30-yillarda xalqaro munosabatlarning o‘ziga xos xususiyatlari.
Bu davrda fashistik Italiya ham qo‘l qovushtirib o‘tirmadi. 1935-yilning oktabr oyida uning qo‘shinlari Efiopiyaga bostirib kirdi. 1936-yil bahoriga kelib bu davlat Italiya mustamlakasiga aylandi. Bu urush Yevropa fashist davlatlarining ochiqdan-ochiq qurolli agressiyaga o‘tishi edi. 1936-yil iyun oyida Germaniya va Italiya fashistlari Ispaniya fashizmiga qurolli yordam ko‘rsatdilar. Buyuk Britaniya va Fransiya esa Ispaniya ishlariga aralashmaslik siyosatini e’lon qildi. Bu bilan ular amalda Ispaniya Respublikasining ag‘darilishiga ko‘maklashdilar. 1939-yilda Ispaniyada general Frankoning fashistik tartibi o‘rnatildi.