Dasturiy modulni ishlab chiqish
Tarkibi
Dasturiy modulni ishlab chiqish tartibi. Tuzilmaviy dasturlash va qadamma-qadam detallashtirish. Sohta kod haqida tushuncha. Dasturiy modul ustidan nazorat.
Dasturiy modulni ishlab chiqish tartibi
Dasturiy modulni ishlab chiqishda quyidagi tartibga rioya qilish maqsadga muvofiqdir:
-modul spetsifikatsiyasi (tasnifini) o‘rganish va tekshirish, dasturlash tilini tanlash;
-algoritm va ma’lumotlar tuzilmasini tanlash;
-modulni dasturlash (kodlash);
-modul matnini qiyomiga etkazish;
-modulni tekshirish;
-modulni yig‘ish (kompilyatsiya qilish).
Dasturiy modulni ishlab chiqishdagi birinchi qadam asosan dastur tuzilmasining pastdan yondosh nazoratidan iborat: modul spetsifikatsiyasi (tasnifi)ni o‘rganar ekan, ishlab chiquvchi bu tasnifning unga tushunarli ekaniga va ushbu modulni ishlab chiqish uchun etarli ekaniga ishonch hosil qilishi kerak. Bu qadamning oxirida dasturlash tili tanlab olinadi: garchi dasturlash tili butun DV uchun avvaldan belgilab olingan bo‘lishi mumkin bo‘lsa-da, biroq ayrim hollarda (dasturlash tizimi yo‘l qo‘ysa) ushbu modulni ishga tushirish uchun ko‘proq mos keladigan boshqa til (masalan, assembler tili) tanlanishi mumkin.
Qo‘yilgan masala echimini topish uchun biron-bir algoritmlar ma’lum bo‘lishi mumkin. Dasturiy modulni ishlab chiqishning ikkinchi qadamida mana shuni aniqlash lozim bo‘ladi. Agar to‘g‘ri keladigan algoritm mavjud bo‘lsa va u topilsa, undan foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Modulning o‘z funksiyalarini bajarishda qo‘llanadigan tegishli ma’lumotlar tuzilmasini tanlab olish ko‘p o‘rinda ishlab chiqilayotgan modulning mantiqi va sifat ko‘rsatkichlarini avvaldan belgilab beradi. Shuning uchun bu tanlashga g‘oyat mas’uliyatli echim sifatida qarash lozim.
Uchinchi qadamda tanlab olingan dasturlash tilida modul matnini tuzish amalga oshiriladi. Modul tasnifi (spetsifikatsiyasi)da ko‘rsatilgan funksiyalarni amalga oshirishda hisobga olinishi lozim bo‘lgan turli xil detallar shu qadar ko‘pki, bu xatolar va noaniqliklarga to‘lib toshgan anchayin chalkash matnning yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bunday modulda xatolarni izlab topish va ularga to‘g‘rilashlar kiritish g‘oyat ko‘p kuchni talab qiluvchi masala bo‘lishi mumkin. SHuning uchun modul matnini tuzishda texnologik jihatdan asoslangan va amalda tekshirilgan dasturlash tartibidan foydalanish g‘oyat muhimdir. Bu masalaga birinchilardan Deykstra e’tibor qaratdi hamda tuzilmaviy dasturlashning asosiy tamoillarini asoslab berdi. Amaliyotda keng qo‘llanib kelayotgan ko‘plab dasturlash tartiblari mana shu tamoillarga asoslanadi. Eng keng tarqalgan intizomlardan biri bu qadamma-qadam detallashtirish tartibi bo‘lib, u ma’ruzamizning 4.2.2 va 4.2.3 bo‘limlarida mufassal muhokama qilinadi.
Modulni ishlab chiqishning navbatdagi qadamida modul matni DV sifati spetsifikatsiyasi (tasnifi)ga muvofiq keladigan tugal holatga keltiriladi. Modulni dasturlashda ishlab chiquvchi asosiy e’tiborini modul funksiyalarini to‘g‘ri amalga oshirilishiga qaratadi. Bunda u izohlarga ko‘p ham e’tibor bermaydi va dastur uslubiga qo‘yiladigan talablarda ham ayrim noaniqliklarga yo‘l qo‘yadi. Modul matnini qiyomiga etkazishda esa u matndagi mavjud izohlarni tahrir etishi hamda, talabdagi sifat primitivlarini ta’minlash maqsadida, unga qo‘shimcha izohlar kiritishi lozim. Xuddi shu maqsadlarda matn uslubiga qo‘yiladigan talablarni bajarish uchun ham ma’lum tahrir ishlari amalga oshiriladi.
Modulni tekshirish qadami modulni sozlash, ya’ni uni kompyuterda bajarishdan avval, uning ichki mantiqini qo‘lda tekshirishdan iborat bo‘lib, bu qadamda DV ishlab chiqilishining har bir bosqichida qabul qilinayotgan qrorlarni nazorat qilish zarurligi to‘g‘risidagi umumiy tamoil amalga oshiriladi. Modulni tekshirish usullari ma’ruzaning 4.2.4-bo‘limida muhokama qilinadi.
Va, nihoyat, modulni ishlab chiqishning so‘nggi qadamida modulni tekshirish (kompilyator yordamida) tugallanadi hamda modulni sozlash jarayoniga o‘tiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |