DAVLAT TASARRUFIDAN ChIQARISh VA XUSUSIYLAShTIRISh USULLARI Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish usullari Davlat mulki qo‘mitasi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan belgilanadi.
3.1. Davlatning barcha korxonalari xususiylashtirish usuliga ko‘ra ikki guruhga ajratiladi:
birinchi guruh iqtisodiyot barcha tarmoqlarining ishlovchilar soni 150 kishigacha bo‘lgan, asosan kimoshdi savdolari, tanlovlar yoki birja savdolarida sotiladigan mayda korxonalarni o‘z ichiga oladi. Davlat mulki qo‘mitasi tomonidan qabul qilingan xususiylashtirish usuli to‘g‘risidagi qaror Davlat mulki qo‘mitasiga qarashli tashkilotlar tomonidan bajarilishi shartdir;
ikkinchi guruh, Dasturning 3.2-bandida nazarda tutilgan istalgan usulda xususiylashtirilishi mumkin bo‘lgan qolgan barcha korxonalarni o‘z ichiga oladi.
Davlat mulki qo‘mitasi xususiylashtirish obyektini sotish to‘g‘risida axborot bildirishi e’lon qilingunga qadar xususiylashtirishning tarmoq va mahalliy dasturlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga haqlidir.
3.2. Xususiylashtirishning quyidagi usullaridan foydalanish nazarda tutiladi:
xususiylashtirish jarayonida tashkil etilgan ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlari aksiyalarini sotish;
–– davlat korxonalarini ochiq aksionerlik jamiyatlariga aylantirish va ularning aksiyalarini belgilangan tartibda sotish;
–– aksionerlik jamiyatlari bo‘lmagan korxonalarni tanlov bo‘yicha va kimoshdi savdosida sotish;
–– ishlab turgan, tugatilayotgan va tugatilgan korxonalar mol-mulki (aktivlarni, shuningdek, qurilishi tugallanmagan obyektlarni birja savdolarida, kimoshdi savdolarida va tanlov bo‘yicha sotish;
–– davlat mulki hisoblangan ulush (pay, aksiya)larni kimoshdi savdosida, tanlov bo‘yicha, shu jumladan, qatnashchilarning tarkibi cheklangan tanlov bo‘yicha sotish.
3.3. Xususiylashtirish jarayonida tashkil etilgan ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlari aksiyalarini sotish.
Davlat o‘z ulushini saqlab qoladigan ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlarining ustav sarmoyasini shakllantirishda asosan aksiyalarning quyidagi to‘rtta paketi nazarda tutiladi:
davlatga tegishli;
mehnat jamoalariga tegishli;
xorijiy sherikka tegishli;
fond birjalarida va qimmatli qog‘ozlar bozorlarida, shu jumladan, chet ellarda erkin sotishga mo‘ljallangan aksiyalar.
Davlat va mehnat jamoalari aksiyalari paketining ulushi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi tomonidan belgilanadi.
Fuqarolar yoki yuridik shaxslar tomonidan sotib olingan yoki tekinga olingan har qanday aksiyalarni mulkdor qonunchilik doirasida cheklashlarsiz sotishi mumkin.
Qo‘shimcha (ikkilamchi) emissiya va aksiyalarni tarqatish aksionerlik jamiyatlari tomonidan amaldagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
3.4. Aksionerlik jamiyatlari bo‘lmagan korxonalarni tanlov bo‘yicha va kimoshdi savdosida sotish.
Jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan xususiylashtirish obyektlari xususiy mulk qilib sotib olinishi xaridorlardan xususiylashtirilayotgan obyektga nisbatan qandaydir shartlarni bajarish talab qilingan hollarda tanlov bo‘yicha sotish hisoblanadi. Tanlov shartlari O‘zbekiston Respublikasida davlat korxonalarini tanlov bo‘yicha davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish tartibiga muvofiq belgilanadi.
3.4.1. Kimoshdi savdosida (tanlov bo‘yicha) xususiylashtirilgan davlat korxonalarining egalari bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarga bu korxonalar egallab turgan hamda ular xarid qilgan mulk tarkibiga kirmagan odamlar yashamaydigan xonalar, binolar, imoratlarni ijaraga olish bo‘yicha uzoq muddatli (10 yilgacha bo‘lgan muddatga) shartnomalar tuzish huquqi beriladi. Yuqorida ko‘rsatilgan xonalar, binolar, imoratlarning ijara shartnomalarini ilgari tuzilganlarga nisbatan o‘zgartirishga faqat tomonlarning kelishuviga ko‘ra, agarda shartnoma shartlarida boshqacha hol nazarda tutilmagan bo‘lsa, yo‘l qo‘yiladi.
Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasining xususiylashtirilgan obyektlari egalari shu korxonalar egallab turgan yer uchastkalarini mulk qilib sotib olish huquqiga egadirlar.
3.4.2. Korxonalar va tashkilotlarning, shu jumladan, tugatilayotgan va tugatilgan korxonalar va tashkilotlarning mol-mulki (aktivlari) kimoshdi savdosida va Respublika ko‘chmas mulk savdosi birjasida hamda uning filiallarida Davlat mulki qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadigan Nizomga muvofiq sotiladi.
3.4.3. Ishlab turgan davlat korxonalarining mol-mulkini (aktivlarini) sotish faqat Davlat mulki qo‘mitasining ruxsati bilan u belgilagan tartibda sotiladi.
3.4.4. Tugallanmagan qurilish obyektlari aktivlarini xususiylashtirish:
bu obyektlarning aktivlarini birja savdolarida, kimoshdi savdolarida, tanlov bo‘yicha sotish yo‘li bilan;
keyinchalik aksiyalar sotiladigan davlat sarmoyasi 100 foiz bo‘lgan ochiq aksionerlik jamiyati ta’sis etish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Tugallanmagan qurilish obyektlarining aktivlarini sotishdan olingan pul daromadlarini taqsimlash Davlat mulki qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.