Charlz Dikkens hayoti va ijodi
Qirolicha Viktoriya davrida (oʻn toʻqqizinchi asr) ilm-fan va adabiyotga juda katta eʼtibor qaratilgan, qahramonimiz ana shu zamonning zabardast yozuvchisi, dovyurak adabiy tanqidchisi va jasoratli jurnalisti Charlz Dikkensdir. Mutaxassislar uning asarlari oʻziga xosligi, yangi qahramon yaratish boʻyicha uni Shekspirdan keyingi oʻrinda turadi deb eʼtirof etadilar. Adibning 15 ta roman, 5 ta novella va yuzlab hikoyalari, maqolalaru maʼruzalari bizgacha yetib kelgan.
Charlz Jon Haffem Dikkens 1812 yilning 7 fevral kuni Portsmut shahrining Portsi degan hududida Jon Dikkens (1785–1851) va Elizabet Dikkens (1789–1863) xonadonida dunyoga keladi. Otasi oʻsha paytlarda Nevi Pey idorasida maʼlum vaqt yuqori lavozimda ishlaydi. Charlz tugʻilganidan keyin bu oila Blumsberidagi Norfolk koʻchasiga koʻchib ketadi. Charlzning bolaligi sarsonu sargardonlikda, yoshligining asosiy qismi esa sayohatlarda kechadi. Shunday boʻlsa-da, u adabiyotdan yiroqlashib ketmaydi. U yoshligidanoq Tobias Smollet va Henri Fildingning sarguzasht romanlarini sevib mutolaa qiladi. Uning bolaligida kechgan qaygʻuli xotiralar va oʻzi sevib oʻqigan mazkur romanlar esa keyinchalik asarlaridagi qahramonlar siymosi uchun zamin yaratgan boʻlsa ajab emas.
Charlz juda qisqa vaqt xususiy maktabda tahsil oladi. Oila moliyaviy jihatdan qiyinchiliklarga uchragach, 1822 yilda Dikkenslar Londondagi Kemden shaharchasiga koʻchib ketishga majbur boʻladilar. Uzluksiz davom etgan bu moliyaviy tanglik 1824 yilda Jon Dikkensni Londondagi Marshalsi qarzdorlar qamoqxonasiga tushishgacha olib keladi.
Oradan bir necha oy oʻtib, Jon Dikkensning buvisi Elizabet Dikkens (ota tomondan) vafot etadi va unga 450 funt-sterling meros qolgani haqida xabar keladi. U bu pullar evaziga qamoqdan ozod qilinib, bir yoʻla qarzlaridan ham qutuladi. Koʻkragiga biroz shamol tekkan, Jon oilasi bilan Marshalsini ham tark etib, Kemden shaharchasida yashovchi doʻsti Roylens xonimlarnikiga koʻchib boradi. Charlz nochor ahvolda qolgan paytlarida poyabzal fabrikasida ishlar, otasining qamoqdan chiqqaniga qaramay, onasi uning fabrikadan ketishiga ruxsat bermasdi.
Beshafqat kechgan bolalik yillarini u “Devid Kopperfild” avtobiografik romanida nihoyatda taʼsirli qilib tasvirlaydi. “Mening na maslahatgoʻyim, na nasihatgoʻyim, na ruhlantiruvchim, na koʻngilga taskin beruvchim, na menga yordam beruvchi va na meni qoʻllab-quvvatlovchi odamim boʻlgan, umuman, men hech kimdan muruvvat kutmaganman, goʻyo Arshga ketayotgandek yolgʻizlanib qolganman”.
1830 yilda 18 yoshli Dikkens birinchi muhabbatini uchratadi. Mariya Bednell ismli bu goʻzal qiz keyinchalik “Devid Kopperfild”da Dora obrazida namoyon boʻladi. Ularning bir-biriga boʻlgan iliq munosabatidan voqif boʻlgan Mariyaning ota-onasi qizini Parijdagi maktabga joʻnatib yuborishadi.
Yosh Dikkens aktyor boʻlishni orzu qilar, biroq oiladagi ogʻir sharoit tufayli u ishlab pul topishga majbur edi. U stenografiyani oʻrganib, gazetada muxbir boʻlib ham ishlaydi. 1833 yil dekabr oyida uning ilk “Janob Mins va uning amakivachchasi” nomli ocherki eʼlon qilinadi.
Ayni kuch-quvvatga toʻlgan Charlz Dikkens 20 yoshida nafaqat jismonan, balki ijod borasida ham biroz ulgʻayadi, yumorga moyilligi ortadi: u kelajakda kim boʻlishini bilmasa-da, kun kelib mashhur boʻlib ketishini ich-ichidan sezardi. U ish faoliyatini teatrdan boshlaydi-yu, lekin sharoit taqozosi tufayli u yerda ham uzoq ishlolmaydi. Oradan bir yil oʻtgach esa uning ilk “Poplar Volkdagi tushlik” deb nomlangan hikoyasi “London periodikal” oylik jurnalida chop etiladi. Shu hikoya sabab u Furnival mehmonxonasida yashay boshlaydi, negaki, Charlz endi siyosat borasida ham yetuk jurnalistga aylanib ulgurgan, parlament bahslarida qatnashib, Britaniya boʻylab yalpi saylov kompaniyalari haqida “Morning Xronikl” gazetasida yangiliklar berib borardi. U oʻzining qoʻlyozmalariga Boz-Boz deb imzo chekardi. Holbuki, bu taxallus avvaliga Mozes boʻlib, keyinchalik bu ism ogʻizdan-ogʻizga oʻtib, Bozesga aylangan, yanada qisqarib, Bozga aylanib ketgandi.
1836 yildan yosh adib “Oliver Tvist” asari ustida ish boshlaydi. 1838 yilda bu roman unga mislsiz shon-shuhrat keltiradi va Dikkensning durdona asarlaridan biri sifatida tarixga muhrlanadi.
1836 yil 2 aprelda 24 yoshli Charlz “Ivning Xronikl” gazetasi muharriri Jorj Xogartning qizi Katerin Tomson Xogartga uylanadi. Oradan biroz oʻtib ular Furnivalga qaytishadi va birinchi farzandi Charli tugʻiladi. U ukasi Frederik hamda 17 yoshli qayinsinglisi Meri bilan Blumsberi(London)ga koʻchib keladi. Dikkens Merini tobora soʻlib borayotganidan, oʻzining qoʻlidan hech nima kelmayotganidan aziyat chekardi. Lekin 1837 yilda Meri ogʻir xastalikdan (xastalik haqida maʼlumotlar qoldirilmagan) Charlzning qoʻlida jon beradi. Merining bevaqt oʻlimi uning ruhiyatiga juda qattiq taʼsir qilib, ancha paytgacha oʻziga kelolmay yuradi. Uning siymosi Dikkensning koʻz oʻngidan ketmasdi. U bilan bogʻliq xotiralarni esa oʻzining “Kichkina katta” nomli asarida Rouz Meyli timsolida aks ettirishga erishadi. Hatto “Oliver Tvist” romanini davom ettirishga ham qoʻli bormaydi.
1842 yilda Charlz Dikkens oilasi bilan birinchi marta AQSH va Kanadaga safar uyushtiradilar. Safar davomida yozuvchi juda koʻplab muammolarga duch keladi.
Yozuvchi 1844 yili qisqa vaqt Italiyada, keyin esa Shveysariyaga (1846) safar qilgandi. Shu asno Dikkens ijodida jiddiy oʻzgarish roʻy beradi. “Dombi va uning oʻgʻli” hamda “Devid Kopperfild” singari jiddiy mavzudagi romanlarini yozib bitiradi…
1850 yillarda Dikkens ijodi yangi bosqichga koʻtariladi. Bu davrda u “Sovuq oʻt”, “Ogʻir damlar”, “Ikki shahar haqida qissa” romanlarini yozadi. Bu romanlarda jamiyatda yuz berayotgan muammolar badiiy, yorqin boʻyoqlarda qalamga olinadi.
Dikkens haqida biograf Kleyr Tomalin ancha iliq gaplar yozib qoldirgan. Kleyr yozuvchini qahramon yaratish boʻyicha Shekspirdan keyingi oʻrinda turadigan mohir adib ekanini alohida taʼkidlaydi. Uning qahramonlari, ayniqsa, original ismlar bilan topilgan obrazlar ingliz adabiyotida abadiyatga muhrlangan. Masalan, Abunazar Skruj, Yoqub Marli, Bob Kretchit, Oliver Tvist, rassom Dodjer, Devid Kopperfild, Samuel Pikvik, Uriya Hip singari qahramonlar hozirda Britaniya madaniyati namoyandalariga aylangan.
Virjiniya Vulf unga quyidagicha taʼrif beradi: “Dikkensni oʻqiganimizda ruhiy jihatdan oʻzimizni yana qayta poklagandek boʻlamiz. U aniq va muqarrar boʻlmagan, detallarda uchramaydigan qahramonlarni yaratdi, lekin uning yovvoyi qalami ajabtovur, oʻziga xos obrazlarni kashf etdiki, ularni ilgʻamaslikning iloji yoʻq edi”.
1870 yilning 8 iyun kuni Dikkens kun boʻyi qattiq ishlash jarayonida insultdan hushini yoʻqotadi va ertalabgacha oʻziga kelmaydi. 9 iyun kuni Charlz Dikkens oʻz uyida olamdan oʻtadi. Oʻzining vasiyatiga koʻra, uni Vestminster Ebbeydagi Shoirlar burchagiga dafn etadilar. Uning qabriga: “1870 yilning 9 iyunida 58 yoshida Kent shahridagi Rochester yaqinidagi Hayem qishlogʻida, oʻzining qarorgohida vafot etgan Charlz Dikkens (Angliyaning eng mashhur muallifi) xotirasiga bagʻishlanadi. U bechoralar, mazlumlar va tushkunlarning hamdardi edi, uning vafotidan soʻng Angliyada buyuk yozuvchilar safi bittaga kamaydi…” degan satrlar bitiladi.
Oxirgi marta qizi Jorjina yozuvchidan qayerda uxlashini soʻraganda u “Yerda!” deb javob bergandi… Bu uning oxirgi iqrori edi.
Hozirda koʻplab muzeylar Charlz Dikkens nomi bilan ataladi, uning asarlari va qahramonlari aks etgan bayramlar muttasil nishonlanib kelinadi. Portsmutda Charlz Dikkens uy-muzeyi ham bor. 1891 yilda Filadelfiyaga qoʻshni hudud boʻlmish Klark Parkdan Fransis Edvin Elvell tomonidan taroshlangan Dikkensning bronza haykali topiladi.
2012 yili esa London muzeyida yozuvchining 200 yillik yubileyi zoʻr tantana bilan nishonlandi. Bu tantana xalqning unga boʻlgan buyuk ehtiromi va eʼtirofidir.
Dikkens (Dickens) Charlz (1812.7.2, Lendport — 1870.9.6, Xeydsxill) — ingliz yozuvchisi. Adabiy faoliyati 1833 y.da boshlangan. Mehnatkash xalqning og’ir axvoli Dikkens asarlarining bosh mavzusi bo’lgan. Dikkens tanqidiy realizm uslubining asoschilaridan hisoblanadi. Hajviy-sentimental ruhda yozilgan
«Pikvik klubining o’limidan keyingi yozishmalari» (1837), «Oliver Tvistning sarguzashtlari» (1838), «Nikolas Niklbi» (1839) romanlari adibni dunyoga mashhur qildi. 19-asrning 40—50-y.lari Dikkens ijodi gullagan davr bo’ldi. «Martin Chezlvit» (1844) romanida Amerika voqeligidagi salbiy tomonlar tasvirlangan. «Dombi va o’g’li» (1848) romanida insonlik qiyofasini yo’qotgan, manmansiragan ingliz boyvachchalari hajv tig’i ostiga olingan. Tarjimai hol yo’sinidagi «David Kopperfild» (1850) romanida esa o’sha zamonning ijtimoiy ziddiyatlari ko’rsatilgan. Dikkens asarlarida, umuman oddiy kishilar qiyofasi zo’r mahorat b-n aks etadi. 1848 yili Angliyada chartistlar (yo’qsullar) harakati mag’lubiyatga uchragan davrda Dikkens dolzarb ijtimoiy muammolarni qalamga oldi («Sovuq uy», 1853; «Mashaqqatli zamon»,1854; «Jajji Dorrit», 1857 va b.). Bular orasida, ayniqsa, «Mashaqqatli zamon» romani alohida ahamiyatga ega.
«Ikki shaharcha to’g’risida qissa» (1859), «Intizorlik» (1861), «Bizning umumiy do’stimiz» (1865) kabi romanlarida esa adib jamiyatni ijtimoiy inqirozdan olib chiqish yo’llarini badiiy vositalar yordamida tasvirlaydi. «Oliver Tvistning sarguzashtlari» romani o’zbek tilida nashr qilingan (1984).
Do'stlaringiz bilan baham: |