Tarjimayi hol
Men, Zokirova Nafisa Rasuljon qizi, 1995 – yil 2 – martda Uchko’prik tumani Uchko’prik qishlog’ida xizmatchi oilasida tug’ildim. Otam – Zokirov Rasuljon Oripovich Qo’qon pedagogika kollejida o’qituvchi, onam – Hayitova Nafisa Odilovna 9 – bog’cha maktabida bosh tarbiyachi bo’lib ishlaydilar.
2001 – yil Uchko’prik tumani 1 - iqtidorli bolalar maktab – internatining 1 – sinfiga o’qishga qabul qilindim. O’qish faoliyatim jarayonida bir necha bor maktab – internatining faxriy yorliqlari va tashakkurnomalari bilan taqdirlandim. Fan olimpiadalarida faol ishtirok etib, fanlar yuzasidan muntazam bilimimni oshirib bordim. Hozirda ushbu 1 – son aniq va ijtimoiy fanlar chuqur o’rganiladigan ixtisoslashtirilgan Davlat umumta’lim maktab – internatining IX ”A” – sinfida ta’lim olmoqdaman. Joriy yilda o’tkazilgan fan olimpiadasida tarix fani bo’yicha tuman bosqichida muvaffaqiyatli ishitrok etib, viloyat bosqichida qatnashish huquqini qo’lga kiritdim. Jamoat ishlarida ham faol qatnashaman.
Mening turar joyim: Uchko’prik tumani, Uchko’prik qishlog’i, 81 – uy.
Telefon: 51-28-74.
2011.15.II. (imzo) N. Zokirova.
Tilxat
Pul, hujjat, qimmatbaho buyumlar yoxud boshqa biror narsa olinganligini tasdiqlovchi rasmiy yozma hujjat.
Tilxat bir nusxada tayyorlanadi hamda pulli va juda muhim hujjat sifatida saqlanadi.
Tilxatning asosiy zaruriy qismlari:
Hujjatning nomi (Tilxat).
Matn:
tilxat beruvchi shaxsning lavozimi, ismi va otasining ismi, familiyasi;
pul, hujjat, buyum yoki boshqa biror narsani beruvchi shaxsning lavozimi, ismi va otasining ismi, familiyasi (zarurat bo’lganda muassasa nomi);
pul, hujjat, buyum yoki boshqa biror narsaning nomi va ularning miqdori (zarurat bo’lganda bahosi);
olinayotgan buyumning texnik holati (agar u mashina, apparatlar va shu kabilar bo’lsa);
Tilxat berilgan sana.
Tilxat muallifining imzosi.
Olinadigan pul miqdori yoki buyumning bahosi va uning soni tilxatda raqamlar bilan ko’rsatiladi, qavs ichida esa so’zlar bilan ham berilishi shart.
Matn va imzo oralig’idagi bo’sh joylar chiziladi. Tilxatdagi yozuvlarni o’chirish yoki tuzatish mumkin emas, aks holda, bunday hujjatning haqiqiyligi shubha ostiga olinishi mumkin.
Tilxat
Men, 1 – son aniq va ijtimoiy fanlar chuqur o’rganiladigan ixtisoslashtirilgan Davlat umumta’lim maktab – internatining VII ”B” – sinf o’quvchisi Davlatjon Olimov, maktab – internati xo’jalik bo’limi boshlig’i G’ayrat Xoliqovdan sinf xonasi uchun umumiy bahosi 73 000 (yetmish uch ming) so’m bo’lgan 7 (yetti) dona stulni qabul qilib oldim.
2011.17.05. (imzo) D. Olimov.
Ba’zan tilxatda guvohlar ismi, sharifi ham ko’rsatiladi. Bunday hollarda guvohlar o’z imzolari bilan hujjatni tasdiqlashlari kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |