Китоб ва адабиёт ҳақида
Барча юксак технологиялардан, кашфиётлардан, илм-фан ҳамда санъатдаги ихтиролардан энг баланда китоб нашр этиш туради.
Адабиёт халқ ичида, унинг ҳислари ва кечинмалари билан бирга, бахт ҳамда бахтсизлиги билан ёнма-ён бўлиши шарт.
Манба: www.xabardor.uz
7 fevral — ingliz tilidagi bir qancha romanlar muallifi, tanqidchi, komik qahramonlarni mohirlik ila tasvirlab berish ustasi, ijtimoiy mavqega ega mashhur yozuvchi Charlz Dikkens tavallud topgan kun. U o‘z davrida Angiliyadagi eng jo‘shqin, ilhombaxsh, maqsadlari sari intiluvchi yetuk shaxs bo‘lgan. Uning ijodi millatning haqiqiy fazilatini ochib beruvchi, dunyoga mashhur “inglizcha yumor”ning paydo bo‘lishiga zamin yaratdi.
IRIMCHI ADIB
Nodirabegim Ibrohimova
Charlz Dikkens nafaqat Angliya, balki butun dunyoga taniqli yozuvchidir. Oradan 200 yildan oshiq vaqt o‘tsada, uning asarlari kitobxonlar tomonidan sevib o‘qilmoqda. Odatda, kitob tanlash jarayonida turli omillar hisobga olinadi. Kimdir, birinchi o‘rinda qiziq syujetga ahamiyat qilsa, kimdir uning badiiy chizgilariga, yana kimdir mashhur muallif nomiga, va hatto chiroyli muqovaga qarab ham kitob tanlashadi. Charlz Dikkens romanlari bularning istagan turiga to‘g‘ri keladi, desak adashmaymiz. Asarlaridan ko‘ra uning shaxsiyatiga qiziqish kuchli ekanini ham tan olish kerak.
Dikkens qahramonlari bizga shunchalik yaqinki, ularni ingliz sifatida emas, o‘z millatdoshimiz sifatida ham ko‘ramiz. Asarlarini o‘qir ekansiz, uning adabiy faoliyatida ikki xususiyatni anglaysiz: birinchisi yumor, ikkinchisi esa chuqur insoniylik, ojizlarga nisbatan mehr-muruvvat. Uning qahramonlari ko‘pincha oddiy, aybsiz, bag‘rikeng, kamtar insonlarki, biz ularni beixtiyor yaxshi ko‘rib qolamiz. Nochor insonlar qalbida unib borayotgan umid, sabr, sevgi ularni haqiqiy qahramon darajasiga ko‘taradi. Ayrim tanqidchilar Dikkensni obrazlarni yaratishda ehtirosga berilib ketishda, obyektivlik yo‘qligida ayblashgan. Ammo davrlar o‘tib, Dikkens asarlari mangulikka daxldorligi tan olindi.
Dikkens uni tragikomediya janrida ifodalardi. Qahramonlarga achinar, shu bilan birga umidni so‘ndirmasdi. Bu umid ruhini uning qator asarlarida payqash mumkin. Kimdir bu adibning zaif tomoni deb hisoblar, kimlar esa asosiy kuchi deb baholardi.
Dikkensni zamondoshlari shunday ta’riflashgan: “aqlli yorqin ko‘zlar, to‘q kashtang rang sochlar, bir biriga mutanosib ajoyib yuz ko‘rinishi, u o‘z qadrini va o‘zgalarning qadrini juda yaxshi bilardi”. Dikkens tug‘ma aktyor edi. U bir lahzada bir nechta insonlarning qiyofasiga kira olardi. Adabiyot va teatrni birgalikda olib borar, spektakllarda rol ijro etardi. Professional aktyorlar u buni qanday eplayotganiga hayron qolishar, darhaqiqat Dikkens tomoshabinni o‘ziga bo‘ysindirib ham yig‘latar, ham kuldira olardi. Ha, Charlz ko‘rkam, aqlli, zukko, o‘ziga ishongan yigit edi. U oylik jurnalda “Boz” taxallusi bilan qisqa ocherklar yoza boshlagach, o‘quvchilarga tanilib qoldi.
Dunyo ahli Dikkensni asosan yozuvchi, ocherknavis deb tanisa, o‘z mamlatakatida ijtimoiy tanqidchi sifatida ham yaxshi bilishadi. U umri davomida ko‘proq publitsistika bilan mashg‘ul bo‘ldi. U oddiy odamlarni yoqlar va yuqori qatlamdagilarni tanqid qilib chiqardi. U jamoat ishlarida faol edi, masalan, xalq kutubxonasini tashkil qilgan, shifoxonadagi nochor bemor bolalarga yordam bergan.
Umumiy hisobda 15 ta roman yozgan, ularning xajmi katta bo‘lgan. Bunga ulgurish siri bormidi? U kun tartibiga rioya qilgan holda ijod qilgan. Tonggi nonushtadan so‘ng tartibli ish stoliga o‘tirib soat 9 dan tushga qadar ishlagan. Tushlikdan so‘ng yana ijod xonasiga qamalardi. Kitob yozayotgan paytda odamlar bilan deyarli gaplashmas va xayol surardi. O‘ziga o‘rnatgan qoidasiga ko‘ra, kuniga 2000ta so‘z yozgan. Ilhom kelmagan paytlari shahar bo‘ylab sayr qilar, bu unga yangi g‘oyalar berardi. Kechki taomdan so‘ng oilasiga vaqt ajratar va barvaqt uyquga ketardi.
2012 yilda dunyo bo‘yicha adibning 200 yilligi keng nishonlandi. 2017 yil boshida O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Charlz Dikkens tavalludining 200 yilligi nishonlandi. Londonda Charlz Dikkens muzeyi bor, u yerda yozuvchining shaxsiy buyumlari saqlanadi. Dikkens g‘ayritabiiy hodisalarga ishongan va Arvohlar klubi a’zosi ham bo‘lgan. Charlz Dikkens hamisha shimolga qarab yotgan. U shu tariqa o‘zining yozuvchilik mahorati yanayam yaxshilanadi, deb o‘ylagan. Muzeylarda Dikkensga yozilgan 10 minglab maktublar saqlanib kelinadi.
“Fortnaytli revyu” jurnali bosh muharriri Jorj Genri Lyus o‘z xotiralarida shunday deydi: “Dikkens bir marta menga voqealarni qog‘ozga tushirishdan avval qahramonlar o‘z so‘zlarini qulog‘imga pichirlab aytadi, ularni chindan ham eshitaman, ular shundoqqina yonimda turadi va men bilan muloqotda bo‘lishadi.” Irimchi adibning ko‘plab asarlarini o‘zbek tilida o‘qishga musharraf bo‘ldim. Buning uchun tarjimonlarga tashakkur. O‘zim ham Dikkenzning bir hikoyasini o‘zbek tiliga o‘girdim, yaqinda matbuotda chop etildi. Kelgusida bu adibning ko‘plab asarlarini kitobxonlarga yetkazishni dilimga tugdim.
Charlz Dikkens
ASARLARIDAN IQTIBOSLAR
Do'stlaringiz bilan baham: |