X bob. Xizmatlar va raqamlashtirish sohasidagi eng muhim chora-tadbirlar
Koronavirus pandemiyasi xizmatlar sohasiga, ayniqsa, transport xizmatlari, mehmonxona xizmati, umumiy ovqatlanish, noiste’mol tovarlari bilan savdo qilish, ta’lim xizmatining barcha turlari, san’at va dam olish obyektlari xizmati sohasiga nisbatan kuchli ta’sir qildi.
Ushbu sohalardagi korxonalar faoliyatining qisqartirilishi karantin choralariga va gavjum joylarda infeksiya tarqalishining oldini olish bilan bog‘liq.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 2,6 foizga o‘sdi, shu jumladan, transport xizmatlari — 9,1 foizga kamaydi, savdo — 0,8 foizga o‘sdi, yashash va umumiy ovqatlanish — 17,1 foizga kamayishi kuzatildi.
Shu bilan birga, bank-moliya, axborot va telekommunikatsiya hamda tibbiyot kabi tarmoqlar qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bo‘ldi.
Xususan, masofaviy bank xizmatlariga bo‘lgan talabning ortishi moliyaviy xizmatlar hajmining 35,9 foizga o‘sishiga turtki bo‘ldi.
Aholining Internet tarmog‘iga uzluksiz ulanish imkoniyati bilan ta’minlash, elektron tijorat kanallarining ishlashi, maktab o‘quvchilari va universitet talabalari uchun onlayn darslarni translatsiya qilish, videokonferensiyalar o‘tkazish, masofaviy ishlarni tashkil etish va karantin sharoitida ijtimoiy tarmoqlarni faollashtirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida axborot-kommunikatsiya xizmatlari 15,1 foizga o‘sdi.
Xizmatlar sohasi, ayniqsa, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari faoliyatini tiklashda asosiy muammo koronavirus pandemiyasi davrida ularning faoliyatini tiklashga ehtiyotkorlik bilan yondashishdir. Shu munosabat bilan quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan:
nooziq-ovqat tovarlari savdosining zamonaviy shakllarini tashkil etish va kengaytirish (“Ekobozor”, “Korzinka” va “Makro” kabi yirik savdo tarmoqlari tajribalariga asoslangan holda);
umumiy ovqatlanish, tozalash, yuvish va tikish, maishiy texnikalarni ta’mirlash kabi zamonaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi savdo tashkilotlari tarmog‘ini rivojlantirish, bu o‘z navbatida, bank tizimi orqali moliyaviy aylanmalarni faollashtiradi va budjetga soliq tushumlarini oshiradi, shuningdek, savdo tizimidagi raqobatni oshiradi va mijozlarga xizmat ko‘rsatish madaniyatini takomillashtiradi;
ulgurji savdoning barcha turlarida, jumladan, qishloq joylarda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning tovar bozorlariga kirish imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan raqobat muhitini shakllantirish;
“dala-peshtaxta” tamoyiliga asoslangan holda qishloq xo‘jaligi bozorlariga mahsulotlarni to‘siqsiz yetkazib berilishini ta’minlash.
Ko‘plab xizmat ko‘rsatish korxonalari uchun joriy yilning oxirigacha tiklanish omili bu — ularni qisqa muddatli aylanma mablag‘lari bilan ta’minlash, sanitariya-gigiyena talablarini joriy etish uchun zarur bo‘lgan moliyaviy resurslarni ajratish va tezkor tarzda faoliyat yuritishga ruxsat berishdir.
Xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlashda turizm va mehmonxona biznesiga alohida etibor qaratish lozim. Joriy yilning birinchi yarim yilligida turistik xizmatlar eksporti hajmi 203,2 million dollarni (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 66,3 foizga kam) tashkil etdi.
Ushbu sohani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qabul qilingan qarorlarni hisobga olgan holda, barcha tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni tezkor ravishda tasdiqlash va ularning to‘liq va sifatli ijrosini har oyda qattiq nazorat qilish talab etiladi.
Joriy va kelgusi yilda xizmat ko‘rsatish sohasining asosiy “o‘sish nuqtasi” axborot texnologiyalari sohasi bo‘ladi.
Xizmatlarning uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha vazifalarni amalga oshirish natijasida, shuningdek, karantin davrida aholining telekommunikatsiya xizmatlariga bo‘lgan talabining ortib borishini hisobga olgan holda, AKT faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalar soni 16,1 foizga o‘sdi va 8,4 mingtani tashkil etdi, shundan dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilar 2,5 ming korxonani tashkil etadi (19,9 foizga o‘sish).
9 186 ta (47 foiz) ijtimoiy soha obyektlariga 7 068 km optik-tolali aloqa liniyalari o‘rnatildi va buning natijasida 4 693 ta (46 foiz) maktab, 2 811 ta (49 foiz) maktabgacha ta’lim hamda 1 682 ta (48 foiz) sog‘liqni saqlash muassasalarida yuqori tezlikdagi Internetga ulanish imkoni yaratildi.
11 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida 119,7 million dollari miqdorida yoki prognozga nisbatan 130 foiz investitsiyalar o‘zlashtirilishi kutilmoqda (o‘sish sur’ati — 2,4 baravar). 6 ming km dan ortiq optik-tolali aloqa liniyalari hamda 281 mingta ulanish portlari o‘rnatildi.
“Jizzax” EIZ hududida yiliga 50 ming kmgacha mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega optik-tolali kabel mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxona ishga tushirildi.
Natijada, AKT sohasidagi xizmatlar hajmi 5,7 trillion so‘mni tashkil etib, o‘sish sur’ati 122 foizga teng bo‘lishi prognoz qilinmoqda, shu jumladan, dasturiy mahsulotlar hajmi 435 milliard so‘mga (o‘sish sur’ati 104,3 foiz) o‘sishi kutilmoqda.
AKT xizmatlari eksporti hajmi 30 foizga o‘sib, 78 million dollarni, shundan dasturiy mahsulotlar — 6,8 million dollarni tashkil etishi kutilmoqda.
Internet tezligi 6 foizga, mobil internet tezligi esa 18 foizga oshdi.
Raqamlashtirishni yanada rivojlantirish maqsadida quyidagi ustuvor chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan:
a) 2020-yil yakuniga qadar:
Internet tezligini 10 foizga, mobil Internet tezligini esa 22 foizga oshirish;
kamida 700 ming keng polosali ulanish portlarini o‘rnatish va ularning umumiy sonini 2,8 millionga yetkazish orqali Internetga ulanish imkoniyatini kengaytirish;
Respublika bo‘yicha 1 052 ta mobil aloqa bazaviy stansiyalarini o‘rnatish va ularning umumiy sonini 28,3 mingtaga yetkazish orqali mamlakatning aholi punktlarini qamrab olish darajasini 70 foizdan 90 foizga oshirish;
Toshkent shahrida mobil Internet tarmog‘ining beshinchi avlodini (5G) joriy etish bo‘yicha tajriba loyihasini amalga oshirish;
rejalashtirilgan 6 ming kmga qo‘shimcha 1,5 ming km optik-tolali aloqa liniyalarini qurish va ularning umumiy uzunligini 50 ming kmga yetkazish orqali telekommunikatsiya xizmatlari sifatini yaxshilash;
xalq ta’limi muassasalarining 70 foizini hamda maktabgacha ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarining 100 foizini yuqori tezlikdagi Internetga ulash;
“O‘zbektelekom” AK ma’lumotlar saqlash va qayta ishlash markazining (ma’lumotlar markazi) sig‘imini 5 baravarga kengaytirish (5 Petabaytgacha);
dasturlash, grafik dizayn, elektron tijorat asoslari bo‘yicha yoshlarni o‘qitish uchun barcha hududlarda raqamli texnologiyalar bo‘yicha o‘quv markazlarini ochish;
Oliy ta’lim va xalq ta’limi muassasalarining Internet-resurslariga bepul kirish imkoniyatini yaratish (14 ta ta’lim resurslari);
elektron vaucher va kesh-bek xizmati tizimini rivojlantirish orqali elektron tijoratni takomillashtirish;
elektron tijorat sohasida qonun hujjatlari, statistik hisob va soliq tizimini takomillashtirish;
elektron sog‘liqni saqlash sohasidagi axborot tizimlarini, jumladan “Yagona elektron tibbiy karta”, “Poliklinika” va “Laboratoriya” tizimlarini, COVID-19 koronavirusini yuqtirgan shaxslarni ro‘yxatga olish ma’lumotlar bazasini hamda karantin davrida harakatlanish uchun ruxsat berish tizimini joriy etish;
o‘quv axborot tizimlari va dasturiy ta’minot mahsulotlarini, shu jumladan, maktablar uchun elektron kundalik va jurnal tizimini, ta’lim muassasalariga kirish uchun hujjatlarni onlayn qabul qilish (“Abituriyent”) tizimini hamda oliy o‘quv yurtlarida masofaviy ta’lim platformasini joriy etish;
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalini modernizatsiya qilish va uning mobil ilovasini ijtimoiy himoya, notarial faoliyat, hujjatlarni rasmiylashtirish, to‘lovlarni amalga oshirish va boshqalarga doir kamida 50 ta yangi elektron xizmatlarni joriy etish hisobiga takomillashtirish;
elektron xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida elektron hukumat foydalanuvchilarini identifikatsiyalash bo‘yicha yagona axborot tizimini modernizatsiyalash;
“Elektron litsenziyalash” tizimini modernizatsiyalash, litsenziya va ruxsatnomalar turlarining kamida yarmini elektron shaklga o‘tkazish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari va tashkilotlarning axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan elektron hukumat axborot tizimini joriy etish;
Toshkent shahridagi IT-Park ijtimoiy infratuzilma obyektlarini hamda Al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashgan IT-maktab hududida va viloyatlarda (Namangan, Buxoro, Samarkand, Urganch, Nukus, Guliston shaharlarida) uning filiallarini qurish;
jamoaviy moliyalashtirishni (kraudfanding) tashkil etishga qaratilgan investitsiya platformalaridan foydalangan holda startap-loyihalarni moliyalashtirishning alternativ mexanizmlarini joriy etish;
IT-park rezidentlarining loyihalarini xorijda targ‘ib qilish maqsadida AQShda IT-Park vakolatxonasini ochish;
Internet-do‘konlar bilan ishlash va o‘z mahsulotlarini tashqi savdo maydonchalarida reklama qilish bo‘yicha tadbirkorlarni onlayn o‘qitish uchun platforma yaratish;
yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan elektron hujjatlarni hisobga olish va yetkazib berish davlat axborot tizimini joriy etish.
Mazkur chora-tadbirlarning amalga oshirilishi 2020-yil yakunigacha AKT xizmatlari hajmini 8 foizga va dasturiy mahsulotlar hajmini 20 foizga oshirib, AKT xizmatlari eksportini 172 million dollarga, jumladan, dasturiy mahsulot eksportini 20 million dollarga oshirishga imkon beradi.
b) o‘rta muddatli chora-tadbirlar va boshlangan tarkibiy islohotlarni davom ettirish:
to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda mahalliy uyali aloqa operatorlarining davlat aktivlarini bosqichma-bosqich sotish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
mintaqaviy va xalqaro ma’lumot o‘tkazish tarmoqlarining viloyat markaziga o‘tkazish imkoniyatini 400 Gbit/s gacha (2 baravar) va viloyat markazidan tuman markazigacha 60 Gbit/s ga (1,5 baravar) oshirish;
xalqaro aloqa kanallarining o‘tkazish imkoniyatini 3 000 Gbit/s gacha (2,5 baravar) oshirish orqali xalqaro kommunikatsiya markazlarini kengaytirish;
qishloq joylarda qo‘shimcha 2,2 mingta bazaviy stansiyalarni o‘rnatish va ularning umumiy sonini 30,5 mingtaga yetkazish orqali uyali aloqa sifatini yaxshilash;
respublikaning barcha ijtimoiy muassasalari, qishloq va mahallalarini yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘iga ulash bo‘yicha ishlarni yakunlash;
sig‘imi 100 Petabayt bo‘lgan ikkita yangi korporativ ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazlarini va 20 Petabayt sig‘imiga ega bo‘lgan elektron hukumat markazlarini qurish;
davlat bojlari va yig‘imlarini kamida yarmini elektron to‘lov shakliga o‘tkazish hisobiga elektron hukumatning yagona billing tizimini modernizatsiyalash;
respublikaning boshqa mintaqalarida (Jizzax, Qarshi, Navoiy va Termiz) IT-Park faoliyatini kengaytirish va 10 ta oliy o‘quv yurtlarida startap-loyihalarni qo‘llab-quvvatlash markazlarini yaratish;
“O‘zbekiston pochtasi” AJning elektron savdo maydonchasi uchun axborot tizimini yaratish va uni xorijiy Internet platformalari bilan integratsiyalash.
Do'stlaringiz bilan baham: |