2. Ijtimoiy-iqtisodiy hayot. II asr Rim imperiyasining “oltin davri” hisoblanadi. Bu vaqtda imperiya eng katta hududga ega edi. Uning chegaralari shimolda Shotlandiyadan janubga Nil ostonalarigacha, g`arbdan Atlantika qirg`oqlaridan sharqda Fors qo`ltig`igacha cho`zilgan edi. Quldorlik tizimi o`z taraqqiyotining yuqori cho`qqisiga chiqdi. Ko`p quldorlik xo`jaliklari bozor uchun mahsulot ishlab chiqarishga o`tdi. Qullarga nisbatan shafqatsiz zulm kuchayib ketdi.
Bu davrda provinsiyalarning iqtisodiyoti va bu yerdagi shahar hayoti o`z taraqqiyotida yuqori bosqichga ko`tarildi. Eramizning I-II asrlarida O`rtayer dengizi hududidagi barcha xalqlar tarixda birinchi bor yagona ulkan davlat Rim imperiyasi tarkibiga kirdilar. Rim provinsiyasiga aylantirilgan alohida davlatlar o`rtasidagi chegaralar tugatildi. Pul tizimlari ma’lum darajada unifikatsiya qilindi. Urushlar va dengiz qaroqchiligi tugatildi. Rim imperiyasidagi xalqlar ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining turli darajalarida yashar edilar. Misr, Suriya, Kichik Osiyo, Bolqon va Makedoniya iqtisodiy va madaniy taraqqiyotning yuqori darajasiga erishdi. Pireney yarim orolidagi va Galliyadagi iberlar, kel’tlar, Shimoliy Afrikadagi numidiyaliklar, liviyaliklar, Dunay bo`yidagi pannonlar, illiriyaliklar, mezlar hali arxaik davrning so`nggi bosqichida edilar.
Rim istilolariga qadar g`arbiy provinsiyalarda qishloq xo`jaligi qoloq bo`lib, asosan g`alla ekilgan. Yerga ishlov berish ibtidoiy holatda edi. Apennin yarim oroli aholisi qishloq xo`jaligining rivojlangan shaklini g`arbiy provinsiyalarga olib kirdilar.
Gall vinolari, ispan zaytun moyi Italiya va yunon navlari bilan raqobat qila boshladi. Imperiya hududida quldorlik xo`jaligi tez rivojlandi. O`rta va yirik quldor xo`jaliklari (villa) yetakchi o`ringa chiqdi. Quldorlik xo`jaliklarida qul mehnatidan keng foydalanildi. Barcha provinsiyalarda imperator yer egaligi keng tarqaldi. Eramizning II asrida imperator yerlari va xususiy katta latufundiyalar yetakchi yer egaligi shakli edi. G`arbiy provinsiyalarda o`rta quldor pomestelari, mayda yer egaligi keng tarqaldi. Ayniqsa, kichik yer egaligi Pannoniya, Dalmatsiya, Meziya, Frakiya va Fokeyada keng tarqaldi.
Afrika provinsiyalarida quldorlik xo`jaliklarida asosiy ishchi kuchi sifatida qullar mehnati keng tarqaldi. Misr imperiyaning g`alla ombori edi. Quldorlik latifundiyalari Galliya va Ispaniyada keng tarqalgan bir paytda Ispaniya va Afrikaning sharqiy provinsiyalarida kolonlar mehnatiga asoslangan latifundiyalar keng tarqaldi. Qullarga ish qurollari va chek yerlar ajratib berila boshlandi. Lekin qul xo`jayinning mulki bo`lib qolaverdi. Qulni mulk (pekuliy) bilan ta’minlash er. avv. III asrdayoq ma’lum edi. Endilikda bu odatdagi hol bo`lib qoldi. Qul pekuliydan foydalangan holda o`ziga o`rinbosar sotib olishi mumkin edi. O`rinbosar qul uning xo`jayiniga ishlab berishi kerak edi. Ozod qo`yilgan qullar ko`p hollarda tadbirkorlik bilan shug`ullanib, boyib ketar edilar. Ular o`z xo`jayinlariga zarurat tug`ilganda turli xil xizmatlarni ko`rsatganlar. Misol uchun, diktator Sullaning ozod qo`yilgan quli Xirosogon Rim davlatidagi eng qudratli kishilardan biri bo`lib, hatto, uning oldida senatorlar ham titrab-qaltirar edilar. Ammo ko`pchilik ozod qo`yilgan qullar o`rta darajadagi mulkka ega bo`lib, hunarmandchilik va savdo bilan shug`ullanar hamda oshxonalarning egalari edilar. Quldor latifundistlar o`z yerlarini chek yerlarga bo`lib, kolonlarga ijaraga berganlar.
Eramizning II asrida kolonlar o`zlari yetishtirgan bug`doy, tariq, zaytun moyining 1/3 qismini quldorga berishi kerak edi. Bundan tashqari, kolon quldorning yerida bir necha kun ishlab berishi kerak edi.
Yerga ishlov berish takomillashdi. G`alla va boshqa ekinlarning yangi navlari, o`g`itning yangi navlari joriy qilina boshlandi. Qishloq xo`jaligi takomillashdi. G`alla latifuniyalarida g`allani yig`adigan mexanizm, g`ildirakli plug, suv tegirmoni kashf etildi. Provinsiyalarda shaharlar va shahar aholisining o`sishi, qishloq xo`jalik mahsulotlarining Italiya va imperiyaning boshqa viloyatlariga chiqarish imkoniyatining paydo bo`lishi provinsiya qishloq xo`jaligida yerdan unumli foydalanish va tovar xo`jaligining kirib kelishi uchun shart-sharoit yaratdi.
Quldor xo`jaligi endilikda bozor bilan yanada yaqin bog`landi. Qishloq xo`jaligida tovar munosabatlarining rivojlanishi latifundiyalarda hunarmandchilikni vujudga keltirdi. Latifundiyalar egalari kulolchilik, to`quvchilik, duradgorlik, oshpazlik kabi hunarmandchilik ustaxonalarini ochdilar. Ba’zi gall latifundiyalarida konlardan temir rudasi qazib olinib, metall ishlab chiqarish yo`lga qo`yildi. Eramizning I asrlarida qishloq xo`jaligi bilan birga, hunarmandchilik va savdo keng rivojlandi. Rim hunarmandchiligi uchun Ispaniyadagi qo`rg`oshin va mis konlari, Galliyaning temir va qalay konlari, Norika, Dalmatsiya, Kilikiya va Kappadokiyaning boy temir konlari xomashyoni yetkazib berib turar edi. Ayniqsa, temir rudasini qazib chiqarish keng yo`lga qo`yildi.
Temir rudasi Norika va Dalmatsiya, Galliya va Ispaniya, Kappadokiya va sharqda qazib chiqarildi. Barcha konlar imperatorning mulklari bo`lib, ko`pincha ijaraga berilar edi. Hunarmandchilikning rivojlanishi qul mehnatidan keng foydalanish imkoniyatini berdi. Agar o`tgan asrlarda hunarmandchilik ustaxonalarida ishlagan qullar soni 10 tagacha bo`lsa, eramizning II asrida ularning soni 50 taga yetdi.
Hunarmandchilik ustaxonasining kengayishi, mehnat taqsimotining o`sishi uning iqtisoslashuvini o`sishiga olib keldi. Ammo hunarmandchilikda erkin mehnat yetakchi rol o`ynar edi. Tog`-kon ishlarida, qurilish, tosh konlari, marmar konlarida qul mehnatidan keng foydalanilar edi. Ustaxonalarda eng og`ir mehnat qullar zimmasida edi. Hunarmandchilik taraqqiyoti oshpazlik, g`isht kuydirish kabi yangi sohalarning paydo bo`lishiga olib keldi. Qurilishda betondan foydalanish keng tarqaldi. Eramizning II asrida provinsiyalarda hunarmandchilik ayniqasa yuksaldi.
Bir qancha provinsiyalar o`z mahsulotlarini boshqa provinsiyalarga, shuningdek, Italiyaga eksport qila boshladilar. Ayniqsa, gall shaharlari nihoyatda rivojlandi. Gall hunarmandlarining kanop gazlamalari, jun yopingichlar va kulolchilik mahsulotlari g`árbiy provinsiyalar va Italiyada keng tarqaldi. Suriya shaharlari esa, zarbof gazlamalar, zargarlik buyumlari, rangli shisha va gazlamalarni ishlab chiqaradigan asosiy markazlarga aylandi.
Eramizning II asrida hunarmandchilik markazlari yarim oroldan Shimoliy Italiyaga ko`çhdi. Puteola, Kapuya, Arretsiya kabi an`ánaviy hunarmandchilik markazlari tushkunlikka uchradi. Ularning o`rniga gall provinsiyalari, Norika va Dalmatsiyaning temir konlariga yaqin Milan, Akvileya va boshqa hunarmandchilik markazlari vujudga keldi. Ayniqsa, Akvileya shahri metall buyumlar va qurol-yarog`, shisha, zargarlik buyumlari, cherepitsa ishlab chiqaradigan yirik hunarmandchilik markaziga aylandi.
Eramizning I-II asrlarida barcha provinsiyalarda savdo aloqalari keng rivojlandi. Italiya savdogarlari Ispaniya, Suriya, Dakiya, Misr, Mavritaniya va Britaniyaga kirib bordilar. Gall kema egalari, savdogarlari Italiya, Reyn viloyatlari va ispan provinsiyalari bilan faol savdo qildilar. Palmira savdogarlari Dakiya va Misrga kirib bordilar. Shaharlarda ko`plab savdo do`konlari va omborxonalar qurila boshlandi.
Eramizning II asrida Rimda ulkan besh qavatli Trayan bozori qurildi. Savdo-sotiqning rivojlanishi provinsiyaning mahsulot ishlab chiqarishining ixtisoslashuviga olib keldi. Ispaniya zaytun moyi va vino, Galliya vino, shisha idishlari, jun mahsulotlari, Misr g`alla, papirus, granit, shisha buyumlari, Suriya vino, zarbof gazlamalar va zeb-ziynat buyumlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan edi.
Savdogar va hunarmandlar kollegiyalarga birlashdi. Savdo taraqqiyoti sarroflik va sudxo`rlikning rivojlanishiga turtki bo`ldi. Tashqi savdo rimliklar uchu foydali edi. Rim imperiyasi Qora dengiz hududlari, Sharqiy Yevropa, Eron, O`rta Osiyo va Hindiston bilan muntazam savdo aloqalarini o`rnatdi.
Rim 60-70 mln obyeklariga hukmronlik qilgan buyuk davlat bo‘lgan. Rim imperiyasi o‘zining cho‘qqisiga yetgan davrda tog’li hududlarni ham bosib olgan, bu hozirgi Shotlandiyadan zamonaviy Misr va Sudanning bir qismidagi Nil daryosining quyi oqimigacha, shuningdek, Atlantika sohillaridagi Shimoliy Afrikadan Yevroosiyoning ichki cho‘llari chegaralaridagi Ukraina va Kavkazgacha yetib borgan94.
Eramizning II asrida Sharqdan 3 savdo yo`li O`rtayer dengizi qirg`oqlariga borar edi:
Petra-Transiordaniya-Damashq-O`rtayer dengizi;
Frot–Palmira-Damashq-O`rtayer dengizi;
Hindiston-Arabiston-Iskandariya.
Afrika provinsiyalaridan Rim savdogarlari Efiopiya, Mavritaniya va hatto, Markaziy Afrikagacha kirib bordilar. Imperiya davrida yangi tanga “aureus” zarb qilina boshlandi. O`ng tomonida hukmdor-imperator tasviri tushirilgan edi. Rim tilla tangasi yuqori baholanar edi. Ko`p tarqalgan Rim tangalaridan biri kumush denariy edi. Eramizning I asrida denariy sof kumushdan, eramizning II asrining oxiridan esa, mis qo`shib, tarkibida 50% kumush bilan zarb qilina boshlandi. Mis tanga asosan mahalliy muomilada foydalanilar edi. Mayda savdoda asosan mis tanga sestersiy (4 ass) va dupandiy (2 ass) ishlatilar edi.
Eramizning I-II asrlarida Rim jamiyati quldorlik jamiyati edi. Uning asosiy qatlamlari qullar va quldorlar bo`lib, ulardan tashqari mayda ishlab chiqaruvchilar, kichik chek yerlarning egalari yoki ijarachilar, kichik hunarmandchilik ustaxonalari egalari, mayda savdogarlardan iborat edi.
Tabaqalar o`rtasida kuchli ijtimoiy ziddiyatlar mavjud edi. Jamiyatda asosiy ishlab chiqaruvchi kuchlar qullar edi. Eramizning I-II asrlarigacha quldorlik xo`jaliklarida qullarga bo`lgan ehtiyoj urushlar natijasida qondirilgan edi. Eramizning II asrida istilochilik urushlarining nihoyasiga yetishi qullar oqimining Rimga kelishini keskin kamaytirdi. Lekin quldorlik xo`jaliklarida qul mehnatiga ehtiyoj juda kuchli edi. Bu hol qullar narxining keskin o`sishiga olib keldi.
Qul mehnatininng unumdorligidan manfaatdor quldorlar qullarning maishiy turmush sharoitini o`zgartirishga majbur bo`ldilar. Qishloq pomestelari va shaharlarda qul cho`rilar soni o`sib bordi. Qullarga oila qurishga ruxsat berildi va ular rag`batlantirildi.
Qullikda tug`ilgan bolalar (ular vernlar deb atalgan) biror-bir hunarga o`rgatilgan. Bunday qulning narxi qul bozorlarida yuqori edi. Qullarning oila qurishini rag`batlantirgan quldorlar qul oilasi uchun chek yer, mehnat qurollari, kulba, kichikroq do`kon va bir necha qoramol ajratar edilar.
Quldor tomonidan ajratilgan bunday mulk “pekuliy” deb atalgan. Eramizning I-II asrlarida pekuliy keng tarqaldi. Quldor sovg`a qilgan yerini istalgan paytida tortib olishi mumkin edi. Qullarning huquqiy holati ham o`zgardi. Imperator Adrian qullarni sababsiz o`ldirishni ta`qiqladi. Eramizning II asrida yerni ijaraga berish va kolonat keng tarqaldi.
Kolon huquqiy jihatdan erkin kishi bo`lib, yer egasidan shartnoma muddati tugagandan so`ng, ketishi mumkin edi. Shartnoma odatda 5 yil muddatga tuzilgan. Kolon 5 yil davomida qarz va boshqa turli majburiyatlar ostida qolib, huquqiy jihatdan o`z yeridan ketishi mumkin emas edi. U noiloj bu yerda uzoq muddat ishlagan. Erkin, o`z yerini yo`qotgan dehqon, batrak va ozod qo`yilgan qul, yerga ishlashga qaytgan shahar plebeyi kolonga aylanishi mumkin edi. Yerga biriktirilgan qullar ham kolonga aylanar edilar. Kolonatning yana bir manbasi chegara provinsiyalarda asir olingan, yerga joylashtirilgan varvarlar edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |