O’zbek tilidan olimpiadalar tashkil qilishning o’ziga xos xususiyatlari.
Ma’lumki, olimpiada faqat o‘zbek tilidan bilim, malaka va ko‘nikmalarni tekshirish uchungina emas, balki o‘quvchilarning o‘zbek tilining har xil bo‘limlarini mustaqil o‘zlashtirishga bo‘lgan qiziqishlarini orttirishga yordam beradi. Olimpiadalar tufayli o‘quvchilar o‘zbekcha og‘zaki va yozma nutq malakalarini sinovdan o‘tkazsalar, o‘qituvchilarning mehnatlari natijalari o‘zlari va boshqalar tomonidan baholanadi.
Ma’lumki, o‘zbek tilidan olimpiada quyidagi bosqichlarda olib boriladi:
Yozma ish (insho).
Og‘zaki sinov.
Test sinovi.
O‘zbek tilida insho yozish, yozma nutq malakalarini namoyon qilish olimpiada ishtirokchilari uchun ancha murakkab ish hisoblanadi. SHunday bo‘lsa ham, ta’lim qoraqalpoq tilida olib boriladigan umumta’lim maktablari o‘quvchilari orasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va O‘zbekiston miqyosidagi olimpiadalarda ijodiy yondashilgan, mazmunli insholari bilan qatnashib kelayotgan o‘quvchilarni ko‘plab uchratish mumkin. Ular o‘zlarini qiziqtirgan “Mening orzuim”, “Giyohvandlik – asr vabosi”, “Men sevgan adib”, “Sog‘ tanda sog‘lom aql”, “Ona-muqaddas”, “Vaqting ketdi- baxting ketdi”, “XXI asr – texnika asri” kabi erkin mavzularda shaxsiy qarashlarini ifodalashga intiladilar.
Olimpiada ishtirokchilari rasm asosida monolog, har xil mavzularga doir nutqiy vaziyatlar, dialog yarata bilishlari lozim bo‘ladi.
Hay’at a’zolari o‘quvchilarning og‘zaki va yozma nutq malakalarini, xususan, o‘qish tezligi, ifodali o‘qish, mavzuni chuqur, mazmunli yorita olish darajalarini baholaydilar. Ishtirokchilar taqdim qilingan biror mavzu (O‘zbekistonning shahar va qishloqlari, Davlat ramzlari, buyuk allomalar, milliy bayramlar va udumlar, musiqa, kino, rassomlik san’ati, tabiat, yoshlar hayoti, ta’lim va tarbiya va h.k.) bo‘yicha suhbatni rivojlantira olishlari kerak bo‘ladi. O‘zbek shoir va yozuvchilarining eng sara asarlaridan parchalar ayta olishi, ularga o‘z munosabatini bildira olish malakalarining rivojlanganligiga ham ahamiyat beriladi.
O‘zbek tili fonetikasi, imlo va ishorat qoidalari; sinonim, antonim, omonim, uyadosh so‘zlar, ko‘p ma’noli so‘zlar, iboralarning qo‘llanishi; so‘z turkumlari va ularning grammatik kategoriyalarini farqlash; o‘zbekcha nutqiy muloqot malakalarini egallash; o‘quvchilarning ona tilidagi so‘z, so‘z birikmasi, ibora va gaplarning o‘zbek tiliga tarjimasi, o‘zbek adabiyoti bilan bog‘liq test savollari olimpiada ishtirokchilarining bilim, ko‘nikma va malakalarini tez aniqlash, baholash imkonini beradi. Test savollari 1-bosqich uchun 25 (20) savol, 2-bosqich uchun 25 (20) savol, 3-bosqich uchun 25 (40) savol hajmida tayyorlanadi. O‘quvchilar ko‘p variantli javoblardan faqat bitta to‘g‘ri javobni belgilashlari lozim bo‘ladi.
Olimpiada dasturiga gazeta yoki jurnal matnini tarjima qilish bilan bog‘liq yana bir ish turini kiritishni: 1-bosqich o‘quvchilari uchun 1000 belgi, 2-bosqich uchun 1250, 3- bosqich uchun 1500 belgi bo‘lgan matnni tavsiya qilish mumkin.
Olimpiadalarning yakuniy bosqichini faqat imtihon emas, balki bilimlar bayramiga aylantirish an’ana bo‘lib kelmoqda. O‘quvchilarni shahar muzeylari, o‘zbek adiblarining uy-muzeylari, diltortar maskanlari, madaniyat va istirohat bog‘lari, tarixiy joylarga sayr-sayohat qildirish ularning o‘lkashunoslikka oid bilimlarini boyitadi. Chunki har bir ishtirokchi safar taassurotlarini o‘z litseyiga, o‘rtoqlariga, tengdoshlariga gapirib beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |