14.2. To‘yinish manbalari hissalarini miqdoriy baholash
Daryolarning to‘yinishida ayrim manbalarning qo‘shgan hissasi miqdorini aniqlash ancha murakkab vazifa hisoblanadi. Bu, bir tomondan, daryo havzasiga yoqqan yomg‘ir va unda qish davomida to‘plangan qor qoplamining miqdorini aniqlash masalalari bilan bog‘liq. Ikkinchidan esa, yomg‘ir va qor suvlarining ma’lum qismi daryo tarmog‘iga yer usti suvlari oqimi ko‘rinishida emas, balki shu suvlarning yer osti qatlamlariga shimilishi natijasida hosil bo‘lgan grunt suvlari sifatida qo‘shiladi. Bunday hollar o‘rmonli hududlar va ayniqsa, tog‘li rayonlar uchun xosdir.
Odatda daryoning to‘yinish manbalari miqdorini aniqlashda oqimning yillik gidrografidan foydalaniladi. Ma’lumki, oqim gidrografi deb, o‘rtacha kunlik suv sarfining yil ichida o‘zgarishini ifodalaydigan davriy chizmaga aytiladi. Uni o‘rtacha kundalik, o‘n kunlik yoki oylik suv sarfi bo‘yicha ham chizish mumkin. U millimetrli qog‘ozga chizilib, vertikalordinata o‘qi bo‘yicha suv sarfi, gorizontalabsissa o‘qi bo‘ylab esa vaqt (oy, kunlar) qo‘yiladi (14.1rasm). Chizmadagi gidrograf chizig‘i va koordinata o‘qlari bilan chegaralangan maydon yuzasi ma’lum kuzatish joyi uchun bir yil ichida oqib o‘tgan suv hajmini ifodalaydi.
Oqim gidrografini ayrim to‘yinish manbalari bo‘yicha vertikal tashkil etuvchilarga ajratib, tahlil qilish asosida daryo suvining to‘yinish manbalari miqdori baholanadi. To‘yinish manbalari miqdorini baholashning bunday usuli birinchi marta taniqli gidrolog olim V.G.Glushkov tomonidan ishlab chiqilgan.
Tekislik daryolari uchun oqim gidrografini to‘yinish manbalariga bog‘liq holda bo‘laklarga ajratishning bir necha usullari mavjud. Eng oddiy usullardan biri shundan iboratki, gidrografda bahor oldi va toshqin davrlari oralig‘idagi barcha kam suvli davrlardagi eng past nuqtalar to‘g‘ri chiziqlar bilan 14.1rasmdagidek birlashtiriladi. Chiziqdan quyida joylashgan yuza yer osti suvlari hissasini ifodalaydi. Ko‘rinib turibdiki, bunda daryoga qo‘shiladigan yer osti suvlari rejimini hisobga olish imkoniyati mavjud emas. Bu esa hisoblashlarda birmuncha xatoliklarga olib keladi. Lekin keyingi yillardagi tadqiqotlar natijasi daryolarga qo‘shiladigan yer osti suvlari rejimini hisobga olish imkoniyatini yaratdi.
Ma’lumki, daryo o‘zanidagi suvlar yer osti suvlari bilan gidravlik bog‘langan yoki bog‘lanmagan bo‘lishi mumkin. Lekin har ikki hol uchun ham daryoga qo‘shiladigan yer osti suvlari oqimi to‘linsuv davrining pasayishida eng ko‘p miqdorda kuzatilar ekan. Shu holatni hisobga olib, gidrografda daryodagi yer usti va yer osti suvlari oqimlari orasidagi chegarani 14.1rasmdagidek o‘tkazish lozim.
Tog‘ daryolari uchun oqim gidrografini to‘yinish manbalari bo‘yicha bo‘laklarga bo‘lish birmuncha qiyin, Chunki bunda qor, yomg‘ir, muzlik va yer osti suvlarining o‘zaro bog‘liqligi tekislik daryolariga nisbatan ancha murakkab bo‘ladi. Shuning uchun ham ularda to‘yinish manbalarining hissasini baholash oqim gidrografi bilan birgalikda (kompleks holda) chizilgan yog‘in va havo haroratining yil davomida tebranishi chizmalarini solishtirgan holda amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |