A. L’yuis o`z modelida ishchi kuchi zahirasi (rezerv) ni iqtisodiy o`sishning asosi sifatida ko`rib chiqadi. SHuning uchun uning fikricha, bu model “aholi zichligi yuqori, kapital taqchil, tabiiy resurslar esa cheklangan” davlatlar uchun qo`l keladi. Bunday mamlakatlarga A. L’yuis Hindiston, Pokiston, Misr va boshqalarni kiritadi.
A. L’yuis o`z kontseptsiyasida erkin bozor g’oyasiga asoslanganligi tufayli, tahlil markaziga tadbirkor shaxsini qo`yadi. U bozorda mavjud ishlab chiqarish omillaridan, ya`ni mehnat, er va kapitaldan foydalanish xususida qarorlar qabul qiladi. Model’ iqtisodiyotning ikki sektori: agrar va sanoat sektorlarini hisobga olgan holda quriladi.
Agrar sektorda mehnat resurslarining taklifi cheklanmagan, mehnat unumdoligi juda past, chekli mahsulot esa nolga teng deb taxmin qilinadi. Bu esa qishloq xo`jaligidan ishchi kuchining “olinishi” ishlab chiqarish qisqarishiga olib kelmasligini anglatadi. Qishloq xo`jaligida ishchilarning ish haqi yashash minimumi darajasida bo`lgani sababli, bu ishchi kuchidan sanoatda foydalanish hech qanday muammo tug’dirmaydi. Bu sektordagi mehnat unumdoligi agrar sektordagidan ancha yuqori.
SHunday qilib, A. L’yuis modelining vazifasi mehnat resurslarining bir qismini qishloq xo`jaligidan sanoatga qayta taqsimlash va bu bilan iqtisodiy o`sish sur`atining tezlanishiga erishish hisoblanadi. Bu jarayonda asosiy mexanizm bo`lib tarmoqlararo bozor xizmat qiladi.
Sanoat ishlab chiqarish mashtablarini kengaytirib, o`z ishchilarining daromadlari o`sishini ta`minlaydi, bu esa ichki talabni oshishiga ko`maklashadi. Bunda tadbirkorlar o`sib borayotgan daromadlarni ishlab chiqarishni kengaytirishga yo`naltiradilar. Bu daromadlar keyinchalik iqtisodiy o`sishga dinamik ta`sir ko`rsatadi.
Iqtisodiy o`sishning o`zini A. L’yuis ikki turga ajratadi: sanoatda uning manbai bo`lib qo`shimcha ishchi kuchidan foydalanish hisoblanadi (ekstensiv tur), qishloq xo`jaligida esa- chekli mehnat unumdorligining oshishi (intensiv tur). Iqtisodiy o`sishning bu ikki turi investitsiyalashning ikki turli xil funktsiyalariga muvofiq keladi. Sanoatda gap asosan kapitalni kengaytirish ustida boradi. SHuning uchun investitsiyalarning berilgan funktsiyasi yakuniy sanoat mahsulotiga talabga bog’liq bo`ladi. Uning o`sishi daromadlar oshishi va investitsiyalar kengayishini rag’batlantiradi. Qishloq xo`jaligida, aksincha, investtsiyalar daromadlarning qisqarishiga bog’liq holda kengayadi: ish haqiga xarajatlarning ko`payishi fermerlarni qo`l mehnatini mashina mehnati bilan almashtirishga majbur qiladi.
O`z modelini rivojlanayotgan mamlakatlar uchun ishlab chiqib A. Lyuis uni industrial bosqichni o`tgan g’arbiy mamlakatlar uchun to`g’ri kelmaydi, deb hisoblagan.
Boshqa mualliflar esa, aksincha, uni rivojlangan iqtisodiyot sharoitlari uchun maqbul deb hisoblashadi. SH. Kindlberger o`z tahlilida ko`rsatganidek iqtisodiy o`sishning mehnat va kapital bilan bog’liqligining eng yaxshi namunasi bo`lib GFR, Italiya, SHveytsariya, va Niderlandiya hisoblanadi.
Buyuk Britaniya, Belgiya, SHvetsiya, Norvegiya va Daniya kabi mamlakatlar ham A. Lyuis modelini teskari bog’liqlikda bo`lsada, tasdiqlashdi: bu mamlakatlarda iqtisodiy o`sishning past sur`atlari mehnat resurslari va ishlab chiqarish quvvatlaridan cheklangan holda foydalanish bilan bog’liq edi.
YAna bir guruhni sezilarli ishchi kuchi ortiqchaligini boshidan kechirgan mamlakatlar tashkil etadi (Ispaniya, Portugaliya, Gretsiya, YUgoslaviya, Turkiya). Ularning iqtisodiy o`sishi ham SH. Kindlberger fikricha A. L’yuis modeliga to`g’ri keladi. Bu mamlakatlar nafaqat o`z sanoatini balki boshqa Evropa davlatlari sanoatini ham ishchi kuchi bilan ta`minlar edi va butun qit`a uchun o`ziga xos mehnat zahirasi fondi vazifasini bajargan edi.
Начало формы
Do'stlaringiz bilan baham: |