CHAG'ONIYON Chag'oniyon tarixi. Ko'hna Surxon vohasi qadim Baqtriya davlati tarkibidagi viloyatlar sirasiga kirgan, bu eramizdan avvalgi IX-VIII asrlarga to'g'ri keladi. Keyingi asrlarda qadim Baqtriya sarhadlarida yangi davlatlar barpo bo'lib, Baqtriya shu yangi davlatlarning tarkibiy qismlariga aylana boshlaydi. Bular: Ahamoniy (miloddan avvalgi VII-IVasr)lar, Iskandar Zulqarnayn yurish (mil. av. IV asr)lari, Salavkiy (Mil. av. IV-III asr)lar hukumati, Yunon-Baqtriya (mil.av. III-II asrlar) davlati, Saklar (mil. av. II) xuruji, Parfiya davlati (mil. av. I asr), Yuyechje qabila (mil.av. I va milodning I asri)larining kirib kelishi, Kushon saltanati (milodiy I-III asrlar), Eron Sosoniy (III-IV asr)lari shahonshohligi bilan bog'liqlar kasb etadi. Surxondaryo viloyati hududlari ilk o'rta V-VIII asrlarda Taxoriston atamasi bilan yirik tarixiy-madaniy mintaqa tarkibiga tobe edi, ushbu atama dastlab eramizning 383 yilidagi matnlarda paydo bo'la boshlagan. Taxoriston hududlari VI asrga kelib kengaydi va u qator viloyatlarga ega bo'ldi, shunday viloyatlardan Da-mi (Termiz) hamda Chi-o-yan-na (Chag'aniyon)lar hozirgi Surxondaryo zaminida joylashgan edi.
Chag`oniyon qadimgi sulolalar davrida.
Qadim Baqtriya bag'rida paydo bo'lgan Toxariston zaminiga IV asrga kelib xioniy (xionit) nomi bilan yuritiladigan qabilalar kirib keldi va bu zaminni Sosoniylardan tortib oldi. Chunki Toxariston tuprog'i kushonlar saltanati inqirozidan so'ng Eron Sosoniylari tasarrufida edi, endilikda bu tuproqqa xionit va eftaliy (eftalit) qabilalari harakati boshlanadi. Avvalgi Toxariston yerlariga Sosoniy (III-V asr)lar, so'ngroq Xioniylar va Eftaliy (eftalit, V asr)lar kirib keldi, shu tariqa Toxariston yerlari V-VII asrlar mobaynida Sosoniylar, Xioniylar, Kidariy (ikkinchi bir nomi taxor)lar hamda Eftaliylar o'rtasida talash maydoniga aylandi. Bu voqealar ushbu yurtlarda topilgan Sosoniylar va Eftaliylarning tangalari bilan o'z isbotini topgan. VII asr oxirlari va VIII asr boshlarida bu zaminda Chochdagi turkiy hukmronlar tangalariga taqlidan tangalar zarb etiladi, demak, VIII asrdan e'tiboran bu yurtga Turkiy xoqonlik hukmronligi kirib kela boshlagan ekan. Endi Chag'oniyon atamasiga kelsak, bu nom yozma manbalarda VI asrdan boshlab uchraydi va solnomavis ad-Dinovariy (vafoti 952)ning «Kitob al axbor»da bitishicha, sosoniy Xusrav I Anushervon (hukmronligi 531-579) qo'shinlari Eftalit (tarixiy manbalarda eftal, xaftal, xaytal, goho eftalon shaklida ham bitiladi) davlatining Toxariston, Kobuliston va Chag'oniyon viloyatlarini bosib oladi. Tarixiy voqealarga murojaat qilsak, 563-567 yillarda Eftaliylar bilan Turkiy xoqonliklar o'rtasida Buxoro o'rtasida to'qnashuv ro'y beradi va ularning birinchisi qattiq shikast topadi. Shikast topgan Eftaliylarning qolgan-qutgan qismi Chag'oniyonga chekinadi va asli Eftaliylardan bo'lgan Chag'oniyon hokimi Fag'onishni o'zlariga yo'lboshchi qilib ko'taradilar. 571 yili Chag'oniyon Xusrav I Anushervon ixtiyoriga o'tadi, bu hodisa ikki xil izohlanadi: Fag'onish go'yo turkiy xoqonlarga qarshi kurashda Anushervonga tayanmoqchi bo'lgan yoki turk xoqoni Istamiy bilan Anushervon shartnomasiga binoan Chag'oniyon Sosoniylarga tegadi. Chag'oniyon Eftaliylar davlati tarkibida yetmish yil turdi, hatto, Chag'oniyon hokimi Eftaliylar uyushmasining rahnamosiga aylandi, ko'rinadiki, Chag'oniyon Sosoniylar va Eftaliylar davlati tarkibida ko'p jihatdan mustaqil bo'lgan. Chag'oniyonda VII asrga kelib sulola almashuvi ro'y beradi, Eftaliylar o'rniga turk xoqonligi sulolasi ustuvorligi kuchaydi. Chag'oniyonni idora qilgan eski Chag'onxudotlar sulolasi o'z mavqeini saqlab qolgan holda Turk xoqonlariga suyandilar, turkiy qabilalarning Chag'oniyonga kirib kelishi 589 yildan boshlanadi. Turk xoqoni (qoon, qog'on, xoqon, xon) Tun Yabg'u (Yabu-jabu, hukmdor, bak, bek, biy 618-680 yillar) davrida Toxaristonni boshqarish uning o'g'li Tardu Shodi zimmasiga yuklatiladi. Chag'oniyonda turkiy qabilalar sulolasi mustahkamlanib bordi, Chag'oniyon hukmroni Tish Uzoq Sharq mansha (718-719) larida Toxariston yabg'usi, ya'ni bosh hukmroni tarzida tilga olinishining o'zi jiddiy voqeadir. Ana shu Tish-Chag'oniyonning chag'onxudoti o'z qo'shnilari Shuman va Axarun hukmron (Qoratog' daryosi va Hisor vohasi o'lka)larini bo'ysundirish uchun Qutayba lashkarlarini madadga chaqiradi. Movarounnahr yerlariga onda-sonda hujum qilib, talon-tarojlik yurishlarini amalga oshirib turgan arablar uchun bu qulay hodisa edi. Shu munosabat bilan arab qo'shinlari Surxon vohasiga kirib keldi va Chag'oniyonni egallab oldi. Arablarning Chag'oniyonga ilk hujumi 667 yilda ro'y bergan edi, 651 yili arab qo'shin boshlig'i bilan Chag'oniyon shohi yakkama-yakka jang qilganini yaxshi bilamiz. Bu hodisa va voqealardan shu narsa aniqki, Chag'oniyon shohi, demak, butun boshli arab bosqiniga qarshi harakatning rahnamosi bo'lgan. Qolaversa, 650 yillarda Chag'oniyon o'lkasining hokimi Turontosh edi, uning ismi turkiy tilli aholi vakili ekanini ochiq ko'rsatib turibdi. Binobarin, ilk o'rta asrlarda Toxaristonda turkiy xalqlarning alohida siyosiy va ijtimoiy mavqeini ilmiy tadqiqotlar aniq isbotlab turibdi. Qutaybaning Chag'oniyonga kirib kelishi bilan umum Chag'oniyon yangi islom dini ta'siriga berilib ketdi deb bo'lmaydi, balki asl boshqaruv hali-hanuz chag'onxudotlar ixtiyorida edi va ular hukumati oz emas, ko'p emas yuz yilga yaqin turgan. G'alati tomoni shundaki, Markaziy Osiyoning boshqa mintaqalariga yurish qilgan arab qo'shinlariga birinchi galda Chag'oniyon xudotlari (Movaraunnahr viloyatlarini arab istilosigacha bo'lgan davrda turli nomlarda ataluvchi mahalliy hukmronlar boshqarganlar, ya'ni Termizni shoh, Buxoro va Chag'oniyonni xudot, So'g'dni ishxid, Farg'onani afshin, Xo'jandni dehqon, Xorazmni podshoh) harbiy ko'mak berar edi. Chunonchi 706 yilgi Qutayba binni Muslimning Buxoro va Paykandga hamda 737 yilgi Asad binni Abdullohning Xuttal (Xaptal-Eftal) hamda turk qog'onligiga qarshi yurishlarida Chag'onxudot shaxsan hamroq bo'lgan edi.Qolaversa, VII asrning 70-yillarida boshlangan Muqanna rahnamoligidagi oq kiyimlilar harakatiga chag'onxudotlar ro'yxushlik bildirishmadi, balki ularga qarshi siyosat yuritishdi. Chag'oniyon mulki Toxariston(bu nom hozirgi Afg'oniston islom davlatidagi Taxor viloyati nomida saqlanib qolgan) tarkibidagi eng yirik va eng kuchli o'lka edi, boisi bu o'lkaning o'ziga xos an'analari hamda ajoyib sulolaviy tarixi mavjuddir. Bu hududda katta-katta qishloqlar va ulkan shaharlar qad ko'tara boshladi, bu yurt o'zida zarb qilingan xususiy tangalariga ega edi. Chag'oniyon hukmronlari boshqa uzoq va yaqin hukumatlar bilan diniy, iqtisodiy hamda sulolaviy aloqalarni yaxshi yo'lga qo'ydi, oqibatda, savdo-sotiq ishlari ancha rivoj topdi. Ayniqsa, Afrosiyob saroyi xarobalari topilib ochilgandan keyin Samarqand shohi Varxuman saroyi devorlarida bitilgan bitiklar o'qilgach, shu narsa aniqlandiki, VII asrning 2-yarmida Samarqandga (650-670 yillar) Chag'oniyon davlati elchilariga devonxona boshlig'i, ya'ni dapirat (dabir-yozuvchi-kotib) rahbarlik qilgan ekan va Samarqand shohi Varxumanga sovg'a-salomlar bilan birgalikda kelin ham olib kelgan ekan. Yana ham qizig'i shundaki, Chag'onxudotlarning hukmronligi kezlarida 719 yilda Chag'onxudot Tish (Tishtriya-Sirius, avestacha, eng ravshan yulduz) tarafidan Chin (Xitoy)ga moniylik dini peshvosi Mo-Jo boshchiligidagi elchilar jo'natilganini ham bilamiz. Qarang, Surxon vohasi Zardushtiylik va Buddaviylik dinlarining maskani bo'lishi barobarida bu yerda demak, Moniylik dini ham rivoj topgan va rasm bo'lgan ekan.
Chag'oniyonda VI-VII asrlar chog'i shohlar saltanati (bu hodisa sosoniylar bilan bog'liq) hukm surgan, so'ngra VII asrning 2-choragidagi turkiy xoqonlikka tobin Yabg'u hamda Shodilar ustuvorligi ro'y bergan. VIII asrdan boshlab Chag'onxudotlar hukmronligi o'z faoliyatini boshlaydi va bu qancha davom etganligi ma'lum emas. Har holda Chag'onxudotlarning hukmronligi arab istilosidan so'ng barham topgan ko'rinadi. Ana shu zaylda arab istilosining yemirilishi bilan, bizningcha, Termiz va Chag'oniyon asta-sekin Tohariylar hamda Somoniylar davlati tasarrufiga o'ta boshlaydi. 1X asrning 2-yarmidan boshlab Chaoniyonda bizga noma'lum bo'lgan amirlar sulolasi hukmronlik qilgan, ammo X asrdan e'tiboran bu zaminda Muhtojiylar sulolasi ustuvorligi sezilarli darajada oshib boradi. Bu yurt X-XII asrlar mobaynida Qoraxoniylar, G'aznaviylar va Saljuqiylar qaramog'iga kirganligi tarixdan ma'lum.
Do'stlaringiz bilan baham: |