Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha istiqboldagi ustuvor vazifalar
2021-yilgi Davlat dasturida iqtisodiyotni rivojlantirish, shu jumladan kambag‘allikni qisqartirish va uzoq muddatli barqaror iqtisodiy o‘sish poydevorini yaratishning ustuvor yo‘nalishlari belgilangan. Jumladan:
a) ishsiz a’zolari bor bo‘lgan hamda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalarga dehqonchilik bilan shug‘ullanish imkoniyatlarini kengaytirish uchun 2021-yil 1-iyuldan boshlab:
dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun yangi o‘zlashtirilgan, lalmi, foydalanilmayotgan yer maydonlaridan 10 sotixdan 1 gektargacha yer ajratilishi;
ajratilgan yer maydonlari sug‘orish tizimi (artezian quduqlar, tomchilatib sug‘orish va boshqalar) hamda elektr energiyasi bilan ta’minlanishi;
berilgan yerlarni o‘zlashtirish uchun (yer haydash, urug‘-ko‘chat xarid qilish va boshqalar) subsidiya ajratilishi belgilab berilgan.
Shu bilan birga, 2021-yil 1-aprelga qadar har bir tumanning imkoniyati va rivojlanish yo‘nalishidan kelib chiqib ehtiyojmand oilalarga dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun ko‘maklashish tizimini yo‘lga qo‘yish vazifasi ko‘zda tutilgan edi.
b) Yana bir muhim jihat shundan iboratki, tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan ishsiz, shu jumladan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga faoliyatini boshlash uchun kerak bo‘lgan asbob-uskuna, mehnat qurollari xarid qilish uchun 7 million so‘mgacha subsidiyalar ajratilishi amaliyoti yo‘lga qo‘yilib, bu orqali mazkur aholi qatlamlari biznes uchun dastlabki kapital bilan ta’minlanadi.
v) O‘zbekiston tarixida ilk marotaba milliy kambag‘allik chegarasi — Aholining minimal iste’mol xarajatlarini e’lon qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilib, mazkur ko‘rsatkichdan ijtimoiy siyosatni yuritishning samarali instrumenti sifatida foydalaniladi. Shu bilan birgalikda, ijtimoiy kafolatlarni bir tizimga keltirilib, ular bosqichma-bosqich minimal me’yorlar darajasiga yetkaziladi.
g) Kambag‘allikni qisqartirish borasida hududlardagi haqiqiy holatga baho berish, amalga oshirilayotgan ishlar ijrosini nazorat qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha 2020-yilda boshlangan ishlar mantiqan davom ettiriladi. Xususan, har bir tuman va shahar hokimi o‘z hududida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha manzilli dasturni ishlab chiqib, uning ijrosi bo‘yicha har chorakda mahalliy Kengashlar hamda ommaviy axborot vositalari orqali xalqqa hisobot berib borish tizimi joriy etiladi. Alohida ta’kidlab o‘tish joizki, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar samarasini Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining hokimlar faoliyatiga baho berish reytingiga integratsiya qilinadi.
d) Ishsiz fuqarolar, kambag‘al oila a’zolariga ularning bandligini ta’minlash va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida berilayotgan moddiy yordam va subsidiyalar samaradorligini oshirish maqsadida mutlaqo yangicha tizim — ijtimoiy shartnoma tizimi joriy yildan boshlab amaliyotga tadbiq etiladi. Mazkur tizim orqali:
ishsiz, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga bandligini ta’minlash va moddiy ko‘mak berish maqsadida ajratilayotgan subsidiya, grant, nafaqa va boshqa to‘lovlardan foydalanish bo‘yicha fuqaroning majburiyatlari belgilab beriladi;
fuqaroning ijtimoiy shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarish ustidan monitoring tizimi o‘rnatiladi va davlatdan yordam olgan fuqaroning “shaxsiy profili” yaratiladi;
ijtimoiy shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajargan fuqarolarni rag‘batlantirish, bajarilmagan holatlarda esa ularning ijtimoiy mas’uliyati belgilanadi;
ijtimoiy shartnoma tizimi tajriba tariqasida sinovdan o‘tkazilib, natijalari bo‘yicha respublikaning barcha tuman (shahar)larida tatbiq etiladi.
e) 2021-yilda kambag‘al va ishsiz fuqarolarni doimiy daromad manbai bilan ta’minlash va mehnat faolligini oshirish maqsadida ularni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish tizimi to‘liq joriy etilib, o‘qishga jalb qilingan fuqarolar qamrovi kengaytiriladi. Ushbu maqsadlarda qator amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqiladi. Jumladan, unda:
70 ming nafar ishsiz fuqaroni 40 turdagi kasb-hunarga o‘qitish;
39,6 ming ishsiz fuqaroni tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish;
50 ming fuqaroni tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi uchun chet tillariga o‘qitish;
“Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kirgan fuqarolarning o‘qish xarajatlarini Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi, yoshlar va xotin-qizlarning o‘qish xarajatlarini esa Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi (jamg‘armasi) tomonidan qoplab berish nazarda tutiladi.
Jamiyatimizda ayollar va yoshlarning rolini oshirish uchun birinchi navbatda ularga malaka berish, bandligini taʼminlash zarur. Bu vazifani samarali va sifatli bajarmasdan ayollar va yoshlar manfaatlari bilan bogʻliq ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy masalalarni tizimli hal etish imkoni boʻlmaydi. 8-oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishi shu jihatdan juda ahamiyatlidir.
Keyingi yillar davomida mazkur ikki yoʻnalish boʻyicha davlat siyosatini markazdan mahalla darajasigacha yuritadigan vertikal tizim joriy qilindi. Yoshlar masalalari har bir tumanda alohida hokim oʻrinbosari, xotin-qizlar masalalari boʻyicha esa har bir mahallada alohida rais oʻrinbosari masʼul etib belgilandi. Videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari “bundan keyin odamlarning uyiga borib, ishga muhtojlarni ishga joylashtirish tizimini yaratishimiz kerak”ligini taʼkidladilar.
Demak, mahallalargacha yaratilgan tizim endi qoʻllab-quvvatlashga muhtoj ayollar va yoshlar istiqomat qiladigan oilalargacha kirib borishi boʻyicha yangi ish tartibi belgilandi. Mahalla, tuman, shahar va viloyat kesimida “yoshlar daftari” va “ayollar daftari” shakllantiriladigan boʻldi.
Daftarlar hokimlar, sektor rahbarlari, mutasaddi tashkilotlar yoshlar va ayollar masalalarida har bir hududda holat qandayligi haqida aniq maʼlumotga ega boʻlish, shunga qarab chora-tadbir belgilash uchun juda zarur. Chunki hamma rahbarlar ham oʻzi masʼul boʻlgan hududda qancha yosh ishsiz, yana qancha ayol hunarsiz ekanini bilavermaydi.
Pandemiya munosabati bilan mamlakatimizda karantin choralari kuchaytirilgan, ehtiyojmand oilalarni manzilli qoʻllab-quvvatlash zarurati oshgan vaqtda Prezident tashabbusi bilan joriy etilgan “temir daftar”lar ish berdi, davlat yordamini yoʻnaltirib turish, ijtimoiy barqarorlikni saqlab qolish uchun asos boʻldi, katta natija berdi. Hozirda “temir daftar”lar oilalarni kambagʻallikdan chiqarish ishlarini rejali tashkil etishda, roʻyxatdagilarga qarab keyingi ishlarni muvofiqlashtirishda qoʻl kelmoqda. Yoshlar va ayollar daftarlari ham kasb-hunar oʻrgatish, bandlikni taʼminlashda manzilli yondashuvni kuchaytirishga xizmat qiladi.
“Yoshlar daftari”ga 18-30 yoshgacha boʻlgan yigit qizlar kiritilsa, “ayollar daftari”ga 30 yoshdan oshgan ayollar kiritiladi. Roʻyxatni shakllantirishda ijtimoiy, huquqiy, psixologik qoʻllab-quvvatlashga, bilim va kasb oʻrganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bor boʻlgan ishsiz yoshlar va xotin-qizlarga alohida eʼtibor qaratiladi.
Dunyoda iqtisodiy, huquqiy va mehnat munosabatlari tez rivojlanmoqda. Ishlab chiqarish, ayniqsa, xizmat koʻrsatishda qisqa vaqtda yangidan-yangi tarmoqlar paydo boʻlmoqda, oliy maʼlumotlilik haqidagi hujjatni kutib oʻtirmasdan yaxshi daromad olish, oʻzini oʻzi band qilish imkoniyatlari kengaymoqda. Mamlakatimizda tadbirkorlik, xizmat koʻrsatish sohalariga yoʻl ochilishi natijasida diplom emas, muayyan malaka talab etadigan zamonaviy ish oʻrinlari ochilmoqda. Bunday vaziyatda ishlashga ishtiyoqmand yoshlar va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash muhim. Hunar oʻrgangan, ishli boʻlgan kishilar jamiyat hayotiga tez kirishib ketadi, keyinchalik istaklariga mos imkoniyatlarni qidirib topish koʻnikmasiga erishadi.
