"Eros iztirobi" (Agonie des Eros) asarida Xon o‘zining oldingi kitoblari "Charchoq jamiyat" (Müdigkeitsgesellschaft) va "Shaffoflik jamiyati" asarlarida (Transparenzgesellschaft) ishlab chiqilgan fikrlarni yanada rivojlantiradi. Asarda “O‘zga”ni tahlil qilishdan boshlab, Xon odamlar o‘rtasidagi istak va muhabbatga so‘roq qo‘yishni rivojlantiradi. Byung-Chul Xon o‘zini yaxshi ko‘rish va kimligini ko‘rsatib qo‘yish kuchayib borayotgan zamonaviy jamiyat haqidagi fikrlarini yanada rivojlantiradi. Xonning taxminicha, bu jarayonning so‘nggi pallasida, hatto, istakning yo‘qolishi kuzatiladi, bu shunday istakki, unda boshqa, begona, o‘ziga tegishli bo‘lmagan obyektlarga e’tibor va bog‘lanishlar o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Bu vaqtda insonlar faqat o‘zlarini o‘ylaydigan va boshqalar bilan munosabatlar qura olmaydigan darajaga yetadilar. Shu tariqa xudbinlik kurtak yoyib rivojlanadi. Hozirda biz xudbin so‘zi bilan bir qatorda egoist so‘zini ham ko‘p ishlatamiz. Agar bu so‘zni aniqlab qarab o‘tadigan bo`lsak "Ego" (lotinchadan ego – Men) deb tarjima qilinadi16. Byung-Chul Xonning nazariyasiga ko‘ra, "Ego" shu darajaga yetadiki, hatto sevgi va shahvoniy hirslar ham ushbu ijtimoiy o‘zgarish bilan qamrab olinadi. O‘zini yaxshi ko‘rish va manmanlikning rivojlanishi qarama-qarshilikning yo‘qolishiga olib keladi. Xon yondashuvlariga ko‘ra, fikrlashning shu tariqa davom etishiga, hali tushunilmagan narsaga intilish sabab bo‘ladi. Bu esa ehtiros va xohish bilan yuqori darajada bog‘langan, shuning uchun “ehtiros va xohish azobi” o‘z navbatida “fikr azobi” ham hisoblanadi.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, Byung-Chul Xonning o‘ziga xos bunday qarashlarining shakllanishiga ikki xil madaniy o‘choqlarda qaynagani ham ta'sir etgan bo‘lsa ajab emas. Hozirgi globallashuv va raqamli texnologiyalar zamonida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi tafovut sekinlik bilan yo‘qolib borayotgan bo‘lsada, ammo ular o‘rtasidagi qadriyatlar farqini Byung-Chul Xonning fikrlarida sezish mumkin. Hozirgi jamiyatdagi insonlar o‘zlari yaxshi bilmagan biror obyektga tez bog‘lanib, tez sovub qoladilar. Byung-Chul Xon bu yerda “hamma narsani ham tushunish va yoqtirish kerak emas, hamma holatni ham oydinlashtirish zarur emas”, - degan fikrni ilgari suradi17. Jamiyat taraqqiyoti insonlarni o‘z ustida ishlashga majbur qiladi. Siz o‘zingiz ko‘zlagan biror bir maqsadga yetishish uchun o‘zingizga turli cheklovlar qo‘yasiz. Albatta, hozirgi raqamli dunyoda qadimgi va o‘rta asrlardagi qulchilik tizimi, yoki yaqin tarixdagi sinfiy kurashlar o‘z ahamiyatini yo‘qotgan. Ammo Byung-Chul Xonning fikricha, qulchilik tizimi umumiylikdan yakkalikka, sinflar o‘rtasidagi kurash esa ma’lum bir sinf ichidagi kurashga aylangan. Biz hayotda o‘z o‘rnimizni topish uchun kurashamiz. Buning uchun o‘zimizga o‘xshagan boshqa bir insondan ustunroq bo‘lishiz kerak. Bunday musobaqaga o‘xshash hayot tarzi xudbinlik ya’ni “ego”ni shakllantiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |