O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O`RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
TOSHKENT MOLIYA INSTITUTI
“DAVLAT MOLIYA KAFEDRASI”
“MOLIYANING DOLZARB MUAMMOLARI” fanidan
“Davlat krediti va Davlat qarzlarini boshqarish” mavzusida
ILMIY LOYIHA
Bajardi: MM 57-2 guruh talabasi Igambediyeva D
Tekshirdi: Jumaniyazov I
Toshkent 2021
Davlat krediti va Davlat qarzlarini boshqarish
Reja:
Kirish
1.Davlat kreditining mazmun- mohiyati, funksiyalari va davlat qarzining tasniflanishi
2.O’zbekiston Respublikasi davlat qarzining hozirgi holati tahlili
3.Davlat qarzlarini boshqarishning xorijiy tajribalari va ularni qo’llash masalalari.
Xulosa
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati
KIRISH
2017-2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakatimizning jahon moliya tizimiga jadal integratsiyalashuvi sharoitlarida davlat qarzini xavfsiz darajada saqlash va samarali boshqarish o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta'minlash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan yoki uning kafolati ostida jalb qilinayotgan mablag‘larning asosiy qismi mamlakatimiz aholisining yashash sharoitini yaxshilashga qaratilgan loyihalar (ichimlik suvi va barqaror elektrenergiyasi bilan ta'minlash, uy-joylar qurish, ta'lim va sog‘liqni saqlash loyihalari) bilan birga infratuzilma va bazaviy tarmoqlarni rivojlantirish loyihalariga yo‘naltirilgan. Mazkur loyihalar iqtisodiyotimizda uzoq yillar davomida investisiyalarga bo‘lgan yuqori talab shakllangan holatda iqtisodiyotni rivojlantirish uchun zarur infratuzilmani yaratish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, ularni modernizasiya qilish va raqobatbardoshligini oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlashtirishga qaratilgan. Ayni vaqtda, davlat qarzini xavfsiz darajada saqlab turilishi kelgusida makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlashning asosiy omillaridan biri ekanligini inobatga olib, bugungi kunda davlat qarzini boshqarish tizimi samaradorligini xalqaro andozalar asosida oshirish choralariga alohida ahamiyat berilmoqda.. Shu nuqtai-nazardan, mazkur sharh Moliya vazirligi faoliyati shaffofligini yanada oshirish hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat qarzini shakllantiruvchi omillar, davlat qarzi hisobidan moliyalashtirilayotgan loyihalar hamda davlat qarzini boshqarish tizimi samaradorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan choralar to‘g‘risida batafsil va tizimli xabardor qilishga qaratilgan.
Davlat krediti hokimiyat va boshqaruv organlari orqali, bir tomondan, davlat va ikkinchi tomondan, jismoniy va yuridik shaxslar oʼrtasida vujudga keladigan iqtisodiy munosabatlar majmuidan iborat boʼlib, unda davlat qarz oluvchi, kreditor (qarz beruvchi) va kafil sifatlarida maydonga chiqadi.
Bunday iqtisodiy (kredit) munosabatlar(i)ning mumtoz (klassik) shaklida davlat, odatda, mablagʼlarni qarz oluvchi boʼlib hisoblanadi.
Аgar davlat yuridik va jismoniy shaxslarga qaytarish va haq (toʼlov, toʼlash) asosida mablagʼlarni taqdim etib, kreditor (qarz beruvchi) sanalsa, unda amalga oshirilishi lozim boʼlgan operatsiyalar hajmi ancha kamayadi (pasayadi).
Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan olingan qarzlarni uzish (qaytarish) yoki ularning boshqa majburiyatlarini bajarish javobgarligini davlat oʼz zimmasiga olgan holatda, u kafilga aylanadi. Markazlashtirilgan pul fondlarining oʼlchamiga bevosita taʼsir koʼrsatuvchi kredit munosabatlarining dastlabki ikki koʼrinishidan (qarz oluvchi va kreditor) farq qilgan holda davlat tomonidan kafolatning berilishi oʼsha markazlashtirilgan pul fondining, albatta, oʼzgarishiga olib kelmasligi mumkin. Аgar qarzdor oʼzining zimmasiga yuklatilgan majburiyatlar boʼyicha toʼliq hajmda va oʼz vaqtida hisob-kitob qilishni uddalay olsa, kafil hech qanday qoʼshimcha xarajatlarni amalga oshirmaydi. Biroq amaliyotda yetarli darajada ishonchli boʼlgan qarz oluvchilar davlat kafolatiga muhtoj boʼlmaydi. Ular mustaqil ravishda kredit bozoridan mablagʼlarni jalb qilishga qodirdir. Odatda, davlat kafolatlari yetarli darajada ishonchli boʼlmagan qarz oluvchilarga nisbatan qoʼllaniladi va bu narsa shunga mos ravishda, markazlashtirilgan pul fondidan xarajatlarning oʼsishiga olib keladi.
Davlat krediti iqtisodiy kategoriya sifatida ikki koʼrinishdagi – moliya va kredit – pul munosabatlarining oʼrtasida joylashgan boʼlib, shunga mos ravishda, u ham moliyaga va ham kreditga tegishli boʼlgan xususiyatlarga egadir. Moliya tizimining alohida olingan boʼgʼini sifatida esa davlat krediti davlatning markazlashtirilgan pul fondlarini (byudjet va byudjetdan tashqari fondlarni) shakllantirish va ulardan foydalanish jarayoniga xizmat qiladi.
Kreditning bir turi sifatida davlat krediti klassik (mumtoz) moliyaviy kategoriyalardan, masalan, soliqlardan farq qiluvchi bir necha oʼziga xos boʼlgan quyidagi xususiyatlarga egadir:
soliqlarga nisbatan davlat krediti ixtiyoriylik xarakteriga ega. Аyrim hollarda amaliyotda, u yoki bu davlatlar tarixida bu printsipdan chekinish va davlat zayomlarini joylashtirishda majburiylik holatlariga ham yoʼl qoʼyiladi;
• agar soliqlar faqat bir yoʼnalishda - soliq toʼlovchilardan byudjetga yoki nobyudjet fondlarga - harakat qilsa (bunga teskari yoʼnalishdagi harakat faqat ortiqcha toʼlangan yoki xato undirilgan soliqlar qaytarilayotgandagina sodir boʼlishi mumkin), qaytaruvchanlik va haqlilik (toʼlovlilik) davlat kreditining asosini tashkil etadi. Haqiqatdan ham davlat kreditida maʼlum bir vaqt oʼtganidan soʼng oʼtkazilgan summa foizi bilan qaytarilishi kerak.
Umuman olganda, davlat krediti boshqa moliyaviy kategoriyalardan oʼzining quyidagi xarakterli xususiyatlari bilan farqlanadi:
• agar bank kreditini taqdim etishda taʼminlanganlik elementi sifatida konkret boyliklar – ombordagi tovarlar, tugallanmagan ishlab chiqarish va boshqa shunga oʼxshashlar – maydonga chiqadigan boʼlsa, davlat tomonidan mablagʼlar qarzga olinayotganda uning egaligida boʼlgan barcha mol-mulk, maʼlum bir hududiy birlikning mulki yoki uning qandaydir bir daromadi davlat kreditining taʼminlanganlik elementi boʼlishi mumkin;
• Markaziy hukumat darajasida davlat krediti aniq maqsadli xarakterga ega boʼlmaydi. Shunday boʼlishiga qaramasdan, hokimiyatning quyi darajalarida olingan qarziy mablagʼlar aniq ifodalangan maqsadli xarakterga yoʼnaltirilgan boʼladi. Masalan, yangi yoʼllarni va turar-joy massivlarini qurish uchun olingan qarziy mablagʼlar ana shunday xarakterga egadir ;
• har qanday qarz oluvchi singari davlat ham mablagʼlarni oldindan belgilangan muddatlarga jalb qiladi va bu muddatlar davlat kreditining aniq shartlarida oʼz ifodasini topadi.
Davlat kreditining mazmun-mohiyati u tomonidan bajariladigan funktsiyalar orqali yaqqol namoyon boʼladi. Moliyaviy kategoriya sifatida davlat krediti quyidagi funktsiyalarni bajaradi:
• taqsimlash;
• tartibga solish;
• nazorat.
* Davlat kreditining taqsimlash funktsiyasi orqali davlatning markazlashtirilgan pul fondlarini shakllantirish yoki muddatlilik, haqlilik va qaytaruvchanlik printsiplari asosida ulardan foydalanish amalga oshiriladi. Davlat qarz oluvchi (qarzdor) sifatida maydonga chiqib, oʼz xarajatlarini moliyalashtirishni qoʼshimcha mablagʼlar bilan taʼminlaydi. Sanoati taraqqiy etgan mamlakatlarda davlat qarzlari byudjet defitsitini moliyalashtirishning asosiy manbai boʼlib hisoblanadi. Shuning uchun ham hozirgi sharoitda davlat qarzlari orqali olinadigan tushumlar byudjet xarajatlarini moliyalashtirishning soliqlardan keyingi ikkinchi metodidir. Bu narsa soliq tushumlarining oshishiga nisbatan byudjet xarajatlari oʼsish surʼatlarining yuqoriligi bilan izohlanadi.
Kapital xarakterdagi xarajatlarni qarzga olingan mablagʼlar hisobidan moliyalashtirish, maʼlum chegaralarda, ijobiy ahamiyatga ega. Masalan, maktab yoki kutubxona eng kamida 30-50 yil xizmat qilganligi uchun bir emas, bir necha avlodning ehtiyojlarini qondirishi mumkin. Shunday ekan, nega unda ularning qurilishi, hatto yoki ehtimol maktab va kutubxonaning xizmatidan foydalanishga ulgurmaydiganlarning soliqlari hisobidan bir necha yilga toʼlanishi kerak? Bunday holatlarda ana shunga oʼxshagan obʼektlarni qurish bilan bogʼliq boʼlgan moliyalashtirish masalalarini ularning xizmatlaridan foydalanishi mumkin boʼlgan barcha avlodning zimmasiga yuklash oqilonadir. Oʼz navbatida, moliyalashtirish manbalarini vaqt nuqtai-nazaridan uzaytirish (choʼzish) oʼsha muddatga zayomlar chiqarish yoʼli bilan taʼminlanishi mumkin. Bu holda maktabni yoki kutubxonani qurayotgan avlod keyingi avlod bilan bir xil moliyaviy yukni oʼz yelkasida koʼtarishiga erishiladi. Chunki bu holda ular tomonidan toʼlanadigan soliqlar hisobidan asosiy qarz ham va ular boʼyicha foizlar ham qaytariladi.
Shunday qilib, koʼrinib turibdiki, davlat krediti taqsimlash funktsiyasining ijobiy taʼsiri natijasida, vaqt nuqtai-nazaridan, soliq yuki ogʼirligining nisbatan tekisroq taqsimlanishiga erishiladi. Davlat qarzlari hisobidan xarajatlarni moliyalashtirish davrida olinayotgan soliqlar miqdori oshmaydi va uning ogʼirlik yuki ortmaydi. Аks holda, yaʼni xarajatlarni moliyalashtirishga davlat tomonidan qarzga olingan mablagʼlar jalb qilinmasa, bu narsani, boshqa sharoitlar teng boʼlgan taqdirda, faqat soliqlar miqdorini oshirish va uning ogʼirlik yukini orttirish evaziga moliyalashtirish mumkin. Shuning uchun ham keyin – olingan kreditlar qaytarilayotgan (uzilayotgan) paytda - soliqlar ularni toʼlash uchun olinmasdan, balki qarzlar boʼyicha foizlarni uzish (qaytarish) uchun ham olinadi.
Davlat qarziga xizmat qilish va uni qaytarish bilan bogʼliq boʼlgan xarajatlarni moliyalashtirishda soliqlar asosiy manba boʼlsa-da, lekin ular bu jarayonning yagona manbai emas. Bunday xarajatlarni moliyalashtirish manbalari mablagʼlardan foydalanishning yoʼnalishlariga bogʼliq. Аgar davlat tomonidan jalb qilingan kapitallar unumli joylashtirilsa, qurib bitkazilgan obʼekt ishga tushganidan soʼng foyda keltira boshlaydiki, uning hisobidan, jumladan, olingan qarzlar qaytarilishi mumkin. Bu holda soliq yuki ogʼirligining kuchaytirilishiga hech qanday hojat qolmaydi.
Davlat qarzlarini jalb qilish evaziga olingan kapitallardan unumsiz foydalanilsa, masalan, ular hisobidan harbiy yoki sotsial xarajatlar moliyalashtirilsa, ularning qaytarish (uzish)ning yagona manbai boʼlib soliqlar yoki yangi qarzlar boʼlishi mumkin. Oldin chiqarilgan zayomlarni qaytarish (uzish) uchun yangi davlat zayomlarining joylashtirilishi davlat qarzlarini qayta moliyalashtirish deyiladi.
Davlatning qarz olishi natijasida soliq yuki ogʼirligining kuchayishi ularning muddatiga va qarz oluvchi tomonidan toʼlanadigan kreditlarning foizlari darajasiga bogʼliq. Investor uchun davlat qarzining daromadlilik darajasi qancha yuqori boʼlsa, davlat shunchalik katta soliqlar qismini ularni qaytarish (uzish) uchun yoʼnaltirishga majbur. Аgar davlat qarzining oʼlchami qanchalik katta boʼlsa, boshqa sharoitlar teng boʼlgan taqdirda, ularga xizmat qilish uchun yoʼnaltirilayotgan mablagʼlarning salmogʼi shuncha yuqori boʼladi.
Davlat krediti orqali davlat kredit munosabatlariga kirishaturib, u ixtiyoriy yoki noixtiyoriy ravishda pul muomalasining ahvoliga (holatiga), pullar va kapitallar bozoridagi foiz stavkalarining darajasiga, ishlab chiqarishga va aholi bandliligiga taʼsir koʼrsatadi. Iqtisodiyotni tartibga solish instrumenti sifatida davlat kreditidan ongli ravishda foydalanib, davlat u yoki bu moliyaviy siyosatni amalga oshirishi mumkin.
Qarzlarni investorlarning turli guruhlari oʼrtasida joylashtirib, davlat pul muomalasini tartibga soladi. Jismoniy shaxslarning mablagʼlarini jalb qilib, davlat ularning toʼlovga qobiliyatli talabini kamaytiradi. Davlat krediti hisobidan ishlab chiqarish xarajatlari, masalan, investitsiyalar, moliyalashtirilsa muomaladagi naqd pul massasining absolyut qisqarishi sodir boʼladi. Xuddi shuningdek, davlat krediti hisobidan oʼqituvchilar va tibbiyot xodimlarining ish haqlari moliyalashtirilsa, aholi toʼlovga qobil talabining tarkibiy tuzilishi (strukturasi) oʼzgarishiga qaramasdan, muomaladagi naqd pul massasi oʼzgarmasdan qolaveradi.
Davlat qimmatli qogʼozlarini sotish-sotib olish yoki ularning garovi asosida kreditlar berish boʼyicha Markaziy bank tomonidan amalga oshiriladigan operatsiyalar mamlakat tijorat banklari likvidligini tartibga solishning muhim instrumentlaridan biri boʼlib hisoblanadi.
Moliyaviy bozorda qarz oluvchi sifatida maydonga chiqib, davlat qarziy mablagʼlarga boʼlgan talabni oshiradi va buning hisobidan kredit baholarining ortishiga oʼz taʼsirini koʼrsatadi. Davlatning talabi qancha yuqori boʼlsa, boshqa sharoitlar teng boʼlgan taqdirda, ssuda foizining darajasi shuncha yuqori boʼladi va tadbirkorlar uchun kredit shunchaga qimmatlashadi. Qarziy mablagʼlarning qimmat ekanligi ishlab chiqarish sohasiga tadbirkorlar investitsiyalarining qisqarishiga majbur qiladi va bir vaqtning oʼzida, u davlat qimmatli qogʼozlarini sotib olish koʼrinishidagi fondlarni ragʼbatlantiradi.
Maʼlum chegaraga yetgunga qadar bu jarayon ishlab chiqarishga keskin salbiy taʼsir koʼrsatmaydi. Аgar mamlakatda erkin kapitallar yetarli darajada boʼlsa, ular toʼliq qoʼshib olingunga qadar salbiy taʼsir darajasi nolьga teng boʼlib qolaveradi. Faqat shundan keyingina moliyaviy bozordagi davlatning faolligi ssuda foizining oʼsishida oʼz ifodasini topadi, pul fondlari katta qismining nounumli foydalanilishga jalb qilinishi esa iqtisodiy oʼsish surʼatlarini susaytiradi.
Kreditor va kafil sifatida faoliyat koʼrsatib, xorijdan qarzga olingan mablagʼlar hisobidan milliy ishlab chiqarish mahsulotlariga talabni vujudga keltirib, davlat ishlab chiqarish va aholi bandliligiga ijobiy taʼsir koʼrsatadi. Sanoati taraqqiy etgan mamlakatlarda kichik biznes, mahsulot eksporti yoki ishlab chiqarish surʼatlarining pasayishi kuzatilayotgan alohida mintaqalarda tegishli dasturlarga muvofiq banklar tomonidan berilayotgan kreditlarni davlat tomonidan kafolatlanishi yoʼli bilan ishlab chiqarishni ragʼbatlantirish tizimi keng tarqalgan.
Kichik biznesni qoʼllab-quvvatlash kasodga uchrash hollari sodir boʼlganda davlat tomonidan kichik tadbirkorlik subʼektlariga berilgan kreditlar boʼyicha banklarga boʼlgan qarzdorlikni qaytarishni (uzishni) oʼz zimmasiga olinishini anglatadi. Dunyoning sanoati rivojlangan koʼplab mamlakatlarida davlat yoki yarimdavlat kompaniyalari faoliyat koʼrsatadiki, ular milliy mahsulotlarni eksport qiluvchilarning notoʼlovlilik risklarini past stavkalar boʼyicha sugʼurta qiladilar. Shu yoʼl bilan milliy mahsulotning yangi bozorlarni oʼzlashtirishi ragʼbatlantiriladi.
Ishlab chiqarishni rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlashni ragʼbatlantirishda hududlar byudjetlari va nobyudjet fondlari hisobidan beriladigan kreditlar katta rolь oʼynaydi. Ularning yordamida maʼlum bir mintaqalar va u yoki bu hududlar iqtisodiyoti kerakli yoʼnalishlarining yuqori surʼatlar bilan rivojlanishi taʼminlanadi.
Davlat kreditining nazorat funktsiyasi moliyaning nazorat funktsiyasi bilan organik ravishda qoʼshilib ketgandir. Lekin uning bu funktsiyasi shu kategoriyaning oʼziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan quyidagi xarakterli belgilarga ega:
• davlatning faoliyati va markazlashtirilgan pul mablagʼlari fondining ahvoli bilan uzviy bogʼlangan;
• qiymatning ikki tomonlama harakatini qamrab oladi, chunki mablagʼlar olinishining qaytarilishi va tiklanishini taqoza etadi;
• faqat moliyaviy tarkibiy tuzilmalar tomonidan emas, balki kredit institutlari tomonidan ham amalga oshiriladi.
Davlat kreditining nazorat funktsiyasi orqali mablagʼlarning maqsadli foydalanilishi, ularning qaytarilish muddatlari va foizlarning oʼz vaqtida toʼlanishi nazorat ostiga olinadi.
Byudjet defitsitini moliyalashtirish uchun davlat boshqaruv organlari qarziy mablagʼlarni, qarzlarni jalb qilishga majburdir.
Qarziy mablagʼlarni, qarzlarni jalb qilish, odatda, qarz shartnomasi asosida amalga oshiriladi. Unga koʼra, bir tomon (qarz beruvchi) ikkinchi tomonning (qarz oluvchining) mulkiga maʼlum belgilarga ega boʼlgan pul mablagʼlari yoki boshqa buyumlarni beradi, qarz oluvchi esa shu summadagi pul mablagʼlari (qarz summasi) yoki teng miqdor va sifatdagi buyumlarni qarz beruvchiga qaytarish majburiyatini oladi. Shartnoma boʼyicha qarz oluvchi boʼlib davlat yoki uning subʼektlari, qarz beruvchilar boʼlib esa fuqarolar yoki yuridik shaxslar hisoblanadi. Davlat qarzlari ixtiyoriy boʼlib, muomalaga chiqarilgan qarzlarning shartlarini oʼzgartirishga yoʼl qoʼyilmaydi.
Davlat krediti quyidagi bir necha belgilarga koʼra klasssifikatsiya qilinadi:
1) emitentlar boʼyicha:
• markaziy boshqaruv organlari tomonidan joylashtiriladigan qarzlar;
• hududiy boshqaruv organlari tomonidan joylashtiriladigan qarzlar;
2) joylashtirilish joyiga qarab:
• ichki qarzlar;
• tashqi qarzlar.
3) bozorda muomala qilishiga (aylanishiga) qarab:
• bozorli qarzlar;
• nobozorli qarzlar.
Bozorli qarzlar erkin sotiladi va sotib olinadi. Ular byudjet defitsitini moliyalashtirishda asosiy boʼlib hisoblanadi. Nobozorli qarzlar erkin ravishda oʼz egalarini almashtirishi mumkin emas. Ular qimmatli qogʼozlar bozorida muomalada boʼlmaydi. Maʼlum bir investorlarni jalb qilish uchun bunday qarzlar davlat tomonidan chiqariladi va shu investorlarning oʼziga xos boʼlgan manfaatlariga mos keladi. Masalan, gʼarb mamlakatlarida nobozorli davlat obligatsiyalari nodavlat pensiya fondlari, sugʼurta kompaniyalari va kichik investorlarning mablagʼlarini jalb qilish uchun chiqariladi.
4) mablagʼlarni jalb qilish muddatiga koʼra:
• qisqa muddatli (bir yilgacha qaytarish muddati bilan);
• oʼrta muddatli (bir yildan besh yilgacha);
• uzoq muddatli (besh yil va undan yuqori).
Qisqa muddatli qarzlardan byudjet daromadlarining kelib tushishi va xarajatlarini amalga oshirishdagi qisqa muddatli uzilishlarni moliyalashtirish uchun foydalaniladi. Odatda, bunday maqsadlar uchun veksellar chiqariladi. Italiyada gʼaznachilik veksellari 3, 6, 12 oylik muddatlarda, Yaponiyada – 60 kunlik, Buyuk Britaniyada – 91 kunlik muddatlarda chiqariladi. Gʼaznachilik veksellari ikki yilgachalik muddatlarda chiqariladigan Germaniya bundan mustasnodir.
Baʼzi bir mamlakatlarda nisbatan uzoq muddatlar uchun mablagʼlarni jalb qilishda gʼaznachilik notalaridan foydalanilib, ular veksellarga nisbatan kamroq tarqalgandir. Italiyada bunday gʼaznachilik notalari 2-3 yillik qaytarilish muddati bilan, АQShda – bir yildan oʼn yilgacha qaytarilish muddatlarida chiqariladi. Uzoq muddatlar uchun mablagʼlarni jalb qilish, odatda, obligatsiyalar yordamida amalga oshiriladi.
5. Qarziy majburiyatlarning taʼminlanganligiga qarab:
• garovli;
• garovsiz.
Garovli obligatsiyalar konkret yoki aniq mulk bilan taʼminlanadi. Bunday obligatsiyalar xorijning rivojlangan mamlakatlarida tez-tez mahalliy hokimiyat organlari tomonidan muomalaga chiqariladi. Garovsiz obligatsiyalar aniq bir narsa taʼminlanmaydi: uning taʼminlanish asosi boʼlib davlatning yoki mahalliy hokimiyat organlarining jami mulki hisoblanadi. Markaziy boshqaruv organlari,odatda, garovsiz obligatsiyalarni muomalaga chiqarishadi. Ularning ishonchliligi juda yuqori boʼlganligi uchun ular qoʼshimcha kafolatga ehtiyoj sezmaydi.
6. To‘lanadigan daromadning xarakteri bo‘yicha:
• yutuqli qarziy majburiyatlar;
• foizli qarziy majburiyatlar;
• nol' kuponli qarziy majburiyatlar.
Yutuqli obligasiyalar bo‘yicha daromadlarning to‘lanishi lotereyalar asosida amalga oshiriladi. Bu obligasiyalar katta talabga ega emas. Chunki investorlar tasodifga tayanib emas, balki barqaror daromad olishga intiladilar. Yutuq olishni istaganlar esa lotereya chiptalari sotib olishni ixtiyor etadilar. Bu turdagi qarziy majburiyatlarning asosiysi foizli obligasiyalar bo‘lib, ular bo‘yicha daromad kuponlar asosida yilda bir, ikki yoki to‘rt marta to‘lanadi. Investorlarning juda ko‘pchiligi ana shunday qarziy majburiyatlarni ma'qul ko‘rishadi.
Davlatning qisqa muddatli qarziy instrumentlari kuponlarga ega emas. Ular nominalidan chegirmalash asosida sotiladi va nominal bo‘yicha sotib olinadi. Ayrim uzoq muddatli qarziy majburiyatlar ham kuponlarga ega bo‘lmasligi mumkin. Ular bo‘yicha barcha daromadlar asosiy qarzning summasi bilan birgalikda to‘lanadi. Xuddi qisqa muddatli obligasiyalar singari ular ham nominalidan chegirmalash orqali sotiladi va nominali bo‘yicha sotib olinadi. Amaliyotda bunday obligasiyalar nol' kuponli obligasiyalar nomini olgan.
7. Daromadlarni aniqlash metodiga ko‘ra:
• barqaror (qat'iy) daromadli qarziy majburiyatlar;
• “suzuvchan” daromadli qarziy majburiyatlar.
Ayrim hollarda qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha qat'iy stavkalar foizlarni to‘lash borasida davlat xarajatlari o‘sishining sabablari bo‘lishi, boshqa bir hollarda esa ular foiz darajasining oshishini kutib o‘tirgan investorlarni qo‘rqitib yuborishi mumkin.
Byudjet defisitini qoplash uchun qarzlarni nisbatan yuqoriroq darajada bo‘lgan foiz stavkalarida joylashtirishga to‘g‘ri keladi. Qarz muddati, odatda, 20-30 yilni tashkil etayotgan qarz davri davomida o‘zining qarziy majburiyatlari bo‘yicha ana shunday foizni o‘rnatib, davlat soliq to‘lovchilarning zimmasiga qo‘shimcha xarajatlarni yuklaydi. Amaliyotda bunday vaziyatdan chiqib ketishning ikki varianti mavjud:
1) pul mablag‘lariga bo‘lgan ehtiyojni qisqa yoki uzoq muddatli qarzlarni va uzoq muddatli qarzlarni (foiz stakasi pasayib ketgan paytda) chiqarish. Biroq bu holda qarz oluvchi yana bitta qarzni chiqarish, joylashtirish va uni qaytarish (uzish) bilan bog‘liq bo‘lgan qo‘shimcha xarajatlarni amalga oshirishga majbur bo‘ladi. Bundan tashqari, foiz stavkasining oshishini (ko‘tarilishini) kutib, investorlar ikkinchi chiqarilgan qarzga nisbatan o‘z qiziqishlarini namoyon qilmaslik ehtimoli ham bu yerda bor;
2) qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha to‘lanadigan foizlarni sistematik (uzluksiz) ravishda qayta ko‘rib borish. Bu holda yuqorida keltirilgan barcha muammolar hal qilinadi. Hisob-kitob bazasi (asosi) sifatida, odatda, mamlakatdagi banklararo kreditlar bo‘yicha foiz stavkasidan foydalaniladi. Biroq bunday qarzlar o‘zining juda katta kamchiligiga ega, ya'ni qarzdor o‘z xarajatlarini rejalashtirish imkoniyaga ega bo‘lmaydi.
8. Qarz chiqarilgan paytda belgilangan (o‘rnatilgan) qarzni qaytarish muddatlariga qat'iy rioya qilish bo‘yicha qarzdorning majburiyatlariga muvofiq:
• muddatidan oldin qaytarish huquqiga ega bo‘lgan majburiyatlar;
• muddatidan oldin qaytarish huquqiga ega bo‘lmagan majburiyatlar.
Moliyaviy bozorda keskin o‘zgarishlar sodir bo‘lgan paytda qarziy majburiyatlarni muddatidan oldin qaytarish (uzish) masalasi alohida dolzarblik kasb etadi. Masalan, qarz oluvchi yillik qat'iy daromadli 12%li obligasiyalar chiqargan va bir yildan so‘ng foiz stavkasi pasayib, 6%ga teng bo‘lgan bo‘lsin. Bunday vaziyatda qarzdor (qarz oluvchi) keskin yuqotishlarga, investor esa aksincha, katta yutuqlarga ega bo‘ladi. Agar obligasiyalar muddatidan oldin qaytarish huquqiga ega bo‘lgan holda chiqarilgan bo‘lsa, yangi qarzni chiqarish va ularni joylashtirish hamda eski qarzni qaytarib (uzib) investor o‘z yuqotmalarini kamaytirishi mumkin.
Qarzlarni qaytarishning (uzishning) ikki usuli bo‘lishi mumkin:
• bir vaqtning o‘zida;
• qismlarga bo‘lib (qisman-qisman).
Agar qarzlar qismlarga bo‘linib qaytarilayotgan bo‘lsa, qaytarish muddatlari bo‘yicha qarz summalarining taqsimlanishga ko‘ra quyidagi uch variant bo‘lishi mumkin:
1) aniqlangan davr, masalan, 4 yil ichida teng qismlarga bo‘lib qaytarish. Bu holda, masalan, qarzning summasi 10 mln. so‘m bo‘lgan bo‘lsa, har yili 2,5 mln. so‘mdan qaytariladi;
2) oshib boriladigan salmoqlarda (hissalarda, qismlarda). Masalan, birinchi yil 1 mln. so‘m, ikkinchi yilda – 2 mln. so‘m, uchinchi yilda – 3 mln. so‘m va to‘rtinchi yilda – 4 mln. so‘m. Qarzdorning daromadlari yildan-yilga o‘sib (oshib) borayotgan paytda bu tizim juda qulay hisoblanadi. Masalan, boshqa sharoitlar teng bo‘lgan taqdirda, ishbilarmonlik faolligining oshishi natijasida soliq tushumlari o‘sishi ko‘zda tutiladi yoki qurilishiga qarziy mablag‘lar jalb qilingan ob'ekt, sekin-astalik bilan o‘z quvvatiga ega bo‘la borib, yidan-yilga kattaroq summadagi foydani keltira boshlaydi;
3) pasayib boradigan salmoqlarda (hissalarda, qismlarda). Masalan, birinchi yilda – 4 mln. so‘m, ikkinchi yilda – 3 mln. so‘m, uchinchi yilda – 2 mln. so‘m va h.k. Bunday tizim qarzdor daromadlarining pasayishi yoki xarajatlarining ortishi kutilayotgan paytda afzalliklarga ega va ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Davlat kreditini boshqarishni keng va tor ma'nolarda ko‘rib chiqish mumkin. Keng ma'noda davlat kreditini boshqarish deyilganda qarzdor, kreditor va garant (kafil) sifatida davlatning faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan uning moliyaviy siyosati yo‘nalishlaridan birini shakllantirish tushuniladi.
Moliyaviy siyosatning yo‘nalishlaridan biri sifatidagi davlat kreditini boshqarish davlatning boshqaruv va hokimiyat organlari qo‘lidadir. Faqat ular byudjet defisitining umumiy hajmini va demak, uni moliyalashtirish uchun zarur bo‘lgan qarzlarning hajmini, pul muomalasi, kredit, ishlab chiqarish, aholi bandligiga ta'sir qilishning asosiy yo‘nalishlari va maqsadlarini hamda kichik biznes va mamlakat ayrim mintaqalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha umumdavlat dasturlarini amalga oshirishning maqsadga muvofiqligini aniqlaydi.
Davlat byudjetining doimiy yoki xronologik tarzda defisitliligi va yuqori darajadagi davlat qarzlarining mavjudligi hozirgi sharoitda sanoati rivojlangan barcha davlatlarga xosdir. Davlatning kredit ekspansiyasi natijasida boshqa qarz oluvchilar moliyaviy bozordan siqib chiqarilayapti, kreditga nisbatan bo‘lgan yuqori foiz stavkalari hamon saqlanib qolmoqda. Davlat qarzlariga xizmat qilish bo‘yicha katta xarajatlar soliq tushumlarining katta qismini o‘ziga tortayapti. Shuning uchun ham byudjet defisiti va davlat qarzini qisqartirish sanoati rivojlangan mamlakatlar boshqaruv organlari tomonidan eng dolzarb masalalardan biri sifatida e'tirof etilayapti.
Tor ma'noda davlat kreditini boshqarish deyilganda davlat qarziy majburiyatlarini muomalaga chiqarish va joylashtirish, davlat qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish, davlat qarziga xizmat ko‘rsatish va uni qaytarish (uzish), ssuda va garantiyalar taqdim etish bilan bog‘liq bo‘lgan harakatlar majmui tushuniladi.
Davlat kreditini boshqarish jarayonida quyidagi vazifalarni yechish ko‘zda tutiladi:
• qarzdorning qarzi qiymatini minimallashtirish;
• bozorni davlatning qarziy majburiyatlari bilan ortiqcha to‘lib ketishiga va ular kursining keskin tebranishiga yo‘l qo‘ymaslik;
• jalb qilingan mablag‘lardan samarali foydalanish va ajratilgan kreditlarning maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
• kreditlarning o‘z vaqtida qaytrilishini ta'minlash;
• moliyaviy siyosat bilan aniqlangan vazifalarni maksimal yechish.
Davlat kreditini boshqarishni boshqaruv organlari, moliya va kredit institutlari amalga oshiradi. Uni operativ boshqarish esa mamlakat hukumatining rahbarligi ostida Moliya vazirligining Markaziy bank bilan hamkorligida ta'minlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |