VI bob. Aholi bandligi, daromadlarini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish hisobiga ichki talabni rag‘batlantirishning asosiy chora-tadbirlari
Karantin davrida aholi bandligining qisqarishi va tashqi mehnat migratsiyasidan keladigan daromadlarning kamayishi aholining xarid qobiliyatini pasaytirdi hamda ichki iste’mol bozori imkoniyatlarini sustlashtirdi. Eksportni cheklash bilan bir qatorda, iste’mol mahsulotlari, birinchi navbatda, nooziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishning pasayishiga sabab bo‘ldi.
Ichki to‘lov qobiliyatiga ega talabning tiklanishi va kengayishi mehnatga layoqatli fuqarolarning bandligini oshirish va daromad olishlari bo‘yicha amalga oshirilgan choralar bilan bog‘liq. Ushbu maqsadlar uchun 2020-yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida ajratilgan kreditlar hajmi 4 trillion so‘mni tashkil etadi.
Aholini ish bilan ta’minlash, oilaviy biznesni qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalari faoliyatini qayta tiklash, uy-joy, ijtimoiy infratuzilmani qurish va rekonstruksiya qilish, yangi qishloq xo‘jaligi yerlarini foydalanishga topshirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar yil oxiriga qadar 810,6 mingta doimiy ish o‘rinlari tiklanishiga, 302,8 mingta doimiy va 662,8 mingta vaqtinchalik hamda mavsumiy ish o‘rinlarini yaratilishiga imkoniyat beradi.
Jumladan, “Yagona milliy mehnat tizimi” orqali 265,2 ming nafar ishsizlar bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtiriladi, 301 ming kishi jamoat ishlariga jalb qilinadi, 53,6 ming kishi tadbirkorlik va uy-joy maydonlarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, hunarmandchilik hamda tikuvchilik kooperativlarida a’zolik uchun subsidiyalar bilan ta’minlanadi, 42,8 ming kishi bepul tarzda kasb-hunarga o‘qitiladi.
Ish o‘rinlarini izlash va ishga joylashtirish uchun “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy ta’minot vositasi (my.mehnat.uz) joriy etilib, unda joriy yilning boshidan buyon 385 ming korxonalar qamrab olindi, 3,5 milliondan ortiq ishchilarga elektron mehnat daftarchalari yuritila boshlandi.
Keltirib o‘tilgan barcha chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining qarorlari bilan tasdiqlangan hamda amaliy chora-tadbirlar rejasiga kiritilgan.
Bandlikni, shu jumladan, rasmiy bandlikni kengaytirish, shuningdek, aholi daromadlarini oshirish uchun qo‘shimcha sharoitlarni yaratish maqsadida, 2020-2021-yillar uchun amaliy chora-tadbirlar rejasi quyidagilarni nazarda tutadi:
a) 2020-yil yakuniga qadar:
aholining kambag‘al qatlamlari bilan ishlashning amaldagi shaklidan Jahon banki va BMT Taraqqiyot Dasturi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uzviy bog‘liqlikdagi uzoq muddatli kambag‘allikni qisqartirish Strategiyasini ishlab chiqish asosida kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan strategik va dasturiy chora-tadbirlarni amalga oshirishga o‘tish. Bunda, 4 ta mezon (mutlaq, nisbiy, moddiy deprivatsiya va kambag‘allikning ko‘p o‘lchamli indeksi)dan foydalanish orqali Toshloq tumanida sinov tariqasida kambag‘allikni baholash uslubiyotini amaliyotda qo‘llash;
Sirdaryo viloyatidagi sinov loyihasi, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tajriba asosida, ayniqsa, pandemiya sharoitida, ijtimoiy himoya reyestrni joriy qilish;
xalqaro ekspertlar bilan birgalikda yashash minimumi va iste’mol savatchasini hisoblash hamda qo‘llash uchun me’yoriy bazani ishlab chiqish;
O‘zbekistonda kambag‘allikning o‘ziga xos jihatlari va omillarini o‘rganish, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish sohasida tahliliy va uslubiy materiallar tayyorlash uchun Iqtisodiy tarraqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi qoshida markaz tashkil etish;
2020-yil oxiriga qadar bazaviy hisoblash miqdorining 50 foiz hajmidagi bir martalik to‘lov (hozirgi vaqtda bu miqdor har oyda to‘lanadi) orqali o‘zini o‘zi band qilish faoliyat turlarini kengaytirish, shu jumladan, uy-joy qurish hamda jismoniy shaxslarga tegishli kvartiralarni ta’mirlashni kiritish;
xalqaro moliya institutlari hamda xalqaro moliya tashkilotlarining kreditlari hisobiga loyihalarni amalga oshirishda mahalliy pudratchilar imkoniyatlaridan foydalanishni kengaytirish;
malakasiz xorijiy ishchi kuchidan foydalanishni cheklash;
tuman yoki shahar sektor rahbarining tavsiyasi asosida ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ishsizlarga ajratilgan mikrokreditlar miqdorini 2,5 baravarga oshirish (bazaviy hisoblash miqdorining 100 dan 250 baravarigacha);
tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishni boshlash uchun ishsizlarga davlat ro‘yxatidan o‘tgandan so‘ng dastlabki 3 oyda transport va ijara xarajatlarini qoplashga subsidiyalar ajratish;
mahallalarda aholini, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarning asosiy kasb-hunarga o‘qitish punktlarini tashkil etish, bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ta’lim olish;
150 ming nafar qaytib kelgan mehnat muhojirlarini mehnat organlari orqali jamoat ishlariga jalb qilish, shu jumladan, foydalanilmayotgan qishloq xo‘jaligi yerlarini o‘zlashtirish hisobiga ish bilan ta’minlash.
b) 2021-yilda amalga oshirish uchun taklif etilgan chora-tadbirlar:
kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan hududlarda davlat ulushi bo‘lgan respublika davlat organlari va korxonalarini biriktirish, shuningdek, qishloq aholisi malakasini oshirish maqsadida 3 yil muddatga grant asosida o‘qigan oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari hamda davlat boshqaruvi akademiyasi talabalarini ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha ishga yuborish amaliyotini joriy etish;
qishloq xo‘jaligi kooperativlariga jalb etish orqali tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni hisobga olgan holda qishloq xo‘jaligi sohasida tarkibiy islohotlarini davom ettirish;
soliq to‘lovchilari tomonidan soliq majburiyatlarini bajarishni yengillashtirishga hamda soliq yukini qisqartirishga yo‘naltirilgan soliq siyosatini takomillashtirish;
o‘zini o‘zi ish bilan band etgan fuqarolarni ro‘yxatga olish va faoliyatini amalga oshirish tartibini soddalashtirish, shuningdek, qo‘shimcha kredit resurslarini ajratish va soliq majburiyatlarini soddalashtirish orqali yakka tartibdagi tadbirkorlar sonini oshirish, kichik biznes va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash;
bandlikni ta’minlash bo‘yicha boshqa chora-tadbirlarning (yangi ish o‘rinlarini yaratish va mavjud quvvatlardan foydalanishni oshirish, investitsiya faoliyatini mustahkamlash, shu jumladan, uy-joy qurilishi sohasi, biznes muhitini yaxshilash, kichik biznesni rivojlantirishni rag‘batlantirish hamda aholining o‘zini o‘zi ish bilan bandligini qonuniylashtirish) harakatlar rejasining keyingi bo‘limlari bilan bog‘liqligini ta’minlash.
Do'stlaringiz bilan baham: |