BYUNG-CHUL XON – SHARQ VA G‘ARB ZAMONAVIY FALSAFASINING UYG‘UNLIGI TIMSOLI SIFATIDA
Yusupov Jaloliddin Boboravshan o‘g‘li
Sharq falsafasi va madaniyati yo‘nalishi 4-kurs koreys-ingliz guruhi
jaloliddinyusupov14@gmail.com
Tel: +998 94 474 07 89
Annotatsiya. Ushbu maqolada asli Janubiy Koreyalik hozirda Berlin San'at universiteti professori va madaniyat nazariyotchisi Byung-Chul Xonning zamonaviy falsafadagi o‘rni va o‘ziga xos qarashlari ochib beriladi. Sharq va G‘arb mintaqalari bo‘yicha yondashuvlar, globallashuv jarayonidagi yutuq va kamchiliklar, rivojlangan jamiyatlardagi muammolar, o‘tmish va kelajak hayot o‘rtasidagi tafovutlar, shuningdek, inson shaxsiyatidagi o‘zgarishlar Byung-Chul Xon qarashlari asosida ko‘rib chiqiladi.
Tayanch so‘z va iboralar: Byung-Chul Xon, antropogen muammolar, madaniyat nazariyotchisi, "Xaydegger asarlaridagi kayfiyat", "Kuch nima?", "Charchoq jamiyati", oshkoralik, yagona ochiqlik tizimi, neyronal buzilishlar, liberalizm va neoliberalizm, raqamli dunyo, yutuq subyekti, "Eros iztirobi", "Shaffoflik jamiyati", istakning yo‘qolishi, "Ego".
Insoniyat jamiyatining taraqqiyoti hech qachon va hech qayerda oson, beto‘siq kechmagan. Har doim va hamma davrlarda jamiyat oldida muayyan muammolar ko‘ndalang bo‘lib turgan. Bular, bir tomondan, tabiat ofatlarining natijasi o‘laroq namoyon bo‘ladigan yer silkinishlari, suv toshqinlari, qurg‘oqchilik, quyosh radiatsiyasi o‘zgarishi bilan bog‘liq turli epidemik kasaliiklar va hokazolar bo‘lsa, ikkinchi tomondan, inson faoliyati natijasida yuzaga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-madaniy hayotga oid bo‘lgan antropogen muammolardir1. Bu kabi muammolar har qanday davlat, shu jumladan, O‘zbekiston uchun ham o‘rinlidir. "Biz globallashuv har tomonlama avj olayotgan, shiddatli o‘zgarishlar sodir bo‘layotgan murakkab zamonda yashamqdamiz. Bugungi kunda iqlim o‘zgarishlari, ekologik muammolar, radikalizm, ekstremizm va terrorizm,odam savdosi, narkotrafik kabi tahdidlar bizning mamlakatimizda ham yechilishi zarur bo‘lgan dolzarb vazifalar hisoblanadi "2.
Bugungi kunda rivojlangan mamlakatlarda antropogen muammolarning yangi shakllari paydo bo‘lmoqda. Shu jumladan, raqamli dunyoda zamon ruhiga mos ravishda rivojlanayotgan bunday muammolar yuzasidan turli yondashuvlar, nazariyalar, muammoga yechim va takliflar ilgari surilmoqda. Koreyalik faylasuf Byung-Chul Xonning ham fikr va qarashlari bugungi globallashuv zamonda o‘z ahamiyatiga ega va o‘zga xosligi bilan diqqatni tortadi.
Avvalo, Byung-Chul Xonning shaxsiy hayoti va ilmiy faoliyati haqida qisqacha ma'lumot berib o‘tsak. Shubhasiz, Xonning g‘ayrioddiy kelib chiqishi uning mistikasiga hissa qo‘shgan. 1959-yilda Seulda tug‘ilgan, o‘rta maktabni tugatgandan so‘ng metallurgiya bo‘yicha tahsil olgan3 va o‘z uyida o‘tkazgan kimyoviy tajribasi muvaffaqiyatsizlikka uchrab portlash oqibatida o‘lishiga oz qoladi. Bu portlashdan keyin bo‘lajak faylasuf o‘z uyida qola olmas edi. 26 yoshida tilni ham yaxshi bilmay Germaniyaga jo‘nab ketdi. Biroz vaqt o‘tgach u Klausthal-Zellerfeld universitetiga qabul qilingan, ota-onasi u yerda Xonning texnika sohasida o‘qishni davom ettirishiga ishonishgan va shuni xohlashgan. Ammo bunday bo‘lmadi, u tez orada Myunxenga ko‘chadi. Falsafa, nemis adabiyoti va ilohiyotshunosligi mutaxassisligi bo‘yicha Frayburg o‘quv yurtiga o‘qishga kiradi va u yerda 1994-yilda falsafa doktori ilmiy darajasini oladi. Frayburgda doktoranturani tamomlab, 2000-yilda Bazel universitetining falsafa fakultetiga ishga kirdi. 2012-yildan beri u Berlin San’at universitetida falsafa va madaniyat fanlaridan dars berib kelmoqda va u yerda yangi tashkil etilgan - "Studium Generale" - "Umumiy oʻquv dasturi"ni boshqaradi4.
Xon o‘z tadqiqotlarini XVIII, XIX va XX asr falsafasi, etika, fenomenologiya, ijtimoiy falsafa, madaniyat nazariyasi, estetika, din, ommaviy axborot vositalari nazariyasi va madaniyatlararo falsafa kabi mavzularga qaratgan5. Jan-Lyuk Nensidan tortib Slavoy Jijekgacha bo‘lgan boshqa Xonga zamondosh faylasuflar bilan solishtirganda, uning ishlari hayratlanarli darajada yengildir6. Dialektik uddaburonlikka ozgina moyillik unda sezilib turadi, bu esa ko‘plab empirik fikrlaydigan o‘quvchilarning tanqidiy yondashuvlarini aniq bayon etishiga to‘sqinlik qiladi. Bu Byung-Chul Xonning o‘z ona tili bo‘lmagan nemischada yozishining ta'siri ham bo‘lishi mumkin (asosiy ona tili: koreys).
Byung-Chul Xon hozirgi zamon madaniyat nazariyotchilari7 ichida yaxshi nomzodlardan biri sifati aytishimiz mumkin. Uning birinchi kitobi 1997-yilda nashr etilgan bo‘lib, "Xaydegger asarlaridagi kayfiyat" tushunchasiga bag‘ishlangan ajoyib monografiya edi. Asarlarining boshqa tillardagi tarjimalari 2009-yildangina namoyon bo‘la boshladi. Muallif qarashlari orqali uning yo‘nalishini asosan birinchi kitobi orqali belgilab olish mumkin va undagi yo‘nalish keyingi kitoblarning mavzularida ustunlik qilishini ko‘p misollar orqali bilamiz. Ammo Byung-Chul Xonda bunday keskin burilish faqat 2005-yildagi "Kuch nima?" nomli asari paydo bo‘lishi bilan sodir bo‘ldi. 2010-yilda "Charchoq jamiyati" ("Müdigkeitsgesellschaft") nomli to‘plamini nashr etdi va qo‘nim topgan mamlakati - Germaniyadan tashqarida ham e'tiborni jalb qila boshladi. O‘shandan beri uning asarlari o‘ndan ortiq tillarda nashr etilgan8.
Byung-Chul Xonning faylasuf sifatidagi hozirgi asosiy mavzusi postindustrial jamiyatdan raqamli jamiyatga oʻtishda subyektivlik tajribasidagi oʻzgarishlarni yoritishdan iboratdir. Xon fikrlarining maqsadi hozirgi raqamli dunyoda ommalashayotgan neoliberal vakillari tomonidan yaratilgan inson shaxsiyatiga zid keluvchi odatlarga qarshi madaniy me'yor va qadriyatlarni sof holda saqlab qolishga qaratilgan. U ixtiyoriy ravishda insonlarning o‘zlarini ko‘z-ko‘z qilishlarini to‘xtatib bo‘lmaydigan harakat deb tushunadi. Xonning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kundagi oshkoralik talablari uyat, sirlilik va ishonch kabi boshqa ijtimoiy qadriyatlar o‘rniga yagona ochiqlik tizimini ta'minlaydi9. Bunday ochiqlik tizimini yoqlab chiqmaydi va o‘z qarashlariga mutanosib ravishda har qanday biografik yoki shaxsiy ma’lumotlarini oshkor qilmaydi10.
Xon yozgan so‘nggi fikrlarning aksariyati kapitalizmning texnologik jihatdan boshqariladigan holatlariga aloqadordir, unga ko‘ra inson subyekti tez orada duch keladigan vaziyat bilan bog‘liq asosiy tashvish bilan tavsiflanadi. Ushbu vaziyat uning kitoblari orqali turli jabhalarda yoritiladi: jinsiy hayot, ruhiy salomatlik (ayniqsa, charchash, ruhiy tushkunlik va diqqat yetishmasligi – faollikning buzilishi), zo‘ravonlik, erkinlik, texnologiya va ommaviy madaniyat.
Bunday texnologik rivojlanishlarning foydali tomonlarini e'tirof etmaslikning iloji ham yo‘q, albatta. Ammo Byung-Chul Xon fikrlariga ko‘ra, ularning biz ko‘rayotgan yaxshi tomonlari shunchaki bizni jalb qilish uchun qo‘llanilgan, aql bilan ishlangan tuzoqdir. "Charchoq jamiyati" asarida Xon bugungi jamiyatni tushkunlik, diqqat etishmasligi – faollikning buzilishi, o‘zgaruvchan shaxsiyat va charchash kabi neyronal buzilishlarning patologik manzarasi sifatida tavsiflaydi. Uning ta'kidlashicha, ular "infektsiyalar" emas, balki "infarktlar" bo‘lib, ular odamlarning salbiy odatlarga qarshi kurashmaganligi uchun emas, shunchaki ularga ortiqcha e’tibor bermasligidan kelib chiqadi11.
Xon Ijtimoiy falsafadagi liberalizm va neoliberalizm tushunchalariga alohida to‘xtalib o‘tadi. Liberalizm va Neoliberalizmning o‘zi nima?
Liberalizm - inson erkinligini jamiyat taraqqiyotining yetakchi mavqeiga qo‘yadigan mafkura. Davlat, jamiyat, guruhlar, sinflar ikkinchi darajali. Ularning mavjudligi vazifasi faqat inson rivojlanishini ta'minlashdir. XX asrning birinchi yarmidagi uzoq munozaralar va nazariy izlanishlar natijasida klassik liberalizmning ba'zi asosiy tamoyillari qayta ko‘rib chiqilib, yangilangan "ijtimoiy liberalizm" kontseptsiyasi - neoliberalizm ishlab chiqildi. Yangi liberalizm mavjud davlat va siyosiy tizimlarni takomillashtirish maqsadida ratsionalizm va maqsadli islohotlarga yo‘naltirilganligi bilan ajralib turadi. Erkinlik, adolat va tenglikni taqqoslash muammosi alohida o‘rin egallaydi. Zamonaviy liberalizmning markaziy muammosi shaxsning huquqlari va erkinliklarining ijtimoiy kafolatlari masalasidir12. Bu asosan marksizmning ommalashuvi bilan bog‘liq edi. Bundan tashqari I. Kant, S. Mill, G. Spenser va J.Sentning asarlarida ijtimoiy choralar zarurati ko‘rib chiqildi.
Xon yuqoridagi shaxslarning asarlar orqali o‘zining liberalizm va neoliberalizm haqidagi bilimlarni yanada kengaytirdi va hozirgi raqamli dunyodagi vaziyatni tahlil qilishi natijasida Neoliberalizm ta'limotida o‘ziga xos shaxsiy yondashuvlarini ilgari surdi. Unga ko‘ra, sabr-toqat bilan muvaffaqiyatsizlikka uchramaslik talabi, insonning o‘zini idora etishi, shuningdek, samaradorlik ishtiyoqi, bizni bir vaqtning o‘zida ham ovchi va ham o‘lja bo‘lishimizdir, ya’ni o‘zligimizni chegaralashimiz, biror bir ishga majburlashimiz – o‘zimizni tuzoq yoki girdobga tushirishimiz bilan bir xil. Ishlab chiqarish hajmi ahamiyatsiz bo‘lganida, bu darajada shaxsiyatga cheklovlar bo‘lmas edi. Ammo unday emas, allaqachon har kim ishlab chiqarish vositalariga, ya'ni o‘ziga egalik qiladi. Neoliberal tizim endi to‘g‘ri ma'nodagi sinfiy tizim emas. U hozirda o‘zaro qarama-qarshilikni ko‘rsatadigan ijtimoiy sinflardan anchagina yiroqlashgan. Endilikda u tizim barqarorligi hisoblanadi13.
Byung-Chul Xon insonlarning o‘z-o‘ziga nisbatan ekspluatatorga aylanishini ta'kidlaydi: "Bugun har bir kishi o‘z korxonasida avto-ekspluatatsiya qiluvchi va o‘z navbatida ishchidir. Endi odamlar bir joyda xo‘jayin va ham qul. Hatto sinfiy kurash ham o‘z doirasida o‘ziga qarshi ichki kurashga aylandi"14. Odamlar - Xonning aytishi bo‘yicha "yutuq subyekti"ga aylandi. Insonlar o‘zlarini bo‘ysundirilgan "subyektlar" deb hisoblamaydi, ammo "reja va maqsadlarimizda: har doim o‘zimizni qayta ko‘rib chiqamiz va o‘zimizni qaytadan yaratamiz", bu esa "majburlash va cheklashning bir shakliga to‘g‘ri keladi - haqiqatan ham, inson shaxsining mukammallikka intilishi bo‘ysunishning samaraliroq turiga" mos keladi. O‘zligini tashqi va begona cheklovlardan xoli deb hisoblagan "men" ayni bir paytda ichki nazorat va o‘z-o‘zini cheklashlarga bo‘ysunadi, ular o‘z oldiga majburiylikka ega va mukammallikka eltadigan shaklini maqsad qilib olishadi15.
Do'stlaringiz bilan baham: |