4. Bobil er. avv. II ming yillik oxiri-er. avv. I ming yillikning I yarmida. Yangi Bobil podsholigi. Er. avv. XII asrda kassitlar Bobiliga qo`shni Elam davlati halokatli zarba berdi. Elam bir necha urushlardan so`ng, er. avv. 1150-yillar atrofida kassitlar sulolasi hukmronligini tugatdi. Lekin biroz vaqt o`tib, Navuxodonosor I (er. avv. 1124-1108-yillar) II Issin sulolasi davrida elamliklar Bobildan haydab yuborildi. Elamga shunday zarbaberildiki, Elam haqida uch asr (er. avv. 821- yilgacha) biror-bir matn xabar bermaydi.
Bobilning keyingi tarixida Dajla, Frot daryolari, Fors qo`ltig`i qirg`og`i va Janubiy Mesopotamiyaning shaharlari oralig`ida joylashgan xaldey qabilalari muhim o`rinni egalladilar. Ular yarim ko`chmanchi chorvador va dehqonlar bo`lgan. Xaldeylar er. avv. IX asrda Bobilning janubiy qismini bosib oldilar va Bobil madaniyatini qabul qildilar. Bobilning oliy xudosi Mardukka sig`ina boshladilar.
Er. avv. 729-yilda Bobilni Osuriya bosib oladi. Osuriyaliklar Bobilda er. avv. VII asrgacha hukmronlik qildilar. Yangi Bobil podsholigining paydo bo`lishi er. avv. 629-yilga to`g`ri keladi. Lashkarboshi Nabopalasar Bobilda yangixaldey sulolasiga asos soldi. Navuxudonosor II ning hukmronlik yillari Bobilning gullab-yashnagan (er. avv. 605-562-yillar) davri bo`ldi. Bobil 200 ming aholisi bo`lgan qadimgi Sharqning eng yirik shahriga aylandi. Shahar Frot daryosining ikki qirg`ogida joylashgan bo`lib, uzunligi 123 metr, kengligi 5-6 metr bo`lgan ko`prik bilan birlashtirilgan. Shahar ikki qator devor bilan o`ralib, uning aylanasi 8 km ni tashkil qilgan va 8 darvozadan shaharga kirilgan. Shaharda ulkan podsho saroyi, sun'iy tepalikda Bobilning muqaddas ibodatxonasi Esagila joylashgan edi. Ibodatxonaning har bir tomoni uzunligi 400 metrni tashkil qilgan. Undan janubda balandligi 91 metr bo`lgan yetti qavatli Etemenanki («osmon va yerning markazidagi ibodatxona») deb atalgan zikkurat-ibodatxona bunyod qilingan. Katta diniy marosim yurishlari uchun tantanali yurishlar yo`li qurilib, uning g`isht devorlari afsonaviy hayvonlar tasvirlangan rangli sirkor sopollar bilan qoplangan. Eng mashhur inshootlaridan biri bo`lgan ma`buda Ishtar darvozasi nemis arxeologlari tomonidan qazib ochilgan. Bundan tashqari, afsonaviy Semiramida osma bog`lari qurilgan. U qadimgi dunyoning yetti mo`jizasidan biri hisoblangan.
Er. avv. 562-yilda Navuxodonosor II vafot qilgandan so`ng, Bobil zodagonlari va kohinlari uning vorislarini davlat siyosatiga faol aralasha boshladilar va o`zlariga yoqmagan podsholarni almashtira boshladilar. Keyingi o`n ikki yil ichida to`rt hukmdor almashdi. Er. avv. 556-yilda kelib chiqishi oromiy bo`lgan Nabonid taxtni egalladi. Ungacha o`tgan Yangi Bobil podsholari xaldey qabilasidan edi.
Nabonid diniy islohot o`tkazdi. Oliy Bobil xudosi Marduk e`tiqodi o`rniga Oy xudosi Sinaga e`tiqod qilishni birinchi o`ringa qo`ydi. Bu bilan u ko`rinishidan xudo Sinaga e`tiqod qiladigan ko`p sonli oromiy qabilalarini o`z atrofiga birlashtirib, qudratli davlat tashkil qilishga harakat qiladi. Lekin Nabonidning diniy islohoti Bobil, Borsippa, Urukdagi nufuzli qadimgi ibodatxonalar kohinlari bilan ziddiyatga olib keldi.
Er.avv. 553-yilda Midiya va Fors o`rtasida urush boshlandi. Midiya podshosi Astiag Xarran shahridan o`z harbiy qismini chaqirib oldi. Bundan foydalangan Nabonid o`sha yil bu shaharni bosib oldi va er. avv. 609-yilda osuriyaliklar bilan urushda buzib tashlangan xudo Sinaning ibodatxonasini qayta tiklashga farmon berdi. Nabonid Markaziy Arabistonning shimoliy qismidagi Teyma viloyatini bo`ysundirdi va Teyma vodiysi orqali sahro bo`yicha Misrga boradigan savdo yo`llarida o`z nazoratini o`rnatdi. Bu yo`l Bobil uchun juda katta ahamiyatga ega edi. Chunki er. avv. VI asr o`rtalariga kelib Frot daryosi o`z oqimini o`zgartirdi. Natijada Fors qo`ltig`i gavanlari orqali Ur shahri bilan dengiz savdosini olib borish mumkin bo`lmay qoldi. Nabonid o`z qarorgohini Teymaga ko`chirib, Bobilni boshqarishni o`z o`g`li Belshar Utsuraga topshirdi.
Nabonid g`arbda faol tashqi siyosat bilan mashg`ul bo`lgan bir paytda Bobilning sharqiy chegaralarida qudratli raqib-Ahmoniylar davlati paydo bo`ldi. Fors podshosi Kayxusrav II bu vaqtga kelib, Midiya, Lidiya va boshqa mamlakatlarni Hindistongacha bosib oldi. U istilochilik urushlari olib borishga tayyor, yaxshi qurollangan qo`shinga ega bo`lib, boy va zaiflashib qolgan Bobilga qarshi urushga jadal tayyorlana boshladi. Nabonid Bobilga qaytdi va o`z mamlakatini kuchli dushmanga qarshi mudofasini tashkil qilishga kirishdi. Ammo Bobilda ichki vaziyat yomonlashdi. Nabonidning xudo Marduk ibodatxonasi kohinlari qudrati va ta`sirini yo`qotishga urinishi, bu e`tiqod bilan bog`langan diniy bayramlarga loqaydligi qudratli kohinlarni unga nisbatan dushmanligini kuchaytirdi.Naboniddan norozi bo`lgan kohinlar unga yordam bermadilar. Arabiston sahrolarida ko`p yillik urushlarda holdan toygan Bobil qo`shini o`zlariga nisbatan ko`p marta kuchli bo`lgan fors qo`shinlari hujumini qaytara olmadi. Bundan tashqari, Kayxusrav Bobildagi kohinlarning noroziligidan ustalik bilan foydalandi va ularni o`z tomoniga og`dirib oldi. Mamlakat forslarning ayg`oqchilari bilan to`lib ketgan edi. Bobil er. avv. 539-yil oktabr oyida forslar tomonidan bosib olindi va o`z mustaqilligini abadiy yo`qotdi. Bobil er. avv. 331-yilgacha Ahmoniylar davlati tarkibiga kirdi. Keyin esa, makedoniyalik Iskandar davlatiga, uning yemirilishidan so`ng Salavkiylar davlati tarkibiga kirdi.
Bizgacha er. avv. VII-VI asrlarga oid Bobil tarixi bo`yicha ma’muriy matnlar, yozuvlar, podsho farmonlari va farmoyishlari yetib kelgan. Bobil to`g`risida ayrim antik mualliflar ma’lumotlari ham mavjud.
Mixxat hujjatlari Bobilda tovar-pul munosabatlarining yuqori darajada rivojlangani to`g`risida ma`lumot beradi. Bu vaqtda savdo-sudxo`rlik ishlariga ixtisoslashgan katta mablag` va moddiy vositalarga ega bo`lgan “tadbirkorlik uylari” mavjud bo`lgan. Ana shunday uylardan biri Egibi uyi Bobilda ko`p sonli mol-mulk, yuzlab qullar, yer va ustaxonalarga ega bo`lgan. Bu tadbirkorlik uyining vakillari har kuni katta pul mablag`lari talab qiladigan kredit operatsiyalarini amalga oshirganlar.
So`nggi Bobil jamiyati quyidagi ko`rinishda bo`lgan:
1. Hududiy jamoa doirasida yer egasi bo`lgan, to`la fuqarolik huquqi bo`lgan odamlar. Ular jamoani o`z-o`zini boshqaruvida hamda qishloq jamoalari o`rtasidagi kelishmovchiliklarni hal qilishda ishtirok etganlar. Ko`pgina yer egalari o`z yerlarini ijaraga berib, o`zlari boshqa faoliyat bilan shug`ullanganlar va qishloqda yashamaganlar. Jamoa yeri ulushidam mahrum bo`lish fuqarolik huquqidan mahrum bo`lishga olib kelgan. Shu sababli, kambag`al jamoachilar sudxo`rdan qarz olganlar. Qarzdor garovga qo`ygan mulkidan va u orqali ta`minlangan ijtimoiy mavqeidan mahrum bo`lmaslik uchun o`zi va oila a`zolarini garovga qo`yishga tayyor bo`lgan;
2. Jamoa yerida o`z yeriga ega bo`lmagan kishilar mahalliy o`z-o`zini boshqarish ishlarida ishtirok etmaganlar. Ular egalik qilgan yer davlatniki bo`lgan. Bunday odamlar “podsho xizmatkorlari” sifatida qaralgan. Uning xizmati nufuzli bo`lib, uni ta`minlashga berilgan mulk yaxshi yashash kafolatini bergan;
3. Yerga biriktirilgan va mehnat majburiyatlarini o`tashga majbur bo`lgan qaram dehqonlar. Ko`pincha ular qandaydir jamoalarga, asosan ibodatxonalarga tegishli ishchilar bol`gan. Ularning qaramligi merosiy bo`lgan, ozod bo`lish ehtimoli noma`lum bo`lgan. Ular oila bo`lib yashaganlar, avloddan-avlodga mehnatning bir xil turi bilan shug`ullanganlar. Lekin bu odamlar ibodatxonaning mulki deb hisoblanmagan. Shu sababli, qul sifatida oldi-sotti qilinmaganlar. Ularning fuqarolik huquqlari bo`lmagan;
4. So`nggi Bobil hujjatlarida qullar tilga olinadi. Ular aholining ko`p qismini tashkil qilmagan, lekin qul mavqeidagi odamlar kam bo`lmagan. Qul bozori mavjud bo`lgan va u yerda qullarning bahosi doimiy ravishda barqaror bo`lgan. Qullarga xo`jayinning tamg`asi bosilgan. Qullar podsho va ibodatxonalarga tegishli bo`lgan, lekin ularning ko`pchiligi xususiy kishilarning mulki hisoblangan. Ko`pgina qullar o`z kasbining ustasi bo`lganlar. Xo`jayinlar ularni pul ishlashga yuborgan. Yaxshi kasb-hunarga ega bo`lgan qul o`z xo`jaligiga ega bo`lishga, uylanish huquqiga ega bo`lgan va erkin odamlar kabi huquqiy bitimlar tuza olgan. Ba`zi qullar savdo-sudxo`rlik faoliyati bilan shug`ullanib boyib ketganlar. Ba`zilari o`z qullariga ega bo`lganlar, lekin shu bilan birga, qul mavqeida qolaverganlar.
Hujjatlarda bir necha katta boy qul tadbirkorlar ismlari ma`lum bo`lib, ular o`nlab qullarni bahosiga teng bo`lgan mablag` bo`yicha bir vaqtning o`zida bir necha bitimlarni tuzishlari mumkin bo`lgan. Boy qullar yollanma ishchilardan foydalanganlar. Jumladan, erkin fuqarolarni ham ishlatganlar yoki ularni o`z qarzdorlariga aylantirganlar. Qul o`z xo`jayini bilan ish bo`yicha hamkor sifatida chiqishi va shartnomalar tuzishi mumkin bo`lgan.
So`nggi Bobil davrida katta va mayda yer egaligi mavjud bo`lgan. Yerlar ulushlarga bo`linib, qullar va erkin kishilarga ijaraga berilgan. Davlat amaldori bo`lgan katta yer egasi boshqaruvchi yollagan yoki yerini bir kishiga, misol uchun, tadbirkor va boy qulga ijaraga bergan. U esa, yerni ulushlarga bo`lib, boshqalarga ijaraga berib, ijara haqini yig`ib olgan (sub ijara).
Hujjatlarga ko`ra, bu davrda qullarning soni ko`paygan. Ibodatxona xo`jaligida yuzlab qullar ishlagan. Boylarning yerlarida 3-5 qul, tadbirkorlik uylarida o`nlab qullar mehnat qilgan. Yirik yer egalari erkin kishilarga va qullarga yerni ijaraga bir xil shartlarda berganlar.
Yollanma ishchilar, kam yerli yoki yersiz kishilar ko`pchilikni tashkil qilgan. Ibodatxonalar ham tovar-pul munosabatlariga tortilgan. Ular yer va qullarni ijaraga berganlar. Er. avv. I ming yillikda podsho xo`jaligi sezilarli rol o`ynamagan. Podsho yerlari ham ijaraga berilgan. Ibodatxona va xususiy xo`jaliklar yetakchi o`rinni egallagan.
Bobil xalqaro savdoda Sharqiy O`rtayer dengizi qirg`og`i mamlakatlari va Mesopotamiyadan janubiy-sharqda turgan viloyatlar o`rtasida savdoda vositachilik qilgan. Misr, Suriya, Elam va Kichik Osiyo bilan gavjum savdo qilingan. Bobil Ahmoniylar viloyatlariga g`alla, kiyim-kechak va jun, gazlama yetkazib beradigan asosiy markaz edi. Bobilning kanop va jundan to`qilgan matolari Old Osiyoda bozori chaqqon edi. Bobildan sopol idishlar, xushbo`y suvlar va malhamlar, silliqlangan toshlar boshda Suriyaga moy va sharobga ayirboshlandi, keyin esa Misr va Falastinga chiqarildi. Xomashyo Arabiston, Hindiston va Kavkazortidan olib kelinar edi. Bobil mustaqilligini yo`qotganidan so`ng, fors davlatining eng boy satrapliklaridan biri bo`lib qoldi. U har yili xazinaga 1000 talant (30 tonna) kumush bilan davlat solig`ini to`lagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |