Umumiy qoidalar 1. Standartda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
qarz majburiyatlari bo‘yicha xarajatlar — tashkilotlar tomonidan olingan qarz mablag‘lari bilan bog‘liq foiz ko‘rinishidagi va boshqa xarajatlar;
kvalifikatsiyalangan aktiv — belgilangan maqsadlarda foydalanish yoki sotish uchun muayyan davr ichida tayyorlanadigan aktiv.
2. Qarz majburiyatlari bo‘yicha xarajatlar hisobini yuritish hamda ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni moliyaviy hisobotlarda aks ettirish Standart asosida amalga oshiriladi.
3. Standart xususiy kapitalga qilingan haqiqiy yoki vaqtinchalik xarajatlarga qo‘llanilmaydi.
4. Qarz majburiyatlari bo‘yicha xarajatlarga quyidagilar kiradi:
a) jalb qilingan qisqa muddatli va uzoq muddatli qarzlar bo‘yicha foizlar;
b) budjet ssudalari va boshqa qarzlar bilan bog‘liq foiz va penya hamda boshqa qo‘shimcha xarajatlarni hisobdan chiqarish;
v) O‘zbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (6-sonli BHS) “Ijara”ga (ro‘yxat raqami 3142, 2019-yil 4-mart) muvofiq moliyaviy ijara bilan bog‘liq to‘lovlar;
g) xorijiy valyutada jalb qilingan qarzlar bo‘yicha yuzaga keladigan xorijiy valyuta kurslari o‘rtasidagi tafovut bilan bog‘liq to‘lovlar.
5. Aniq bir vaziyatlarga bog‘liq ravishda, belgilangan maqsadi bo‘yicha foydalanish holatigacha keltirilishi muayyan vaqtni talab etadigan quyidagi aktivlar kvalifikatsiyalanadigan aktivlar bo‘lib hisoblanishi mumkin (masalan, binolar, inshootlar, ishlab chiqarish asbob-uskunalari, nomoddiy aktivlar va boshqalar).
Sotish yoki sotib olish vaqtida belgilangan maqsadda foydalanish uchun tayyor bo‘lgan aktivlar kvalifikatsiyalangan aktivlar hisoblanmaydi.
6. Yer uchastkasi kvalifikatsiyalangan aktivga kirmaydi. Yer uchastkasida yerga ishlov berish kabi ishlar amalga oshirilsa, qarz majburiyatlari bo‘yicha xarajatlarni yer maydoni qiymatiga qo‘shiladi. Bu xarajatlar yer maydonidan foydalanish yoki sotishdan olinadigan daromadlar bilan bog‘liq bo‘ladi.
7. Sotib olingan yer maydonining bino va inshootlari quriladigan qismida yerga ishlov berish kabi ishlar amalga oshirilsa, qarz majburiyatlari bo‘yicha xarajatlar yer maydoni qiymatiga emas, balki quriladigan bino va inshootlarning qiymatiga qo‘shiladi.
Qarz majburiyatlari bo‘yicha xarajatlarni hisobga olish
8. Qarz majburiyatlari bo‘yicha xarajatlar mazkur bobning 2-paragrafiga muvofiq kapitalizatsiyalangan qismidan tashqari, ular amalga oshirilgan davrda (moliyaviy faoliyat bo‘yicha xarajatlar sifatida) hisobga olinadi.
9. Kvalifikatsiyalangan aktivni xarid qilish, qurish yoki ishlab chiqarish bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan qarz majburiyatlari bo‘yicha xarajatlar ushbu aktivning tannarxiga olib borish yo‘li orqali kapitalizatsiya qilinadi.
10. Qarz majburiyatlari bo‘yicha xarajatlar kvalifikatsiyalangan aktivning qiymatiga qo‘shish yo‘li bilan kapitalizatsiya qilinadi, agarda undan tashkilot kelgusida iqtisodiy manfaatlar olishi mumkin bo‘lsa va agar bunda xarajatlarni ishonchli o‘lchash imkoniyati mavjud bo‘lsa.