2. Krit madaniyati. Krit yoki Minoy madaniyati uch davrga: Ilk Minoy (er. avv. 3000-2300/2100-yillar), O`rta Minoy (2300/2100-1600-yillar) va So`nggi Minoy (1600-1200-yillar)ga bo`linadi.
Kritning ilk gullab-yashnash davri va uning Egey dunyosidagi yetakchiligi er. avv. III-II ming yilliklarga to`g`ri keladi. Dastlab orolning janubiy-sharqiy qismi rivojlangan.
O`rta Minoy davrida Kritda “birinchi saroylar” davri bo`ldi. Knoss, Fest va Malliya kabi shahar markazlari rivojlandi. Krit me’morchiligining Kiklad va Ellada sivilizatsiyalaridan ajratib turadigan xususiyati, bu saroylarning ulug`vor qurilgani va saroylardagi nafis freska tasvirlarining yuksak san’at darajasida bo`lganidir. Freska tasviriy san’atining gullab-yashnashi “ikkinchi saroylar davriga” (er. avv. XVII asr) va So`nggi Minoy davriga to`g`ri keladi. O`rta Minoy davri Kritda taxminlarga ko`ra, yer qimirlashi natijasida halokat bilan tugallandi. Er. avv. XVII asrda Knoss, Fest, Malliya saroylari xarobaga aylandi.
Ellik yildan so`ng, Krit yana qayta tiklandi va bu yuksalish er. avv. 1400-yillargacha davom etdi. Bu davrda Krit dengizda cheksiz hukmronlik qildi. Krit Bolqon yarim oroli, Misr, Iberiyaga oliy nav vino, zaytun moyini eksport qildi. Misrdan rangli shisha, fayans; Kipr orolidan mis; Suriyadan otash; Liviyadan qimmatbaho metallar va fil suyagi olib kelindi.
Kritning Egey dengizidagi yangi yetakchiligi er. avv. 1700-yildan boshlanib, Knoss va Festda yangi saroylar qurilib, uning devorlari ajoyib freskalar bilan bezatilgan. Ingliz arxeologi Artur Evans Knoss saroyini 40 yil davomida tekshirdi va ajoyib san`at namunalarini topdi. Bir necha qavatli saroy Kritdagi ulug`vor inshoot edi. U bir necha marta qayta qurilgan bo`lib, podsho oilasi istiqomatgohi, rasmiy qarorgoh va xo`jalik inshootlaridan iborat edi. Saroyda ko`plab xona va zal devorlari did bilan bezatilgan. Devoriy tasvirlarda hashamatli kiyingan ayollar va erkaklar, saroy hayoti manzarasi, o`simlik va hayvonlarning hayotiy ko`rinishlari yuqori darajadagi badiiy usulda tasvirlangan. Krit Minoy tsvilizatsisi bilan Yunoniston materik qismi o‘rtasidagi aloqlar bo‘lganligini u yerdan topilgan moddiy arxeologik manbalar, jang aravlarini topilishi tasdiqlaydi.
Krit kulolchiligida badiiy san’atning nihoyatda yuksak darajasida shakllangani ko`rinadi. Sopol idishlarda tabiatning boy manzaralari mohirona tasvirlanadi. Bunday tasvirlar ko`za (amforalar), zaytun yog`i va vino saqlanadigan, bo`yi 2 m gacha bo`lgan xum (pifos)larning sirtiga chizilgan.
Krit madaniyatining yuqori darajada rivojlanganligining yana bir dalili, Knoss saroyidagi bizgacha yetib kelgan raqqosa tasvirining bir qismidir. Raqqosaning go`zal qaddi-qomatini nafis noziklikda tasvirlanganligidan hayratda qolgan arxeologlar uni shartli “parijlik ayol” deb nomladilar. Bu raqqosaning sochi o`ziga xos did bilan ma`lum bir uslubda turmaklangan. Knoss saroylaridan topilgan kohinalarning fayans haykalchalarida uzun yubka, yarim yalang`och ko`krak, nozik yelkalarga tushib turgan sochlar tasviri saroyda hukm surgan nozik did, go`zallik dunyosidan dalolat beradi.
Devoriy tasvir-freskalar va Krit xudolar panteonida ayol ma’budalarining oldingi o`ringa turgani, Krit jamiyati hayotida ayollarning mavqeini yuqori darajada bo`lganidan dalolat beradi. Bundan tashqari, gemma va uzuklarda qalqon tutgan ayol, kabutar bilan ma’buda, tog` cho`qqisidagi ma’buda va ikki sher o`rtasidagi ma’buda tasvirlari buning yaqqol misoli bo`ladi.
Freskalarda Krit orolining saroy va diniy hayoti tasvirlari: yosh yigit-qizlarning yurishi, gullar orasidan yurib kelayotgan hokimning tasviri, qo`shiq aytib raqs tushayotgan raqqosalar, qo`lida marosim ko`zalarini ko`tarib ketayotgan o`smirlar, Kritda diniy ramz sanalgan ikki yoqlama bolta-labris ushlagan kohina kabi tasvirlar aks ettirilgan.
Taxminlarga ko`ra, O`rta Minoy davrida orolning shimoliy qismida (poytaxti Knoss) mustaqil sulola, boshqasi janubda (poytaxti Fest) hukmronlik qilgan. Hokim oliy kohin vazifasini ham bajargan. So`nggi Minoy davrida Kritdagi butun hokimiyat Knoss hokimlari qo`liga o`tadi. Siyosiy hokimiyat tuzilishi bilan Sharq despotiyasiga o`xshash bo`lgani ehtimoldan xoli emas. Podsho yerning oliy egasi bo`lib, ishlab chiqariladigan moddiy ne`matlarning katta qismini tasarruf qilgan. U mamlakatni o`z a`yonlari, yaqinlari yordamida boshqargan. Joylarda podsho noiblari boshqaruv ishlarini amalga oshirgan. Krit podsholari oliy dunyoviy hokimiyatdan tashqari, diniy hokimiyatga ham ega bo`lganlar. Fukididning ma`lumotlariga ko`ra, podsho Minos har 9 yilda Zevs tasviri turgan muqaddas g`orga borib, uning oldida o`z podsholik boshqaruvi to`g`risida hisobot bergan va o`z hukmronligining navbatdagi muddati uchun yorliq olgan.
Knoss saroyi xarobalari qazib ochilganda, podsho taxti qoldiqlari bilan taxt turgan inshoot topilgan. Katta zalning ikki tomonida ehtimol davlat ishlarini muhokama qilishga to`planadigan podsho kengashi a`zolari o`tiradigan uzun o`rindiqlar qo`yilgan. Devoriy tasvirlarda Krit podshosi odatdagi odamlardan ko`ra, bo`yi bir necha marta baland qilib tasvirlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |