Soʻnggi yillarda respublika iqtisodiyotida davlatning roli va ishtirokini qisqartirish, iqtisodiyot tarmoqlarini boshqarishga bozor prinsiplari va mexanizmlarini keng joriy qilish, shuningdek, aholi farovonligi va turmush darajasini oshirish boʻyicha aniq maqsadga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Davlat tarixida birinchi marta Prezident mamlakatda kambagʻallik muammosini ochiq tan oldi. Ilgari taqiqlangan mavzu bugun nafaqat muhokamaga aylandi, balki ushbu muammoning haqiqiy koʻlami, balki kecha imkonsiz tuyulgan mamlakatdagi kambagʻallar soni boʻyicha aniq raqamlar oshkor etildi.
Bundan tashqari, kambagʻallik darajasini kamaytirish vazifasi kun tartibidagi asosiy masalalardan biriga aylandi. Uzoq muddatga moʻljallangan mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining barqarorligini taʼminlash strategiyasining bosh maqsadi qilib qoʻyildi. Prezidentning shu yil yanvar oyida Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida “Birinchi navbatda aholi farovonligini oshirish va uning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish — biz uchun bosh vazifalardan biri boʻlib qoladi”, deya aniq aytildi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi kambagʻallikni qisqartirish jarayonlarini tartibga solish uchun maxsus tashkil etildi. Xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda, 2030-yilgacha Kambagʻallikni kamaytirish strategiyasini ishlab chiqishga qaror qilindi. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini aniqlash va ularni qoʻllab-quvvatlashni muvofiqlashtirish borasidagi ishlar samaradorligini mustahkamlash maqsadida Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi.
Bundan tashqari, qishloq joylarda hayot sifatini oshirish va obodonlashtirish borasida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” kabi dasturlar izchil amalga oshirilmoqda.
Aytish mumkinki, mamlakatimizda birinchi marta aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashning integratsiyalashgan, zamonaviy tizimi bosqichma-bosqich va izchil hayotga tatbiq etilmoqda. Shuningdek, u xalq bilan “ijtimoiy muloqot”ni amalga oshirishning tubdan yangi mexanizmlariga asoslanadi.
Bu borada olib borilayotgan saʼy-harakatlarni koʻp jihatdan allaqachon oʻz samaradorligini isbotlagan Xitoyning kambagʻallikni bartaraf etish strategiyasi bilan taqqoslash mumkin.
Odatda Xitoyning qashshoqlikka qarshi kurashdagi muvaffaqiyati manzilli yordam, qishloq xoʻjaligidagi islohotlar, kambagʻal aholini maʼlum koʻnikmalarga oʻrgatish, infratuzilma va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish kabi asosiy tayanch ustunlarga asoslangan, deya eʼtirof etiladi.
Bunday yondashuv tufayli, bugungi kunda Xitoy — qashshoqlikni qisqartirishning rekord surʼatlarini namoyish etayotgan va birinchi marta “Qashshoqlikni kamaytirish boʻyicha BMT mingyillik rivojlanish maqsadlari”ga erishgan mamlakat hisoblanadi. Oʻtgan 40 yil mobaynida XXR 740 milliondan ortiq kishini qashshoqlikdan olib chiqdi. Bunday yutuqlar, avvalo, joylarda izchil ishlarni amalga oshirish, qatʼiy maʼmuriy nazorat oʻrnatish orqali taʼminlangan.
Oʻzbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish boʻyicha samarali ishlarni tashkil etish vazifasi sektorlar boʻyicha ishlar modeli yordamida hal etilmoqda. Har bir sektor hokimiyat, prokuratura, ichki ishlar organlari va soliq xizmati vakillaridan, yaʼni joylardagi vaziyat haqida barcha maʼlumotlarga ega boʻlgan shaxslardan tashkil topadi. Bunday yondashuv quyi darajalarda ishlarni yoʻlga qoʻyish imkonini beradi, shuningdek, har bir tumandagi faoliyat uchun sektor rahbarining shaxsiy masʼuliyatini oshiradi.
Xuddi Xitoydagi kabi Oʻzbekistonda ham “manzilli yondashuv” — ijtimoiy himoya tizimining asosiy elementlaridan biridir. Yordamga muhtoj barcha fuqarolar tarmoqlar va mahalla yigʻinlari rahbarlari tavsiyasi bilan “Temir daftar”ga kiritiladi. Aslida, bu “SAXOVAT.ARGOS.UZ” elektron dasturi boʻlib, unga kiritilgan fuqarolarga davlatning maqsadli yordam koʻrsatishi “qatʼiy kafolatlanadi”.
“Temir daftar”ga ish oʻrinlari va daromad manbalarini yoʻqotganlarning barchasi, shuningdek, nogironligi boʻlgan kishilar, yakka-yolgʻiz qariyalar va kam taʼminlanganlar kiritiladi.
“Temir daftar”dagi oilalarni tanlash koʻplab mamlakatlarda keng tarqalgan kategorial baholash usuliga asoslanadi. Bunda aholining ayrim guruhlariga ijtimoiy yordamga muhtoj shaxslar sifatida qaraladi.
Bizning holatda “Temir daftar”ni yuritish 5 ta toifadagi oilalarni nazarda tutadi: 1) ehtiyojmand, nochor va moddiy koʻmakka muhtoj oilalar; 2) nogironligi boʻlgan va surunkali kasallikka chalingan kishilar; 5 va undan koʻp farzandi bor oilalar; 4) yakka-yolgʻiz keksalar, bevalar va oʻzgalar qaramogʻiga muhtojlar; 5) karantin choralari natijasida oʻzining daromad manbaini yoʻqotgan oilalar.
Bugungi kunda “Temir daftar”ga kiritishning asosiy mezoni — daromad va ishlab pul topish vositalarining mavjud emasligi hamda mehnatga layoqatlilikning cheklanganidir.
Tuman yoki shahar sektorlari rahbarlari mahalla raislari bilan birgalikda oilalarning moddiy va uy-joy sharoitlarini oʻrganish va umumlashtirish uchun uyma-uy yurmoqda, agar maqsadga muvofiq, deb topilsa, yangi aniqlangan ehtiyojmandlar ham dasturga kiritiladi.
Taʼkidlash joiz, Yevropa mamlakatlarida nafaqa tayinlashdan oldin ijtimoiy xizmatlar kam taʼminlangan fuqaroning moliyaviy vaziyatini oʻrganadi. Masalan, Germaniyada manzilli yordam yoki ijtimoiy nafaqalar toʻlash qaroriga faqat ijtimoiy soha xodimlari fuqaroning chindan ham qiyin moliyaviy vaziyatda ekaniga ishonch hosil qilganidan keyingina kelinadi.
“Temir daftar”ga muhtoj oila sektor kotibi tomonidan kiritiladi. Qayd etishda, qabul qiluvchining maʼlumotlaridan tashqari, dasturda koʻrsatiladigan yordam turi haqida ham maʼlumotlar joy oladi.
Ushbu dasturning afzalligi shundaki, undan tuman, viloyat va umuman, respublikadagi mavjud ijtimoiy vaziyat haqida aniqroq tasavvur yuzaga keladi. Yaʼni, tuman hokimidan tortib, Prezidentgacha ishlar koʻlami va erishilgan natijalar borasida, real yordam koʻrsatilayotgan oilalar va ism-shariflargacha, aniq va yaxlit tasavvurga ega boʻladi.
Oddiy qilib aytganda, “Temir daftar”da umumiy koʻrsatkichlar emas, balki har bir oila, har bir fuqaroning muammolari va ularning yechimlari aks etadi. Bularning barchasi har bir fuqaroning ijtimoiy muammolariga, uning oʻta zaruriy muammolarini hal etishga yordam beradigan yoʻl va vositalarga eʼtibor qaratish imkonini beradi.
“Temir daftar” roʻyxatlari asosida epidemiyaga qarshi kurashning dastlabki kunlaridan boshlab aholini moddiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda qoʻllab-quvvatlash choralari, xuddi baʼzilar tasdiqlashga oʻrganib qolganday, oddiygina ijtimoiy paketlarni tarqatish bilangina cheklanib qolinmaydi.
Avvalo, muhtoj oilalarga koʻrsatilayotgan moliyaviy yordamning ahamiyatli ekanini taʼkidlash lozim. Buning natijasida mamlakatimizda birinchi marta qiyin ahvolda qolgan barcha kishilarni toʻgʻridan-toʻgʻri moddiy qoʻllab-quvvatlash yoʻlga qoʻyildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |