2. Spartada davlat tarbiyasi. Sparta Yunonistonda yagona professional qo`shinni tashkil qildi. Spartaliklarda fuqaroning davlatga sadoqat, qonunlarga so`zsiz bo`ysunish, katta yoshdagilarga hurmat, mutloq jasorat ruhida tarbiyalash yo`lga qo`yildi. Likurg ta`kidlagan edi: “Spartalikni tarbiyalashning maqsadi goplitni shakllantirishdir”. Spartaga a`lo jangchilar zarur edi. Birinchi o`rinda, o`smir yoshlar tarbiyasida jismoniy tarbiya qo`yilib, faqat xor qo`shiqlari, harbiy musiqa, shoir Terpandrning harbiy marshlari o`rgatilar edi. Spartalik imkoniyat darajasida qisqa va aniq so`zlashga o`rgatilar edi (lakonizm). Sport tayyorgarligida ot sporti va atletika yetakchi o`rinni egallar edi.
Spartalikni tarbiyalash tizimi uch bosqichdan iborat edi:
1. 7 yoshgacha bolalar ota homiyligi ostida. 7 yoshdan so`ng, davlat nazorati ostiga o`tgan.
2. O`smirlar 12 yoshdan 15 yoshgacha katta yoshli o`smir (iryen) boshchiligida maxsus guruhlar (il)ga kirgan.
3. 16-20 yoshlarda o`qitishning uchinchi bosqichi (iryeniya).
Bolaligidan kasal va jismoniy zaif bolalar ortiqcha yuk hisoblangani uchun ularni jarlikka uloqtirar edilar. Davlat tarbiyasining birinchi bosqichida 7-12 yoshgacha bolalarni agella (“poda”)ga to`plab, mashqlar va sinovlar muntazam o`tkazilgan. Bu bosqichda bolalarda kuch va chidamlilikni tarbiyalash asosiy maqsad qilib qo`yilgan. Bolalar badani momataloq bo`lgunicha kaltaklash, tan jarohati yetkazish marosimidan o`tar edi. Kaltaklanayotgan og`riqqa un chiqarmay chidashi, og`riqni sezdirmasligi lozim edi. O`smirlar 12 yoshdan 15 yoshgacha katta yoshli o`smir (iryen) boshchiligida maxsus guruhlar (il)ga kirganlar. Ular g`arib chaylada yarim och, juldur kiyimlarda o`zlari yig`ib kelgan qamish ustida uxlar edilar.
Harbiy mashqlar (qurollarni o`zlashtirish, zich safda harakat qilish, tez harakatlanish va taktika) harbiy o`qish kursi, sport va ov bilan to`ldirilar edi. Bu davrda o`qituvchilar spartalik yosh o`smirlarga ilotlarga nisbatan mensimaslik, nafrat tuyg`usini shakllantirganlar. Bu o`qitish davri dala mashqlari (kriptiya) bilan tugallanar edi. Keyinchalik, bu mashqlar ilotlarni yo`q qilish marosimi shaklini oldi. 16-20 yoshlarda o`qitishning uchinchi bosqichi (iryeniya) boshlangan. Yosh spartalik yigit yer ulushi egasiga aylanar edi. Bu yer ulushi uni va oilasini boqishi kerak edi.
Ayollar tarbiyasi ham qat`iy va sodda bo`lgan. Ayollarni kuchli, sog`lom, chiroyli bo`lishi uchun gimnastika mashg`ulotiga asosiy e`tibor qaratilgan. Qizlar diniy marosimlarda qatnashgan. Ularga ozgina qo`shiq va raqs o`rgatilgan. Lekin asosiy maqsad sog`lom bolani dunyoga keltirish edi. Sog`lom ona kuchli va to`laqonli bolani dunyoga keltirishi shart edi. Sparta davlati bola tug`ilishiga mukofot belgilab, bolasizlik uchun jarimani kiritdi.
Tarbiyaning qattiqligi o`smirlarni Artemida ibodatxonasida har yili o`tkaziladigan qiynoq sinovlarda o`z aksini topgan edi. Sinalayotgan o`smir qiynoqlarga dosh berishi va og`riqni sezdirmasligi shart edi.
Fiditiya uchun har bir spartalik har oy ma’lum miqdorda pishloq, arpa, vino, anjir va pul berar edi. Spartaliklar birgalikda o`tirib, uksus, tuz qo`shilib, qonda tayyorlangan cho`chqa go`shti bo`tqasini iste’mol qilar edilar. Spartaliklar o`z vaqtlarini doimiy muntazam harbiy mashqlar va ovda o`tkazib, chodirlarda yashar edilar. Qattiq, shafqatsiz tarbiya natijasida spartaliklarning ongida boshqa yunon polislari aholisiga nisbatan jismoniy va ma’naviy ustunlik his-tuyg`usi shakllantirilar edi. Yunon dunyosida spartaliklarni qat’iy intizomi uchun hurmat qilar edilar, ammo yoqtirmas edilar.
Bosib olingan qaram viloyatlarning ilotlarga aylantirilgan aholisining qo`zg`olonlaridan xavfsiragan spartaliklar har yili ilotlarga dahshat solish va ularning ongida bo`ysunish hissini tug`dirish uchun ularni tunda o`ldirishni (kriptiya) e’lon qilganlar. Er. avv. XI asrdayoq spartaliklar o`zlarini har xil “yangiliklar”dan himoya qilish, an’anaviy turmush tarzini saqlash maqsadida tashqi dunyodan ajralib yashashga urindilar. Qadimgi an’anaviy holatning o`zgarmasligi uchun Sparta faqat mayda temir tangani muomalaga kiritdi. Sparta uylarining eshik va tomlari faqat yog`ochdan bo`lib, ularni faqat bolta va arra bilan tayyorlashga ruxsat etildi. Hashamatli kiyimlar qonundan tashqari edi. Jamiyatdagi mavqeiga qarab, spartaliklar bir xildagi kalta yoping`ich (plash) kiyar edilar va bu bilan o`zlarini teng deb hisoblardilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |