligimiz va buyuk qadriyatimizdir”
Shavkat Mirziyoyev
Prezidentimizning 2019 yil 21 oktyabrdagi “O'zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoniga binoan, “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kunning ulkan tarixiy o'rni va ahamiyatidan kelib chiqqan holda, 21 oktyabr sanasi yurtimizda O'zbek tili bayrami kuni deb belgilandi. 2020-yil 10-aprelda esa “O'zbek tili bayrami kunini belgilash to'g'risi” dagi qonun qabul qilindi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzurida o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradigan, yangi so‘z va atamalarni rasmiy iste’molga kiritish bo‘yicha Atamalar komissiyasi tashkil etildi. Bundan tashqari 2020-yil 20-oktyabrda bu borada yana bir muhim hujjat — Prezidentimizning “Mamlakatimizda o'zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni imzolandi.
Bu muhim hujjatning qabul qilinishi davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi, bu sohada yana bir muhim qadam qo‘yildi. Chunki O‘zbekistonda shu vaqtgacha davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshiradigan yagona, mustaqil va markazlashgan tuzilma yo‘q edi.
Bu hujjatlar, islohotlar ona tilimizning mavqeini oshirishda muhim samara bermoqda. Hozirgi vaqtda yer yuzida o'zbek tilida so'zlashuvchilar soni qariyb 50 million kishini tashkil etishi uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi. Qolaversa, o'zbek tili Afg'oniston Islom Amirligining davlat tili sifatida eʼtirof etilishi ham o'zbek tilining nufuzini oshirmoqda. Bugungi kunda xorijiy davlatlardagi 65 ta oliy o'quv yurtida o'zbek tili va adabiyoti o'rganilmoqda, ushbu sohada ilmiy izlanish va tadqiqotlar qilayotgan chet ellik olimlar safi tobora kengaymoqda.
Yurtimizda o'zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqei borasida so'z borar ekan, avvalo, bugungi holati va kelajagi haqida fikr yuritishga to'g'ri keladi. So'nggi 30 yilda davlat tilining fuqarolar hayotidagi o'rni va mavqei ob'ektiv, tabiiy zarurat ta'sirida ortib borayotganini qayd etishimiz joiz. Ya'ni bugun aholining katta qismi o'zbek tilida muloqot qiladi, so'nggi yillarda bu tilda muloqot qiluvchi aholining soni yanada ko'paygan. Bu o'zbek tilini tug'ma ona tili sifatida egallagan aholining demografik, ya'ni son jihatidan o'sishi ortidan yuzaga kelgan holat bo'lib, bunga bir potentsial sifatida qarasak, u o'sish tendensiyasiga ega.
Biroq, ona tilimiz bardavomligini ta'minlash borasida bir qator muammolarga ham ko'z yumib keta olmaymiz. Masalan, „Davlat tili haqida”gi Qonunning bir qator normalari deklarativ va umumiy xarakterga ega bo‘lganligi sababli ko‘zlangan maqsadga to‘la erishishning imkoni bo‘lmayapti.
Xususan, “Davlat tili haqida”gi Qonunning (keyingi o‘rinlarda Qonun) 8-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinadi va e’lon etiladi. Bu hujjatlarning tarjimalari boshqa tillarda ham e’lon qilinadi”, deb belgilangan bo‘lsada, ayrim sohalardagi davlat idoralarida hujjatlarni davlat tilida qabul qilish yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagan. Bu esa ayrim hollarda jismoniy va yuridik shaxslarga bir qator noqulayliklar keltirib chiqarmoqda.
Shuningdek, Qonunning 10-moddasida korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish, hisob-kitob, statistika va moliya hujjatlari davlat tilida yuritiladi, ishlovchilarining ko‘pchiligi o‘zbek tilini bilmaydigan jamoalarda davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillarda ham amalga oshirilishi mumkinligi belgilanganligiga qaramasdan, ayrim sohalarda statistika va moliya hujjatlari, va bir qancha shartnomalar talab darajasida davlat tilida yo‘lga qo‘yilmagan. Xususan, ayrim xizmat ko‘rsatish sohalari (kommunal, internet xizmatlari va x.k.) tomonidan shartnoma, dalolatnoma, ogohlantirish xati kabi hujjatlar ko‘pincha davlat tilida rasmiylashtirilmayotganini ko‘rish mumkin.
Qonunning 20-moddasida lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e’lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin deb belgilangan bo‘lsada, mazkur qoidaga har doim ham amal qilinmayapti. Xususan, ayrim savdo yoki xizmat ko‘rsatish sohlari tomonidan bevosita yoki internet tarmoqlari orqali berilgan lavhalar, reklama , e’lonlarda davlat tili talablariga rioya qilmaslik holatlarini kuzatish mumkin. Masalan, savdo yoki xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yurituvchi savdo do‘konlari, umumiy ovqatlanish joylarida va ularning internet saytlarida xorijiy tilda yozilgan “mi otkrilis”, “rasprodaja”, “skidka”, “dostavka”, “sale”, “bez usluga”, “free Wifi” kabi so‘zlarni ko‘p uchratish mumkin. Bundan tashqari yurtimizda faoliyat yuritayotgan telekanallardagi bir qancha ko'rsatuvlar, dasturlar ham chet tilida nomlanadi. Masalan, “TV sale”, “My shop”, “Sky shop“, “Aktyor kids“
Vaholanki, o‘zbek tilida “chegirma”, “yetkazib berish”, “arzon narxda”, “tv savdo”, “ aktyor bolakay” kabi ushbu so‘zlarning muqobillari mavjud.
Shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining hujjatlarida o‘zbek tilidagi tarjimasi mavjud bo‘lgan so‘zlardan foydalanmasdan xorijiy atamalarni (termin, shtat, komissiya, buxgalteriya va boshqa shu kabi so‘zlarni) qo‘llash holatlarini ham guvohi bo'lamiz.
Bu kabi holatlarning mavjudligi, o‘z navbatida, davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish va shu orqali uning jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatini yanada oshirish hamda mustahkamlash joizligini anglatadi.
Bu borada xorijiy tajribaga nazar tashlaydigan bo'lsak,
Fransiyada 1994 yilda qabul qilingan Tubon qonunida davlat tashkilotlari tomonidan ish yuritish istisnosiz fransuz tilida olib borilishi, atamalarning fransuzcha muqobili turganda, boshqa tildagi variantini ishlatish taqiqlanishi qat’iy belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari, kinosaroylarda filmlar namoyishi va reklamalarda fransuz tili qoidalariga to‘liq rioya qilishi belgilangan.
“Polyak tili to‘g‘risidagi” qonunga ko‘ra, mehnat munosabatlarida taraflardan biri Polsha hududida doimiy yashovchi shaxs bo‘lgan hollarda ish yuritish polyak tilida olib boriladi. Ya’ni, mamlakatda faoliyat yuritadigan xorijiy korxonalarda bittagina Polsha fuqarosi yoki Polshada doimiy yashovchi shaxs ishlasa, bu korxonada davlat tili to‘g‘risidagi qonun talablariga rioya qilinishi kerak.
2002 yil 30 sentabrda qabul qilingan “Ozarbayjon Respublikasida davlat tili to‘g‘risida”gi Qonunda Ozarbayjon Respublikasining har bir fuqarosi davlat tilini bilishga majburligi, ozarbayjon tili mamlakat siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, ilmiy va madaniy hayotining barcha jabhalarida davlat tili sifatida qo‘llanilishi nazarda tutilgan. Xizmat ko‘rsatish sohasida, reklama va e’lonlar berishda davlat tili qo‘llaniladi. Xorijiy davlat fuqarolariga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq ishlarda esa davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillar ham qo‘llanilishi mumkin. Bunda xorijiy tildagi reklama yoki e’lon egallagan maydon uning davlat tilida berilgan shaklidan katta bo‘lmasligi va bunday e’lonlar ularning ozarbayjon tilidagi shaklidan so‘ng joylashtirilishi lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Shuningdek, ushbu qonunda Ozarbayjon Respublikasida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning nomi va ulardagi yorliqlar, shuningdek boshqa yozuvlar tegishli xorijiy til bilan birga davlat tilida ham bo‘lishi kerakligi, mamlakat hududiga import qilinayotgan mahsulotlarning nomi va ulardagi yorliqlar, qo‘llash yo‘riqnomalarining ozarbayjon tilidagi tarjimasi bo‘lishi shartligi keltirib o‘tilgan.
Ozarbayjon tilining orfografiya va orfoepiya qoidalari tegishli ijro etuvchi hokimiyat organi tomonidan tasdiqlanishi, yuridik, jismoniy va mansabdor shaxslar mazkur qoidalarga qat’iy amal qilishlari lozimligi, har besh yilda bir marta mas’ul organ tomonidan yozma til qoidalarini o‘z ichiga oluvchi lug‘at (imlo lug‘ati) nashr etib borilishi belgilangan.
Gruziya hukumati tomonidan 2015 yil 22 iyulda qabul qilingan “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonunda ommaviy xizmatchilar (ya’ni, davlat xizmatchilari, deputatlar, jamoat va boshqa tashkilotlar rahbarlari singari) davlat tilini bilishi shartligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Qonunchilik tashabbusi bilan Gruziya Parlamentiga kiritilayotgan qonun loyihalari va takliflar gruzin tilida taqdim etiladi. Barcha fuqarolar davlat idoralari, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlari bilan davlat tilida munosabat olib borishlari shart. Ya’ni, fuqarolarning murojaat va yozishmalari davlat tilida bo‘lishi talab qilinadi.
Shuningdek, Qonunda davlat tilini himoya qilish kafolatlariga qaratilgan alohida bob ajratilgan bo‘lib, unda davlat gruzin tilini himoya qilishi, barcha davlat organlari va mahalliy idoralari davlat tilining rivoji va sofligi uchun javobgar ekanligi belgilab qo‘yilgan.
Qozog‘iston Respublikasining davlat tili to‘g‘risidagi qonunchiligiga ko‘ra, davlat tili qozoq tili bo‘lib, davlat tili – davlat boshqaruvi, qonunlar, sud ishlarini yuritish, ish yuritish tili bo‘lib, butun davlat hududida ijtimoiy munosabatlarning barcha sohalarida amal qilishi, davlat tilini bilish har bir Qozog‘iston Respublikasi fuqarosining burchi va vazifasi ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Shunday ekan, xorijiy davlatlar tajribasini inobatga olgan holda davlat tilini takomillashtirish yuzasidan quydagilar taklif qilinadi:
1. Davlat tilini bilish davlat xizmatchilari, deputatlar, ommaviy va boshqa bir qator kasb egalari uchun davlat tilini bilish majburiyligini qonun bilan mustahkamlash hamda davlat xizmatchilarining davlat tilini bilish darajasi bo‘yicha imtihon qilish amaliyotini joriy etish;
2. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda atamalarning o‘zbekcha muqobili turganda, boshqa tildagi variantini ishlatish ta’qiqlanishini qat’iy belgilab qo‘yish;
3. Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish, hisob-kitob, statistika va moliya hujjatlarini davlat tilida yuritishni shart qilib, zaruriyatga qarab boshqa tillarga tarjima qilinishini belgilash;
4. Xorijiy tilda berilgan reklama yoki e’lonlar ularning o‘zbek tilidagi shaklidan so‘ng joylashtirilishi lozimligini belgilash;
5. Davlat xizmatchilarining davlat tilini bilishi shartligini nazarda tutish.
Yuqorida sanab o'tilgan taklif va tashabbuslarni amalga oshirilishi davlat tilining hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini oshishiga, davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritish to‘liq davlat tilida amalga oshirilishiga olib keladi.
BuxDuPIning 1-2O'zRus 21 talabasi Turgʻunboyev Asadbek
Do'stlaringiz bilan baham: |