Prezidentimiz shuning uchun bu masalaga alohida eʼtibor qaratib, “ijtimoiy shartnoma” tajribasini keng qoʻllash boʻyicha vazifa hamda yoʻnalishlarni aniq belgilab berdi. Ishsiz odam hunar oʻrganish, malaka olish uchun koʻpincha mablagʻdan qiynaladi. Endi davlat mana shu boshlangʻich davrda yoshlar, ayollarga moddiy va ijtimoiy koʻmak koʻrsatadi.
Ajratiladigan mablagʻ ayni vaqtda mehnat bozorida talab yuqori boʻlib turgan kasb-hunarlarga tayyorlovchi mingdan ziyod nodavlat kasb-hunar taʼlimi markazlari faoliyati izchil yoʻlga qoʻyilishiga xizmat qiladi.
Bu vazifalarni bajarish boʻyicha manbalar ham aniq belgilandi. Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan 100 million dollar miqdoridagi mablagʻ yoʻnaltiriladi. Shuning 10 millioni kasb-hunarga oʻqitishga, 90 millioni esa oʻquv kurslarini tamomlab, sertifikat olganlarga imtiyozli kreditlar ajratish uchun sarflanadi. “Ijtimoiy shartnoma” orqali nodavlat kasb-hunar oʻquv kurslarini bitiradigan yoshlar va ayollarga taʼlim xarajatlari uchun 1 million soʻmgacha subsidiya beriladi.
Shu tariqa qoʻllab-quvvatlashga muhtoj yoshlar va ayollar hunar oʻrganib, ishli boʻlsa, keyin hayotda oʻz oʻrnini topib ketishga qiynalmaydi. Bir soʻz bilan aytganda, davlatimiz rahbari ijtimoiy, huquqiy, psixologik qoʻllab-quvvatlashga, bilim, kasb oʻrganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bor boʻlgan ishsiz yoshlar hamda xotin-qizlarni jamiyatning faol qatlamiga qoʻshish, hududlarda kambagʻallikka qarshi kurashish boʻyicha yangi mexanizmni belgilab berdilar.
Eng asosiy masala mazkur mexanizmni samarali ishlatishimizga bogʻliq. Bu borada nafaqat mahalliy hokimliklar, mutasaddi tashkilotlar, shu bilan birga, parlament va mahalliy Kengashlar deputatlari faollik koʻrsatishi talab etiladi. Subsidiya va boshqa mablagʻlar maqsadli yoʻnaltirilishi, hunar oʻrganishga ehtiyoji va ishtiyoqi borlar toʻliq oʻrganilishi juda muhim. Mana shu jarayonda deputatlar faollik koʻrsatsa, hammani masʼuliyatli boʻlishga undasa, aholi bilan yaqin munosabat, muloqot muhiti oʻrnatiladi. Odamlarning islohotlarga va oʻz imkoniyatlariga ishonchi oshadi. Jamiyatda ijtimoiy-iqtisodiy faol qatlamni koʻpaytirish jarayonlariga katta hissa qoʻshiladi. Bu oʻz navbatida hududlarda deputatlarning pozitsiyasi mustahkamlanishiga mustahkam sharoit yaratadi.
Aksincha, qaysi hududda bu ishlar tizimli tashkil etilmasa, ishsizlik bilan bogʻliq ijtimoiy muammolar yana-da chuqurlashadi, partiyamiz elektorati bundan jabr koʻradi.
Xalq demokratik partiyasi bilim, kasb oʻrganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bor ishsiz yoshlar hamda xotin-qizlar qoʻllab-quvvatlanishi joylarda kambagʻallikning asosiy sabablari bartaraf etilishida dolzarb ahamiyatga ega, deb hisoblaydi.
Bu yoʻnalishdagi islohotlar taktikasi partiyamizning bosh maqsadiga toʻliq mos keladi. Shuning uchun har bir partiya tashkiloti va deputatlik birlashmalari aniq natija, elektorat manfaatlari yoʻlida qatʼiyat koʻrsatishi uchun rejalarini belgilab olmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |