XUSUSIYLAShTIRISh JARAYoNINI TARTIBGA SOLUVChI QONUNLAR VA NORMATIV HUJJATLARNI TAKOMILLAShTIRISh
Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarini tartibga soluvchi qator qonun va normativ hujjatlarga mazkur Dasturning I-VII bo‘limlariga muvofiq belgilangan tartibda o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.
Jumladan, quyidagi qonun va nizomlar o‘zgartirishni va qayta ishlashni talab qiladi:
“Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida”, “Ijara to‘g‘risida”, “Mulkchilik to‘g‘risida”, “Korxonalar to‘g‘risida”, “Chet el investitsiyalari to‘g‘risida”, “Monopolistik faoliyatni cheklash to‘g‘risida”, “Xo‘jalik jamiyatlari va shirkatlar to‘g‘risida”, “Garov to‘g‘risida”, “Qimmatli qog‘ozlar va fond birjasi to‘g‘risida” yangi qonunlar joriy qilinishi zarur. Ular orasida “Xo‘jalik subyektlarining sinishi to‘g‘risida” va boshqalar bor.
Respublikamizdagi davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish bo‘yicha nizomlar, normativ hujjatlar tadrijiy asosda, yo‘nalishlar bo‘yicha ishlab chiqilmoqda va tasdiqlanmoqda.
8.1. Davlat korxonalarini xususiylashtirishda tarkibiy siyosatni amalga oshirish uchun normativ bazalar tayyorlash.
Tegishli hujjatlar bilan:
xususiylashtirilishi kerak bo‘lgan korxonalarning davlat reyestri, boshqaruvning respublika va mintaqaviy tuzilmalarini uyushmalarga va xo‘jalik birlashmalarining boshqa shakllariga aylantirish, uyushmalar va ittifoqlarning ustavlarini O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiqlashtirish, O‘zbekiston Respublikasi budjetidan mablag‘ bilan ta’minlanadigan davlat korxonalari va tashkilotlari ro‘yxati, xalq xo‘jaligi tarmoqlarida va narx belgilash sohasida monopolistik faoliyatni cheklash tartibi tartibga solib boriladi.
Xususiylashtirishning mintaqaviy dasturlari, ulgurji savdo tizimi, davlat kadastrlarining yagona tizimi, Xolding kompaniyalari to‘g‘risidagi nizom, pay va aksiyalarni qayta taqsimlash, haqiqiy mulkdorlarni aniqlash tartibi tasdiqlanadi.
8.2. Davlat korxonalarini ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlariga aylantirishga doir chora-tadbirlar davlat mulki bo‘lgan obyektlarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, korxonalar aksiyalarini chiqarish va sotish, asosiy fondlarni hisobdan chiqarish, yopiq aksionerlik jamiyatlarini ularning ochiq turlariga aylantirish, alohida obyektlar va korxonalarni xo‘jalik jamiyatlari va shirkatlari tarkibidan chiqarish tartibini, ochiq turdagi aksionerlik jamiyatining namunaviy Ustavini belgilaydi.
8.3. Qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish va ko‘chmas mulklar hamda ishlab chiqarish vositalari bozorlarini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar:
(fond, tovar-xomashyo, ko‘chmas mulk) birjalari, investitsiya fondlari, qurilishi tugallanmagan obyektlarni sotish bo‘yicha tanlovlar to‘g‘risidagi nizomlarni;
axborotlarning respublika telekommunikatsiya tizimini yaratish dasturini;
xo‘jalik subyektlarining sinishi to‘g‘risidagi qonunni ishlab chiqishni nazarda tutadi.
8.4. Xorijiy investitsiyalarni xususiylashtirish jarayoniga jalb etish. Bu ishda yutuqqa erishish uchun xorijiy fuqarolarning kelishi va O‘zbekiston hududida yurishining, xorijiy investitsiya jalb etilgan korxonalarni ro‘yxatdan o‘tkazishning soddalashtirilgan tartibi joriy qilinadi, xorijiy yuridik va jismoniy shaxslardan soliq olish tartibga solinadi, ularning xususiylashtirishda qatnashishi uchun keng imkoniyatlar ochiladi, “Xorijiy investitsiyalar to‘g‘risida”gi Qonun takomillashtiriladi.
8.5. Tarmoq xususiyatiga ega bo‘lgan korxonalarni xususiylashtirishning o‘ziga xos jihatlari Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan mustahkamlangan tegishli dasturlar va uslubnomalarda hisobga olinadi.
8.6. Aholini ijtimoiy himoya qilish choralari aksionerlarning huquqlarini va xususiy jamg‘armalarni himoya qilish tartibini, korxonalarni xususiylashtirilgandan keyin qo‘llab-quvvatlash choralari tizimini belgilaydi.
8.7. Islohot g‘oyalarini targ‘ib qilish axborot vositalari orqali mahalliy aholiga hamda xorijiy investorlarga yetkaziladigan islohotlar va keng ko‘lamda xususiylashtirish to‘g‘risidagi maxsus ishlab chiqilgan dasturlar orqali amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |